Bambukni ekkandan keyin, sug'orib bir yil to'liq kutasiz, lekin hech narsa unmaydi. Uni sug'orib, parvarishlashda davom etasiz, zararkunanda hashoratlardan himoya qilasiz. Biroq ikkinchi yil oxiriga borib ham hech narsa ko'rinmaydi.
Uchinchi yil keladi, uni parvarishlashda, sug'orishda davom etasiz. Atrofidagi hamma narsa o'ssa ham u o'smay turaveradi.
Ichingizda uni tag-tomiri bilan erdan sug'irib tashlasammikin deb o'ylaysiz, lekin keyin fikringizni o'zgartirib to'rtinchi yili ham kutishga qaror qilasiz. Ammo hech o'zgarish bo'lmaydi.
Shunda o'zingizga savol berasiz: "Nega shuncha harakat qilsam ham hech qanday hosil olmayapman?! Axir hammasini to'g'ri qildim-ku?!".
Beshinchi yili esa kutilmaganda u o'sa boshlaydi. Har kuni 3 qarich o'sib, bir oyda bo'yi to'qson qarichga etadi.
Bu uzoq vaqt davomida u er tagida uzun tomirlardan to'r tayyorlayotgan bo'ladi, uni to'liq tayyorlab bo'lgach esa uzunligi osmonga, bulutlarga etadi!
Bu bambuk daraxti xuddi biz yashayotgan hayotga o'xshaydi!
Bir ishni to'g'ri bajarsangiz-u samarasini ko'rmasangiz, uni tark etishga shoshilmang, sabr qiling!
Har bir inson bu borliqda qandaydir o'rin topishga, o'zidan yaxshi iz qoldirishga qodir. Har bir insonda ijodkorlik qobiliyati bor.
Lekin ko'pchilik odamlar yarim yo'lga borganda taslim bo'lib, ortiga qaytib ketadi. Faqat azm-u qarorlilar, qat'iyatlilargina qoladi. Ular qasd qilgan cho'qqilariga etmaguncha arqonni qo'yib yubormaydilar.
Muvaffaqiyatli kishilar bambuk daraxti nazariyasini yaxshi bilishadi. Yerni ekin uchun tayyorlash naqadar muhimligini, natijalarga erishishga shoshmaslik kerakligini, shuningdek odamlar orasidagi aloqalar to o'sib, gullagunga qadar bir muncha vaqt olishini inobatga olishadi. Ular yana shuni yaxshi bilishadiki, zo'r hosil albatta keladi, uzoq muddatdan keyin bo'lsa ham!
"Inson yaxshilikka duo qilganidek, yomonlikka ham duo qilur. Inson shoshqaloq bo'lgandir"(Isro surasi, 11-oyat).
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom dini sabr va shukrni inson hayotining asosiy ustunlaridan deb biladi. Sabr — qiyinchilik paytida bardosh qilish, gunohdan tiyilish va toatda sabotli bo‘lishdir. Shukr esa Alloh bergan ne’matlarni qadrlash, til bilan ham, qalb va amal bilan ham minnatdorlik bildirishdir. Bu ikki xislat mo‘minning imonini mustahkam qiladi.
Qur’ondan dalillar Alloh taolo aytadi: “Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (Baqara surasi, 153-oyat).
Bu oyat sabrning qanchalik ulug‘ maqomga ega ekanini ko‘rsatadi.
Yana bir oyatda: “Agar shukr qilsangiz, albatta sizlarga (ne’matimni) ziyoda qilaman” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Bu oyat shukr qilish ne’matning ortishiga sabab bo‘lishini bildirmoqda.
Hadis
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vaqtida aytganlar: “Mo‘minning ishi ajoyibdir. Unga yaxshilik yetsa — shukr qiladi, bu uning uchun yaxshilik; agar musibat yetsa — sabr qiladi, bu ham uning uchun yaxshilik”.
Bu hadis sabr va shukr mo‘min hayotining har ikki holatida ham foydali ekanini ko‘rsatadi.
Sabrning turlari
Toatda sabr — namoz, ro‘za va boshqa ibodatlarda bardavom bo‘lish.
Gunohdan sabr — harom ishlardan o‘zini tiyish.
Musibatda sabr — qiyinchilik va sinovlarda sabot qilish.
Shukrning ko‘rinishlari
Qalb bilan shukr — Alloh bergan ne’matlarni tan olish.
Til bilan shukr - “Alhamdulillah” deyish.
Amal bilan shukr - ne’matni yaxshilik yo‘lida ishlatish.
Shukr qilgan insonning hayotida baraka ortadi, qalbi xotirjam bo‘ladi.
Ibratli voqea
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlarida og‘ir sinovlar bo‘lgan: ochlik, ta’qib, yaqinlarining vafoti. Lekin u zot doimo sabr qilganlar va Allohga shukr aytganlar. Toif voqeasida ham dushmanlaridan ozor ko‘rganlarida, u zot duo qilib, sabr qilganlar. Bu - haqiqiy sabr namunasidir.
Xulosa
Sabr - qiyinchiliklarda qalbni mustahkamlaydi, shukr esa ne’matlarni ziyoda qiladi. Mo‘min inson hayotida ham sabr, ham shukr bilan yashashi kerak. Sabrsiz imon mukammal bo‘lmaydi, shukrsiz ne’mat bardavom bo‘lmaydi.
Sabr va shukr - jannat yo‘lidagi ikki nurdir.
Musoxon Abbasiddinov,
Namangan shahar “Boqi polvon” jome masjidi imom-xatibi.