Ishdan charchab kelgan Muhabbat qizi pishirgan mastavani qo'liga olarkan, kuchli horg'inlik sabab uf tortdi. G'ofur aka ayolining ko'nglini olish niyatida:
– Hotin, issiqqina mastavani ichib ol, charchog'ing ketadi, – deya iltifot ko'rsatdi.
Muhabbat qo'lidagi kosani qayta-qayta kavlab:
– Ey Hudo, qani edi g'aybingdan bir kosa qaymoq ato etsang! Biram qaymoq egim kelyapti, – deb g'udranib qo'ydi. Uni turmush o'rtog'i qanchalik e'zozlashi unga qilayotgan muomalasidan ham ko'rinib turardi.
– Bugun kech bo'ldi-da, xotin, aytsang, keltirib qo'yardim. Sen mastavani ichib ol,
juda ham mazali bo'libdi. Ertaga nonushtaga qaymoq topib kelaman, – dedi eri ovqatlanishdan bir zum to'xtab.
– Mayli, dadasi, endi Allohga bir iltijo qilgim keldi-da, – dedi Muhabbat.
Ayol baribir mastavani ichmadi. Ovqatning moyi ko'proq, tuzi pastroq bo'lganini bahona qilib, bir-ikki qoshiq totindi-da,
kosani surib qo'ydi.
G'ofur aka xotinining kayfiyatini ko'tarish maqsadida hovlining orqa tomonidagi qurilishni tomosha qilishga ergashtirib bordi va:
– Kel, onasi, yigitlar bilan qilgan ishlarimizga qara, qanday chiroyli chiqdi,
– deb maqtana boshladi.
– Chiroyli chiqibdi, ammo sabrim chidamayapti-da, dadasi, bularning tomini qachon yopasiz?! Hademay qor yog'ib qoladi. Bir jala quyib bersa, shuncha qilingan mehnat
bir pul, – deya yana bitta muammoni topishga ulgurdi Muhabbat. – Ey Hudojon, O'zing
qo'lla, shu ayvonlarning tomini birdan shiferlab olaylik, O'zing g'oyibdan ato et!
...Qattiq uyquga ketgan ayol bexosdan taqillab ketgan ovozdan cho'chib uyg'ondi.
Tun yarmidan oqqanda kuchli shamol turdi.
Hovli yuzida qolgan chelak, tog'ora va boshqa buyumlarni irg'ita boshladi. Zim-ziyo
tunni daf'atan paydo bo'lgan bo'ron yanada qo'rqinchli qilgandi. Bu ham etmagandek,
do'l yog'a boshladi.
Hammasi qo'rqib ketdi. Chunki birinchi marta bunday ofatga duch kelishlari edi.
Ko'chaga chiqish ham, uyda o'tirish ham xatarli edi.
Qo'rquv ichida qolgan ayol shu choqda homilador qizini eslab qoldi. Yuragini xavotir butkul egallab oldi. Bolalarini bag'riga bosib, yana nola qila boshladi:
– Ey Alloh, tabiiy ofatning yomon oqibatlaridan O'zing asra!
So'ng joynamozni yozib, ikki rakat namoz o'qidi, Allohdan hamma-hammani bo'ron balosidan saqlashini so'radi.
Bo'ron ko'p o'tmay tindi. G'ofur aka ko'chaga chiqqandi, bo'rondan mahallasidagi hamma qo'shnilari, o'zlari ham talafot ko'rgani ayon bo'ldi. Kimningdir uyi yarmigacha qulab tushgandi. Yigirmaga yaqin hovlining tom qismini bo'ron uchirib ketgan, simyog'ochlar bir tarafda, tomlardan uchgan shifer bo'laklari bir tarafda sochilib yotardi.
Ularning ham tomi butunlay ko'chib, gaz quvuri qo'porilib ketgan edi. Na gaz, na elektr qolgandi. Ustiga-ustak, havoning avzoyi yana buzildi va endi qor aralash yomg'ir yog'a boshladi.
Sovuq va qorong'i xonada tongni kutishlariga to'g'ri keldi. Issiqqina mastavadan noligan Muhabbat o'zining noshukrligidan uyalib ketdi.
Hozir esa hatto choy qaynatishning ham imkoni
yo'q edi.
Birdan qo'ltelefoni jiringlab, qizi Zilolaning xavotirli ovozi eshitildi:
– Allo, assalomu alaykum! Oyijon, yaxshimisiz?
Shamol bo'ldimi sizlarda ham? Tinchmisizlar?
– Va alaykum assalom! Qizim, o'zing yaxshimisan? Qo'rqmadingmi?
– Yo'q, oyijon! Hammamiz uxlab qolib, shuncha
g'ala-g'ovurni sezmabmiz ham.
– Hayriyat, – dedi Muhabbat quvonib, – bir noshukr bandasining nolasini shunchalar inobatga
olgan Rabbim shukr qiluvchilarga qanchalar baxt
ato etar ekan?! – deb o'yladi.
Bir zumda kuyovi va qudalari etib kelishdi. Vaziyatni ko'rgan qudalari ularni uyga olib ketdi.
Muhabbat bo'lgan voqealarni so'zlab berarkan, ne ko'z bilan ko'rsinki, qo'lida bir kosa qaymoq ko'tarib qizi Zilola kirib keldi.
Er-xotin bir-biriga qarab qoldi.
– Niyatni to'g'ri qilish kerak, onasi! – dedi G'ofur aka. – Mana senga g'oyibdan qaymoq!
Uylariga qaytib kelishganda G'ofur aka ne ko'z bilan ko'rsinki, shamol asosiy binoning tomini ko'tarib, yangi qurilgan ayvonning ustiga qo'ndirib qo'ygan edi!..
Odina TO'RAQULOVA,
Uchquduq tumani bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi
"Mo'minalar", 4-son, 2023 yil
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayollar namozda sajda qilganida oyoq barmoqlari uchi qiblaga qarab turishi kerakmi yoki yo‘qmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Faqihlarimiz namoz o‘qishda ayol va erkak holatlarining farqli jihatlarini bayon qilib berganlar. Masalan, ayollar namozni erkaklar kabi ovoz chiqarib o‘qimaydi, rukuda ham erkaklardek belini to‘liq bukmaydi va tizzalarini tik tutmaydi va hokazo.
Savolda so‘ralgan sajdadagi holatga kelsak, erkaklar oyoqlarini tik qilib, barmoqlarini qiblaga qaratib turadilar. Ayollar esa, oyoqlarini tik qilmaydilar, balki oyoq barmoqlarining ust tomonini yerga qo‘yib, sajda qiladilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.