Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Oktabr, 2026   |   11 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:42
Peshin
12:13
Asr
15:50
Shom
17:35
Xufton
18:48
Bismillah
22 Oktabr, 2026, 11 Jumadul avval, 1448

Caxovat oyi muborak!

23.04.2020   9086   10 min.
Caxovat oyi muborak!

Saxiylik eng yaxshi insoniy xulqlardandir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom yaxshilik qilishda, saxiylikda, infoq-ehson qilishda saxovatlilarning saxovatlisi edilar. U zotdan biron narsa so‘ralsa, aslo yo‘q  demasdilar.

Kimga  mol - dunyo berilgan bo‘lsa, uni ko‘paytirib, bosib yotmasdan  infoq - ehson, sadaqa yo‘llariga sarf qilishi kerak. Saxiylik najot topishning yo‘llaridandir. Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiy kishilarga oxiratda ulkan ajr - savoblar bo‘lishi xabarini bergan: “Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi. (Ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda). Alloh o‘zi xohlagan bandalariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazli-karami) keng, bilguvchi zotdir" (Baqara surasi, 261-oyat).

Hozirgi pandemiya paytida butun dunyoda kuzatilayotgani kabi yurtimizda ham ishsizlar, yordam va ko‘makka muhtoj aholi soni ortishi qayd etilgan. Shu maqsadda, Muhtaram Prezidentimiz “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdilar. Bu haqda u kishi  20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilgan.

“Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq”, — degan davlatimiz rahbari.

Buning natijasida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli bo‘lishi, iftorliklarga sarflanadigan mablag‘lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta’minlangan qatlamlariga yo‘naltirilishi lozimligi ta’kidlandi.

“Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik subyektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi”, — dedilar Muhtaram Yurtboshimiz.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanishiga ishonaman, — deya alohida ta’kidladilar.

Hazrat Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: “Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shoxlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi. Baxillik ham bir daraxt, tomirlari do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni do‘zaxga olib boradi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli Zot edilar. U kishining saxovati oldida boshqa saxovatlar ip esha olmas edi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng yaxshisi, odamlarning eng saxiysi va odamlarning eng shijoatlisi edilar”.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan biror narsa so‘ralganda, hech qachon “yo‘q” demaganlar”.

Saxovat bu – avvalo, Allohga shukronalik qilishning bir belgisi. Axir, karam bilan saxoni ham Allohing o‘zi bandasiga ravo ko‘ribdimi, buning shukronasi bo‘lishi, ya’ni baxillik qilmaslik kerak-da. Bu to‘g‘risida Alisher Navoiy hazratlari shunday deydilar:

Buki sanga Tengri ato ayladi,

Qism karam birla saxo ayladi.

Judu saxovat chog‘i buxl etmagil,

Shukr zamoni dog‘i buxl etmagil.

Saxovat, alloma Badruddin Ayniyning izohlashicha, "Haqdorga tegishli narsani berish, o‘z molidan hech bir evazsiz sarflashdir. Bu eng ulug‘ chiroyli xulqlardan biri. Baxillik esa buning aksidir".

Xabarlarda saxiylik va saxiylar haqida shunday deyilgan: “Saxiy kishining taomi shifodir, baxil odamning taomi kasallikdir”, “Saxiy kishining xatolarini kechiringlar, chunki Alloh taolo har bir qoqilganida uni qo‘lidan tutib turadi”, “Xufyona qilingan sadaqa Allohning g‘azabini so‘ndiradi”.  

Alloh taolo aytadi: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”. (Baqara surasi, 271-oyat).

Shu tufayli salafi solihlar o‘zlarining sadaqalarini odamlar ko‘zidan yashirishda mubolag‘a qilganlar. Toki sadaqa berguvchining kimligi bilinmasin. Ba’zilari ko‘r kambag‘alni, ba’zilari uxlab yotgan faqirni qidirar, ba’zilari esa faqirlar olishi uchun ular o‘tadigan yo‘lga sadaqalarini tashlab qo‘yishar edi.

Abdulloh ibn Mas’udning mana bu fikrlariga e’tibor bering: “Qaysilaringiz bir dirhamni sog‘ligida va baxilligida infoq-ehson qilsa, o‘lim vaqtida yuz dirhamni infoq etishni vasiyat qilishidan yaxshiroqdir. Agar boylik topsang, uni qurtlarga yem bo‘lmasin yoki qaroqchilar qo‘liga tushmasin, desang, sadaqa qil”. 

Yahyo ibn Muoz aytadi: “Har qanday odamning qalbida saxiyga muhabbat, baxilga nafrat bor”. Hasan Basriy: “Torlik, ziqnalik qilmanglar, aks holda sizlarga torlik qilinadi”, deganlar.

Imom G‘azzoliy aytadi: “Baxillik dunyoga bog‘lanishning mevasi, saxiylik esa zuhdning, ya’ni dunyoga qiymat bermaslik samarasidir. Saxiylik haqiqiy tavhid va tavakkulga erishish natijasidir. Ya’ni sadaqa bilan mol kamayib qolmasligiga, Alloh taoloning birga o‘n barobar qilib qaytarish va’dasiga va rizqni Alloh taolo yetkazishiga ishonchdan saxiylik tug‘iladi. Baxillik shubhadan tug‘iladi. Sabablarga yopishib qolish va Alloh taoloning rizq haqidagi va’dasidan shubhalanish natijasidir”.

Salmon Forsiyning aytishicha, “Agar saxiy kishi vafot etsa, yer hamda odamlarning nomai a’mollarini bituvchi farishtalar bunday deydi: “Ey Rabbim, bandangning bu dunyoda qilgan gunohlarini avf et!”. Agar vafot etgan kimsa baxil bo‘lsa, ular: “Ey Allohim, bu bandani jannatdan to‘sgil, chunki u bandalaringni Sen uning qo‘liga bergan mol-dunyolardan to‘sgan edi”, deyishadi. 

Islom tarixidagi ulug‘ shaxslardan biri Abdulloh ibn Muborak oddiy bir bog‘bonning o‘g‘li bo‘lib, o‘zining sa’y-harakatlari va mehnatining evaziga juda boy-badavlat bo‘lgan ekan. U zot aqlli, diyonatli, zuhdu taqvoga tayangan, sermulohaza, oxiratni o‘ylab ish ko‘radigan inson bo‘lib, uning maqsadi molu-dunyosini Alloh roziligida xayriya ishlar va ezgu maqsadlarga sarflash bo‘lgan. Ular doimo atrofdagilarga, ko‘shnilarga, yetimlarga, nochorlarga, kambag‘al va miskinlarga yordam berardilar.

Abdulloh ibn Muborakning bir yahudiy qo‘shnilari bor edi. Abdulloh o‘z bolalarini ovqatlantirishdan avval kambag‘al qo‘shnilarining bolalariga taom berar, farzandlarini kiyintirmasdan oldin yahudiy qo‘shnilarining bolalarini kiyintirardilar. Odamlar yahudiyning oldiga kelib: “Hovlingni bizga sot”, deyishdi. Shunda yahudiy: “Hovlimni ikki ming dinorga sotaman. Aslida, uning narxi ming dinor, keyingi ming dinor esa Ibn Muborakka qo‘shni bo‘lganim uchun”, dedi. Keyinchalik o‘sha yahudiy qo‘shnilari Abdullohning duolari bilan musulmon bo‘ldi.

Saxiylik va baxillikning bir necha darajalari bor. Saxiylikning eng oliy darajasi o‘zining mol-dunyoga hojati bo‘lib tursa-da, qo‘lidagi hamma narsani saxiylik bilan boshqalarga tarqatib yuborishdir. Baxillikning eng yuqori pog‘onasi esa kishining molga hojati bo‘laturib, uni o‘ziga sarflashda baxillik qilishidir. Hazrati Ali aytganlariday, “Boylik ehson qilinsa – izzat, berkitilsa xorlik keltiradi”.

Albatta, Ramazon xayru eh­son oyi. Ezgulikka tashna xalqimiz bu oyda yanada saxovatli bo‘lishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida qilingan sadaqadir”,  deganlar. Shun­ga ko‘ra zakot va nafl sada­qalarni ham Ramazon oyida ado etish yanada fazilatlidir.

Hayotda har xil vaziyatlarga duch kelamiz. Odam turli sabablarga ko‘ra nochor ahvolga tushib qolishi mumkin. Kimdir sog‘lig‘ini tiklash uchun katta mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladi. Farzandini o‘qitaman deb yordamga muhtoj bo‘lib qolayotganlar bor. Ana shunday paytda birov saxiylik ko‘rsatib, hojatmandning joniga oro kirsa, nur ustiga nur bo‘ladi.

Qarz berish ham saxiylik hisoblanadi. Biroq qarzdan qarzning farqi bor. Biror zarurat sabab yoki boshiga tashvish tushib muhtoj bo‘lib qolgan odamga qarz berilsa, savob olinadi, inshaalloh. Shuningdek, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar va tanish-bilishlarning kundalik ehtiyojlari bilan bog‘liq holatlarda ham qarz berish savobdir.  Shunday ekan barchalarimiz doimo yon-atrofdagilarimizga mehrli, saxovatli bo‘lib isrofdan saqlanishlikka harakat qilaylik. Ali ibn Abu Tolib ta’kidlaganlaridek: “Eng ezgu ehson hojatmandga berilganidir”.

Robbimiz o‘z bandalarini doimo xayru saxovatli bo‘lishga buyuradi. Saxiylik insonga baxt-saodat keltiradigan va o‘zgalarning sevimli kishisiga aylantiradigan xislatdir. Mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilat hamdir. Xayr-saxovat, saxiylik insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi.  Donolar aytganidek, “Aqlning qadri odob bilan, boylik qadri saxovat bilan oshadi”.

 

                                                                Muhammadi QORAYEV,

            O‘zbekiston musulmonlari idorasining

            Qashqadaryo viloyatidagi vakili o‘rinbosari

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

22.10.2026   10212   3 min.
HIJRATNI TANLAGANLAR HAQ YO‘LDAMI?

5-QISM

 

Raddiya: Hijrat va jihod masalasi sharoit, imkoniyat va shariat hukmlariga bog‘liq.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makka fathidan keyin: “Fathdan keyin hijrat yo‘q” (Imom Buxoriy rivoyati), deganlar.

Jihod esa har bir shaxsning o‘zboshimchalik bilan amalga oshiradigan ishi emas. Ahli sunna ulamolariga ko‘ra, jihod davlat rahbarligi va umumiy maslaxat asosida bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:

﴿وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ﴾

“O‘zingizni halokatga tashlamang” (Baqara surasi, 195-oyat).

Sahobalar hayotini bugungi noqonuniy qurolli guruhlar bilan qiyoslash – noto‘g‘ri qiyos bo‘lib, yoshlarni zo‘ravonlikka undaydi.

Alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Is'hoq al-Fokihiy “Makka xabarlari” asarida yozishicha, Ibn Abbos roziyallohu anhu uxlayotganida yostig‘i tagidagi hamyonini o‘g‘rilashadi. O‘g‘ri ushlanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldiga olib borilganida, u o‘z qilmishini shu mablag‘ evaziga hijrat qilmoqchi ekani bilan oqlamoqchi bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uning ishini qoralab, Makkaga qaytib, o‘z shahrida muqim yashashga buyurib: “Hijrat to‘xtatildi!” deya ta’kidlaydilar.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib: “Yo Allohning Rasuli, men ota-onamni yig‘lagan holida tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, deydi. U zot esa: “Ota-onangni oldiga qaytib, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday kuldirgin”, deb javob beradi (Imom Abu Dovud rivoyati).

Hijrat – diniga, moliga va joniga jiddiy xavf bo‘lgan vaqtda o‘z yashab turgan joyidan boshqa bir manzilga ko‘chishdir. Hijratning hukmi esa, har zamonda, har makonda, hammaga bir xil maqomda bo‘lmaydi. Chunki, hijratning hukmi o‘zgarib turadi. Hijratning ommatan yoki xossatan farz bo‘lishini esa, yurtda fatvo chiqarishga mas’ul bo‘lgan muftiy belgilaydi.

Islomning avvalida hijrat mandub, ya’ni targ‘ib qilingan amal edi. Keyin Makkadan Madinaga hijrat qilish farz bo‘ldi. Makka fath qilinganda esa hijratning vojiblik hukmi bekor bo‘ldi. Ish yana mandublikka qaytdi.

Demak, farz hijrat tugatilib, mandub hijrat qolgan. O‘z mazmuniga ko‘ra hijratning Qiyomat kunigacha davom etishini ifoda etuvchi hadislarda ana shu mandublik nazarda tutilgan. Bu Imom Abu Hanifa rahimahulloh va Shofe’iylardan Xattobiyning qarashlaridir. Bizning hanafiy ulamolari mana shu fikrni ta’kidlaydilar (Al-Xattobiy “Ma’olimus-sunan, Imom Saraxsiy “Mabsut”, Kosoniy “Badoi’us-sanoye’”, Ibn Obidin “Raddul muhtor”, Aliy Qori “Mirqotul mafotih”).

Bu yerda shuni eslatib o‘tamizki, hijrat deganda doim “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga ko‘chish tushuniladi. Demak, mazkur imomlarimiz “Kufr diyori”dan “Islom diyorlari”ga ko‘chishni mandub hukmida qoldi, vojib hukmida emas, deganlar. Albatta, ularning mandub degan gaplari «Islom diyori»dan chiqib ketayotganlarga tegishli emas.

Agar kishi o‘zboshimchalik bilan yashab turgan joyidagi ayrim kamchiliklar sababli yurtini tark qiladigan bo‘lsa, bu yo‘lda duch kelgan qiyinchiliklari uchun savob olmaydi. Balki, jonini, salomatligini hamda oila a’zolarini hayotini xavf va mashaqqatga qo‘ygani uchun ma’lomat qilinadi.

Aslida, bugungi kunda musulmon inson uchun eng xavfsiz joy bu o‘zining vatanidir. O‘z vatanidan ko‘ra jon, mol va e’tiqod muhofazasi mukammalroq boshqa joylar borligi aniq emas.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA