Munosabat
Taraqqiyotni belgilaydigan omillar ko'p, sabablar bisyor. Lekin bu sabab va omillarning hech biri ilm va bilimchalik abadiy, ma'rifatchalik mangu emas. Bugungi farovon hayot, saodatli kunlar, yuksak texnika asri, hech shubhasiz, ilmga asoslangan taraqqiyotning mahsulidir.
Kishiga faxr-iftixor bag'ishlaydigan jihati shuki, mana shunday yuksak taraqqiyotning tamal toshini Abu Muso Horazmiy bobomiz sanoq sonlar tizimini kashf etgani bilan, Abu Ali ibn Sino meditsinaga asos solgani bilan, Mahmud Zamaxshariy arab tili grammatikasini tuzgani bilan, Imom Buxoriy hadis ilmida tengi yo'q ekanligi bilan, Alisher Navoiy she'riyat mulkida sulton ekanligi bilan, Mirzo Ulug'bek yulduzlar toqiga narvonsiz qadam bosgani bilan qo'yib berdi.
Bu tarixiy haqiqatni chuqur anglagan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev davlat rahbarligi lavozimiga kirishishlari bilan taraqqiyotga xizmat qiladigan barcha sohalarni tubdan isloh qilishni boshladilar. Ayniqsa, ma'rifatga, ma'naviyatga qaratayotgan yuksak e'tibori qisqa fursatda yaxshi natijalar bera boshladi.
“Hazrati Imom” majmuasiga yondosh tarzda bunyod etilayotgan mahobatli Islom tsivilizatsiyasi markazi o'tmish va kelajakni bir-biriga bog'lovchi ma'rifat maskani hamda Uchinchi Renessans poydevori bo'lib xizmat qiladi, inshoalloh.
Yaqindagina muhtaram Yurtboshimiz ushbu markazga tashrif buyurib, o'zlarining qimmatli tavsiya va maslahatlarini bera turib: “Bu maskanga kirgan kishi o'zi uchun ruhiy kuch va madad olib chiqishi kerak”, deya ta'kidladilar.
Darhaqiqat, bir zamonlar Bag'doddagi “Baytul hikma”, ya'ni “Donishmandlar uyi” qanchalik mashhur bo'lgan bo'lsa, O'zbekistondagi islom tsivilizatsiyasi markazi ham shunchalik, balki undan ham yuksakroq marralarni egallashiga shubha yo'q.
Ta'bir joiz bo'lsa, “Aql markazi” nafaqat yoshlarimiz, balki jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimizning har bir fuqarosi uchun “Aql markazi” va “Aql qayrog'i” bo'lib qoladi.
Yaqinda Saudiya Arabistoni nufuzli delegatsiyasining yurtimizga tashrifi chog'ida ushbu mamlakat bilan islom tadqiqotlari bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'yish masalasi muhokama qilindi. Shu anjumanda saudiyalik mehmonlar O'zbekistondagi islom tsivilizatsiyasi markazi filialini Ar-Riyod shahridagi Saud al-Faysal nomidagi ilmiy-tadqiqot markazida ochishni taklif etdi. Bu ushbu markaz islom olamida tan olinayotganidan dalolat.
O'zbekiston zaminidan etishib chiqqan buyuk zotlar, ulug' allomalar, mufassiru muhaddislar, mutafakkirlarning jahon ilm-fani, islom dini va madaniyatini rivojidagi roli dunyo hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilgan. Ularning kashfiyotlari, bitgan asarlari, ilm-fan yangiliklari, nafis san'at buyumlari, xattotlik namunalari jahon madaniyati merosida alohida o'rin tutadi.
Poytaxtimizning Eski shahar qismida qad ko'tarayotgan O'zbekistondagi islom tsivilizatsiyasi markazining mahobatli binosi hozirdanoq barchaning e'tiborini o'ziga tortmoqda. “Bobolarimizga munosib bino”ning me'moriy echimi, dizayni, milliy koloriti xalqimizning asrlar davomida shakllanib kelayotgan an'analari va ruhini o'zida mujassam etgan.
Shu bilan birga, buyuk ajdodlarimiz, ularning boy moddiy hamda ma'naviy merosi, ilm-ma'rifati, ibratli so'zlari va nasihatlariga tayangan holda, ma'nan barkamol, jismonan baquvvat avlodni tarbiyalash bugungi kunning eng acosiy vazifalaridan biridir.
“Tuzgan rejangizning samarasini bir yil ko'rmoqchi bo'lsangiz, sholi eking, o'n yil ko'rmoqchi bo'lsangiz, mevali daraxt eking. Bir asr va mangu bahramand bo'lmoqchi bo'lsangiz, bolalarga ta'lim bering”, degan gap bor.
Demak, yoshlarni ma'rifatli, ma'naviyatli qilish yo'lida amalga oshirilayotgan bunday ulkan islohotlar asrlar osha xalqimizga xizmat qiladi. Buning natijasida yurtimizdan yana buxoriylar, termiziylar, zamaxshariylar, xorazmiylar, beruniylar, navoiylar etishib chiqajak, inshoalloh.
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي أُسَيْدٍ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلَّمَهُ رَجُلٌ مِنْ بَنِي سَلَمَةَ وَأَنَا عِنْدَهُ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أَبَوَايَ قَدْ هَلَكَا، فَهَلْ بَقِيَ عَلَيَّ مِنْ بِرِّهِمَا شَيْءٌ؟ فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَعَم، أَرْبَعَةُ أَشْيَاءَ: الصَّلَاةُ عَلَيْهِمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عُهُودِهِمَا مِنْ بَعْدِهِمَا، وَصِلَةُ رَحْمِهِمَا الَّتِي لَا رَحْمَ لَكَ إِلَّا مِنْ قِبَلِهِمَا»، فَقَالَ الرَّجُلُ: مَا أَكْبَرَ هَذَا أَوْ مَا أَطْيَبَهُ يَا رَسُولَ اللهِ. قَالَ: «فَاعْمَلْ بِهِ».
Abu Usayddan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Banu Salama qabilasidan bir kishi kelib, gaplashdi. Men u zotning oldilarida edim. U: «Ey Allohning Rasuli, ota-onam o‘tib ketdilar. Zimmamda ularga yaxshilik qilishimdan biror narsa qoldimi?» dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Ha! To‘rt narsa qoldi: ularga duo qilishing, ularga istig‘for aytishing, ikkovlaridan keyin ularning va’dalarini bajarishing va ikkovlari tomonidan senga qarindosh bo‘lganlarga silai rahm qilishing», dedilar.
Shunda haligi odam: «Bu qanday ham ulug‘!» yoki «Qanday yaxshi, ey Allohning Rasuli!» dedi.
«Endi shunga amal qil!» dedilar».
Sharh: Aslida vafot etgan odamning bu dunyoda qilgan amallari asosida oxiratdagi maqomi belgilanadi. Uning zarracha yaxshiligi yoki yomonligi bo‘lsa ham hisobga olinadi. Ammo Alloh taolo Muhammad alayhissalom ummatiga rahm ko‘rsatib, ularning o‘limlaridan keyin ham ortlaridan savob yetib borishiga va ularning oxiratdagi maqom hamda darajalarining ortib borishiga yo‘l ochib qo‘ygan.
Ana shu yo‘llardan to‘rttasi ushbu hadisi sharifda ko‘rsatilmoqda.
Farzand ota-onasi tirikligida ularning xizmatini qilib, roziligini olib, yaxshiliklar qilib o‘tishga targ‘ib qilinadi. Lekin ota-ona vafot etganlaridan keyin ham, ushbu hadisda kelgan ta’limotga binoan, ularga to‘rt xil yaxshilik qilsa bo‘lar ekan.
1. Duo qilish.
Ota-onalarining haqqiga Alloh taolodan yaxshiliklar – jannat, xayr-barakalar so‘rab duo qilish farzandning o‘z ota-onasiga ularning vafotlaridan keyin ham qiladigan yaxshiliklaridandir. Bu duolar ota-onaga borib turadi, ularning a’moli xayrlariga qo‘shilib turadi. Bu bilan farzand ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
2. Istig‘for aytish.
Ota-onasining gunohini kechishini Alloh taolodan so‘rab, istig‘for aytish. Farzand o‘tib ketgan ota-onasiga Alloh taolodan mag‘firat so‘rab tursa, ularga vafotlaridan keyin ham yaxshilik qilishda davom etgan bo‘ladi.
O‘tib ketgan ota-onasiga mag‘firat so‘raydiganlarning eng yaxshisi namozxonlardir. Namozxon har namozining oxirida, duo qabul bo‘ladigan bir maqomda, salom berishdan oldingi duosida ota-onasiga mag‘firat so‘raydi.
3. Ota-onaning va’dalarini bajarish.
Ota-ona kim bilandir ahd tuzgan bo‘lsa, bergan va’dasi bo‘lsa, majburiyatlari bo‘lsa – shularning hammasini o‘rniga qo‘yib, vasiyatlarini bajarish ham ota-onaning orqasidan qilinadigan yaxshiliklar qatoriga kirar ekan. Bu ishlar bilan ham farzand ularga xuddi tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
4. Ota-onaning do‘stlari, yaqin kishilari, qarindoshlariga yaxshilik qilish.
Shu yo‘l bilan ham farzand ota-onasiga ular o‘tib ketganlaridan keyin ham yaxshilik qilishi, orqalaridan savoblar yetkazib turishi mumkin ekan. Kim bu ishni muntazam qilsa, ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Musulmon farzand ota-onasiga ularning vafotidan keyin ham yaxshilik qilish harakatida bo‘lishi.
2. Ota-onaga ularning o‘limidan keyin ham yaxshilik qilish mumkinligi.
3. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga duo qilib turishi lozimligi.
4. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga istig‘for aytib turishi kerakligi.
5. Farzand vafot etgan ota-onasining ahdiga vafo qilishi kerakligi.
6. Farzand vafot etgan ota-onasining do‘stlari, yaqinlari va qarindoshlariga yaxshilik qilib turishi kerakligi.
Bundan tushunib olamizki, ota-ona o‘tib ketsa ham, ularga yaxshilik qilishning eshiklari ochiqdir. Mana shu rivoyatda kelganidek, bolaning zimmasida ota-onaning yana to‘rtta haqqi qolar ekan. Ularni bajarish bolaning vazifasi ekan.
عَنْ هَمَّامٍ قَالَ: قُلْتُ لِكَعْبٍ: أَحْتَسِبُ عِنْدَ اللهِ مَا فَاتَنِي مِنْ بِرِّ الْوَالِدَيْنِ. قَالَ: لَمْ يَفُتْكَ بِرُّهُمَا، اسْتَغْفِرْ لَهُمَا، وَاجْعَلْ لَهُمَا حَظًّا مِنْ صَلَاتِكَ وَصِيَامِكَ وَصَدَقَتِكَ تَكُنْ مِنَ الْأَبْرَارِ، إِنْ شَاءَ اللهُ.
Hammamdan rivoyat qilinadi:
«Ka’bga: «Ota-onaga qilolmay qolgan yaxshiligim uchun ham Allohdan savob umid qilaman», dedim.
«Ularga yaxshilik qilishing o‘tib ketgani yo‘q. Ular uchun istig‘for ayt. Ularga namozingdan, ro‘zangdan va sadaqangdan nasiba ajrat. Inshaalloh, yaxshilik qiluvchilardan bo‘lasan», dedi».
Sharh: Roviy Hammam o‘zini qiynab yurgan masalani Ka’bul Ahborga dilidan chiqarib bayon qildi: «Ota-onamga qilolmay qolgan yaxshiliklarim uchun Allohning O‘zidan sabr so‘rayman», dedi.
Mana shu gap uni doimo qiynar edi. Ota-onasi tirik chog‘ida ularga ko‘ngildagidek xizmat qila olmadi. Ular o‘tib ketganlaridan keyin qadrlarini tushunib yetdi. Endi afsus-nadomat chekmoqda. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, degani shu ekan-da. Ota-ona tirik chog‘ida, oldida turganlarida ularning qadrini tushunib yetmabdi. Dunyoning tashvishini qilibdi. Bolam-chaqam, debdi. Mana, endi afsus qilmoqda. Qani edi, hozir ota-onasi tirik bo‘lsalar-u, u kechayu kunduz ixlos bilan xizmatlarini qilib, duolarini olsa. Afsus, afsus! Endi iloji yo‘q. Ular qayta tirilib kelishmaydi. Hammam ularga yaxshilik qila olmaydi. Butun umri afsus bilan o‘tadi.
Ka’bul Ahbor kutilmaganda Hammaning xayolida yo‘q gapni aytib qoldi.
«Ularga yaxshilik qilishing o‘tib ketgani yo‘q. Ular uchun istig‘for ayt. Ularga namozingdan, ro‘zangdan va sadaqangdan nasiba ajrat. Inshaalloh, yaxshilik qiluvchilardan bo‘lasan», dedi».
Ha, ota-onangga yaxshilik qilolmay qolganing yo‘q. Ular vafot etib ketgan bo‘lsalar, hozir ham ortlaridan yaxshilik qilsang bo‘laveradi. Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalariga mehribon Zot. U bizga ota-onalarimizga ularning o‘limidan keyin ham orqalaridan yaxshiliklarimiz yetib boradigan eshiklarni ochib qo‘ygan. Buning uchun sen ularning ikkovlariga istig‘for aytib tur. «Allohim, otamni mag‘firat qil, onamni mag‘firat qil, gunohlarini kechir», deb tur.
Ota-onangga namozingda duo qilib tur. Ro‘zangdan ham ularga nasiba ajrat. Savobini ularga bag‘ishla. Ularni yo‘qlab, sadaqa qilib tur. O‘sha sadaqaning savobini ularga bag‘ishla. Bu ishlaring ota-onangga xuddi tiriklik chog‘larida yaxshilik qilganingdek bo‘ladi.
Demak, inson ota-onasining ortidan duo qilish, ularga istig‘for aytish, namozidan, ro‘zasidan, sadaqasidan hosil bo‘lgan savoblarni bag‘ishlab turish bilan ham ota-onalariga qiladigan yaxshiligini davom ettirishi mumkin ekan.
Farzandning ota-onasining o‘limidan keyin ularga yaxshilik qilishi ushbu ikki rivoyatda zikr qilingan narsalar bilan cheklanib qolmaydi. Balki bulardan boshqa ishlar bilan ham ota-onaga ularning vafotlaridan keyin yaxshilik qilish mumkin. Ana shunday ishlardan ba’zilari keyingi boblarda keladi.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.