Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Soxta salafiylar kim-u, salafi solihlar kim?

15.12.2021   1897   15 min.
Soxta salafiylar kim-u, salafi solihlar kim?

Salafiylik, hizbut tahrir kabi yot oqimlarning Hudoga ishongan bir insonni kufrda ayblashi, mo'min-musulmonlar yashaydigan diyorlarni kufr shahri deb e'lon qilishlari natijasida Islom ummatlari o'rtasida turli tafriqalar kelib chiqmoqda. Bilib-bilmay ushbu firqalarning ta'sir doirasiga tushib qolgan  ba'zi yoshlarning  bunday xato yo'ldan qaytishi juda qiyin kechmoqda. Keyingi paytlarda Islom mafkurasi va tarixiga zid g'oyalari bilan qayta namoyon bo'layotgan “soxta salafiylik” oqimi o'zlarining aqidaviy va huquqiy masalalarini ko'pincha suriyalik Ibn Taymiya (1263-1328) ta'limoti bilan asoslamoqchi bo'lishadi. Ibn Taymiya asarlarida, islomga turli bid'atlar kirib qolgani aytilib, musulmonlar va ular yashayotgan jamiyatlarni, Qur'on va sunnat ta'limotiga asoslangan yo'lga solish zarur, degan g'oyalar ilgari suriladi.

Mazkur oqim tarafdorlari o'zlarining buzuq ta'limotlari ila qabrlarni ziyorat qilgan odam musulmonchilikdan chiqadi degan e'tiqodda hatto bir paytlar Madinai munavvaradagi sahobalarning qabrlarini ham oyoqosti qilishgan. Qolaversa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning maqbaralarini ham vayron qilishga urinib ko'rishgan. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi uni ziyorat qilaveringlar. Zero, u sizlarga oxiratni eslatadi”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati). Ushbu hadisga ko'ra, qabrlarni ziyorat qilish mandub (mustahab amal)dir. Zeroki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o'zlari Baqe' qabristoniga borib mayyitlar haqqiga duo qilardilar.

Shuningdek, soxta salafiylar tasavvufni tan olishmaydi, tavassulni kufr deydi, mazhablarni inkor qiladi, o'zlariga ergashmaganlarni ham kofirga chiqarishadi. Soxta salafiylar jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratadi. Bu bilan boshqa dindagilarni dushman sanab, dinlararo adovat uyg'otishga urinadi. Ular nafaqat boshqa din vakillariga, balki shariat hukmlarini ular o'ylagandek to'liq bajarmayotgan musulmonlarga nisbatag ham zo'ravonlik siyosati olib boradi.

“Salaf” kalimasi, aslida hadisi sharif e'tiboriga ko'ra, dalolat jihatidan, islomiy asrlarning afzali, iqtido va ergashishga eng loyiq bo'lgan davrga nisbatan ishlatiladi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Insonlarning xayrlisi mening asrim ahlidir, keyin ularga yaqin bo'lganlaridir, so'ngra ularga yaqin bo'lganlaridir[1]. So'ngra shunday qavmlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o'zib ketadi (ya'ni, masalalarda ham o'ta beparvo va mas'uliyatsiz bo'lib, guvohlikni engil sanab qasam ichaveradi)(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Mazkur xadisi sharifda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tartib bilan zikr qilib, ularni “xayrli” deb nomlagan uch asr (ahli)dan murod Payg'ambarimiz alayhissalom, sahobalar, tobe'in va tab'a tobe'inlar yashagan davrdir. Ana shu davrda faoliyat olib borgan ulug'larni “salafi solihlar”, ya'ni solih bo'lgan zotlardir, deyiladi.

Bugungi kunimizda har bir musulmon yakka tartibdagi ijtihod bilan shug'ullanishi kerak, degan gap ham mutlaqo asossizdir. Imom Ahmad aytadi: “Kim dinda taqlid yo'q desa, Alloh va Uning rasuli oldida fosiqdir. Uning so'zi sunnat va salafi solihlar qarashlarini rad qilishdir”. Mujtahid Abdulloh ibn Vahb aytadi: “Hadis ilmlari, agar fiqh ilmi bo'lmasa, adashtiradi”.

Sulaymon ibn Abdulvahhobning oqim asoschisi bo'lgan o'z akasi va uning shogirdi Hasan ibn Iydonga atab raddiya tarzida yozilgan risolasida shunday deyiladi: “Siz shirki akbar, egasi butparast bo'ladi, deydigan bu ishlar Makka shahrida ham ko'p. Makkai sharifning amirlari, olimlari, butun aholisi olti yuz yildan beri u ishlarni ko'rib turibdi. Lekin ular bugun sizning tutgan bu yo'lingiz tufayli sizga la'natlar yog'dirishmoqda. Amirlar, olimlar bunday ish qilganlarni Islomdan chiqdi, deyishmayapti. Sizning da'voyingizga ko'ra esa, ular ochiq kofirdir. Bunday yo'l tutishlaringizning hadisi shariflarga xilofligi sizning da'voyingiz botil ekanining isbotidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkani fath qilgach, o'sha erda turib: “Bugundan keyin hijrat yo'q”, dedilar. Ya'ni, ahli ilmlar sharhlashicha, Makkadan ko'chish yo'q. Demak, bundan ma'lumki, Makka doimo iymon diyoridir. Siz esa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitnalar shahri deya atagan diyorni iymon shahri, deb Makkadan u erga hijrat qilish kerak, demoqdasiz...”.

Adashgan firqalar o'tgan uch asrning to'g'ri yo'lidan birin-ketin chetga chiqa boshlashdi. Har bir firqa haqdan og'ib, o'zlarining g'arazli maqsadlari yo'lida qadam tashladi. Odamlarni ham fikru xayoli, sog'lom e'tiqodidan chalg'itishga urindi.  Bu  bilan ular, Alloh taoloning An'om surasi, 153-oyatida marhamat qilgan “Albatta, bu Mening to'g'ri yo'limdir. Bas, unga ergashinglar. Va boshqa yo'llarga ergashmanglar. Bas, sizni uning yo'lidan adashtirmasinlar. Mana shu sizga qilgan amrdirki, shoyad taqvo qilsangiz” oyatiga  xilof  ish tutdi. Shu tariqa nafsu havosiga berilgan, bid'at va zalolatga ko'milganlar toifasi ko'payib bordi. Bu holat asrlardan asrlarga o'tib hozirgi kunimizda ham davom etmoqda. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Darhaqiqat, Bani Isroil etmish ikki millat (guruh)ga bo'lindi, ummatim esa etmish uch millatga bo'linadi. Faqatgina bir millatdan tashqari ularning barchasi do'zaxdadir”, dedilar. (Sahobalar): “(Najot topgan) u (millat) kimlardir, yo Rasulalloh?” deb so'radilar. (Bunga javoban) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Men va ashoblarim uning uzra bo'lgan (millatdir), dedilar”  (Imom Termiziy[2] rivoyati).

