Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Sentabr, 2026   |   21 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:51
Peshin
12:22
Asr
16:59
Shom
18:57
Xufton
20:15
Bismillah
03 Sentabr, 2026, 21 Rabi`ul avval, 1448

Davriy nashrimizda: Alloh so'raganni yaxshi ko'radi

08.01.2021   2733   6 min.
Davriy nashrimizda: Alloh so'raganni yaxshi ko'radi

«Alloh biringizni biringizdan biror ne'mat bilan ortiq qilib qo'ygan bo'lsa, sizlar uni (hasadgo'ylik bilan) orzu qilmang! Erkaklar ham o'z kasblaridan ulush olurlar, ayollar ham o'z kasblaridan ulush olurlar. (Hasad qilish o'rniga) Allohning fazlidan so'rangiz. Albatta, Alloh hamma narsani biluvchidir» (Niso surasi, 32-oyat).

Ba'zi insonlar o'zida bo'lmagan ma'naviy va moddiy fazilatlarni o'zgalarda ko'rsa, qalbi siqiladi, xotiri buziladi. Unda ikki holatdan biri ro'y beradi: o'zida bo'lmagan u fazilatlarni ulardan ketishini tilaydi yo ularda bo'lgan fazilatlarga o'zi ham erishishini orzu qiladi.

Bu ikki holatdan birinchisi hasaddir. Hasad eng qabih illatlardan biridir. Hasad kishidan imon nurini ketkazishi bilan birga, dil va dunyosi buzilishiga sabab bo'ladi. Hasad tufayli kishilar o'rtasidagi do'stlik va inoqlik nafrat va adovatga aylanadi. Shuning uchun Alloh taolo biz bandalarini hasaddan qaytargan: «Alloh biringizni biringizdan biror ne'mat bilan ortiq qilib qo'ygan bo'lsa, sizlar uni (hasadgo'ylik bilan) orzu qilmang!..»

Shunday ekan, har bir aqlli kishi o'ziga Alloh taolo bergan ne'matlarga qanoat qilib rozi bo'lishi, o'zgalarga hasad qilmasligi kerak.

Ulamolar: “Boshqalarda bo'lgan fazilatni ulardan yo'qolishini tilamay, o'zida ham bo'lishini orzu qilish mumkinmi?” degan savolga ikki xil javob berganlar: ba'zilari bo'ladi deyishgan, ba'zilari esa aksincha – yo'q deyishgan. Chunki u fazilatlarga (boylik yo martabaga) erishish uning xulq-atvorini buzishi mumkin. Shuning uchun: “Yo Alloh! Dinu dunyoim, hayotim va oxiratimda menga xayrli bo'lgan narsani ber”, deb duo qilish lozim.

«…Erkaklar ham o'z kasblaridan ulush olurlar, ayollar ham o'z kasblaridan ulush olurlar…» Ya'ni, Ibn Jarir so'ziga ko'ra, har bir kishi amaliga muvofiq – yaxshi bo'lsa mukofot, yomon bo'lsa jazo oladi.

«…(Hasad qilish o'rniga) Allohning fazlidan so'rangiz. Albatta, Alloh hamma narsani biluvchidir». Ya'ni, Allohdan fazlini so'ranglar, sizlarga beradi, chunki u Zot Karim va Vahhobdir.

“Jalolayn” tafsirida bu oyat: “Ehtiyoj sezgan narsalaringizni so'rang, sizlarga beradi”, deb tafsir qilingan. “Tafsiri Nasafiy”da: “Kim Allohning fazlidan so'ramasa, (Alloh) unga g'azab qiladi”deyilgan va ushbu hadis keltirilgan: «Alloh taolo ko'p yaxshiliklarni bandadan tutib turadi va: “Bandam Mendan so'ramaguncha bermayman”, deydi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Allohdan fazlini so'ranglar, chunki Alloh so'raganni yaxshi ko'radi” (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, insonning o'zida yo'q, boshqalarda bor narsalarga, yoki o'zidan yuqoriroq insonlarga ko'zi tushsa, yoki bu haqda o'ylab, qalbida bezovtalikni sezsa, buning davosi – oyat tafsirini mushohada qilib, hayotda har kim qilgan ishiga yarasha nasibasini olishini anglagan holda, Alloh taoloning ulug' fazlidan so'rab, harakat qilishi kerak.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qaysi biringiz xulqi va molida o'zidan ustun insonga qarasa, o'zidan pastroqqa ham qarasin”, deb marhamat qildilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu insonning siqilgan qalbi uchun foydali davodir va bu qarash qalblarda nadomat va hasratni paydo qilmaydigan qarashdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummatlarining turli holatlarini yaxshi bilganlari uchun ularni mahzun bo'lib, g'am chekmaydigan, aksincha, qanoat hosil qilib, rozi bo'ladigan tomonga yo'naltirdilar. Ya'ni, kishi o'zidan ustun va a'loroq bo'lgan insonlarga qarab, qalbi siqilsa, hasrat cheksa, o'zidan pastroq va moli kamroq insonlarga qarab, Rabbiga shukronalar aytadi, Allohning ne'matlaridan hech kim benasib qolmayotganini ko'radi.

Ammo inson ibodatlar, toatlar, solih amallarda o'zidan ko'ra peshqadamroq, Allohga qurbati ziyodaroq kishilarga qarashi mustahab ishlardandir. Bu ko'rsatmalarga amal qilgan kishi hayotda rizolik va xotirjamlikka, rohat va sakinatga erishadi, o'zining butkul ne'matlar ichida ekanini his qiladi va bu ne'matlar shukrini ado etishga shoshiladi. Alloh taolo unga fazli – ehsonini yanada ziyoda aylaydi.

Ibrohim surasida bunday ogohlantirilgan: «…Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordiyu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir» (7-oyat).


Tafsir kitoblari asosida

Odina SAIDAKBAR qizi tayyorladi.

“Mo'minalar” jurnalining 2020 yil, 5-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Misr OAV: O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasining global markazi

03.09.2026   5776   1 min.
Misr OAV: O‘zbekiston – islom sivilizatsiyasining global markazi

Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro mediaforum yakunlari va O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi global markazi sifatidagi roliga bag‘ishlangan maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, “Al Montasaf” nashri forum 40 ta mamlakatdan 200 nafardan ortiq jurnalist va OAV vakillarini birlashtirib, O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy mash’al sifatidagi maqomini namoyish etgani haqidagi fikrni keng yoritmoqda.

Shuningdek, “Eldameer” nashri Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga e’tibor qaratgan. Markaz qadimiy qo‘lyozmalarni, jumladan, mamlakatda saqlanayotgan Mus'hafning eng qadimiy nusxalaridan birini tadqiq etish va nashr qilishda nashriyotlarga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

Ushbu keng ko‘lamli madaniy va ma’rifiy yuksalish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va qo‘llab-quvvatlash tufayli mumkin bo‘lgani ta’kidlanadi.

Bundan tashqari, “Eldameer” nashri sahifalarida sodir bo‘layotgan uyg‘onishning tarixiy ahamiyati qayd etilib, O‘zbekiston rahbari shafeligida islom mamlakatlari yoshlari o‘rtasida ilmiy-tadqiqot tanlovini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Tadbirning boy dasturi, jumladan, ishtirokchilarning buyuk muhaddis Imom Al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish uchun Samarqandga rejalashtirilgan tashrifi ham yoritilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari