Bugun, 20 fevral' kuni Namangan viloyatidagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi majmuasining tantanali ochilish marosimi va ilmiy konferentsiyasi boshlandi. Anjumanda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Axmedov va Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzaqov hamda 100 nafarga yaqin mahalliy va xorijlik ulamolar, soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Anjuman Qur'oni karim tilovati va ezgu duolari bilan boshlandi.
So'zga chiqqan notiqlar so'nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan amalga oshirilgan islohotlar natijasida, xususan, Namangan viloyatiga tashriflari chog'ida bergan tavsiyalari tufayli viloyatda salmoqli o'zgarishlar va yangilanishlar amalga oshirilgani, o'tgan vaqt davomida Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohida keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, majmua tarkibidagi jome masjid, maqbara, muzey qayta ta'mirlandi, yangi kutubxona va mehmonxona bunyod etilib, yon-atrof obod etilganini alohida qayd qildilar.

Anjuman ishi davom etmoqda.
Tashrif va tadbirlarda mehmonlarga Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay domla Tursunov va Diniy idora Ish boshqaruvchisi Rustam Jamilov hamrohlik qilmoqda.








O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bir guruh namanganlik faol nuroniylar qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahriga ziyorat va sayohat safarini uyushtirdi. Ezgu maqsadda yo‘lga chiqqan otaxonlar safar davomida hududdagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar va zamonaviy bunyodkorlik namunalari bilan yaqindan tanishdi.
Ziyorat dasturi Turkiston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan muhtasham masjid majmuasidan boshlandi. O‘zining betakror me’moriy yechimi, nafis bezaklari hamda milliy va islomiy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan ko‘rinishi bilan ajralib turuvchi ushbu ziyoratgoh nuroniylarda katta taassurot qoldirdi. Ziyoratchilar majmuada yaratilgan sharoitlarni alohida e’tirof etib, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Safarning keyingi manzili butun islom olamida yuksak ehtiromga sazovor bo‘lgan buyuk mutafakkir Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasi bo‘ldi. Nuroniylar ushbu tabarruk qadamjoda Qur’on tilovat qilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yurt osoyishtaligini so‘rab xayrli duolar qildilar. Ziyorat doirasida nuroniylar tomonidan jonliq so‘yilib, ehson dasturxoni ham yozildi.
Qardosh o‘lkaga uyushtirilgan ushbu ma’naviy safar tarix, madaniyat va diniy qadriyatlar mushtarakligini yana bir bor his ettirgan holda, ziyoratchilarda unutilmas xotiralar qoldirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati