Sayt test holatida ishlamoqda!
29 May, 2026   |   11 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:25
Bismillah
29 May, 2026, 11 Zulhijja, 1447

Juma farzidan oldin to'rt rakat namoz o'qish sunnatdir!

31.05.2022   3376   18 min.
Juma farzidan oldin to'rt rakat namoz o'qish sunnatdir!

Afsuski, bizning davrimizga kelib ayrim kishilar yangi bir fitnani qo'zg'ata boshladilar. U ham bo'lsa, jum'a namozining farzidan oldin to'rt rak'at sunnat namozini o'qishni shariatda yo'q, deb shariatda yo'q gapni aytdilar. Aslini olganda, ming yillardan beri, aytish mumkinki, Payg'ambarimiz alayhissalom, sahoba va tobe'inlar davridan beri, hatto bizning ota-bobolarimiz musulmon bo'lgandan beri jum'a namozining farzidan oldin to'rt rak'at sunnat namozini bor deb, o'qib kelishmoqda.

Hanafiy mazhabining ulug' faqihi, buyuk vatandoshimiz Abu Bakr Kosoniy rahimahulloh “Badoye' us-sanoye'” asarida bunday deydilar:

وَأَمَّا السُّنَّةُ قَبْلَ الْجُمُعَةِ وَبَعْدَهَا فَقَدْ ذُكِرَ فِي الْأَصْلِ: وَأَرْبَعٌ قَبْلَ الْجُمُعَةِ، وَأَرْبَعٌ بَعْدَهَا

“Jum'adan oldingi va undan keyingi sunnatga kelsak, Asl Kitobda jum'adan oldin to'rt rak'at va undan keyin to'rt rak'at deb zikr qilingan” (Abu Bakr Kosoniy. Badoye' us-sanoye' fi tartib ash-sharoye'. 2-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2003. – B. 266).

Ubaydulloh ibn Mas'ud ibn Toj ash-shari'a al-Buxoriy rahimahullohning “Muxtasar al-Viqoya” nomli fiqhiy matn kitobida ham shunday deyilgan:

وَ سُنَّ قَبْلَ الْجُمْعَةِ وَ بَعْدَهَا أَرْبَعٌ بِتَسْلِيمَةٍ

“Jum'adan oldin va undan keyin to'rt rak'atni bir salom bilan o'qish sunnat qilindi” (Ubaydulloh ibn Mas'ud ibn Toj ash-shari'a al-Buxoriy. Muxtasar al-Viqoya. – Qozon: Haritonov, 1911. – B. 20).

“Badoye' us-sanoye'”da jum'adan oldin to'rt rak'at sunnat o'qilishini quyidagicha tushuntirilgan:

أَمَّا الْأَرْبَعُ قَبْلَ الْجُمُعَةِ؛ فَلِمَا رُوِيَ عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يَتَطَوَّعُ قَبْلَ الْجُمُعَةِ بِأَرْبَعِ رَكَعَاتٍ؛ وَلِأَنَّ الْجُمُعَةَ نَظِيرُ الظُّهْرِ، ثُمَّ التَّطَوُّعُ قَبْلَ الظُّهْرِ أَرْبَعُ رَكَعَاتٍ كَذَا قَبْلَهَا

“Jum'adan oldingi to'rt rak'atga kelsak, Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis bor. Albatta, Nabiy sollallohu alayhi va sallam jum'adan oldin to'rt rak'at nafl (biz uchun sunnat) namoz o'qir edilar. Chunki jum'a peshinning o'xshashi. Peshindan oldin to'rt rak'at sunnat o'qilar ekan, demak undan oldin ham to'rt rak'at sunnat mavjud” (Abu Bakr Kosoniy. Badoye' us-sanoye' fi tartib ash-sharoye'. 2-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2003. – B. 266).

Iqtibos olingan yuqoridagi matnda jum'adan oldin to'rt rak'at sunnat borligini Asl Kitobda zikr qilingan, deyildi. Undan mazhabboshilarimizdan Imom Muhammad ash-Shayboniy rahimahullohning “al-Asl” yoki “al-Mabsut” deb atalgan kitobi nazarda tutiladi. Muhammad ash-Shayboniy rahimahulloh mutaqaddim olimlardan bo'lib, Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahulloh va Imom Molik rahimahullohning shogirdi, Imom Shofe'iy rahimahullohning ustozlaridan hisoblanadi.

Jum'adan oldin to'rt rak'at sunnat namozini o'qish mujtahidlar zamonidan ancha avval joriy bo'lib kelgan edi. Buyuk mujtahid va faqih sahoba Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu jum'adan oldin to'rt rak'at sunnatni o'zlari ham o'qiganlar va o'zgalarga ham o'qitganlar. Ayni haqiqat shuki, u zot shariatda yo'q narsani joriy qilmaganlar, balki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muakkada sunnatlarini ta'lim bergan va targ'ib qilganlar. Imom Termiziy bobomiz “Sunani Termiziy”larida bu haqida xabar berganlar:

وَ رُوِيَ عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ أَنَّهُ كَانَ يُصَلِّي قَبْلَ الْجُمْعَةِ أَرْبَعًا وَ بَعْدَهَا أَرْبَعًا... وَ ذَهَبَ سُفْيَانُ الثَّوْرِيُّ وَ ابْنُ الْمُبَارَكِ إِلَى قَوْلِ بْنِ مَسْعُودٍ رَضِىَ اللهُ عَنْهُ

“Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinganki, u zot jum'adan oldin to'rt rak'at va undan keyin to'rt rak'at namoz o'qir edilar. Sufyon as-Savriy va Abdulloh ibn al-Muborak ushbu Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhuning gapini qabul etganlar” (Termiziy, 1/523).

Imom Termiziy hazratlari tilga olgan Sufyon as-Savriy rahimahulloh va Abdulloh ibn al-Muborak rahimahulloh mujtahidlar zamonida yashagan, 300 hijriygacha yashab o'tgan islomning mutaqaddim ulamolari, muhaddis va faqihlari hisoblanadi. Ular ham Imom Muhammad rahimahulloh singari Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mujtahidi muntasib shogirdlaridan deyiladi. Agar jum'adan oldin to'rt rak'at sunnat namozini o'qish shariatda yo'q bo'lganda, ular buni qabul qilmagan bo'lishardi. Shuning uchun ham barcha mujtahidlar va hatto muhaddislarning barchasi ham jum'adan oldin to'rt rak'at sunnat namozini o'qish borligini qabul qilganlar. Jumladan, garchi Imom Buxoriy hazratlari bu haqida alohida hadis keltirmagan bo'lsalar ham, lekin o'zlarining sahih kitoblari to'plamida: بَاب الصَّلَاةِ بَعْدَ الْجُمُعَةِ وَقَبْلَهَا – “Jum'adan keyingi va undan oldingi namoz” sarlavhasi bilan bir bob tuzganlar. “Sahihi Buxoriy”ni o'qib-o'rganuvchilarga yaxshi ma'lumki, kitobning sarlavhalari Imom Buxoriy hazratlarining aqidaviy va fiqhiy qarashlarini ifodalab keladi. Demak, Imom Buxoriy rahimahullohning aqida va fiqhi ham jum'adan oldin to'rt rak'at sunnat namozini o'qish shariatda bor ekanligi haqida bo'lgan. Hullas, Imom Buxoriy rahimahullohni o'z ilmiga amal qiluvchi buyuk alloma deb bilar ekanmiz, u zot ham bizlarga o'xshab jum'adan oldin to'rt rak'at sunnat namozini o'qiganliklarini ayta olamiz.

Sahoba Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhuning hadisi shak-shubhasiz sahih bo'lib, muhaddis Abdurrazzoq raziyallohu anhuning “al-Musannaf” asarida keltirilgan. U Sufyon as-Savriy rahimahullohdan keltirilgan:

عَبْدُ الرَّزَّاقِ عَنِ الثَّوْرِيِّ عَنْ عَطَاءِ بْنِ السَّائِبِ عَنْ أَبِي عَبْدِ الرَّحْمَنِ السُّلَمِيِّ قَالَ كَانَ عَبْدُ اللهِ يَأْمُرُنَا أَنْ نُصَلِّيَ قَبْلَ الْجُمْعَةِ أَرْبَعًا وَ بَعْدَهَا أَرْبَعًا حَتَّى جَاءَنَا عَلِيٌّ فَأَمَرَنَا أَنْ نُصَلِّيَ بَعْدَهَا رَكْعَتَيْنِ ثُمَّ اَرْبَعًا

“Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu bizga jum'adan oldin to'rt rak'at va undan keyin to'rt rak'at sunnat o'qishni buyurar edilar. Htto Hazrati Ali raziyallohu anhu bizga (Ko'fa shahriga) kelganlarida, bizga jum'adan keyin ikki rak'at va undan keyin to'rt rak'at o'qishni buyurdilar” (Abdurrazzoq, 3/5525; Tabaroniy, 9/9551-9556).

Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhuning jum'adan oldin to'rt rak'at va undan keyin to'rt rak'at sunnat o'qishni buyurishlari ularning oddiy bir nafl emasligini, balki muakkada sunnat ekanini bildiradi. Chunki oddiy va mutlaq nafllarga targ'ib qilinishi yoki o'qishga tavsiya berilishi mumkin, xolos. Ularni o'qishga buyurishlari va o'qishni alohida o'rgatishlari ularning oddiy nafllardan ko'ra yuqoriroq sunnati muakkada ekanini anglatadi. Zotan, Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhuning o'zlari ham ularni aslo tark etmaganlar. “Musannafi Abdurrazzoq”da yana bir sahih sanadli tariqdan rivoyat keltirilgan:

عَبْدُ الرَّزَّاقِ عَنْ مَعْمَرٍ عَنْ قَتَادَةَ أَنَّ بْنَ مَسْعُودٍ كَانَ يُصَلِّي قَبْلَ الْجُمْعَةِ أَرْبَعَ رَكَعَاتٍ وَ بَعْدَهَا أَرْبَعَ رَكَعَاتٍ

“Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu jum'adan oldin to'rt rak'at va undan keyin to'rt rak'at namoz o'qir edilar” (Abdurrazzoq, 3/5524).

Jum'adan oldin to'rt rak'at sunnatni o'qish nafaqat Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhuning ishi balki sahoba Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhuning ham odati edi:

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: أَنَّهُ كَانَ يُصَلِّي قَبْلَ الْجُمُعَةِ أَرْبَعًا لَا يَفْصِلُ بَيْنَهُنَّ بِسَلَامٍ ثُمَّ بَعْدَ الْجُمُعَةِ رَكْعَتَيْنِ ثُمَّ أَرْبَعًا

“Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu jum'adan oldin to'rt rak'at namoz o'qir, ularning orasini ajratmasdan bir salom bilan o'qirdilar. Jum'adan keyin esa ikki rak'at, so'ng to'rt rak'at o'qir edilar” (Tahoviy, 1/1965).

“Kanz al-ummol”da sahoba Abu Hurayra raziyallohu anhuning bu gapi ham keltirilgan:

مَنْ كَانَ مُصَلِّيًا فَلْيُصَلِّ قَبْلَهَا أَرْبَعًا وَ بَعْدَهَا أَرْبَعًا

“Kimki namozxon bo'lsa, jum'adan oldin to'rt rak'at va undan keyin to'rt rak'at namoz o'qisin!” (“Kanz al-ummol”, 7/21225).

Mo''minlar onasi Safiyya binti Huyay raziyallohu anhoning ham jum'adan oldin to'rt rak'at sunnat o'qishlari rivoyat qilingan:

رَوَاهُ ابْنُ سَعْدٍ فِي الطَّبَقَاتِ فِي أَوَاخِرِ الْكِتَابِ أَخْبَرَنَا يَزِيدُ بْنُ هَارُونَ عَنْ حَمَّادِ بْنِ سَلَمَةَ عَنْ حَافِيَة قَالَتْ: رَأَيْتُ صَفِيَّةَ بِنْتَ حُيَي رَضِيَ اللهُ عَنْهَا صَلَّتْ أَرْبَعَ رَكَعَاتٍ قَبْلَ خُرُوجِ الْإِمَامِ لِلْجُمْعَةِ ثُمَّ صَلَّتْ الْجُمْعَةِ مَعَ الْإِمَامِ رَكْعَتَيْنِ

“Safiyya binti Huyay raziyallohu anho imom jum'aga chiqishidan oldin to'rt rak'at o'qiganligini, keyin esa jum'ani imom bilan birga ikki rak'at qilib o'qiganini ko'rdim” (Jamoliddin az-Zayla'iy. Nasb ar-ra'yya fi ahodis al-Hidoya. 2-jild. – Bayrut: Muassasa ar-Rayyon, 1997. – B. 207).

Muhaddis Imom Tabaroniy rahimahulloh “al-Mo''jam al-kabir” asarlarida Hazrati Ali karramallohu vajhahuning quyidagi hadisini keltirganlar:

كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ يُصَلِّي قَبْلَ الْجُمْعَةِ أَرْبَعًا وَ بَعْدَهَا أَرْبَعًا يَجَعَلُ التَّسْلِيمَ فِي آخِرِهِنَّ رَكْعَةً

“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam jum'adan oldin to'rt rak'at va undan keyin to'rt rak'at namoz o'qir edilar. Salomni esa ularning eng oxirgi rak'atida qilar edilar” (Tabaroniy, 1/1640).

Mazkur hadis sahoba Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan ham rivoyat qilingan:

عَنِ بْنِ عَبَّاسٍ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ يَرْكَعُ قَبْلَ الْجُمْعَةِ أَرْبَعًا وَ بَعْدَهَا أَرْبَعًا لَا يَفْصِلُ بَيْنَهُنَّ

“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam jum'adan oldin to'rt rak'at va undan keyin to'rt rak'at namozni oralarini ajratmasdan o'qir edilar” (Ibn Moja, 1/1129; Tabaroniy, 12/12674).

Mazkur rivoyatlar bir-birini qo'llab-quvvatlab keladiki, ularning sunnatdan asli borligini bildiradi va shariatda jum'adan oldin ham to'rt rak'at sunnat namozi borligini anglatadi.

Jum'adan oldin to'rt rak'at sunnat yo'q deguvchilar jum'a hayit namozlariga o'xshaydi, hayitdan oldin sunnat namoz yo'qku, deydilar. Lekin, jum'a namozi hayit namozlariga emas, peshin namoziga o'xshashligida shak-shubha yo'q. Chunki hayit namozlarining qazosi yo'q, jum'a esa peshinning o'rniga joriy bo'lgan, hayit namozlari esa hech bir namoz o'rniga joriy qilinmagan. Hayitning qazosi yo'q, hayit o'qilmasa, o'rniga hech narsa o'qish vojib bo'lmaydi, jum'a o'qilmasa, o'rniga peshin o'qiladi, jum'adan qolinsa, o'rniga qazo sifatida ham peshin o'qiladi. Demak, peshin namozining oldi va ortida sunnat namozlari borligi sababli jum'adan oldin ham, undan keyin ham sunnat namozlari bor bo'lishi, tabiiydir.

Jum'adan oldin to'rt rak'at sunnat yo'q deguvchilar yana Hazrati Bilol raziyallohu anhu azon aytgan zahoti Rasululloh sollallohu alayhi va sallam chiqib, minbarda xutba qilaverganlar va farzni o'qiganlar, bu oraga sunnat o'qish sig'magan, deydilar. Bu fitnachilarning o'zlarining puch xayoli bo'lib, sog'lom aqlga muvofiq kelmaydi. Zotan, birinchidan, ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallam davrida faqat imom minbarga ko'tarilgandagi azon bor edi, deyishsa, o'sha azondan keyin biz ham hech narsa o'qimaymiz, xutbani eshitib, undan keyin darhol farzga turamiz. Sunna namozni esa imom minbarga chiqqandagi azondan oldin o'qish joriy qilingan. Sahobalar Hazrati Usmon raziyallohu anhuning davrlarida bundan ilgariroq, sunnatlarni o'qish uchun yana bir azonni – amaldagi birinchi azonni aytib qo'yishni joriy qilganlar. Hullas, sunnat namozlarni vaqt bo'lgandan keyin hali azon aytilmasdan ilgari ham o'qish mumkin-ku. “Sahihi Muslim”dagi bir sahih rivoyatga e'tibor berilsa, jum'adan oldin sunnat o'qishga imkon borligi ma'lum bo'ladi:

مَنْ اغْتَسَلَ ثُمَّ أَتَى الْجُمْعَةَ فَصَلَّى مَا قُدِّرَ لَهُ ثُمَّ أَنْصَتَ حَتَّى يَفْرُغَ مِنْ خُطْبَتِهِ ثُمَّ يُصَلِّي مَعَهُ غُفِرَ لَهُ مَا بَيْنَهُ وَ بَيْنَ الْجُمْعَةِ الْأُخْرَى وَ فَضْلِ ثَلَاثَةِ أَيَّامٍ

“Kimki g'usl qilsa, keyin jum'aga kelib, imkoni bo'lguncha namoz (nafl va sunnatlarni) o'qib, xutba tugaguncha jim o'tirsa, keyin imom bilan birga (farz) namoz o'qisa, u bilan keyingi jum'a orasidagi hamda uch kun qo'shimchasi bilan birga (gunohlari) mag'firat qilinadi” (Muslim, 2/857).

Shu bilan birga aytishimiz lozimki, garchi sunnatlarni o'qish uchun azon aytilgan bo'lishi shart bo'lmasa ham, بَيْنَ كُلِّ أَذَانَيْنِ صَلَاةٌ – “Har ikki azon orasida namoz bor!” degan o'ta darajadagi sahih hadisga – “Sihohi sitta” – oltita sahih hadislar to'plamining barchasida keltirilgan hadisi sharifga muvofiq ham jum'adan oldin sunnat namozi shariatda borligini ayta olamiz (Buxoriy, 1/627; Muslim, 1/838; Termiziy, 1/185; Nasoiy, 1/681; Abu Dovud, 1/1285; Ibn Moja, 1/1162).

“Har ikki azon orasida namoz bor!” degan hadisdan azon va iqomat nazarda tutilgan deyilsa ham, hanafiy mazhabi faqihlari boshqa hadislarga asoslanib faqat shomni istisno qilganlar, xolos. Demak, bu hadis ham jum'aning farzidan oldin to'rt rak'at sunnat namozi shariatda borligiga umumiy dalil bo'ladi. Shu bilan birga “Har ikki azon orasida namoz bor!” hadisining zohiri aynan jum'adagi biz o'qiydigan sunnat namoziga muvofiq keladi. Chunki u ikki azon orasida o'qiladi.

Yana boshqa bir hadis ham borki, u ham jum'aning farzidan oldin to'rt rak'at sunnat namozi shariatda borligiga umumiy dalil bo'la oladi. U sahoba Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuning hadisi hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga tashrif buyurganlarida u zotning uylarida roppa-rosa etti oycha istiqomat qilganlar. Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuning muborak qabrlari Istanbulda bo'lib, “Ayyub Sulton” ziyoratgohidadir. Ana shu zot bunday rivoyat qiladilar:

أَدْمَنَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَرْبَعَ رَكَعَاتٍ بَعْدَ زَوَالِ الشَّمْسِ فَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ إِنَّكَ تُدْمِنُ هَؤُلَاءِ الْأَرْبَعَ رَكَعَاتٍ. فَقَالَ: يَا أَبَا أَيُّوبَ إِذَا زَالَتِ الشَّمْسُ فُتِحَتْ أَبْوَابُ السَّمَاءِ فَلَنْ تُرْتَجَّ حَتَّى يُصَلَّى الظُّهْرُ فَأُحِبُّ أَنْ يَصْعَدَ لِي فِيهِنَّ عَمَلٌ صَالِحٌ قَبْلَ أَنْ تُرْتَجَّ فَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ أَوَفِي كُلِّهِنَّ قِرَاءَةٌ؟ قَالَ: نَعَمْ. قُلْتُ: بَيْنَهُنَّ تَسْلِيمٌ فَاصِلٌ؟ قَالَ: لَا إِلَّا التَّشَهُّدُ

“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam doimo quyosh zavolidan keyin to'rt rak'at namoz o'qishga odatlangan edilar. Men: “Yo Rasululloh! Ushbu to'rt rak'atni doimiy ravishda o'qiysiz?!” dedim. U zot: “Ey Abu Ayyub, agar quyosh zavolga etsa, osmon eshiklari ochiladi. Peshin o'qilmaguncha hargiz tebranmaydi (yopilmay turadi). Men esa o'sha paytda hali eshiklar yopilmasidan ilgari bir solih amalim ko'tarilishini yaxshi ko'raman”, deb marhamat qildilar. Men esa: “Yo Rasululloh! Ularning hammasida qiroat bormi?”, deb so'radim. U zot: “Ha!” deb javob berdilar. Men yana: “Ularning orasini ajratib turuvchi salom bormi?” dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo'q, faqat tashahhud bor”, dedilar” (Tahoviy, 1/1967-1968; Bayhaqiy, 2/4355; Ibn Abu Shayba, 2/5941; Ahmad, 5/23579; Tabaroniy, 4/4031).

Jum'a ham peshin singari namoz bo'lgani bois ushbu hadisdan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam jum'adan oldin to'rt rak'at sunnatni o'qib olishlarini, uni aslo kanda qilmaganliklarini bilib olamiz. Shuning uchun ham, buyuk tobe'in olimi Ibrohim an-Naxa'iy rahimahulloh: كَانُوا يُصَلُّونَ قَبْلَهَا أَرْبَعًا – “Sahobalar jum'adan oldin to'rt rak'at sunnatni o'qir edilar”, deb xabar berganlar (Ibn Abu Shayba, 2/5405).

Tarixda jum'a namozining farzidan oldin to'rt rak'at sunnat namozini o'qishni shariatda yo'q, deb ilk bor Ibn Taymiyaning o'zi (“Majmu' al-fatovo”, 24/188-193) hamda uning shogirdi Ibn al-Qayyim al-Javziya (“Zod al-maod”, 1/432) aytgan bo'lib, u ikkisining gapiga vahhobiy, salafiy, zohiriy kabi bemazhablar taassublarcha ergashishi sir emas. Lekin, haqiqat shuki, yuqoridagi ma'lumotlarning barchasi jum'a namozining farzidan oldin to'rt rak'at sunnat namozini o'qish shariatda borligini tasdiqlaydi hamda bu ikkisi shariatga nisbatan xato aytgani ma'lum bo'ladi.

HULOSA shuki, Payg'ambarimiz alayhissalom, sahoba va tobe'inlar davridan beri, hatto bizning ota-bobolarimiz musulmon bo'lgandan beri jum'a namozining farzidan oldin to'rt rak'at sunnat namozini bor deb, o'qib kelishmoqda. Sunnatlarga muhabbatli xalqimiz aslo unga beparvo bo'lgan emas. Diniy an'analarga sodiqlik insonni taassubdan, bid'atlardan, turli bo'lmag'ur oqim va nosog'lom fikr-qarashlardan asraydi. Binobarin, ayrimlarning noto'g'ri gap-so'zlariga ixlosmand xalqimiz aldanib qolmaydi va ularning gapiga uchib Buyuk Shafoatchimizning muborak sunnatlarini aslo tark etmaydi.

Hamidulloh Beruniy.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

HAJNING MAS’ULIYATLI KUNLARI BOSHLANMOQDA

25.05.2026   9420   2 min.
HAJNING MAS’ULIYATLI KUNLARI BOSHLANMOQDA

Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. 24 may – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 25 may – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.


Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Ishchi guruhi rahbari - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
 

Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.


Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va Podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish, begona shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish kabilarga urg‘u qaratildi.
 

Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.



Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari