Salafiylik, hizbut tahrir kabi yot oqimlarning Hudoga ishongan bir insonni kufrda ayblashi, mo'min-musulmonlar yashaydigan diyorlarni kufr shahri deb e'lon qilishlari natijasida Islom ummatlari o'rtasida turli tafriqalar kelib chiqmoqda. Bilib-bilmay ushbu firqalarning ta'sir doirasiga tushib qolgan ba'zi yoshlarning bunday xato yo'ldan qaytishi juda qiyin kechmoqda. Keyingi paytlarda Islom mafkurasi va tarixiga zid g'oyalari bilan qayta namoyon bo'layotgan “soxta salafiylik” oqimi o'zlarining aqidaviy va huquqiy masalalarini ko'pincha suriyalik Ibn Taymiya (1263-1328) ta'limoti bilan asoslamoqchi bo'lishadi. Ibn Taymiya asarlarida, islomga turli bid'atlar kirib qolgani aytilib, musulmonlar va ular yashayotgan jamiyatlarni, Qur'on va sunnat ta'limotiga asoslangan yo'lga solish zarur, degan g'oyalar ilgari suriladi.
Mazkur oqim tarafdorlari o'zlarining buzuq ta'limotlari ila qabrlarni ziyorat qilgan odam musulmonchilikdan chiqadi degan e'tiqodda hatto bir paytlar Madinai munavvaradagi sahobalarning qabrlarini ham oyoqosti qilishgan. Qolaversa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning maqbaralarini ham vayron qilishga urinib ko'rishgan. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi uni ziyorat qilaveringlar. Zero, u sizlarga oxiratni eslatadi”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati). Ushbu hadisga ko'ra, qabrlarni ziyorat qilish mandub (mustahab amal)dir. Zeroki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o'zlari Baqe' qabristoniga borib mayyitlar haqqiga duo qilardilar.
Shuningdek, soxta salafiylar tasavvufni tan olishmaydi, tavassulni kufr deydi, mazhablarni inkor qiladi, o'zlariga ergashmaganlarni ham kofirga chiqarishadi. Soxta salafiylar jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratadi. Bu bilan boshqa dindagilarni dushman sanab, dinlararo adovat uyg'otishga urinadi. Ular nafaqat boshqa din vakillariga, balki shariat hukmlarini ular o'ylagandek to'liq bajarmayotgan musulmonlarga nisbatag ham zo'ravonlik siyosati olib boradi.
“Salaf” kalimasi, aslida hadisi sharif e'tiboriga ko'ra, dalolat jihatidan, islomiy asrlarning afzali, iqtido va ergashishga eng loyiq bo'lgan davrga nisbatan ishlatiladi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Insonlarning xayrlisi mening asrim ahlidir, keyin ularga yaqin bo'lganlaridir, so'ngra ularga yaqin bo'lganlaridir[1]. So'ngra shunday qavmlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o'zib ketadi (ya'ni, masalalarda ham o'ta beparvo va mas'uliyatsiz bo'lib, guvohlikni engil sanab qasam ichaveradi)" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Mazkur xadisi sharifda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tartib bilan zikr qilib, ularni “xayrli” deb nomlagan uch asr (ahli)dan murod Payg'ambarimiz alayhissalom, sahobalar, tobe'in va tab'a tobe'inlar yashagan davrdir. Ana shu davrda faoliyat olib borgan ulug'larni “salafi solihlar”, ya'ni solih bo'lgan zotlardir, deyiladi.
Bugungi kunimizda har bir musulmon yakka tartibdagi ijtihod bilan shug'ullanishi kerak, degan gap ham mutlaqo asossizdir. Imom Ahmad aytadi: “Kim dinda taqlid yo'q desa, Alloh va Uning rasuli oldida fosiqdir. Uning so'zi sunnat va salafi solihlar qarashlarini rad qilishdir”. Mujtahid Abdulloh ibn Vahb aytadi: “Hadis ilmlari, agar fiqh ilmi bo'lmasa, adashtiradi”.
Sulaymon ibn Abdulvahhobning oqim asoschisi bo'lgan o'z akasi va uning shogirdi Hasan ibn Iydonga atab raddiya tarzida yozilgan risolasida shunday deyiladi: “Siz shirki akbar, egasi butparast bo'ladi, deydigan bu ishlar Makka shahrida ham ko'p. Makkai sharifning amirlari, olimlari, butun aholisi olti yuz yildan beri u ishlarni ko'rib turibdi. Lekin ular bugun sizning tutgan bu yo'lingiz tufayli sizga la'natlar yog'dirishmoqda. Amirlar, olimlar bunday ish qilganlarni Islomdan chiqdi, deyishmayapti. Sizning da'voyingizga ko'ra esa, ular ochiq kofirdir. Bunday yo'l tutishlaringizning hadisi shariflarga xilofligi sizning da'voyingiz botil ekanining isbotidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkani fath qilgach, o'sha erda turib: “Bugundan keyin hijrat yo'q”, dedilar. Ya'ni, ahli ilmlar sharhlashicha, Makkadan ko'chish yo'q. Demak, bundan ma'lumki, Makka doimo iymon diyoridir. Siz esa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitnalar shahri deya atagan diyorni iymon shahri, deb Makkadan u erga hijrat qilish kerak, demoqdasiz...”.
