Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida modul ta’lim tizimi 1-bosqichida tahsil olayotgan imom-xatiblar uchun «Bugungi kun din olimi: ilm, mas’uliyat va zamonaviy yondashuvlar» mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov hamda prorektor Yoqubjon Buxarbayev ishtirok etdi.
Davra suhbatida bugungi shiddatli axborot asrida din peshvolari zimmasidagi ulkan mas’uliyat, jamiyatda sog‘lom ma’rifiy muhitni mustahkamlash hamda aholi, ayniqsa yoshlarning diniy savodxonligini to‘g‘ri shakllantirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida zamonaviy imom-xatib nafaqat chuqur diniy bilim egasi, balki keng dunyoqarash, yuksak muomala madaniyati va tahliliy tafakkurga ega bo‘lishi zarurligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, zamonaviy media va axborot vositalaridan oqilona foydalanish, turli yot qarashlarga qarshi ilmiy asosda ma’rifat bilan javob berish hamda sof islom qadriyatlarini shaxsiy ibrat orqali xalqqa yetkazish muhimligi qayd etildi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan darsda imom-xatiblar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Tadbir diniy ta’lim bilan amaliyot uyg‘unligini mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahar Shayxontohur tumani «Oqilon» jome masjidi imom-xatibi Ne’matulla domla Ismoilovning volidai muhtaramasi vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini, solih amallarini o‘zlariga hamroh qilsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ortidan qolgan farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Buyuk Parvardigor onaxonni O‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!
«Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz».
Janoza namozi bugun, 23 oktyabr kuni juma namozidan so‘ng Toshkent shahridagi “Chimir ota” jome masjidida o‘qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi