Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2025   |   9 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:42
Xufton
21:07
Bismillah
03 Avgust, 2025, 9 Safar, 1447

Vaqf mulklariga ega masjidlar – tarix silsilasida sinalgan tajriba. Bugun uni amaliyotga joriy etish mumkinmi?

01.02.2021   4777   16 min.
Vaqf mulklariga ega masjidlar – tarix silsilasida sinalgan tajriba. Bugun uni amaliyotga joriy etish mumkinmi?

Musulmon diyorlari, jumladan yurtimizda ham qadimdan masjidlar faoliyatida ularga belgilangan vaqf mulklari katta ahamiyat kasb etgan.

(“Vaqf” so'zi lug'atda “tutib turish”, “to'xtatish” ma'nolarini anglatadi. Shar'iy ta'rifda esa:“Muayyan narsaning aslini saqlab qolib, undan keladigan foydani sadaqa qilishdir”.)

Vaqf Islom shariatida keng targ'ib etilgan, manfaati davomli, savobi uzluksiz bo'lgan iqtisodiy xayriya ishidir. Qadimdan mo'min-musulmonlar vaqfning manfaati va savobidan umidvor bo'lib, bunga katta e'tibor qaratib kelganlar. 

Vaqfga oid munosabatlar qanday tartibga solingan?

Vaqf madrasa, masjid, mozor, qorixona kabi muassasalar foydasigi belgilangan turli ko'rinishdagi mol-mulk bo'lib, uning rasmiy-huquqiy hujjati vaqfnoma deb atalgan. Vaqfnomalar qozixonalarda vaqf qiluvchi — voqif, qozi, a'lam, muftiy va xolis guvohlar ishtirokida tuzilib, muhrlangan. Vaqfnomalar, ma'lum vaqt o'tgach, sharoit taqozosiga kura, (vakfnomaning yo'qolishi, yaroqsiz xolga kelishi va boshqa sabablar bilan) yangilanib turilgan. Bir masjidga turli vaqtlarda turli kishilar tarafidan ham mulklar ajratilgan va ular uchun alohida vaqfnomalar tuzilgan. Vaqfning bir ko'rinishida vaqf qilingan mol-mulk vaqf qiluvchi, ya'ni voqifning ko'lidan butunlay chiqib ketgan, ikkinchi ko'rinishi esa voqifga vaqf qilinayotgan mulkdan kelayotgan daromadning bir qismini o'ziga olish imkonini bergan. Vaqf xo'jaligi ishlarini yurituvchi shaxs - mutavallini belgilash va vaqf daromadini taqsimlash voqifning ixtiyorida bo'lgan[1].

O'rtahol kishilar ham vaqf qila olgan...

 Arxiv hujjatlarida qayd qilinishicha, 1884 yilgi qaydnomalarda Toshkent shahrida ro'yxatga olingan vaqfli masjidlar 125 tani tashkil etgan. Masjidlarda imom, muazzin, mutavalli, yirik masjidlarda esa farrosh, sartarosh va qorovul xizmat qilgan. Ular masjidning vaqf mulkidan belgilangan tartibda mablag' bilan ta'minlangan. Masjidning vaqflari avvalo masjid quruvchisi, qolaversa, hokimlar va o'ziga to'q kishilar tomonidan ajratilgan. Katta mol-mulkka ega bo'lmagan o'rtahol kishilar ham kichikroq mablag' evaziga do'konga ega bo'lib, biror bir masjidga vaqf qila olgan.

Masjid vaqflarini, asosan, shahardagi savdo va hunarmandchilik do'konlari hamda erlar tashkil qilgan. Bozorlardan tash­qari, masjidga tutash erda va masjid hovlilarida ham vaqf sifatida do'konlar ishga tushirilgan va ularda so'fi (muazzin) yoki mutavalli savdo qilgan. Bundan tashqari, karvonsaroylar, tegirmonlar, objuvozlar, ekinzorlar, bog'lar, daraxtzorlar, hovlilar va pul mablag'lari ham egalari tomonidan belgilangan shartlar asosida vaqf qilingan[2].

O'ktambek Sultonov “Toshkent masjidlari tarixi” risolasidagi tadqiqotlarida masjidlarning o'z vaqf mulklari haqida alohida to'xtalib o'tadi. Unda keltirilishicha, Govkush (Govkushon) mahallasidagi masjidga Mirhodi Mirbolta o'g'li Rasta bozorida bir do'kon vaqf qilgan.

Quyi Degrez mahallasidagi Saidazimboy Muhammadiboy o'g'li o'zi qurdirgan masjidiga boshqa bir saroyi daromadidan masjidga yilda 25 tilla vaqf qilgan. Shundan kundalik imom 10 tilla, juma namozi imomi 5 tilla, muazzin 5 tilla, qolgan 5 tilla masjid ehtiyojiga sarflangan.

Shaharning markaziy masjidlaridan hisoblangan “Hoja Ahror” jome masjidi esa 1884 yilda masjid atrofi va bozor ichida 102 ta do'kondan yiliga 120 so'm, masjid yaqinidagi Solihbek dodxoh avlodlariga qarashli bir saroydan yiliga 120 so'm, jami 240 so'm vaqf daromadi hisobiga faoliyat ko'rsatgan.  

Bu albatta masjidlarning barqaror ishlab turishi, ular qoshida faoliyat yuritgan madrasa, qiroatxonalar mudarris va talabalarining ta'minoti, qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga yordam ko'rsatib turish uchun shariatning mukammal va savobi ulug' tizimidir. Boshqa jihatdan esa, ilm ahliga, Qur'on ahliga homiylikdir. Toki ilm talab qilguvchi, Allohning baytini xizmatini qiluvchi kishilar turmushida muhtojlik sezib, boshqa ishlarga chalg'imasin. Ming yillardan beri qo'llanilib kelingan mazkur tajribaning qanchalik samarali natija bergani tarixdan ma'lum. Dunyo ilm-fani tamadduniga munosib hissa qo'shgan ulug' siymolar, mo''tabar allomalarimiz boshlang'ich (asosan hal qiluvchi) bilimlarini ana shunday vaqf mulklari evaziga faoliyat ko'rsatgan masjid va madrasalarda olganlar.

“Moziyga qaytib ish ko'rmoq xayrlidur”

Ma'lumki bugungi kunda yurtimizdagi masjidlarning moliyaviy ta'minotini asosan iona (ehson) qutilari va diniy marosimlardan kelib tushadigan ixtiyoriy xayriya mablag'lari tashkil etadi. Ana shu manbadan diniy tashkilot o'z xo'jaligini yuritadi: xodimlarga maosh, kommunal to'lovlar va boshqa xarajatlarni amalga oshiradi. Shaharlar markazi yoki katta yo'l bo'ylarida joylashgan masjidlar o'z-o'ziini ta'minlay olar, biroq, chekka hududlardagi masjidlarga nisbatan bu fikrni ayta olmaymiz. “O'z aravasini torta olmaydi”. Homiylik mablag'lariga qarab qolingan... Bizda masjidlarni rasmiy homiylik yoki otaliqqa olgan davlat yoki xususiy tartibdagi tashkilot yo'q. Chunki bizda qonunchilikka ko'ra din davlatdan ajratilgan va davlat diniy tashkilotlarni moliyalashtirmaydi. Yaqinda deputatlardan birining aholisining 90% foizidan ortig'i islom diniga e'tiqod qiluvchi davlatimizda islom dini an'analariga bog'liq ba'zi me'yorlarni qonunchilikka kiritish jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda foyda bo'lishini aytgan gaplari e'tiborga molik.  Bugun so'z erkinligi ustuvor himoya ostiga olinib, mamlakat rivoji, xalq farovonligi, mavjud muammolarni hal etish yo'llari yuzasidan taklif va shikoyatlar tinglanayotgan ekan, nima uchun diniy tashkilotlarni yangicha (tarix va bugungi jahon tajribasi) tizim asosida ishlashi uchun qonunchilikka tegishli o'zgartirish loyihasini taqdim etish mumkin emas?

Bizda masjid xodimlari juda kam oylikka ishlashadi. Ba'zilari ish haqqi olishmaydi. To'g'ri, Alloh uchun xolis xizmat qilishni ixtiyor etishar, lekin masjid xizmati uchun haq olish shariatda bor va bu hazrati Usmon roziyallohu anhuning xalifalik davrlaridan buyon davom etib keladi. 

 Bundan uch yil avval masjidlar qoshida qo'shimcha xo'jalik faoliyatini yo'lga qo'yish bo'yicha O'zbekiston musulmonlari idorasining hujjati qabul qilingan. Biroq, bu etarli bo'lmadi. Agar biz o'tmish tajribasiga tayangan holda masjidlarga nisbatan vaqf mulkchiligini joriy etsak-chi, nimalarga erishamiz? Ya'ni tadbirkorlar, mulkdorlar, qo'yingki, himmati etgan istalgan kishi xo'jalik yurituvchi sub'etklarining bir qismini, yoki daromadining ma'lum qismi, er maydoni, tomorqa va shunga o'xshash boshqa shakldagi mulklarini vaqf qilish mexanizmini tiklasak, bundan vaqf qiluvchi ham masjidlar katta foyda topadi. Bu qanday foyda?

Vaqf qiluvchining foydalari:

1 Avvalo molini shariat ko'rsatmasiga binoan to'g'ri infoq qilgan bo'ladi va bu amali uchun Alloh taoloning huzurida cheksiz savobga ega bo'ladi. Qur'oni karimda bu haqda ko'plab xushxabarlar kelgan. Ulardan birida shunday deyiladi:

مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُ حَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

(سورة البقرة الاية-261)

ya'ni: “Alloh yo'lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go'yo bir donga o'xshaydiki, u har bir boshog'ida yuztadan doni bo'lgan ettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko'paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat).

  1. Moliga baraka keladi

Infoq qilish bilan mol hargiz kamaymaydi. Balki egasi o'ylamagan tomonidan Alloh taolo molini ziyoda qiladi. Bunga qo'yidagi hadis dalil hisoblanadi:

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:

«مَا نَقَصَ مَالٌ مِنْ صَدَقَةٍ قَطُّ»

(رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

 

  1. Vaqf egasiga vafotidan keyin ham qilgan vaqfidan savob amali etib boraveradi.

Ulamolar quyidagi hadisni aynan vaqf ishiga dalil deb aytganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: إِذَا مَاتَ ابْنُ آدَمَ اِنْقَطَعَ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثٍ،

صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ، أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ

(رواه الامام مسلم)

ya'ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi vafot etgach, barcha amallari undan uziladi: faqat uchta amalidan savob kelib turadi: sadaqai joriyadan, foydalanib turiladigan ilmdan va haqqiga duo qilib turadigan solih farzanddan” (Imom Muslim rivoyati).

Sahobalardan Zayd bin Sobit raziyallohu anhu shunday deganlar:

قَالَ زَيْدُ بْنُ ثَابِتٍ رضي الله عنه: لَمْ نَرَ خَيْراً لِلْمَيِّتِ وَلَا لِلْحَيِّ مِنْ هَذِهِ الْحُبُسِ الْمَوْقُوفَةِ أَمَّا الْمَيِّتُ فَيَجْرِي أَجْرُهَا عَلَيْهِ وَأَمَّا الْحَيُّ فَتُحْتَبَسُ عَلَيْهِ وَلَا تُوْهَبُ وَلَا تُوْرَثُ وَلَا يَقْدِرُ عَلَى اسْتِهْلَاكِهَا

ya'ni: “Mayyit uchun ham, tirik uchun ham ushbu vaqf qilingan mulklardan ko'ra foydaliroq narsani ko'rmaganmiz. Mayyit uchun uning savobi oqib borib turadi, tirik uchun esa, mulki saqlanib qoladi, u na hadya qilib yuboriladi, na merosga qoldiriladi va na yo'qolib ketadi”. 

  1. Din rivoji, ilm ahlining kamolot kasb etishiga sababchi bo'ladi.

Ya'ni masjidlar ta'miri, obodligi masalalarida qiynchilik tug'ilmaydi. Imomlar o'z ustilarida ishlashga, bor e'tiborini mo'min-musulmonlarga islom ma'rifatini etkazishga qaratadilar. 

  1. Jamiyatda mehr-muruvvat, do'stlik va birodarlik rishtalarining mustahkamlanishiga sababchi bo'ladi.

Masjid uchun foydalari:

  1. Masjid o'zining ehson qutilaridan tushgan pul miqdoriga qarab qolmaydi, barqaror moliyaviy faoliyatiga ega bo'ladi.
  2. Mavjud sharoitlarni hisobga olgan holda masjid binolarini kengaytirish, zamon talablari darajasida ta'mirlash va qayta qurishda masalasida homiylar izlab, ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilishga hojat qolmaydi.
  3. Imomlar, masjid xodimlari asosan marosimlardan keladigan “xizmat haqqi”ga qarab qolmaydi, balki, real turmush darajasiga mos ish haqqiga ega bo'ladi. Zero bugun dinimiz sofligini asrash, ijtimoy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashda imom-xatiblar zimmasiga ko'plab muhim vazifalar yuklatilayotgan ekan, talabga yarasha moddiy ta'minot, shart-sharoit ham bo'lishi kerak. Bu omil ko'zlangan natijaga erishishda asosiy faktor hisoblanadi.
  4. Masjidlarning moliyaviy faoliyati aniq tizim va shaffof uslubda nazorat qilinadi.

“Vaqf” HJFni tashkil etishdan maqsad nima edi?

Bugun yangicha rivojlanish yo'lidan odimlayotgan davlatimiz barcha sohalarni tubdan isloh qilmoqda. Zamonaviy uslub va vositalar bilan birga o'tmishning boy tajribasiga suyanmoqda. 2018 yilda muhtaram  Prezidentimiz Farmoni asosida tashkil etilgan «Vaqf» xayriya jamoat fondi diniy ma'rifiy sohani rivojlantirish yo'lidagi muhim va oqilona qadamlardan biri bo'ldi. Biroq, yuz yil avvalgi buyuk islomiy qadriyat tiklandi, deya atrofga jar solganimiz – Vaqf HJF deyarli xayr-sahovat ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotga aylanib qoldi (ba'zi ishlab chiqarish korxonasi va xizmat ko'rsatish ob'ektlari tashkil etganini istisno etmagan holda). Hozirda fond aylanma kapitalining asosini xayriya bo'limi (bir martalik ehson) tushumlari tashkil etadi. Jamg'arma rahbarining o'tgan yilgi ma'lumotiga ko'ra, «Vaqf» fondiga kishilarning o'z mulkini topshirish holati uchramagan. Demak, biz vaqfning mohiyatini, uni tiklashdan asl maqsad nima ekanini odamlarga etkaza olmadik. Vaholanki, Prezident Farmonida «Vaqf» xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilab qo'yilgan:

  • fuqarolarning diniy, ma'naviy va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash;
  • masjidlar va diniy ta'lim muassasalarining binolarini qurish, ta'mirlash, rekonstruktsiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
  • diniy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o'qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o'quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash;
  • masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash (va boshq.).

 

Ushbu vazifalarni amalga oshirishda fond o'z nomining shar'iy va tarixiy mohiyatiga ko'ra masjid, madrasa, shuningdek, shifoxona, maktablarning vaqf mulki tizimini tashkil etish, keng jamoatchilik orasida targ'ib qilish, bu borada tegishli huquqiy baza yaratish, to'siq bo'layotgan muammolar yuzasidan qonunchilikka o'zgartirishlar kiritish bo'yicha takliflar bilan chiqishi lozim. Halqimiz esa bu ishlarga haris, qo'li ochiq xalq. Faqat sharoit yaratib berish, to'g'ri yo'nalish ko'rsatishimiz lozim. Shundagina bir vaqtlar katta xursandchilik bilan ta'sis etilgan fond o'zining tarixiy-funksional vazifasiga munosib bo'lar edi. Va eng muhimi, ketib qolgan ishonch yana qaytadi “VAQF”ga. 

 

Zoirjon Sodiqov

Masjidlar bo'limi mutaxassisi

 

 

 

 

[1] O'.Sultonov. Toshkent masjidlari tarixi. Toshkent. 2010 y.

[2] «Toshkent» entsiklopediyasi. 2009 y.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

En og‘ir harom

01.08.2025   5077   9 min.
En og‘ir harom

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

Yetimning haqqini yeyishning katta gunoh, og‘ir jinoyat va o‘ta ketgan pastkashlik ekanini hech kim inkor qilmasa kerak.

Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Yetimlarning mol-mulklarini zulm bilan yegan kimsalar qorinlariga do‘zaxni yebdilar, xolos» (Niso surasi, 10‑oyat), deya bejizga tahdid qilmagan.

«Falonchi yetimning pulini o‘maribdi», deyilsa, har qanday vijdonli odam o‘zi bilgan eng og‘ir gaplar bilan uni qarg‘ashi, haqorat qilishi tabiiy.

Biroq, shariat va voqelik nuqtayi nazari bilan qarasak, yetimning haqqini yeyishdek yana bir katta gunoh, og‘ir jinoyat bor, ammo negadir ko‘pchilik unga beparvo. Bu ‒ ommaning molidan nohaq, o‘g‘rin-cha, yeyishdir.

Ochig‘ini aytish kerak, postsovet mamlakatlarda davlatning mulkini o‘marish odat tusiga kirib, odamlarning qon-qoniga singib ketdi. Odamlar davlatning mulkini xuddi egasiz moldek tasavvur qiladigan bo‘lib qolgan. Davlatning mulkidan o‘g‘rilayotganlar o‘zini hech noqulay ham his qilishmaydi, xuddi otasidan qolgan bog‘dan olma yegandek, xalq mulkini bemalol o‘pqoniga tiqaveradi. O‘rni kelsa, bu borada musobaqalashib ham ketishadi.

Buning bir qator sabablari mavjud bo‘lib, shulardan biri bizdagi zamonaviy davlatchilikning tarixiy ildiziga borib taqaladi. Dahriylar inqilob qilib, Rusiya hukumatini ag‘dardi, ularning toj-taxtini, mol-mulkini talon-taroj qilib, tortib oldi. Keyin bu talonchilik davom etib, kengayib, butun bir xalqning yuqori qatlamiga tegishli barcha narsa musodara qilindi. Dahriy tuzumga qarshi chiqqanlar, ziyolilar, hur fikrli, ongli kishilar xalq dushmani deb e’lon qilinib, o‘ldirildi, qamaldi, surgun qilindi. Shuning uchun o‘sha paytdagi mazlum qatlam bu davlatga nisbatan alamzada bo‘lib qoldi, «davlat mening nasabimni, mavqeimni, mol-mulkimni tortib oldi, endi men ham davlatnikini sovuraman, chunki unda mening haqqim bor» degan tushunchada bo‘ldi. Sovet davrining oxiriga borib, nihoyatda ommalashgan bu tushuncha butun xalqqa singib, davlatning mulkini o‘g‘irlash oddiy ish bo‘lib qoldi, hatto uddaburonlik hisoblana boshladi.

Shu zaylda davlat xalqning mulkini, xalq davlat mulkini talon-taroj qilishga odatlanib qoldi. Bularning barchasi davlat bilan xalq o‘rtasida jarlik, beayov dushmanlikni yanada chuqurlashtirib yubordi. Bugun ham mana shu ruhiyat ko‘p joyda hukmron. Bu, Qur’on ta’biri bilan aytganda, xalqning o‘z-o‘zini o‘ldirishidir (Niso surasi, 29-oyatga ishora).

Ming afsuski, mustabid tuzum parchalanib, yurtimiz mustaqil bo‘lsa ham, juda ko‘pchilikda davlatning mulkiga nisbatan ana shunday noto‘g‘ri munosabat saqlanib qoldi. Jamiyatni bugungacha zimdan qo‘porib, yemirib, zaharlab kelayotgan korrupsiya, poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-taroj qilish, birovlarning mulkini aldov yoki firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish ana shu manfur tuzumdan qolgan razil sarqit, desak, xato bo‘lmaydi.

Aslida davlat mulki ommaning moli bo‘lib, uni nohaq va yashirincha olish eng og‘ir haromlardan sanaladi.

Qur’oni Karim va hadisi shariflarda ommaning molidan yashirincha olib yeyish «g‘ulul» deyiladi. Bu so‘z odatda o‘lja taqsimlanmasdan oldin undan biror narsani maxfiy ravishda olishni bildiradi, lekin ulamolar bu narsa ommaning molidan yashirincha yeyishning barcha ko‘rinishlarini o‘z ichiga olishini ta’kidlashadi.

Rummoniy aytadi: «G‘ulul so‘zi «g‘olalun» so‘zidan olingan bo‘lib, aslida suvning daraxtlar orasiga singishiga aytiladi. Xiyonatda mulkka odamlardan maxfiy suratda, halol bo‘lmagan yo‘l bilan kirim bo‘lgani uchun bu gunoh «g‘ulul» deb atalgan».

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deydi:

«Kimki g‘ulul qilsa, o‘ljaga xiyonat qilsa, Qiyomat kuni xiyonat qilib olgan narsasi bilan keladi. So‘ngra har bir jon qilgan qilmishini(jazosini) to‘liq oladi. Ularga zulm qilinmas».

Demak, kim ommaning mulkidan yashirincha biror narsa olsa, Qiyomat kuni mahshargohga o‘sha narsa bo‘yniga osilgan holda keladi, odamlardan yashirib qilgan xiyonati barchaga oshkor etiladi. Bu holatning tafsirini bevosita hadisi sharifda o‘qishimiz mumkin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam oramizda turib, g‘ulul haqida so‘zladilar. Uning gunohi kattaligini, ishi og‘irligini gapirib, shunday dedilar: «Qiyomat kuni birortangiz yelkasida ma’rayotgan qo‘y bilan, kishnab turgan ot bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» deganini ko‘rmayin! Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, senga (hukmlarni) yetkazganman», demayin. Yelkasida o‘kirib turgan tuya bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», deb turmayin. Yelkasida unsiz narsa bilan kelib: «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin. Yoki yelkasida hilpirab turgan bir parcha latta bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin».

Buxoriy va Muslim rivoyati.

Bu hadisi sharifda kim ommaning molidan nimani o‘g‘irlagan bo‘lsa, Qiyomat kuni o‘shani yelkasiga ortgan holda kelishi, unga hatto shafoatchilarning peshvosi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yordam bera olmasliklari ta’kidlanmoqda. Bundan og‘ir holat bo‘lmasa kerak.

Ommaning mulkidan o‘marishning katta-kichigi bo‘lmaydi, barchasi harom va og‘ir gunoh hisoblanadi. Imom Buxoriy «Sahih»da bu haqda alohida bob ochib, uni «G‘ululning ozi haqida», deb nomlaydi va unda bunday xiyonatning ozi ham og‘ir gunoh ekaniga dalil sifatida quyidagi hadisni keltiradi:

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yuklariga Kirkira degan kishi mutasaddi edi. U vafot etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U do‘zaxdadir», dedilar. Borib qarashgan edi, bir aboa (choponga o‘xshash ustki kiyim) topib olishdi. U buni o‘ljaga xiyonat qilib olgan ekan».

Ommaning molidan haqsiz ravishda, yashirincha olish hatto shahidni ham do‘zaxga uloqtiradi. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Bir qul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuklarini tushirayotgan edi, to‘satdan daydi o‘q kelib, o‘sha qulga tegdi. Odamlar: «Unga shahidlik qutlug‘ bo‘lsin!» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Xaybar kuni o‘ljalardan ulushlar taqsim bo‘lmay turib olgan shamlasi (o‘ranib olinadigan ustki kiyim) uning ustida olov bo‘lib lovullaydi», dedilar. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan buni eshitgan zahoti bir poyabzal ipini olib kelib, «Men mana shuni olgan edim», degan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bu do‘zaxdan (olingan) poyabzalning ipi!» dedilar».

Qarang, kim ommaning molidan biror narsa olsa, do‘zaxdan o‘shancha ulush olgan hisoblanar ekan. Bir ip olsa, do‘zaxdan bir ip, bir ko‘ylak olsa, do‘zaxdan bir ko‘ylak olgan bo‘ladi. Bu ma’no boshqa hadislarda ham ta’kidlanadi.

Imom Termizi Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Haromdan bitgan har bir et do‘zaxga munosibdir», deganlar.

Imom Buxoriy Xavla Ansoriyya roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Allohning moliga o‘zini nohaq uradigan kishilarga Qiyomat kuni do‘zax bo‘ladi», deyayotganlarini eshitganman».

Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisni sharhlar ekan, «Ya’ni musulmonlarning mol-mulkini botil tasarruf etadiganlar», deya izohlaydi.

Demak, musulmonlarning moliga mas’ul bo‘lgan kishi uni o‘ziga emas, birovga nohaq bersa ham, o‘ziga do‘xazni sotib olgan bo‘lar ekan.

Bu hadisi sharifda e’tibor beriladigan yana bir nukta shuki, ommaning moli Allohning moli hisoblanar ekan. Binobarin, xalqning mulkini o‘marayotgan kimsa Allohning molidan olayotganini unutmasligi kerak.

Kimdir «Nima uchun ommaning moli yetimning haqqiga tenglashtirilmoqda?» deyishi mumkin. Buning sababi juda oddiy. Ommaning molida yetimning haqqi bo‘lishi tayin, chunki umumiy boylikda butun xalqning haqqi bor, jamiyatda esa yetimlar bo‘lishi tabiiy. Binobarin, ommaning mulkidan nohaq olgan kishi qaysidir yetimning haqqini ham olgan bo‘ladi. Ammo u qaysi yetimning qancha haqqini olganini bila olmaydi va shu jihatdan buning gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Bu gunohning tavbasi chin qalbdan nadomat chekish, bu ishni qaytib qilmaslikka qat’iy jazm qilishdan tashqari o‘sha nohaq olingan molni to‘laligicha o‘z joyiga qaytarish bilangina bo‘ladi.

Hasanxon Yahyo Abdulmajid