Adashgan firqalar o'tgan uch asrning to'g'ri yo'lidan birin-ketin chetga chiqa boshlashdi. Har bir firqa haqdan og'ib, o'zlarining g'arazli maqsadlari yo'lida qadam tashladi. Odamlarni ham fikru xayoli, sog'lom e'tiqodidan chalg'itishga urindi. Bu bilan ular, Alloh taoloning An'om surasi, 153-oyatida marhamat qilgan “Albatta, bu Mening to'g'ri yo'limdir. Bas, unga ergashinglar. Va boshqa yo'llarga ergashmanglar. Bas, sizni uning yo'lidan adashtirmasinlar. Mana shu sizga qilgan amrdirki, shoyad taqvo qilsangiz” oyatiga xilof ish tutdi. Shu tariqa nafsu havosiga berilgan, bid'at va zalolatga ko'milganlar toifasi ko'payib bordi. Bu holat asrlardan asrlarga o'tib hozirgi kunimizda ham davom etmoqda. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Darhaqiqat, Bani Isroil etmish ikki millat (guruh)ga bo'lindi, ummatim esa etmish uch millatga bo'linadi. Faqatgina bir millatdan tashqari ularning barchasi do'zaxdadir”, dedilar. (Sahobalar): “(Najot topgan) u (millat) kimlardir, yo Rasulalloh?” deb so'radilar. (Bunga javoban) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Men va ashoblarim uning uzra bo'lgan (millatdir), dedilar” (Imom Termiziy[2] rivoyati).
Imom Abu Bakr Haraviy aytadi: “Insonlar dinda ikki qismdir: muqallid va mujtahid. Mujtahidlarning ilmli bo'lishi shartdir. Din ilmi esa, Qur'on va sunnatga va u ikkisida vorid bo'lgan arab tiliga taalluqlidir. Endi, kimki Qur'on va sunnatni, ularning lafziy hukmlarini, sobit va mansuxlarini bilsa, oldin va keyin kelgan hukmlarini ajrata olsa, o'sha kishining ijtihodi durust va uning darajasiga etmaganlar unga taqlid qilishlari joizdir. Mujtahid bo'lmagan kishiga esa, olimlardan so'ramog'i va taqlid qilmog'i farzdir. Bunga ulamolar orasida xilof yo'q”. Ibn Qayyum Javziy “I'lomil muvqinin” kitobida: “Kishi, modomiki unda ijtihod shartlari jamlangan bo'lmasa, ya'ni barcha ilmlarni bilmasa, uning o'zicha Qur'on va hadisdan hukm olmog'i durust emas”, deydi. Ahmad ibn Munodiy aytadi: «Bir kishi Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhdan: “Bir kishi yuz ming hadisni yodlasa, faqih bo'ladimi?” deb so'raganida, u kishi: “Yo'q”, dedilar. Haligi kishi: “Agar ikki yuz ming hadisni yod olsa-chi?”, deb so'radi. Shunda imom yana: “Yo'q”, deb javob berdi. U kishi: “Uch yuz ming hadis yodlasa-chi?”, dedi. Imom: “Yo'q”, dedi. “To'rt yuz ming hadis yod olsa-chi?”, deganida, “Unda faqih bo'ladi”, deb javob berdi». Abul Hasan dedi: «Men otamdan: “Imom Ibn Hanbal qancha hadis yodlagan edi?” deb so'raganimda, u kishi: “Olti yuz ming hadisni yod bilardi”, dedi». Abu Ishoq aytadi: «Men xalifa Mansurning jome masjidida imomlik qilganimda, shu masalani odamlarga aytdim. Shunda bir kishi: “Siz ham shu miqdor hadis yodlaganmisizki, bu erda odamlarga fatvo aytib turibsiz?” dedi. Men: “Yo'q, faqat shuncha miqdor hadisni yod bilgan kishilarning so'zlari bilan fatvo beraman”, dedim».
Bizning davrimizda ham ikki yuzdan ortiq soxta salafiylikka o'xshash yot oqimlar mavjud. Soxta salafiylikning g'oyalari bilan sug'orilgan yoki ularning izdoshlaridan biri sifatida yaqin 3-4 yil oldin xuruj qilgan Iroq va Suriyada o'zlarini Islom davlati deb atagan IShIDni misol qilish mumkin. Unga 1971 yil Iroqda tug'ilgan Ibrohim ibn Avvod ismli kimsa boshchilik qildi. Ammo o'zini Abu Bakr Bag'dodiy deb nomlab, “xalifalik qurish” shiori bilan hokimiyatni qo'lga olishga urindi. Achinarlisi, qandaydir qora kuchlar ta'siridagi shu da'vosi bilan Islom uchun jang qilayapmiz deb har kuni minglab begunoh musulmonlarni qatl qilib, bolalar, ayollar va hatto qariyalarni ham o'ldirishgacha bordi. Iroq turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra mamlakatda IShID tashkiloti bir yildan kamroq vaqt davomida 40 ga yaqin noyob tarixiy qiymatga ega bo'lgan diniy inshootlarni vayron qilgan. Ularning orasida qadimgi masjidlar, nasroniy cherkovlari, bir nechta monastir va noyob obidalar ham bo'lgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Hajjatul vado'da qilgan xutbalarida shunday dedilar: “Shayton o'ziga ibodat qilinishidan sizlarning bu erlaringizda umidi so'ndi. Lekin bundan boshqa sizlar kichik hisoblaydigan ishlarda unga itoat qilinishidan umidi bor. Endi ehtiyot bo'linglar! Men sizlarga ikki narsani qoldiryapman: Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnati! Ularni mahkam tutsangiz hech qachon adashmaysiz!,, dedilar.
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarni Huruqoga jo'natdilar. Ertalab biz hujum qildik va ularni mag'lub etdik. Men va bir ansoriy ulardan bo'lgan bir kishining ortidan tushdik. Biz unga etganimizda, u: “La ilaha illalloh” dedi. Buni eshitib ansoriy to'xtadi. Lekin men uni qilichim bilan chopib tashladim. Biz qaytganimizda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda bilish uchun keldilar va aytdilar: “Ey Usoma! Sen uni “La ilaha illalloh” deganidan keyin ham o'ldirdingmi?” Men: “Ha, ammo u bu (gap)ni faqat o'zini saqlash uchun aytdi” dedim. U zot o'sha (so'zlari)ni shunday ko'p takrorlayverdilarki, men bundan oldin Islomga kirganimda edi, deya o'ylab qoldim” (Muttafaqun alayh). Boshqa bir rivoyatda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Uning qalbini yorib ko'rmadingmi?” degani aytiladi. Ibn Mirdavayh Ibrohim Taymiydan, u kishi otasidan, otasi Usoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Usoma roziyallohu anhu: “Endi hech qachon “La ilaha illalloh” degan kishini o'ldirmayman”, dedi. Shunda Sa'd ibn Molik roziyallohu anhu: “Men ham, Allohga qasamki, hech qachon “La ilaha illalloh” degan kishini o'ldirmayman”, dedi.
Islomda biron bir musulmonga tajovuz qilish yoki uni nohaq o'ldirishga aslo ruxsat berilmagan. Bunday xunrezlikni qilgan kimsa uchun oxiratda ulkan azob bordir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “Kim musulmonni qasddan o'ldirsa, uning jazosi jahannamdir. U erda u uzoq vaqt qoladi. Unga Allohning g'azabi va la'nati bo'lsin! Hamda U (Alloh taolo) unga ulkan azob tayyorlab qo'ygandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Shunday ekan, musulmonni kofirga chiqarishdan juda ehtiyot bo'lmoq lozim. O'zlariga Qur'on va hadisi shariflarda kelgan chiroyli nomlar qo'yib, chin ma'nodagi musulmonlikni da'vo qilayotgan turli xil oqimlarning yot g'oyalariga aldanishdan ogoh bo'lish zarur. Islom tinchlik, mehr-oqibat va odob-axloq dini ekanini aslo yoddan chiqarmasligimiz kerak!
Abduvohid O'ROZOV
[1] Mazkur xayrli uch asrning birinchi asri odamlari sahobalardir. Ular islom aqidalari va asoslarini to'g'ridan to'g'ri Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o'zlaridan qabul qilishgan. Islomning barcha hukm va odoblari ularning aqllariga mustahkam o'rnashgan, qalblari esa bid'atchilik va hamda turli vahmu gumonlardan musaffo bo'lgan.
Ikkinchi asri tobe'inlar asridir. Ular Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ashoblariga ergashganlardir. Ya'ni, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni ko'rgan ashoblar bilan hamsuhbat bo'lib, ularning vasiyat va nasihatlaridan bahramand bo'lgan zotlardir.
Uchinchi asri tobe'inlarga ergashgan zotlar, ya'ni taba'a tobe'inlar davridir. Bu asrda sof fikrlilik va Islom fitratining turli tashqi omillar ta'siridan xolilik davri davom etdi. Ana shu asrdan keyin turli bid'atlar ko'payib, ular keng quloch yoya boshladi
[2] Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso Bug'iy Termiziy hijriy 209 yilda Termiz shahrida tug'ilgan.
Imom Termiziy Imom Buxoriyning shogirdlaridan bo'lgan. Ilm talabida Huroson, Tobariston, Bag'dod, Basrava Hijoz kabi diyorlarni kezib chiqqan. Umrining oxirida ko'zlari ojiz bo'lib qolgan. Imom Termiziyning yodlash quvvatlari nihoyatda kuchli bo'lganidan, hifzda bu zot zarbulmasal qilingan. Imom Termiziyning eng mashhur kitobi “Sunani Termiziy”dir. Bundan tashqari “Shamoilu Nabaviya”, “Tarix” va “Ilal” kabi ko'plab kitoblari bo'lgan. Imom Termiziy hijriy 279 yilda 70 yoshida Termizda vafot etgan.
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati