بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي جَعَلَ الْأَخْلَاقَ مِنَ الدِّينِ، وَأَعْلَى بِهَا شَأْنَ الْمُؤْمِنِينَ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ، صَاحِبِ الْخُلُقِ الْقَوِيمِ، صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَعَلَى أَصْحَابِهِ الطَّيِّبِينَ الطَّاهِرِينَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ أَمَّا بَعْدُ
HUSNI HULQ VA ChIROYLI MUOMALA – DINIMIZ TALABI!
Muhtaram jamoat! Ma'lumki, dinimiz husni xulqli, xush muomalali, o'zaro mehr-oqibat, kattalarga izzat-hurmat, kichiklarga esa rahm-shafqatli bo'lish, o'zgani ayb-nuqsonlarini va sahv-xatolarini kechirish kabi go'zal axloqlarga chaqiradi. Go'zal xulqli bo'lish – payg'ambarlar, siddiqlar va solih zotlarning xulqlaridan bo'lib, bu bilan kishi buyuk maqom va martabalarga erishadi. Barcha go'zal xulqlar Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamda mukammal va benuqson holda o'z aksini topgan. Bu haqda Alloh taolo U Zotni maqtab bunday degan:
وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ
ya'ni: Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz! (Qalam surasi 4-oyat). Haqiqatan, Payg'ambarimiz alayhissalom birinchi darajadagi komil inson va barcha yaxshi xulqlarni o'zlarida jamlagan Zot ekanlariga aslo shubha yo'q.
Payg'ambarimiz alayhissalom hazrati Abu Hurayra raziyallohu anhuga quyidagicha nasihat qilganlar:
"يا أبا هريرة! عليك بحسن الخلق" قال أبو هريرة رضي اللّه عنه: وما حسن الخلق يا رسول الله؟ قال: "تصل مَنْ قطعك، وتعفو عمن ظلمك، وتُعطي من حرمك"
(رواه الإمام البيهقي عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Ey Abu Hurayra! O'zingizga husni xulqni lozim tuting!”. Shunda Abu Hurayra raziyallohu anhu: Yo Rasulalloh! Husni xulq nima? – deb, so'radilar. Rasululloh alayhissalom: “Sizdan silai rahmni uzgan bilan uni bog'lashingiz, sizga zulm qilgan kishini kechirishingiz va sizni mahrum qilgan kishiga in'om qilishingiz husni xulqdir”, - dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Shuningdek, husni xulqli kishi deb – ochiq yuzli, chiroyli muomalali, kechirimli, og'ir-bosiq, o'zgalarga foydasi tegadigan, beozor, hayoli, g'azabini jilovlay olgan, rostgo'y va shu kabi yaxshi xislatlarni o'zida mujassam qilgan kishiga aytiladi.
Azizlar! Dinimizda go'zal xulq sohiblariga katta ajru savoblar va yuksak maqom va martabalar va'da qilingan. Ulardan ba'zilarini quyida bayon qilamiz:
أناَ زَعِيْمٌ بِبَيْتٍ فِي رَبَضِ الْجَنَّةِ لمَن تَرَكَ الْمِرَاءَ وَإِنْ كَانَ مُحِقًّا ، وَبِبَيْتٍ فِي وَسَطِ الْجَنَّةِ لِمَنْ تَرَكَ الكَذِبَ وَإِنْ كَانَ مَازِحًا ، وَبِبَيْتٍ فِي أَعْلَى الْجَنَّةِ لِمَنْ حَسُنَ خُلُقُهُ
(رواه الإمام أبو داود عن أبي أمامة الباهلي رضي الله عنه)
ya'ni: “Garchi haq bo'lsa ham tortishmagan kishiga jannatning chetidan uy berilishiga kafilman. Garchi hazillashib bo'lsa ham yolg'on gapirmagan kimsaga jannatning o'rtasidan uy berilishiga kafilman. Hulqi chiroyli bo'lgan kishiga esa jannatning eng oliy joyidan uy berilishiga kafildirman” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
إِنَّ مِنْ أَحَبِّكُمْ إِلَيَّ وَأَقْرَبِكُمْ مِنِّي مَجْلِسًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ أَحَاسِنَكُمْ أَخْلَاقًا، وَإِنَّ أَبْغَضَكُمْ إِلَيَّ وَأَبْعَدَكُمْ مِنِّي مَجْلِسًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ الثَّرْثَارُونَ ، وَالْمُتَشَدِّقُونَ ، وَالْمُتَفَيْهِقُونَقالوا: يا رسولَ اللَّهِ، قد علِمنا الثَّرثارينَ والمتشدِّقينَ فما المتفَيهقونَ؟ قالَ: المتَكَبِّرونَ
(رواه الإمام الترمذي عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه)
ya'ni: “Qiyomat kuni menga mahbubrog'ingiz va yaqinrog'ingiz xulqlari chiroylirog'ingizdir. Qiyomat kuni men uchun yoqimsizrog'ingiz va mendan uzoqrog'ingiz sergap, ko'p vaysaydigan va “mutafayhiqlardir”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, biz sergap va ko'p vaysaydiganlarni bilamiz. “Mutafayhiqlar” kimlar?” deb so'raldi. U zot: “Mutakabbirlardir”, deb javob berdilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
مَا شَيءٌ أثقلُ فِي مِيْزَانِ الْمُؤْمِنِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِن خُلُقٍ حَسَنٍ، فَإِنَّ اللَّهَ تَعَالَى لَيُبغِضُ الْفَاحِشَ الْبَذيءَ
(رواه الإمام الترمذي عن أبي الدرداء رضي الله عنه)
ya'ni: “Qiyomat kuni mo'minning mezonida husni xulqdan ko'ra og'irroq narsa bo'lmas. Albatta, Alloh fahsh va chirkin so'z aytuvchini yomon ko'rur”, (Imom Termiziy rivoyatlari).
Qiyomat kunida bandaning amallarini tortadigan adolat tarozusida yaxshi amallari og'ir kelib jannatga kirishni istagan odam husni xulqli bo'lishi kerak. Husni xulqli bo'lmay, fahsh gap va ishlarni qiladigan, tilida chirkin so'zlarni aytadigan kishini esa Alloh taolo yomon ko'radi. Shuning uchun husni xulqli bo'lish va fahshdan hamda chirkin gap-so'zlardan yiroq bo'lishimiz kerak.
Hususan, hozirgi paytda husni xulq mavzusiga ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotlarimizda ham juda muhtojmiz. Ayniqsa, ayrim yoshlar hayotda o'zlarini odobli tutsalarda, ijtimoiy tarmoqlarda mutlaqo o'zgacha xulqda bo'lishlari achinarli hol. O'zaro yozishma va muloqotlarda birovlarni haqorat qilish, kamsitish, insonlarni g'iybat qilib, obro'sizlantirish oddiy holga aylanmoqda. Aslida, shariatimizga ko'ra “Al-maktub – kal-maxtub” ya'ni, “Yozilgan so'z – aytilgan gap bilan barobar” degan qoida bor. Shuning uchun musulmon kishi har bir gap-so'zini o'ylab yozishi, g'iybat va bo'hton hamda o'zgalarga qo'pollik va zulmdan juda ehtiyot bo'lishi zarur.
أنَّه مَن أُعطِيَ حَظَّهُ مِنَ الرِّفقِ، فَقَدْ أُعطِيَ حَظَّهُ مِنْ خَيْرِ الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ. وَصِلَةُ الرَّحِمِ، وَحُسْنُ الخُلُقِ، وحُسْنُ الجِوارِ، يَعْمُرَانِ الدِّيَارَ، وَيَزِيدَانِ فِي الْأَعْمَارِ
(رواه الإمام أحمد عن عائشة رضي الله عنها)
ya'ni: “Kimga muloyimlikdan nasiba berilgan bo'lsa, unga dunyo va oxirat yaxshiligidan nasibasi berilibdi. Silai rahm, husni xulq va yaxshi qo'shnichilik diyorlarni obod, umrlarni ziyoda qiladi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
إِنَّ الْمُؤْمِنَ لَيُدْرِكُ بحُسْنِ خُلُقِه دَرَجَةَ الصَّائِمِ الْقَائِمِ
(رواه الإمام أبو داود عن عائشة رضي الله عنها)
ya'ni: “Albatta, mo'min o'zining husni xulqi ila ro'za tutuchi va bedor bo'luvchining darajasini topadi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Darhaqiqat, kunduzi ro'za tutib, kechasi tik turib namoz o'qigan holida bedor o'tkazadigan odam qanchalar oliy darajalarga erishishini hammamiz yaxshi bilamiz. Farzu vojib bo'lgan amallarni bajarib, yana nafl amallar bilan ortiqcha savob ishlayman degan odam husni xulq bilan ham yuqori darajalarga erishmog'i mumkin ekan. Husni xulqli odamni dunyoda ham hamma yaxshi ko'radi va hurmat qiladi. Undan hamma mamnun bo'ladi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam husni xulqni bir qancha sho''balarini o'zida mujassam qilgan hadisi shariflarida bunday deganlar:
تَبَسُّمُكَ في وَجْهِ أخِيكَ لَكَ صَدَقَةٌ وأمْرُكَ بالمَعْرُوفِ ونَهْيُكَ عنِ المنْكَرِ صَدَقَةٌ وإِرْشادُكَ الرَّجُلَ في أرْضِ الضَّلالِ لَكَ صَدَقَةٌ وإِماطَتُكَ الحَجَرَ والشَّوْكَ والعَظْمَ عن الطَّرِيقِ لَكَ صَدَقَةٌ وإِفْراغُكَ مِنْ دَلْوِكَ في دَلْوِ أخِيكَ لَكَ صَدَقَةٌ
(رواه الإمام الترمذي عن أبي ذر رضي الله عنه)
ya'ni: “Birodaringizni yuziga tabassum qilmog'ingiz sadaqadir. Amri ma'ruf, nahyi munkar qilmog'ingiz sadaqadir. Yo'lda adashgan odamga to'g'ri yo'lni ko'rsatib qo'ymog'ingiz sadaqadir. Yo'ldan toshni, tikonni va suyakni olib tashlashingiz sadaqadir. Chelagingizdan birodaringizning chelagiga quyib bermog'ingiz sadaqadir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifdan molu dunyo sarflamay ham sadaqa qilganning savobini olish va u erishgan darajalarga erishish mumkinligi chiqmoqda. Kishi o'zining husni xulqi ila xuddi sadaqa qilganning savobini olishi va darajasiga etishi mumkin ekan. Balki husni xulqning sho''balaridan har biri o'z sohibini sadaqa qilgan kishining savobiga va darajasiga erishtirar ekan.
Demak, kishi doimo kim bilan muloqot qilishidan qat'iy nazar odob va husni xulq bilan muomala qiladigan bo'lsa, yuqoridagi va undan boshqa ko'plab savob va baland martabalarga erishadi. Insonlar o'rtasida hushmuomilalik va husni xulq oqibatida jamiyatda o'zaro hamjihatlik va taraqqiyot ta'minlanadi.
Ming afsuski, bugungi kunda o'zining xizmat vazifasini bajarayotgan, jamiyat xizmatida bo'lgan tez yordam, ichki ishlar xodimlari yoxud kommunal to'lovlarni yig'ishga mas'ul bo'lgan shaxslar bilan ba'zilar qo'pol muomalada bo'linayotgani, ularga tan jarohati etkazayotgani holatlariga ham guvoh bo'lmoqdamiz. Vaholanki, ular jamoat osoyishtaligi uchun mas'ul qilingan, xalq xizmatida bo'lgan vazifadorlardir.
O'z navbatida, Islom shariati har qanday vaziyatda anglashilmovchilik va ziddiyatli holatlarni sog'lom aql va yaxshilik bilan hal etish, murosa qilishga buyuradi.
Shuningdek, kishi husni xulqli bo'lishi uchun ahli ilm va solih zotlarni suhbatlarida bahramand bo'lishi va ularni odob axloqlaridan o'ziga namuna olishi ayni muddaodir. Bu haqda Ibn Vahb rahmatullohi alayh shunday deganlar:
مَا نَقَلْنَا مِنْ أَدَبِ مَالِكٍ أَكْثَرَ مِمَّا تَعَلَّمْنَا مِنْ عِلْمِهِ (سير أعلام النبلاء)
ya'ni: “Imom Molikning ilmlaridan ko'ra, u zotning odoblaridan o'rganganimiz ko'proq bo'ldi” (“Ciyaru a'lomin nubalo” kitobi).
Demak, husni xulq kishida o'z-o'zidan shakllanib qolmas ekan. Balki uni ilm ahllari bilan hamsuhbat bo'lish, ulardan ilm olish bilan birga odob-axloqlarini o'rganish bilan kasb qilinar ekan. Ushbu xislat o'tgan salafi solihlarimizning go'zal odatlaridan bo'lgan.
Junayd Bag'dodiy rahimahulloh aytadilar: “Garchi insonning ilmi va amali oz bo'lsa ham, to'rtta narsa uni yuqori darajalarga ko'taradi: Hilm, tavoze'lik, saxiylik va husni xulqdir. Husni xulq imonning komilligidir”.
Yahyo ibn Mu'oz rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Yomon xulq yomon xususiyat bo'lib, u bilan ko'p yaxshiliklar ham foyda bermaydi. Yaxshi xulq esa, yaxshi xususiyat bo'lib, u bilan ko'p yomonliklar zarar bera olmaydi”.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, shari'atimizda go'zal axloqli bo'lishga targ'ib qilingan bo'lib, har bir inson xulq atvorini chiroyli qilishga harakat qilishi lozim. Zero, inson chiroyli xulqi sababli dunyo va oxiratda yuqori darajalarga etadi. Buning uchun avvalo shari'atimizni yaxshi o'rganishimiz va unga amal qilishimiz kerak bo'ladi.
Muhtaram azizlar! Ma'lumki, kuz fasli kelib, hozirgi kunlarda dehqonlar hosillarini yig'ishtirish mavsumida turibmiz. Shariatimiz dehqonlarning zimmasiga ushr berish ibodatini buyurgan. Suhbatimiz davomida ushrga oid ba'zi bir masalalarni bayon qilamiz.
“Ushr” – arab tilida, o'ndan bir degani. Shariatda esa dehqonchilik mahsulotlarining zakoti hisoblanib, asosan etishtirilgan mahsulotning o'ndan bir qismi miskinlarga berilishi tushuniladi. Ushr shariatimizda Qur'oni karim, hadisi sharif va ulamolar ijmosiga ko'ra farzdir. Alloh taolo An'om surasi, 141-oyatida, shunday marhamat qilgan:
وَآتُوا حَقَّهُ يَوْمَ حَصَادِهِ وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ
ya'ni: “Va uning haqini hosilini yiqqan kuni bering. Isrof qilmang. Chunki u zot isrofchilarni yaxshi ko'rmas”.
Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Anhorlar va bulutlar sug'organ narsalardan ushr (o'ndan bir beriladi), suv chiqaruvchi hayvon ila sug'orilganda yigirmadan bir (beriladi)”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Mazkur hadisga binoan, hanafiy mazhabimizda erdan olingan hosil qancha bo'lishidan qat'i nazar, undan ushr beriladi. Oqar suv yoki yomg'irda sug'orilgan ekinlarning hosilidan xarajatlar chiqarilmasdan ushr (o'ndan bir) beriladi. Yerga ishlov berilmasdan o'zi o'sib chiqqan mahsulotlardan ushr berilmaydi. Suv chiqarishga charxpalak, hayvon va boshqa narsalarni ishlatib, sarf-xarajat qilingan bo'lsa, mahsulotning, yigirmadan biri beriladi. Sug'orishdan boshqa ishlarga sarflangan xarajatlar e'tiborga olinmaydi. Asaldan, garchi oz bo'lsa ham, o'ndan biri ushr sifatida faqirlarga beriladi (“Muxtasarul viqoya” kitobi).
Hovlidagi mevali daraxtlar mevasidan ushr berilmaydi. Balki dalasidagi daraxtlari mevasidan ushr beriladi. Zero, hovlidagi narsalar undagi imoratlarga tobe hisoblanib, ulardan ushr berilmaydi (“Fatavoi Qozixon”kitobi).
Ushrni zakot olishga haqli bo'lgan faqir va miskinlarga beriladi.
Ushr berishdan oldin er xarajatlari va boshqa xarajatlar chiqarib tashlanmaydi. Shuningdek, mahsulotlar olinganidan so'ng, bir yil o'tishi, nisob miqdorining to'ldirilishi shart emas.
Alloh taolo dehqonlarimizning hosillariga baraka berib, zimmalaridagi ushr berish ibodatini chiroyli ado qilishlarini nasib aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Islomda qarz oldi-berdi masalasi”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Savol: Xudoning borligiga dalil nima?
Javob: 1. Xudoga ishonish insonning fitrati (tug‘ma moyilliklari va xususiyatlari)da bordir. Hozirgi pozitiv va ijtimoiy ilm-fan diniy his-tuyg‘u insonda fitriy ekanligini ko‘rsatmoqda. Go‘dakda ikki yoshdan boshlab diniy-e’tiqodiy his shakllana boshlaydi. Bola uch va besh yoshlar orasida sababiyat qonunini tushunadi. O‘zi bilan boshqalarning farqiga boradi, hatto: “Meni, qushlarni, o‘yinchog‘imni kim yasagan?” – deb so‘ray boshlaydi. Insonda tug‘ilishidan Yaratuvchiga nisbatan moyillik, sog‘inch bordir.
Inson fitriy hissiyotlar bilan o‘zining ochligini sezadi, demak, ochlik hodisasi mavjud. Inson fitriy hissiyotlar bilan Xudoning borligini his etadi, bu esa Xudoning mavjudligiga dalolat qiladi.
Ba’zan bu fitrat jamiyatdagi (noto‘g‘ri tarbiya, atrof-muhitda botilning g‘olibligi va da’vati xobisa kabi) monelar yoki (kibr, inod, qaysarlik va g‘aflat singari) nafsoniy to‘siqlar bilan to‘siladi, inson haqiqatni ko‘rolmay qoladi. Lekin qattiq musibatlar shamoli bu to‘siqlarni uchirib, inson fitratini ozod qiladi. Natijada, inson darrov Allohga qaytadi, Unga yolvorishga tushadi.
Insonning ich-ichida, zamirida boshqa tug‘ma moyilliklar qatori Xudoga ishonish, undan yordam so‘rash kabi ilohiy tuyg‘ular mavjud. Inson ichki hissiyoti bilan ochligi, to‘qligi, sevishi, nafratlanishini sezishi bu tuyg‘ularning haqiqatan mavjudligiga dalolat qiladi. Inson zamiridagi Xudoga bo‘lgan ishonch hissi ham Uning borligiga shubhasiz dalolatdir.
2. Mantiq va falsafa qoidalari ham Xudoning borligini isbotlaydi. Bu olam oldin yo‘q edi, keyin paydo bo‘ldi. Keyin vujudga kelgan barcha narsalar bir paydo qiluvchiga muhtoj. Demak, olam ham bir yaratuvchiga muhtojdirki, bu yaratuvchi barcha narsaga qodir Allohdir.
3. Xudoni inkor qiluvchilar bu olam o‘z-o‘zidan, tasodifan paydo bo‘lgan, deyishadi. Holbuki, oddiy bir stol ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin emas. U oldin daraxt edi, keyin taxta qilindi, so‘ngra usta undan stol yasadi. Axir shu oddiy stol o‘z-o‘zidan paydo bo‘lolmagach, bizni qamrab olgan o‘ta murakkab hamda mukammal tizimlarni tashkil qiluvchi sanoqsiz yulduz va galaktikalardan iborat ulkan koinot qanday qilib o‘z-o‘zidan paydo bo‘lsin?!
Masalan, faqat quyosh tizimining kattaligini ko‘rib chiqaylik. Quyosh bu tizimning markazidir. Yerdan 150 million kilometr uzoqlikda. Bir soniyada yerni 7,5 marta aylanib chiqadigan yorug‘lik quyoshdan bizgacha 8,5 daqiqada yetib keladi. Soatiga 1000 km tezlik bilan uchadigan samolyot quyoshga 17 yilda yetib boradi. Quyosh ham butun tizimi bilan birgalikda boshqa markaz atrofida aylanadi.
4. Bir kishi ertalab turib hammomga kirganida, issiq suv, sochiq, sovun kabi yuvinish vositalarini taxt qilib qo‘yilgan holda topadi. Albatta, u rafiqasi yo boshqa birov barvaqt turib, buning g‘amini qilgan, deb tushunadi. Boringki, buni o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgan, tasodif deb ham faraz qilaylik.
Bu odam yuvinib chiqib, xonasiga kirsa, kiyimlari dazmollanib, turli pishiriqlar bilan tuzalgan va issiq choy damlab qo‘yilgan. Endi eng ahmoq odam ham aniq biladiki, bu rafiqasi yo uydagilardan birining ishi. Chunki bunday jiddiy amallarning paydar-pay tasodifan bo‘laverishi aslo mumkin emas. Xuddi shuningdek, atrof-muhitdagi shart-sharoitlar, kurrai zamin, balki butun koinot hayotimiz uchun moslashtirilib, aniq me’yor bilan o‘lchab qo‘yilgan. Ajabo, bularni kim qilgan?
Yer va koinotning hayotimiz uchun moslashtirib qo‘yilganiga ba’zi misollarni ko‘rib chiqaylik.
Quyosh hozirgi joyidan ko‘ra yerga bir oz yaqinroq bo‘lsa edi, ona sayyoramiz yonib ketib, yashashga imkon topilmasdi. Salgina uzoqlashsa, yerdagi bor narsa muzlab qolib, zaminimiz hayot uchun yaroqsiz bo‘lardi.
Yerning quyosh atrofida aylanish tezligi bir oz kamaysa, quyoshning tortish kuchi bilan unga yaqinlashib, kuyib ketardi. Aksincha, tezligi bir oz oshsa, uzoqlashib, muzlab qolgan bo‘lardi. Hozir yer bilan quyosh orasidagi masofa yerda hayot bo‘lishi uchun aynan mosdir.
Yer atmosferasidagi havo tarkibidagi kislorod, vodorod, azot, argon, karbonat angidrid va boshqa gazlar mavjud. Shuningdek, ularning nisbati inson, hayvonot va o‘simliklar hayoti uchun mosdir. yerning tortishish kuchi ko‘proq bo‘lganda, atmosferada xavfli miqdorda ammiak va metan yig‘ilib qolar edi.
Agar yer qobig‘i qalinroq bo‘lganida edi, kislorodning katta qismi atmosferadan unga o‘tib ketardi.
Yerni kim aynan shu tezlikda yurgizmoqda?
Sayyoralar orasidagi masofani yerdagi hayot uchun kim muvofiq qilib qo‘ydi?
Yer atmosferasidagi gazlar nisbatini kim yashash uchun moslab qo‘ydi?
Bularning barchasini qudrat va ilm sohibi bo‘lgan Alloh qilmoqda.
5. Kimyo laboratoriyasi misoli: Faraz qiling, bir kimyo laboratoriyasidasiz. U yerda tokchalardagi turli maxsus idishlarda har xil moddalar turibdi. Birdan kuchli shamol ko‘tarilib, butun idishlarni yerga ag‘darib yubordi. Ularning ichidagi moddalar to‘kilib, bir-biriga aralashib ketdi. Tasodifan ularning har qaysisi bir dardga shifo bo‘lib qoldi: ba’zisi quvvat beruvchi, ba’zisi vitamin, ba’zisi davo bag‘ishlovchi. Qo‘qqisdan o‘z-o‘zidan minglab shunday foydali dori-darmonlar paydo bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. Yer yuzidagi o‘simliklar, chorvalar ham shu moddalarga o‘xshaydi. Ba’zisi dori, ba’zisi vitamin, ba’zisi quvvat, ba’zisi oziqdir. Bular ham o‘z-o‘zidan bo‘lishi mumkinmi?
6. To‘kilgan bo‘yoqlar misoli: Bir stolda turli bo‘yoqlar turgan edi. Bir kuni o‘tayotib, stolga teginganingizda, buyoqlar yerda yotgan bir qog‘ozga to‘kilib ketdi. Ajabnalarlisi shuki, u qog‘ozda tasodifan nihoyatda chiroyli rasm gavdalanadi. U bir bog‘ning rasmi. Bog‘ning o‘rtasida katta bir uy. Uyning atrofida turli daraxtlar. Bir daraxtning tagida so‘rida mo‘ysafid nabirasi bilan o‘tiribdi. Rasm nihoyatda aniq va ravshan. Jajji nabirasining o‘ynayotganidan xursandligi mo‘ysafidning yuzida aks etib turibdi. Hovlining boshqa tomonida bolaning onasi o‘choqda taom pishirmoqda. Bo‘yoqlar to‘kilib tasodifan shunday murakkab va tafsilotli rasm namoyon bo‘lishi mumkinmi? Siz aytasizki: soddaroq bir shakl ifodalanishi mumkin. Lekin bunday murakkab rasm paydo bo‘lishini aql bovar qilmaydi.
Keling, bundan ham murakkabroq rasmga, ya’ni voqeiy olamga qaraylik. Hayvonot, nabotot, inson, yer, boshqa sayyoralar, galaktika va koinot. Mana shu murakkab rasmdan kichik bir qismini olib, ko‘rib chiqaylik. Masalan, inson tasvirini. U chiroyli va munosib shaklga ega: bosh, tana, qo‘l, oyoq. Inson a’zolari vazifa e’tiboridan uch qismdir:
a) hayotiy a’zolar – yurak, miya, orqa miya, nafas organlari – ularsiz inson yashay olmaydi;
b) muhim a’zolar – qo‘l, oyoq, ko‘z, quloq, qisman buyrak – inson ularsiz yashashi mumkin;
v) husn beruvchi a’zolar – qosh, kiprik, soch, ko‘z rangi, lab rangi kabilar.
Ma’lum bo‘ladiki, inson tanasidagi har bir a’zoning vazifasi va maqsadi bor. Mana shu barcha ichki va tashqi organlar, nafas olish, qon aylanish, asab tizimlari bilan inson yuqorida zikr etilgan rasmdan million marta murakkabroqdir. Insonning ikki o‘lchamli rasmi shunchaki tasodif tufayli paydo bo‘lmas ekan, million marta murakkabroq uch o‘lchamli inson qanday qilib tasodifan vujudga kelsin?
Hayvonot, nabotot va jamodot olami qay yo‘sinda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lsin?
Koinotda tizimli va hamohang ravishda harakatlanayotgan milliardlab sayyora – yulduzlardan tashkil topgan galaktikalar qanday qilib tasodifan paydo bo‘lsin?
Borliqdagi hamma narsa muayyan tartib, nizom va hamohanglikka ega. Bularning barchasi o‘ta qudratli Yaratuvchidan habar bermoqda.
“Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida hamda kecha va kunduzning almashib turishida aql egalari uchun oyat(belgi)lar bor” (Oli Imron surasi, 190-oyat).
(Davomi bor...)
“Sog‘lom e’tiqod – mo‘minga najot” kitobidan