Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Zaytun yog'ini eng va uni surting. Chunki u muborak daraxtdandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Zaytun inson organizmi uchun juda foydali hisoblanadi. Undagi Ye moddasi insonning tez qarishini oldini oladi. Zaytun daraxtining barglaridan qon bosimini oldini oluvchi dorilar tayyorlanadi. Shuningdek, zaytunning oshqozon shilliq pardasi yallig'lanishiga qarshi samarali foydasi bor.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
17 noyabr kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari Xayrullo domla Sattarov va Nursultonxon domla Abdumannonovlar Finlandiya musulmonlari jamiyati imomi Ramil hazrat Belyayev rahbarligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Mehmonlar mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 16 noyabr – "Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqdalar. Uchrashuvda Finlandiya delegatsiyasi Samarqandda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik sohasidagi faoliyatni yuqori baholadi hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ishonch bildirdi.
Shuningdek, mehmonlar shahrimizning ko‘hna qadamjolari va madaniy meros obyektlarini ko‘rishdan katta zavq olganliklarini ta’kidladilar. Uchrashuv samimiy va foydali ruhda o‘tdi, va tomonlar esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati