Til insonning eng mukarram, shu bilan birga eng xatarli azosi hamdir. Agar inson uni yaxshilikga ishlatsa, ulkan ajr-mukofotlarga ega bo'ladi, bordiyu yomonlikga ishlatsa uni ortidan malomatga qolishi tayin. Shuning uchun ham Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasining ko'pchilik xatolari tilidan” [1] deganlar.
Insonni abadiy saodatga erishib jannatga kirishi, yoki baxtsiz bo'lib do'zaxga kirishishining ham asosiy sababchisi tilidir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam, insonlarni jannatga kiritadigan amallarning ko'prog'i haqida so'ralganlarida: “Allohga taqvo qilish va chiroyli xulq” dedilar. Insonlarni do'zaxga kiritadigan narsalarning aksari haqida so'ralganlarida esa: “Og'iz va farj” [2] dedilar. Demak insonning najot topishiga Allohga bo'lgan taqvosi va chiroyli xulqi sababchi bo'lsa, halokatga uchrashiga tilini lag'vdan, avratini zinodan saqlamasligi sabab bo'lar ekan. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga ikki jag'i va ikki oyog'i o'rtasidagi narsani saqlashni kafolatini bersa, men unga jannat kafolatini beraman. Biror bir sadaqa Alloh azza va jallaga yaxshi so'zdan ko'ra mahbubroq emas” [3] dedilar.
So'zning ahamiyati shunchalik muhimki inson birgina so'zi bilan musulmon bo'lishi yoki dindan chiqishi, insonlar o'rtasini isloh qilishi yoki buzishi mumkin. Shunday ekan Alloh taolo ne'mat qilib bergan tillarimizni faqat xayrli amallarga ishlatmog'imiz va uni Alloh va Rosuli qaytargan narsalardan tiymog'imiz lozim. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Toki tilini saqlamagunicha birortangiz ham iymonning haqiqatiga eta olmaydi” [4] dedilar. Rosululloh sollallohu a'layhi vasallam hadisi sharifda marhamat qilganlaridek iymonning haqiqatiga etish maqsadida tilimizni undan saqlashimiz kerak bo'lgan narsalarni yana bir bor eslatib o'tishni lozim deb bildik. Chunki Alloh taolo: “ (Ey, Muhammad sollallohu alayhi vasallam) Eslating! Zero, eslatma mo'minlarga manfaat etkazur”[5] degan.
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent Islom instituti
“Tahfizul-Qur'on” kafedrasi o'qituvchisi
Abdulahad Sobirov.
[1] Tabaroniy va Ibn Abuddunyo rivoyati.Vahid Abdussalom Boliy. Hifzullisan 5-bet.1990-yil Makka-i mukarrama.
[2] Termiziy rivoyat qilib sahih degan 3.245 Vahid Abdussalom Boliy. Hifzullisan 5-bet. 1990-yil Makka-i mukarrama.
[3] Imom Bayhaqiy. Shu'abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 4915- hadis. 1990-yil Bayrut. Darul kutubil i'lmiyya.
[4] Imom Bayhaqiy. Shu'abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 5005- hadis. 1990-yil Bayrut. Darul kutubil i'lmiyya.
[5] Zoriyot surasi 55-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjimava tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.
Yurtimizda milliy sport turlarini ardoqlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Muftiy kubogi" musobaqasiga start berilgan edi.
Shu yil 28 mart kuni Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev boshchiligida viloyatdagi masjid imom-xatiblari va noiblari o‘rtasida milliy kurash bo‘yicha saralash bosqichlari o‘tkazildi.
Bellashuvlar kutilganidan ham qizg‘in va shiddatli kechdi. Din xizmatida bo‘lgan ulamolarimiz bu gal maydonda o‘zlarining jismoniy mahoratlarini namoyish etdilar.
Tadbir yakunida viloyat bosh imomi vohamizning alp o‘g‘lonlari haqiga xayrli duolar qilib, ularning kelgusi bosqichlarda ham qo‘llari baland bo‘lishini tiladilar.
Surxondaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati