بسم الله الرحمن الرحيم
Nafs tarbiyasi – ikki dunyo saodati
Muhtaram azizlar! Ramazon oyi musulmonni fazilatli amallar, ulug' xulqlar, go'zal o'rnaklar ila tarbiyalaydigan oydir. Bu oyda musulmon kishi nafsini tiyishga jiddu-jahd qilib, uni boshqarishga kirishishi lozim. Har qanday razil xulqdan, yomon yo'llardan uzoq bo'lishi darkor.
Insonda ruh va nafs bordir. Ruhning ozuqasi shariatga muvofiq bo'lgan barcha amallar bo'lib, kimki biron shar'iy amalni qilsa ruh quvvatlanadi. Mana shu sababdan namoz va boshqa ibodatlardan keyin ruhiy taskinlik topiladi.
Nafsning istagi esa shariatning ziddi bo'lgan narsalar bo'lib, o'sha amal sabab kishining nafsi quvvatlanadi. Namoz qazo bo'lganida, qazoni o'qimay yuraverish yoki ibodatlarni ado etishning qiyin bo'lishi nafs istagi bo'lib, u shundan quvvatlanaveradi.
Musulmon kishi ibodatlarga qancha tashna bo'lsa, namozini vaqtida o'qisa, zakotini kechiktirmay ado qilsa, sadaqalari to'kis bo'lsa, Qur'oni karim tilovatida bardavom bo'laversa, ruhi quvvatlanib, nafsu havosi sinib, ibodatlar unga sevimli bo'laveradi. Nafs Shaytonning eng kuchli qurolidir.
Kimki nafsiga qul bo'lib, ma'siyat ishlarga giriftor bo'lsa, halol-harom farqiga bormasa, nafsi kuchayib, ruhi quvvatsizlanaveradi. Oqibatda ibodatlar uning uchun qiyin, yoqimsiz bo'laveradi. Alloh taolo Qur'oni karimda Yusuf alayhissalomning so'zlarini quydagicha keltiradi:
وَمَا أُبَرِّئُ نَفْسِي ۚ إِنَّ النَّفْسَ لَأَمَّارَةٌ بِالسُّوءِ إِلَّا مَا رَحِمَ رَبِّي ۚ إِنَّ رَبِّي غَفُورٌ رَّحِيمٌ
(يوسوف/53)
ya'ni: “Va o'z nafsimni oqlamayman. Albatta, nafs, agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka ko'p undovchidir. Albatta, Robbim mag'firatli va bilguvchidir” (Yusuf surasi 53-oyat).
Ushbu oyatda Robbimiz bizlarga nafsning mohiyatini bayon qilib, O'zi rahm qilmasa, u sababli holimiz xarob bo'lishini ta'kidlamoqda. Robbimizning bizga rahm qilishi esa, shariatga muvofiq amallarga muyassar qilishi bilan bo'ladi.
Nafs tarbiyasining ahamiyati: Dinimiz bizga nafsimizni doimo nazorat qilib borishga, uni koyib, tarbiya qilishimizga buyurgan. Imom G'azzoliy rahimahulloh: “Nafsni tarbiyalash har bir musulmon uchun farzi ayndir. Zero nafs pok bo'lsagina najotga erishadi”, – deydilar. Alloh taolo bu borada Qur'oni karimda shunday ogohlantiradi:
قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا * وَقَدْ خَابَ مَنْ دَسَّاهَا
(الشمس/9-10)
ya'ni: “Haqiqatan, nafsnipoklagan kishi najot topur. Va u (nafs)ni (gunohlar bilan) ko'mib, xorlagan kimsa esa (Allohning rahmatidan) noumid bo'lur!” (Shams surasi 9-10 oyatlar).
Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam o'z nafsini tergab turgan kishini aqlli, hushyor inson deb ataganlar:
الكَيِّسُ مَنْ دَانَ نَفْسَهُ وَعَمِلَ لِمَا بَعْدَ الْمَوْتِ وَالْعَاجِزُ مَنْ أَتْبَعَ نَفْسَهُ هَواهَا وَتَمنَّى عَلَى اللهِ
(رواه الامام الترمذي)
ya'ni: “Aqlli-hushyor kishi – o'z nafsini tergagan va o'limdan keyingi holat uchun amal qilgan insondir. Ojiz odam – nafsini havosiga ergashtirgan va Allohdan (ko'p narsalarni) umid qilgan kishidir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Boshqa bir oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَأَمَّا مَنْ خَافَ مَقَامَ رَبِّهِ وَنَهَى النَّفْسَ عَنِ الْهَوَى فَإِنَّ الْجَنَّةَ هِيَ الْمَأْوَى
(النازعات/40-41)
ya'ni: “Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo'rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo'lsa, bas, faqat jannatgina (unga) makon bo'lur” (Naziat surasi 40-41 oyatlar).
Demak, kim Qiyomat kunidagi hisob-kitobdan qo'rqib, nafsini gunoh ishlardan tiysa, unga jannat va'da qilingan ekan. Shuning uchun ham Hazrati Umar raziyallohu anhu odamlarga xitob qilib, shunday deganlar:
"حَاسِبُوا أَنْفُسَكُمْ قَبْلَ أَنْ تُحَاسَبُوا، وَزِنُوا أَنْفُسَكُمْ قَبْلَ أَنْ تُوْزَنُوا، فَإِنَّهُ أَهْوَنُ عَلَيْكُمْ فِي الْحِسَابِ غَدًا أَنْ تُحَاسَبُوا أَنْفُسَكُمْ اليَوْمَ وَتَزَيَّنُوا لِلْعَرْضِ الأَكْبَرِ يَوْمَئِذٍ تُعْرَضُونَ لَا تَخْفَى مِنْكُمْ خَافِيَة"
(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya'ni: “Hisob qilinishingizdan oldin o'zingizni hisob-kitob qiling, amallar taroziga qo'yilishdan oldin nafsingizni taroziga qo'ying! Bugun nafsingizni hisob qilishingiz erta – Qiyomatda hisobingizni engillashtiradi. O'zingizni katta hisob-kitob Kuniga hozirlang! Allohga ro'para bo'ladigan kunda biror narsangiz maxfiy qolmaydigan kuningizga hozirlik ko'ring!” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Nafsiga ergashmay, uni tarbiyalagan kishi yutuqqa, muvaffaqiyatga etishadi. Zero, nafsga faqat gumroh kimsalargina ergashadilar. Alloh taolo shunday deydi:
وَمَنْ أَضَلُّ مِمَّنِ اتَّبَعَ هَوَاهُ بِغَيْرِ هُدًى مِنَ اللَّهِ
(القصص/50)
ya'ni: “...O'z havoi nafsiga ergashgan kishidan ko'ra adashganroq kimsa bormi?!” (Qasos surasi 50-oyat).
Inson boshiga tushadigan har xil balo-ofatlar asosan nafs buzuqligidan kelib chiqadi. Shuning uchun ham xalqimizda: “Mening nafsim balodur, o'tdan cho'qqa solodur”, – degan purhikmat gap bejizga aytilmagan.
Nafs tarbiyasining foydalari: Nafsni turli razil odatlardan poklash, uni tarbiya qilish va sayqallash orqali kishi “salomat qalb”ga erishadi. Zero, qalb salomat bo'lsagina insonning boshqa a'zolari ham to'g'ri bo'ladi, turli gunoh ishlardan tiyiladi. Qolaversa, inson Qiyomat kunida salomat qalb bilangina najot topa oladi. Alloh taolo aytadi:
يَوْمَ لَا يَنْفَعُ مَالٌ وَلَا بَنُونَ * إِلَّا مَنْ أَتَى اللَّهَ بِقَلْبٍ سَلِيمٍ
(الشعراء/88-89)
ya'ni: “U Kunda na molu davlat va na bola-chaqa foyda bermas. Magar Alloh huzuriga toza dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)” (Shuaro surasi 88-89 oyatlar).
Boshqa oyati karimada Alloh taolo nafsini poklagan bandalarini “Adn” jannati bilan mukofotlashini va'da qilgan:
جَنّاتُ عَدنٍ تَجري مِن تَحتِهَا الأَنهارُ خالِدينَ فيها وَذلِكَ جَزاءُ مَن تَزَكّى
(طه/76)
ya'ni: “ostidan anhorlar oqadigan, ular doimiy qoladigan – “Adn” jannatlari bo'lur. Bu (nafsi) pok bo'lgan kishilarning mukofotidir!” (Toha surasi 76 oyat).
Nafsni tarbiyasida muhim bo'lgan omillar: Nafsni tarbiyalaydigan eng yaxshi omil bu farz ibodatlardir. Zero, ushbu ibodatlarning barchasida insonning nafsiy illatlarini davolaydi. Jumladan: Imon nafsni har qanday holda Alloh taologa suyanishga, uni ulug'lashga va o'zini past olishga undaydi. Namoz – Robbiga itoatni shakllantiradi. Ro'za kishida dunyo ne'matlaridan o'zini tiyib turishga odatlantiradi. Zakot esa nafsdan baxillikni ketkazadi. Haj esa nafsga Alloh taolo yo'lida turli mashaqqatlarni ko'tarishni o'rgatadi.
Shuningdek, nafl ibodatlarni ado etish, Qur'on tilovat qilish va tinglash, turli zikrlar bilan tilni band qilish nafs tarbiyasining eng samarali omillaridan hisoblanadi.
Shu bilan birga ruhiy tarbiya mashoyixlari: nafs istaklariga teskari harakat qilish – uni tarbiya qilishning boshidir, deydilar. Bu haqda hazrati Imom Rabboniy quddisa sirruhu o'zlarining “Maktubot”larida shunday deydilar: “Nafsning istaganlarini qilmaslik, istamaganlarini qilish, nafsni zaiflashtiradi. Uni mag'lub etishning eng qulay yo'li esa sunnatga uyg'un yashamoq va qalbni maxluqot sevgisidan pok tutmoqdir”.
Demak, kishi o'z nafsini tarbiya qilgan zotlarga yaqin yurmog'i, ular bilan ham suhbat bo'lmog'i, ilm olmog'i va unga amal qilmog'i lozim bo'ladi.
Bir kuni Hazrati Umar raziyallohu anhu Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhuning qo'llarida go'sht ko'tarib ketayotganlarini ko'rdilar va: “Bu nima, Ey Jobir?”, – deb so'radilar. Shunda Jobir raziyallohu anhu: “Ishtaham xohlab, go'sht sotib olgandim”, – dedilar. Shunda hazrati Umar raziyallohu anhu:
أَوَ كُلَّمَا إِشْتَهَيْتَ إشْتَرَيْتَ يَاجَابِرُ، أَمَا تَخَافُ هَذِهِ الآيَةَ ﴿ أَذْهَبْتُمْ طَيِّبَاتِكُمْ فِي حَيَاتِكُمُ الدُّنْيَا
(الأحقاف/20)
ya'ni: “Ey Jobir! Ishtahang xohlagan har narsani sotib olaverasanmi?! Oyatda: “Sizlar o'z huzur-halovatlaringizni dunyodagi hayotingizdayoq ketkazdingiz va ulardan foydalanib bo'ldingiz”, – deyilganidan qo'rqmaysanmi?!”, – dedilar.
Hazrati Umar ushbu tanbehlari bilan har gal nafs xohlasa, uni istagini bajo qilaverishning oqibatidan ogohlantirganlar.
Tarixda o'tgan ko'plab allomalar, mashoyixlar, ruhiy tarbiya ulamolari ushbu yo'l bilan nafslarini isloh qilib, oliy martabalar, maqomlarga erishganlar. Mashhur avliyolardan biri hazrati Sirri Saqotiy quddisa sirruhu aytadilar: “Nafsim qirq yildan buyon bir bo'lak nonni shinniga botirib egisi keladi. Lekin unga buni edirmadim”.
Ramazon oyida nafsni tarbiyalash: Kishi o'z nafsi bilan har kuni, har kecha shug'ullanishi kerak. Ramazon oyi ham nafsni jilovlash, bo'ysundirish uchun eng qulay fursat va imkoniyatdir. Ro'za tutgan inson doimo Alloh taoloning kuzatuvida ekanligini his qiladi, o'zi yolg'iz qolganida ham ro'zasini ochishga jur'at qilmaydi. Allohning roziligi uchun rag'batlardan chetlashadi. Tong otgandan quyosh botguniga qadar emoq-ichmoq va nafsoniy havaslardan tiyiladi.
Ro'zada johillik, tortishuv, fisq-fujur va yomonlikdan uzoq bo'linadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar:
إذا أصبَحَ أحدُكم يومًا صائمًا فلا يرفُثْ ولا يَجهَلْ فإنِ امرؤٌ شاتَمَه أو قاتَلَه
فلْيَقُل: إنِّي صائِمٌ إنِّي صائِمٌ
(مُتَّفَقٌ عَلَيْه)
ya'ni: “Sizlardan biringiz ro'za tutgan bo'lsa, yomon gaplarni gapirmasin, johillik qilmasin. Agar birov uni so'ksa yoki urishsa, “men ro'zadorman, men ro'zadorman”, – desin” (Muttafaqun alayh).
Ramazon oyida shaytonlar kishanlanib, inson nafsi bilan yakkama-yakka qoladi. Natijada nafsini toat-ibodatlarga bo'ysindirishi uchun ulkan fursat yuzaga keladi. Ibn Rajab rahimahulloh “Latoiful maorif” kitoblarida aytadilar:
إعْلَمْ أَنَّ الْمُؤْمِنَ يَجْتَمِعُ لَهُ فِي شَهْرِ رَمَضَانَ جِهَادَانِ لِنَفْسِهِ: جِهَادٍ بِالنَّهَارِ عَلى الصِّيَامِ ، وَجِهَادٍ بِاللَّيْلِ عَلَى القِيَامِ, فَمَنْ جَمَعَ بَيْنَ هَذَيْنِ الْجِهَادَيْنِ، وَوَفَّى بِحُقُوقِهِمَا, وَصَبَرَ عَلَيْهِمَا ، وُفِّىَ أَجْرُهُ بِغَيْرِ حِسَابٍ
ya'ni: “Bilginki, mo'min kishiga Ramazon oyida nafsiga qarshi ikki xil kurash jamlanadi: kundizi ro'za ila (nafsga qarshi) kurash qilish, kechasi qiyomul-layl ila kurashish. Kim mana shu ikki mujohadani orasini jamlasa, ularni to'la bajarsa, ikkisiga sabr qilsa, ajru savobini hisobsiz oladi” (183-bet).
Demak, “jihod” deganda faqat qo'liga qurol olib, urush qilish tushunilmas ekan. Balki kishi o'zining ichidagi eng katta dushmani – nafsiga qarshi qaratgan har qanday kurashi ham “jihod” hisoblanar ekan. Shuning uchun ham Sufyon Savriy: “O'zimga nafsimdan ko'ra ashaddiyroq dushmanni ko'rmadim”, deganlar.
Hulosa qilib aytganda, nafs tarbiyasida inson uchun juda ko'p yaxshiliklar, barakalar bor. Unga ergashish esa yomonliklarning poydevori hisoblanadi. Har kim o'z nafsini tergab, uni isloh qilib borsa, natijada butun jamiyat ma'naviy islohga erishadi.
Alloh taolo barchamizni nafsimiz yomonligidan saqlab, uni tarbiyalash va go'zal axloqlarga odatlantirishga muvaffaq qilsin! Omin!
Nasihat
Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiyning farzandlariga vasiyati
Yetuk faqih, imom va hofiz Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiy rahimahulloh farzandlariga vasiyat qila turib, ularga hayotda har bir mo‘min kishi bilishi zarur bo‘lgan ko‘plab nasihatlarni beradi. Mazkur o‘gitlar siz aziz o‘quvchilarimiz uchun manfaatli bo‘lishini inobatga olib, jurnalimiz sahifalarida berib borishni lozim topdik.
Shayx Sulaymon ibn Xalaf rahimahulloh aytadi:
Ey farzandlarim! Batahqiq, sizning zimmangizga farzi ayn bo‘lgan amallar taklifi (shariat yuklatgan mas’uliyat) tushadigan yoshga yetdingiz. Men esa sizlarni nasihatni anglaydigan, to‘g‘ri yo‘lni farqlay oladigan, ta’lim olish va ilm egallashga munosib yoshga yetganingizni bildim. Shuning uchun sizlarga vasiyatimni ochiq bayon etishim lozim.
Gaplarimga e’tiborli bo‘lib, ko‘rsatmalarim va nasihatlarimga amal qiling. Men sizlarni hech qachon yomonlikka buyurmaganman. Men ko‘rsatgan yo‘ldan yuringlar va bayon qilgan holatlarimdan o‘rnak olinglar.
Shuni bilinglarki, bizlar – Alloh taoloning fazli bilan – naslimizga yetgan to‘g‘rilik, diniy yetuklik, poklik va hayo bilan to‘liq yashagan odamlar avlodidanmiz. Ya’ni Ayyub ibn Vorisning avlodlari. Ular shunday zotlarki: bobomiz Sa’d, undan keyin Sa’dning farzandlari: Sulaymon, Xalaf, Abdurrahmon va Ahmaddur. Ularning orasida eng solihi, dindori, taqvo va ibodati bilan ajralib turgan kishi sizlarning bobolaringiz – Xalaf edi. U kishi o‘zining katta obro‘si, mavqei va dunyosining ko‘pligiga qaramay, molu dunyodan yuz o‘girgan, kamtar hayot kechirgan kishi edi.
Endi bu ishlarni davom ettirish sizning zimmangizga tushadi. Shunday ekan, ularning yo‘lidan boshqa yo‘lni tutmanglar, ularning holatidan boshqasiga rozi bo‘lmanglar. Agar ulardan ham yuqori darajaga yetishga qodir bo‘lsangiz, bundan faqat o‘zingizga foyda. Ammo unday bo‘lmasa, hech qursa ularning darajasidan ortda qolmanglar. Agar nasihatlarimga amal qilsangiz, solihlar yo‘lida sobit turasiz, dunyo va oxiratda yaxshilik topasiz.
Vasiyatlarimning eng muhimi – Allohga iymon keltirish
Sizlarga birinchi vasiyatim – Ibrohim alayhissalom va Ya’qub alayhissalomning farzandlariga qilgan vasiyatlaridir: “Ey farzandlarim! Alloh sizlar uchun bu dinini tanladi. Bas, faqat musulmon bo‘lgan holingizdagina vafot etinglar” (Baqara surasi, 132-oyat). Shuningdek, Luqmon alayhissalomning farzandiga qilgan nasihatidir: “Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirma! Chunki shirk – albatta ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Sizlarga bu boradagi nasihatimni qattiq tarzda ta’kidlayman, qayta-qayta eslataman. Bu dinga bog‘lanishingiz va uni mahkam ushlashingiz uchun jon kuydiraman. Dunyo ishlarining hech biri Alloh taolo bizga ato etgan bu dindan sizlarni ajratib qo‘ymasin. Bu din uchun jonlaringizni fido qilishingiz kerak, unda dunyo mol-mulkini ayamasligingiz lozim. Chunki bu dinsiz kofir kishi do‘zaxga tushsa, unga hech qanday yaxshilik foyda bermaydi. Mo‘min kishi bu din bilan jannatga kiradi, unga hech qanday yomonlik ziyon qilmaydi: “Kimki islomdan boshqa din istasa, undan hech qachon qabul qilinmaydi va u oxiratda zarar ko‘ruvchilardan bo‘ladi” (Oli Imron surasi, 85-oyat).
Agar sizlar Alloh taolo tanlagan bu dinda vafot etsangiz, umid qilamanki, biz jannatda qayta uchrashamiz – u yerda nafrat ham, ajralish ham bo‘lmaydi. Alloh taolo mening o‘sha uchrashuvga bo‘lgan shavqu zavqimni ham biladi. Shu bilan birga, sizlardan birortangiz yo‘ldan ozib, fitna sabab adashib qolishingizdan qattiq xavotirda ekanligimni ham biladi. Agar shunday bo‘lsa, Allohning g‘azabi uni qamrab oladi va halokat joyiga yetkazadi. Abadiy do‘zax unga muqarrar bo‘ladi. U holda adashgan kishi solih ajdodlari bilan jannatda birga bo‘lolmaydi, otalari, ota-bobolarining salohiyati unga naf bermaydi: “Ey insonlar! Parvardigoringizdan qo‘rqing va yana shunday bir kundan qo‘rqingki, u kunda na ota o‘z farzandiga foyda beradi, na farzand otaga. Albatta Allohning va’dasi haqdir. Bas, dunyo hayoti sizlarni aldamasin. Va shayton – aldamchi – sizlarni Allohdan chalg‘itmasin” (Luqmon surasi, 33-oyat).
(Davomi bor.)
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
tarjimasi
"Hidoyat" jurnalining 2026 yil 3-sonidan