Sayt test holatida ishlamoqda!
13 May, 2026   |   25 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:33
Quyosh
05:07
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:37
Xufton
21:04
Bismillah
13 May, 2026, 25 Zulqa`da, 1447

Sehrning xatari

25.12.2023   1117   4 min.
Sehrning xatari

2 qism

Inson uchun dunyo hayotida ega bo'ladigan ne'matlari orasida eng qadrlisi bu – iymondir. Taqvodor banda diniga, e'tiqodiga zarar etadigan har qanday amaldan uzoq bo'ladi, saqlanadi. Ayniqsa, sehr bilan shug'ullanish yoki sehrgarning oldiga borish aqidaga qattiq ta'sir qiladi.

Ulamolar aytadilar: “Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ettita halokat qiluvchi gunohlardan saqlanishga buyurib, ulardan biri sehr ekanining xabarini berganlar. Shunga ko'ra, sehr bilan shug'ullanish harom amal bo'lib, u kufrga olib boradi. Bunga ushbu oyat dalolat qiladi: «Ikkovlari hatto: “Biz fitna–sinov uchunmiz, kofir bo'lmagin”, demasdan oldin hech kimga o'rgatmasdilar» (Baqara surasi, 102-oyat)”.

Eng xavfli jihati shuki – sehr bilan shug'ullanish qanchalik og'ir gunoh bo'lsa, sehrgarning oldiga borish ham shunchalik katta gunoh. Ya'ni, sehr bilan shug'ullangan ham, sehrgarning oldiga borgan ham bir xil gunohkordir.

Hubayra ibn Yariym aytadi: “Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning: “Kim kohinga yoki sehrgarga borib, uning aytganinitasdiqlasa, batahqiq, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo'lgan narsaga kufr keltiribdi”, deb aytayotganini eshitdim”.

Ayrim olimlar sehrgarning mushrik ekaniga quyidagi hadisni dalil sifatida keltirishadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim sehr qilsa, shirk keltirgan bo'ladi”,deganlar (Imom Nasoiy rivoyati).

Barcha o'tgan payg'ambarlar davrida sehr harom amal sanalgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sehrgar qayerda bo'lsa ham, zafar topmas” (Toha surasi, 69-oyat).

Sehr dinni halok qiluvchidir. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Halokatga eltuvchi ettita gunohdan saqlaninglar!” dedilar.

Sahobalar: “Yo Allohning Rasuli, ular qaysilar?” deb so'rashdi.

U zot alayhissalom: “Allohga shirk keltirish, sehr (bilan shug'ullanish), Alloh (o'ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o'ldirish, ribo eyish, etimning molini eyish, jang kuni orqaga qochish hamda iffatli, mo'mina, g'ofila (buzuqlik nimaligini bilmaydigan) ayolni fohishalikda ayblash”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Allohga shirk keltirishdan ko'ra katta va og'irroq gunoh yo'q. Hadisda insonni halok qiluvchi gunohlarning ichida birinchi o'rinda aynan shirkning zikr qilinishi ham bejiz emas. Undan keyin sehrning keltirilishi esa sehrgarlik qanchalik katta gunoh ekanini yaqqol ko'rsatadi.

Banda sehrgarning aytgan har bir so'ziga ishonishi, uning aytganlarini bajarishi natijasida Robbidan qo'rqishdan, tavakkul va faqatgina O'ziga yuzlanib duo qilishdan, yordam so'rashdan uzoqlashadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Va isloh qilingandan keyin er yuzida fasod qilmang va Undan qo'rqib tama' ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir” (A'rof surasi, 56-oyat).

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Rasululloh ﷺga muhabbatingiz qanday?

13.05.2026   2608   2 min.
Rasululloh ﷺga muhabbatingiz qanday?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hazrat Ali Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xonadonlarida, u zotning mehribonchiliklarida voyaga yetdilar. U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yoshliklaridan behad sevar edilar, shuning uchun ham hali yosh bola bo‘lsalar-da, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birinchilardan bo‘lib iymon keltirdilar. U zot juda yosh edilar, lekin ishq insonni shijoatli qiladi. U zot ana shu sevgi sharobidan ichib, jasur va bahodir yigitga aylandilar. Hazrat Ali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaratilgan har qanday yovuzlikka qarshi sherdek tashlanar edilar. Ana shu ishq u zotni Hazrat Ali qilgan edi.

Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi Abdulloh ibn Muhammaddan keltirgan rivoyatda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tobutga qo‘yilganlarida Ali: «U zotning janozalariga hech kim imom bo‘lmaydi. U zot tirikliklarida ham, mayyitliklarida ham imomimizdir», dedilar. Odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kirib, saf-saf bo‘lib, imomsiz janoza o‘qidilar. Ali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ro‘paralarida turib: «Assalomu alayka, ayyuhannabiyyu va rohmatullohi va barokatuhu! Allohim! Guvohlik beramizki, u zot o‘zlariga nozil bo‘lgan narsani bizga yetkazdilar, ummatga nasihat qildilar. Alloh dinini aziz qilgunicha, so‘zini oliy qilgunicha Alloh yo‘lida jang qildilar. Allohim! Bizni u zotga nozil qilgan diningga ergashganlardan qilgin. U zotdan keyin bizni sabotli qilgin. U zot bilan bizni jam qilgin», dedilar.

Hazrat Ali roziyallohu anhudan «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatingiz qanday?» deb so‘rashganda, «Allohga qasamki, u zot bizga molu jonimizdan, bola-chaqamizdan, ota-onamizdan ham, tashna odamning muzdek suvga muhabbatidan ham sevimliroqlar», deb javob berganlar.

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi

 

Maqolalar