Imom Abu Bakr Haraviy aytadi: “Insonlar dinda ikki qismdir: muqallid va mujtahid. Mujtahidlarning ilmli bo'lishi shartdir. Din ilmi esa, Qur'on va sunnatga va u ikkisida vorid bo'lgan arab tiliga taalluqlidir. Endi, kimki Qur'on va sunnatni, ularning lafziy hukmlarini, sobit va mansuxlarini bilsa, oldin va keyin kelgan hukmlarini ajrata olsa, o'sha kishining ijtihodi durust va uning darajasiga etmaganlar unga taqlid qilishlari joizdir. Mujtahid bo'lmagan kishiga esa, olimlardan so'ramog'i va taqlid qilmog'i farzdir. Bunga ulamolar orasida xilof yo'q”. Ibn Qayyum Javziy “I'lomil muvqinin” kitobida: “Kishi, modomiki unda ijtihod shartlari jamlangan bo'lmasa, ya'ni barcha ilmlarni bilmasa, uning o'zicha Qur'on va hadisdan hukm olmog'i durust emas”, deydi. Ahmad ibn Munodiy aytadi: «Bir kishi Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhdan: “Bir kishi yuz ming hadisni yodlasa, faqih bo'ladimi?” deb so'raganida, u kishi: “Yo'q”, dedilar. Haligi kishi: “Agar ikki yuz ming hadisni yod olsa-chi?”, deb so'radi. Shunda imom yana: “Yo'q”, deb javob berdi. U kishi: “Uch yuz ming hadis yodlasa-chi?”, dedi. Imom: “Yo'q”, dedi. “To'rt yuz ming hadis yod olsa-chi?”, deganida, “Unda faqih bo'ladi”, deb javob berdi». Abul Hasan dedi: «Men otamdan: “Imom Ibn Hanbal qancha hadis yodlagan edi?” deb so'raganimda, u kishi: “Olti yuz ming hadisni yod bilardi”, dedi». Abu Ishoq aytadi: «Men xalifa Mansurning jome masjidida imomlik qilganimda, shu masalani odamlarga aytdim. Shunda bir kishi: “Siz ham shu miqdor hadis yodlaganmisizki, bu erda odamlarga fatvo aytib turibsiz?” dedi. Men: “Yo'q, faqat shuncha miqdor hadisni yod bilgan kishilarning so'zlari bilan fatvo beraman”, dedim».

Bizning davrimizda ham ikki yuzdan ortiq soxta salafiylikka o'xshash yot oqimlar mavjud. Soxta salafiylikning g'oyalari bilan sug'orilgan yoki ularning izdoshlaridan biri sifatida yaqin 3-4 yil oldin xuruj qilgan Iroq va Suriyada o'zlarini Islom davlati deb atagan IShIDni misol qilish mumkin.  Unga 1971 yil Iroqda tug'ilgan Ibrohim ibn Avvod ismli kimsa boshchilik qildi. Ammo o'zini Abu Bakr Bag'dodiy deb nomlab, “xalifalik qurish” shiori bilan hokimiyatni qo'lga olishga urindi. Achinarlisi, qandaydir qora kuchlar ta'siridagi shu da'vosi bilan Islom uchun jang qilayapmiz deb har kuni minglab begunoh musulmonlarni qatl qilib, bolalar, ayollar va hatto qariyalarni ham o'ldirishgacha bordi. Iroq turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra mamlakatda IShID tashkiloti bir yildan kamroq vaqt davomida 40 ga yaqin noyob tarixiy qiymatga ega bo'lgan diniy inshootlarni vayron qilgan. Ularning orasida qadimgi masjidlar, nasroniy cherkovlari, bir nechta monastir va noyob obidalar ham bo'lgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Hajjatul vado'da qilgan xutbalarida shunday dedilar: “Shayton o'ziga ibodat qilinishidan sizlarning bu erlaringizda umidi so'ndi. Lekin bundan boshqa sizlar kichik hisoblaydigan ishlarda unga itoat qilinishidan umidi bor. Endi ehtiyot bo'linglar! Men sizlarga ikki narsani qoldiryapman: Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnati! Ularni mahkam tutsangiz hech qachon adashmaysiz!,,  dedilar.

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarni Huruqoga jo'natdilar. Ertalab biz hujum qildik va ularni mag'lub etdik. Men va bir ansoriy ulardan bo'lgan bir kishining ortidan tushdik. Biz unga etganimizda, u: “La ilaha illalloh” dedi. Buni eshitib ansoriy to'xtadi. Lekin men uni qilichim bilan chopib tashladim. Biz qaytganimizda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda bilish uchun keldilar va aytdilar: “Ey Usoma! Sen uni “La ilaha illalloh” deganidan keyin ham o'ldirdingmi?” Men: “Ha, ammo u bu (gap)ni faqat o'zini saqlash uchun aytdi” dedim. U zot o'sha (so'zlari)ni shunday ko'p takrorlayverdilarki, men bundan oldin Islomga kirganimda edi, deya o'ylab qoldim” (Muttafaqun alayh). Boshqa bir rivoyatda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Uning qalbini yorib ko'rmadingmi?” degani aytiladi. Ibn Mirdavayh Ibrohim Taymiydan, u kishi otasidan, otasi Usoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Usoma roziyallohu anhu: “Endi hech qachon “La ilaha illalloh” degan kishini o'ldirmayman”, dedi. Shunda Sa'd ibn Molik roziyallohu anhu: “Men ham, Allohga qasamki, hech qachon “La ilaha illalloh” degan kishini o'ldirmayman”,  dedi.

Islomda biron bir musulmonga tajovuz qilish yoki uni nohaq o'ldirishga aslo ruxsat berilmagan. Bunday xunrezlikni qilgan kimsa uchun oxiratda ulkan azob bordir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “Kim musulmonni qasddan o'ldirsa, uning jazosi jahannamdir. U erda u uzoq vaqt qoladi. Unga Allohning g'azabi va la'nati bo'lsin! Hamda U (Alloh taolo) unga ulkan azob tayyorlab qo'ygandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Shunday ekan, musulmonni kofirga chiqarishdan juda ehtiyot bo'lmoq lozim. O'zlariga Qur'on va hadisi shariflarda kelgan  chiroyli nomlar qo'yib, chin ma'nodagi musulmonlikni da'vo qilayotgan turli xil oqimlarning yot g'oyalariga aldanishdan ogoh bo'lish zarur. Islom tinchlik, mehr-oqibat va odob-axloq dini ekanini aslo yoddan chiqarmasligimiz kerak!

Abduvohid O'ROZOV

 

[1] Mazkur xayrli uch asrning birinchi asri odamlari sahobalardir. Ular islom aqidalari va asoslarini to'g'ridan to'g'ri Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o'zlaridan qabul qilishgan. Islomning barcha hukm va odoblari ularning aqllariga mustahkam o'rnashgan, qalblari esa bid'atchilik va hamda turli vahmu gumonlardan musaffo bo'lgan.

Ikkinchi asri  tobe'inlar asridir. Ular Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ashoblariga ergashganlardir. Ya'ni, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni ko'rgan ashoblar bilan hamsuhbat bo'lib, ularning vasiyat va nasihatlaridan bahramand bo'lgan zotlardir.

Uchinchi asri  tobe'inlarga ergashgan zotlar, ya'ni taba'a tobe'inlar davridir. Bu asrda sof fikrlilik va Islom fitratining turli tashqi omillar ta'siridan xolilik davri davom etdi. Ana shu asrdan keyin turli bid'atlar ko'payib, ular keng quloch yoya boshladi

[2] Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso Bug'iy Termiziy hijriy 209 yilda Termiz shahrida tug'ilgan.

Imom Termiziy Imom Buxoriyning shogirdlaridan bo'lgan. Ilm talabida Huroson, Tobariston, Bag'dod, Basrava Hijoz kabi diyorlarni kezib chiqqan. Umrining oxirida ko'zlari ojiz bo'lib qolgan. Imom Termiziyning yodlash quvvatlari nihoyatda kuchli bo'lganidan, hifzda bu zot zarbulmasal qilingan. Imom Termiziyning eng mashhur kitobi “Sunani Termiziy”dir. Bundan tashqari “Shamoilu Nabaviya”, “Tarix” va “Ilal” kabi ko'plab kitoblari bo'lgan. Imom Termiziy hijriy 279 yilda 70 yoshida Termizda vafot etgan.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   2125   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar