Ilm ikki yo'ldan – satrlardan va sudurdan keladi (سطوري و صدوري).
Satrlar orqali davom etadigan ilm – kitobdan kitobga ko'chadigan ilmdir.
Suduriy ilm esa qalblardan qalblarga o'tadi. Biz buni ustozdan shogirdga o'tadigan ilm nuri sifatida bilamiz. Buning uchun ustoz bilan shogird albatta bir majlisda, alhol yoki iftiroziy (masofaviy) tarzda jam bo'lmoqlari lozim.
Alloh taoloning kalomi Qur'on ham kitob bo'lib, jamiki kitoblarga sha'n berdi.
Alloh taolodan insoniyatga payg'ambarlar yuborilib, jamiki ustozlar mo''tabar bo'ldi.
Hatib Bag'dodiy rohmatullohi alayhning «Taqyidul-ilm» kitobida kelishicha, bir kishidan: «Kim bilan ulfatchilik qilasan?» deb so'ralsa, qo'llari bilan kitoblarini ko'rsatib, «Mana bular bilan», deb javob beribdi. «Insonlardan-chi?» deb so'rashsa, «Kitobning ichidagilar bilan», degan ekan (تقييد العلم/ الخطيب البغدادي).
Ha, kitob tolibi ilm uchun eng yaxshi hamrohdir. Ilmni qadrlagan kishi kitobsevar bo'ladi. Kitob tilovati ila o'tkazilgan vaqtda doimo baraka bo'ladi.
Ulug imom, mashriqning shayxi, o'zi yashagan asrdagi hadisi shariflarni jamlagan hofizlarning sayyidi, fiqh, hifz, sidq va zuhdu taqvoda mashhur bo'lgan alloma Ishoq ibn Rohuvayh rohmatullohi alayh bir beva ayolga uylangan ekanlar. U zotga: «Bir beva ayolga uylanishga sizni nima majbur qildi?» deyilsa, «Ayol kishiga uning kitoblariga uchun nikohlaniladi», deb javob beribdilar (تنكح المرأة لكتبها).
O'sha beva ayolning vafot qilgan eridan imom Shofeiy rohmatullohi alayhning kitoblari qolgan ekan (Siyari a'lomun-nubala, 10/70 – سير أعلام النبلاء 10/70).
Ammo bu borada muhim bir mulohazani esdan chiqarmaslik lozim. Yosh avlodni kitobxonlikka targ'ib qilar ekanmiz, faqat kitobning o'zi etarli emasligini, faqat kitobning o'zi ustoz bo'la olmasligini tushuntirib ketishimiz kerak.
Ibn Jamoa rohmatullohi alayh: «Eng katta balo sahifalar bilan shayx bo'lmoqdir», degan. Demak, odamlar faqat sahifalardan, kitoblarning o'zidangina ta'lim olishi katta balo ekan.
Bu borada Imom Shofeiy rohmatullohi alayhning ushbu so'zlarini keltirish mumkin:
من تفقه من بطون الكتب ضيع الأحكام
«Kimki faqat kitob o'qib faqih bo'lgan bo'lsa, hukmlarni zoye qilibdi» (تذكرة السامع والمتكلم 87).
Hulosa o'rnida imom G'azzoliy rohmatullohi alayhning «Ihyou ulumid-din» kitobida aytgan hikmatli so'zlarini keltirmoqchiman:
«Ilmni uni buzadigan, unga zarar etkazadigan narsalardan saqlamoq mol-dunyoni saqlamoqdan avloroqdir. Haqli bo'lmagan odamga ato berish zulmi haqli kishiga ato bermaslik zulmidan oz emas» (إحياء علوم الدين).
Ikrima rohmatullohi alayh: «Bu ilmning bahosi bor», dedilar. «Bahosi nima?» deyishgan edi, «Ilm uni go'zal tarzda ko'targan odamga beriladi, chunki u ilmni zoye qilmaydi», deb javob berdilar.
Bizga bularning barchasini ustozlargina o'rgatadilar. Islom dini ham shuncha asrlar osha ustoz-shogird an'anasi orqali, ustoz-shogirdlar silsilasi orqali davom etib kelmoqda.
Robbimiz taolodan jumla marhum ustozlarimizni mag'firat aylashini, hayot bo'lgan ustozlarimizni esa ofiyatda saqlashini so'rayman.
Shayx Sayyid Rahmatulloh Termiziy
Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.
Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.
Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.
Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.
Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.
“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.
Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.
Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati