Keyingi vaqtlarda “Moturidiylar, Ash'ariylar adashgan” qabilidagi ijtimoiy tarmoqlarda turli xil ma'ruzalar ko'payib qolgan. Jumladan, yaqinda Abdulloh Zufar nomli shaxsning “Alloh qayerda? Moturidiy va Ash'ariylar” mvzusidagi suhbatini tingladim. Bu kabi ma'ruzalarni eshitgan sari, aytayotgan gaplari hech bir ilmiy asosga ega emasligini tushunib borarkanman, ko'plab savollar qiynay boshlaydi. Nima uchun etarlicha diniy ilmga ega bo'lmagan, savodsiz bir kimsalar mujtahid imomlarning yo'llarini xato deb aytmoqdalar? Ularning maqsadlari nima? Nima uchun o'n asrdan ziyod vaqtdan buyon bir jamoa bo'lib, “Hidoyat imomi” deya o'zlari nom bergan imomga ergashib kelayotgan musulmonlarni va allomalarni endi ular adashgan demoqda? Ular nahotki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Alloh taolo ummatimni hech qachon zalolat ustida jamlamaydi” (Imom Hokim ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan), degan hadislaridan ko'r-ko'rona ko'z yumadilar? Vaholanki, bugungi kunda dunyodagi musulmonlarning 92,5 foizi Ahli sunna val jamoa mazhabidadir. Ya'ni, Moturidiy, Ash'ariy yo'nalishida amal qilib kelmoqda. Agar bu mazhab xato yo'nalishda bo'lsa edi, Alloh taolo uning umrini uzoq va unga ergashuvchilar safini bunchalik ko'p qilib qo'ymagan bo'lar edi-ku?
Shuningdek, bizning diyorlarimizda sunniy e'tiqodidagi ikki yirik ta'limotlardan biri bo'lmish Moturidiylik aqidaviy yo'nalishi keng yoyilgan. Bu yo'nalish asoschisi bizning yurtdoshimiz Fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik yo'nalishi asoschisi “Imom al-hudo” (“Hidoyat yo'li imomi”), “Imom al-mutakallimin”, (“Mutakallimlar imomi”) nomlari bilan ulug'langan Abu Mansur Moturidiydir.
Imom Moturidiyga Islom ulamolari turli xil ilmiy unvonlarni berganlar. Masalan, “Imomul hudaa” (hidoyatga boshlovchi imom), “Alamul hudaa” (hidoyat mayog'i), “Musahhihu aqoidil muslimiyn” (musulmonlarning aqidalarini har xil bid'at va xurofotlardan tozalovchi kishi), “Raisu Ahlis sunnah” (Ahli sunna val jamoa raisi) va boshqalar.
Bu sifatlar va unvonlar u kishining o'z izdoshlari qalbidan chuqur joy olganini, sunnatga yordam berish va himoya qilish yo'lida salmoqli natijalarga erishganini ko'rsatadi.
Imom Moturidiy Ahli sunna val jamoa aqidasini sharhlash va yoritib berishda muhim rol o'ynagan atoqli islomiy shaxsiyatlardan biri hisoblanadi.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayh tafsir, aqida va fiqh fanlariga oid bir qancha kitoblar yozib, ulkan ilmiy meros qoldirganlar. Masalan, Qur'oni karim tafsiriga doir “Ta'vilotu ahlis-sunna” kitobini yozganlar. Hijriy etti yuz etmish beshinchi yilda vafot etgan imom Abdul Qodir Qurashiy bu kitobga: “U tafsir bobida hech qanday asar unga teng kelolmaydigan bir kitobdir. Hatto bu fan sohasida undan oldingilar yozib ketgan asarlar ham unga yaqin kelolmaydi”, deb ta'rif bergan.
Imom Kafaviy Imom Moturidiyning tarjimai holi haqida shunday deydi: “Mutakallimlarning imomi, musulmonlarning aqidalarini har xil bid'at va xurofotlardan tozalovchisi bo'lgan bu kishiga Alloh taolo to'g'ri yo'lga hidoyat qilib qo'yish bilan madad bergan edi. Shuning uchun ham u to'g'ri dinni himoya qilishga bel bog'lab ulkan asarlar bitdi. Botil aqidalar sohiblarining so'zlariga raddiyalar berdi”.
Imom Mahmud Zohid Kavsariy aytadilar:
“Imom Ash'ariy va Imom Moturidiylar mashriqu va mag'ribda Ahli sunnat va jamoat imomlaridir. Ularning ko'p sonli kitoblari bor”.
Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh turli botil aqidaviy firqalar ko'payganda u kishi sahobalar, tobe'inlar va zamondoshlari: taba tobe'inlarning sog'lom aqidalarini jamlab, sharhladilar va Ahli sunna aqidasini himoya qildilar.
Ba'zi johil toifalar da'vo qilgani kabi U zot yangi din yoki yangi aqida olib kelmaganlar. Balki, turli firqalar tomonidan Ahli sunna val jamoa aqidasini buzib talqin qilish boshlanganda, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh tomonidan Payg'ambarimiz va sahobai kiromlar tutgan yo'l qaysi ekani sharhlab bildirilgan. Bu ishda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qoldirgan ilmlari va ijtihodlaridan ko'p foydalanganlar. Sababi, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh ustozlarining ustozi orqali Imom Abu Hanifaning shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadga etib boradilar. Ya'ni, ikki ustoz vositasida Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad silsilasiga bog'lanadi.
Demak, Islom ummati e'tirof qilgan va bir ovozdan qabul qilgan mujtahid olimlarga Imom Moturidiy rahmatullohi alayh qanchalik yaqin bo'lganliklari va o'sha davrdagi sof islom bilim buloqlaridan suv ichganliklari ma'lum bo'lmoqda.
O'zgalarni adashgan deyishdan ayniqsa mujtahid, islom ummati e'tirof etgan imomlarni xatokor deb aytishdan saqlanish, balki har bir kishi o'zini adashib ketmasligini Alloh taolodan so'rashi zarur. Hatto Rasululloh sollallohu alayht vasallam ham adashib ketishdan qattiq xavotirda bo'lganlari hadislarda rivoyat qilingan:
Imom Bayhaqiy o'zining “Shu'ab al-imon” nomli asarida Ali Shatoriydan quyidagilarni bayon qiladi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sochimni Hud surasi oqartirdi deb aytganingizni eshitdim”, dedi.
Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha shunday”, deb javob berdilar.
“Yo, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suradagi payg'ambarlar qissasi-mi yoki ularning ummatlarining holi-mi sizning sochingizni oqartirdi”.
“Yo'q, payg'ambarlar ham ularning ummatlari haqidagi oyatlar ham sochimni oqartirgani yo'q. Balki suradagi “Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to'g'ri bo'ling!” oyati sochimni oqartirdi”, dedilar.
Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning o'zidan to'g'ri yo'lda mustaqim qilishini so'rab ko'p duo qilar edilar. Hususan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ya, muqallibal qulubi sabbit qalbiy a'la diynik (Yo, Qalblarni o'zgartiruvchi Zot, qalbimni o'zingning diningda sobit qil)” deb duo qilar edilar.
Imom al-Moturidiy rahimahullohning o'ndan ortiq asarlari sof islomiy ta'limotga da'vat qilganligi bilan juda ahamiyatlidir, xususan, ulardan ikkitasi muhim. Ulardan birinchisi Qur'on tafsiriga oid bo'lib, “Ta'vilot al-Qur'on” deb ataladi. Yana u “Ta'vilotu ahli as-sunna” (“Sunnat ahlining izohlari”) nomi bilan 12 (o'n ikki) jildlik qilib nashr qilingan. Uning ahli sunnat va jamoat aqoidining asosini tashkil qiluvchi asari “Kitob at-tavhid” (“Allohning yagonaligini isbotlash kitobi”) deb nomlangan. Mazkur “Kitob at-tavhid” asari yirik hajmli, o'zida ahli sunnat va jamoat aqoidining murakkab masalalarini mufassal ravishda qamrab olgan. Imom Moturidiy rahmatullohi alayh ham o'zlarining “Kitob at- tavhid” asarlarining tasnifiga kirishar ekan, Alloh subhanahu va taolodan ushbu risola orqali o'zlarini adashish, zalolatga duchor kelish, xatoga yo'l qo'yishidan asrashini iltijo qilib so'raganlariga guvoh bo'lamiz. Inshalloh, bu kitobning hali siz aziz o'quvchilar bilan bo'lishadan o'rinlari ko'p, Alloh nasib qilganicha ularni sizga etkazishda davom etamiz.
Ming yillardan beri musulmonlar mahkam tutgan mana shunday yo'nalishlarda barchamiz sobit turib, farzandlarimiz va yosh avlodga ushbu tushunchalarni singdirishimiz ayni muddaodir. Yoshlarimiz o'z e'tiqodi va mazhabini yaxshi bilsa, har xil oqim a'zolari ularni chalg'ita olmaydi va to'g'ri yo'lda bardavom bo'ladilar, inshalloh.
Obidjon Hursandov - Samarqand Aqida maktabi ustozi
Bu muqaddas oyda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush farovonligini yaxshilash va jamiyatda o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik moddiy yordam ajratilmoqda. Tegishli tartibga muvofiq, ehtiyojmand fuqarolarga 1 million va 500 ming so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak taqdim etilmoqda.
Mazkur tashabbus nafaqat moddiy yordam, balki davlatning aholiga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi va ijtimoiy mas’uliyatining amaliy ifodasidir. Ayniqsa, muqaddas oyda bunday ko‘makning yetkazilishi hududlardagi ko‘plab oilalar uchun katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘lmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatida ham 68 mingdan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan.
Joylarda bu jarayon izchil va manzilli tarzda amalga oshirilib, yordam haqiqatan ehtiyojmand aholi qatlamini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunday ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari jamiyatda o‘zaro mehr-muruvvat muhitini mustahkamlab, inson qadri va farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda. Ramazon oyida ezgulik va saxovat har bir xonadonga kirib borayotgani esa bu ishlar samarasining yaqqol ifodasidir.
Bunday savobli amallar respublikaning barcha tumanlarida davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA