— To'rt nafar qizim bor. Erim qiz tuqqanim uchun bizni tashlab uydan chiqib ketgan. Hozirda umuman xabar olmaydi. Shu farzandlarning uvoli tutadi-mi? Dinimizda bunday otalar haqida nima deyilgan?
— Alloh taolo Qur'oni Karimda bunday marhamat qiladi:
﴿لِلَّهِ مُلْكُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ يَخْلُقُ مَا يَشَاءُ يَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ إِنَاثًا وَيَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ الذُّكُورَ أَوْ يُزَوِّجُهُمْ ذُكْرَانًا وَإِنَاثًا وَيَجْعَلُ مَنْ يَشَاءُ عَقِيمًا إِنَّهُ عَلِيمٌ قَدِيرٌ﴾
“Osmonlaru erning mulki Allohnikidir. U zot xohlagan narsasini yaratur. U zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o'g'illar hadya etur. Yoki ularni juftlab o'g'il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug'mas qilur. Albatta, U zot o'ta bilguvchi va o'ta qodirdir”(Shuro surasi, 49-50 – oyatlar).
Insonga hamma narsani faqat Alloh taolo berishining yorqin namunasi farzand masalasida ko'rinadi. Ayni shu masalada inson o'zining ojizligini his etadi. O'z xohishiga ko'ra biron narsani bor qila olmasligini, Alloh taoloning madadi va inoyatiga muhtoj bo'lib turishini anglab etadi.
Abu Sa'iyd Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimning uchta qizi bo'lsa yoki uchta singlisi bo'lsa yoxud ikki qizi yoki ikki singlisi bo'lsa, u ularning suhbatini yaxshi qilgan bo'lsa va ularning haqqida Allohga taqvo qilgan bo'lsa, unga jannat berilur”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).
Qiz ko'rgani uchun ayol aybdor-mi?! Kimga qanday farzand ato etishni Alloh taoloning O'zi biladi. Savolda ko'zda tutilgan erkak pastkashlik qilgan, Alloh taoloning qazoi qadariga rozi bo'lmagan, ayolini mas'ullikda ayblab, unga tuhmat qilgan, o'zining zimmasidagi otalik mas'uliyatini his qilmagan, nafaqa degan muhim vojib amalni tark etgan kimsa hisoblanadi. Agar u o'zini tuzatib, tavba qilib, oilasini qaytarib olib kelmasa, dunyoda ham, oxiratda ham og'ir ahvolda qoladi. Vallohu a'lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadi: «Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsa-da, tetik, ko‘zlari ravshan, hatto tishlari ham soppa-sog‘ edi. U kishidan buning sababini so‘raganimda:“Yoshlikda a’zolarimni gunohlardan asragandim, qariganimda ham Alloh taolo ularning xizmatidan mahrum etmadi”, deb javob berdi».
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham qayiqdan sakrab tushardi. U kishini ko‘rganlar: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganida, ustoz: “Biz a’zolarimizni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh 90 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, dalada ishlardi. Buni ko‘rganlar: “Hali ham yosh yigitdek mehnat qilasiz. Bunga qanday erishgansiz?” deb so‘rashdi.
Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedi.
“Yoshligini saqladi” degan iboradan zinodan uzoq bo‘lish tushuniladi. Chunki zino umrni qisqartiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD