Buguni kunda dunyo bo‘ylab juda ko‘p odamlar sport bilan shug‘ullanishadi. Sog‘liqni saqlash, kuchli va jismonan sog‘ bo‘lish uchun turli mashqlar qilishadi, badanlarini chiniqtiradilar. Odamlarning aksariyati faqat shu maqsadda sport bilan shug‘ullanadilar. Lekin afsuski Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sport bilan shug‘ullanishga qanchalik targ‘ib etganlarini yaxshi bilishmaydi. Sevimli Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sport bilan shug‘ullanishga da’vat etardilar va shug‘ullanuvchilarni rag‘batlantirardilar, albatta o‘zlari ham muntazam ravishda shug‘ullanardilar.
Alohida ta’kidlash kerakki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada hammaga namuna edilar. U zot sollallohu alayhi vasallam jismonan baquvvatlik va jismlariga g‘amxo‘rlik qilishda eng yaxshi sportchilardan ham afzal bo‘lganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan Allohga sevimliroqdir, lekin har ikkisida ham yaxshilik bor", deganlar.
Sihat-salomat va kuchli bo‘lishning bandaning Allohga toat-ibodat etishida, dinga xizmat qilishida, shaxsiy hamda oilaviy majburiyatlarini bajarishida ta’siri katta.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, senda jasadingning ham haqqi bor", deganlar.
Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning badanlari baquvvat, tana a’zolari bir-biriga mutanosib, xushbichim, qorinlari ham tekis edi deb tavsiflashgan. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam epchil hamda kuchli bo‘lganliklaridan dalolat beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yurganlarida xuddi tepalikdan tushib kelayotgan odamdek qadam bosardilar. Oyoqlarini yerdan ko‘tarib yurardilar. Odatda inson katta kuch bilan yurganida, shu tarzda yuradi.
Nabiy alayhissalom bilan birga yo‘lga chiqqanlar, u zot sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan yurib charchab qolishardi. Sahobalar roziyallohu anhum: "Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib olish uchun harakat qilardik, oxiri charchab qolardik, lekin u zot sollallohu alayhi vasallam sira charchamas edilar, odatdagidek yo‘lda davom etardilar". Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qadamlari kuchli bo‘lganining belgisidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Farzandlaringizga suzishni, kamondan o‘q otishni va ot minishni o‘rgatinglar", deganlar.
Sevimli Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kamonchi, chavandoz, poygachi edilar va Rukona bilan kurash ham tushganlar. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha paytda mavjud bo‘lgan barcha eng yaxshi sport turlari bilan shug‘ullangan ekanlar.
Shunday ekan, eng avvalo sport bilan shug‘ullanish – sunnat ekanini yaxshi bilib olaylik. Agar yugurishga chiqsak, futbol o‘ynasak, mashqlar qilsak yoki sportning boshqa turlari bilan shug‘ullansak Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishni, u zot alayhissalomga ergashishni niyat qilishimiz lozim. Sport bilan shug‘ullanuvchi Allohga itoat etish, oilasi, xalqi va o‘ziga xizmat qilish uchun jismini mustahkamlashi uchun sport bilan shug‘ullanishni niyat qilishi kerak. Shunda uning qalbi ham, badani ham sog‘lom bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishining behuda ko‘ngilxushlik qilishi botildir. Kamonidan o‘q otsa, otini o‘rgatsa va ahli bilan o‘ynashsa, mustasno. Bu narsalar haqdandir”, deganlar.
Chunki banda bu mashqlar orqali badanini chiniqtiradi. Qolaversa, kamondan o‘q otish vatan, dinu diyonat mudofaasi uchun tayyorgarlik ko‘rishdir. Ya’ni din xizmatiga shaylanish uchun kerakdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sport bilan shug‘ullanishga nafaqat sahobalarni, balki ayollarini ham targ‘ib etardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida ot minadigan ayollar ham bor edi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollari Oisha onamiz roziyallohu anho bilan yugurish musobaqasini o‘tkazganlar. Bu yugurish musobaqasi paytida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoshlari ellik uchdan o‘tgan edi. Bu bilan Nabiy alayhissalom ayollarini sog‘lom bo‘lishga da’vat qilganlar. Ayol kishining go‘zal va nafis bo‘lishida sportning o‘rni beqiyos.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shaxsan o‘zlari poyga musobaqalarini tashkillashtirar edilar. Otlar poygasi bo‘lardi, g‘oliblarga mukofotlar ham berilardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Adba ismli kuchli tuyalari bor edi, u poygalarda hamisha g‘olib bo‘lardi. Ammo bir safar badaviyning tuyasi undan o‘zib ketdi. Bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tuyalarini qo‘llab-quvvatlayotgan sahobalar tushkunlikka tushishdi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tuyalarini juda yaxshi ko‘rishardi. Shu sababli, tuyaning mag‘lub bo‘lganini ko‘rib qattiq xafa bo‘lishdi. Ularni mahzun holatda ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning qonuni bu. Dunyoda yuksalgan hech bir narsa yo‘qdirki, Alloh uni quyiga tushirmagan bo‘lsa”, dedilar.
Bugungi kunda ham ayrim yoshlar biror jamoasi yutqizsa xafa bo‘lib, qattiq bezovtalanishadi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan hech tashvishlanmaslikka o‘rgatganlar. Qaysi jamoa g‘oliblikni qo‘lga kiritsa buni odatiy tarzda qabul qilish kerak.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni bizga payg‘ambar qilib yuborgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin. Bizni barcha yaxshiliklarga yo‘llagan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga cheksiz salavotlar bo‘lsin. U zot sollallohu alayhi vasallam yaxshilikning barcha eshiklarini bizga ochib berganlar.
Davron NURMUHAMMAD
2-QISM
Raddiya: Hijrat va jihod masalasi sharoit, imkoniyat va shariat hukmlariga bog‘liq. Ushbu fitnachining go‘yoki “ushbu ummatga jihodsiz hayot yo‘q” kabi da’volariga aldanayotgan ayrim yoshlar “jihod” urush olib borish ekan” degan tor tasavvurlar bilan Suriyadagi terrorchilar safiga borib qo‘shilmoqda.
Ma’lumki, “jihod” arabchada “jiddu jahd”, “g‘ayrat qilmoq” ma’nolarini anglatib, Islom ta’limotida dastlab dinni himoya qilish sifatida vujudga kelgan tushuncha hisoblanadi. Jihod urush ma’nosida emas, Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan. Arab tilida asli “urush” ma’nosini “qitol” so‘zini anglatadi.
Jihod Islom huquqshunoslari tomonidan “qalb jihodi” (insonning o‘zining nafsi va yomon hulqi bilan kurashuvi), “til jihodi” (yaxshilikka chaqirish, yomon ishlardan qaytarish), “qo‘l jihodi” (jinoyatchilarni jazolash) va “qilich jihodi” (dushman bilan qurolli kurash) kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi e’tirof etiladi.
Jaloliddin Suyutiyning “Al-Fathul kabir” kitobida (2-juz, 280-b.) keltirilgan hadisda Rasulluloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoyi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush kelingiz!” deganlar. Ushbu hadisdan eng afzal jihod insonning o‘z nafsini yengishi ekani kelib chiqadi.
Jihod masalasida Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda “Jihodning afzali Alloh taoloning yo‘lida havoyi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingda”, deyilgan.
Dunyo ulamolarining xulosalariga ko‘ra, islomda qurolli jihod hukmi sharoitga qarab o‘zgarib turadi va ikki qism: talab va mudofaadan iborat ekanini ta’kidlaydilar. Talab jihodi hozirgi kunda yo‘q ekaniga ulamolar ijmo qilganlar. Chunki musulmonlar hozir turli mamlakatlarda istiqomat qilib, mamlakatlar orasidagi munosabatlar hozirda o‘zaro urushmaslikka va elchixonalar orqali aloqalarga asoslangan.
Mudofaa jihodi dushman musulmon yurtiga bostirib kirsa, himoya uchun zarur bo‘lib, u hech qachon ichki fitna shaklida bo‘lishi mumkin emas. Islomda qonuniy hokimiyatga qarshi fitna qilib, bog‘iylarcha qurol ko‘tarib chiqish emas, aksincha, qonuniy hokimiyatni himoya qilish buyurilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim menga itoat qilsa, Alloh taologa itoat qilgan bo‘ladi. Kimki amirga itoat qilsa, demak menga itoat qilibdi va kimki amirga osiylik qilsa, demak menga osiylik qilibdi. Chunki amir – orqasidan, ya’ni uni himoya qilib jang qilinadigan hamda u bilan dushmandan saqlanadigan qalqondir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ular dalil qilib keltirayotgan oyat va hadis qo‘rqitish ma’nosidagi matnlardandir. Bu kabi oyat va hadislardan hukm chiqarish uchun asl hukmlarga qaytiladi. Asl hukm bo‘yicha, ahli tavhid do‘zaxda abadiy qoladigan kofir bo‘lmaydi.
Imom Muhammad ibn Ismoil San’oniy o‘zining “Subulus salom” nomli mashhur kitobida yuqoridagi hadis va uning ma’nosidagi boshqa hadislarni sharhlab bo‘lganidan keyin, quyidagi hadisning sharhida aytadi:
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fathdan keyin hijrat yo‘q”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
“Bu hadis umumiy va o‘zidan oldin kelgan hijratga dalolat qiluvchilarini nasx qiluvchidir, deydilar. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam musulmon bo‘lgan arablarni O‘zlari tomon hijrat qilishga amr qilmaganlar va o‘z yurtlarida turishlarini inkor qilmaganlar”.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi