يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ كُلُواْ مِن طَيِّبَٰتِ مَا رَزَقۡنَٰكُمۡ وَٱشۡكُرُواْ لِلَّهِ إِن كُنتُمۡ إِيَّاهُ تَعۡبُدُونَ١٧٢
172. Eyimonkeltirganlar, Allohgaginaibodatqiluvchibo'lsangizlar, sizlargarizqqilibberganimizpokizanarsalardanenglarvashukrqilinglar.
Mo'minlar Allohga ibodat qiluvchi bo'lishsa, o'zlariga rizq qilib berilgan halol, pokiza narsalarnigina eb, buning uchun Parvardigorlariga shukr aytishlari zarur. Dinimiz butunlay poklikka asoslangan. Bandalar nafaqa va rizq topishga, topganida ham halol kasb va halol yo'l bilan, pokiza narsalarni izlashga buyurilgan. Chunki xalqum bulg'ansa, rizqiga harom aralashsa, insonning imoni sustlashadi, ixlosi pasayadi, ibodat zavq-lazzatini totmaydi. Payg'ambar alayhissalom bunday nasihat qilganlar: "Sizlarga nima halol qilingan bo'lsa, uni olinglar, Alloh harom qilgan narsalardan chetlaninglar" (Ibn Moja rivoyati). Poklik esa ikki xil: jismoniy va ma'naviy bo'ladi. Ko'plar uy-joylarini, kiyimlarini, badanlarini pok tutishga harakat qilishadiyu, ammo ma'naviy poklik sanalgan halol va harom masalasiga, xalqumlarini, nafslarini poklashga kam e'tibor berishadi. Shariatimiz nima halol, nima harom ekanini ochiq ko'rsatib bergan. Islomda ayniqsa eguliklarga, ularni qanday yo'l bilan topilishiga va qay usul bilan tayyorlanishiga jiddiy e'tibor berilishi bejizga emas. Dinimiz mo'minlarni xonadonlariga kiradigan narsalarda yoki halqumlaridan o'tadigan har qanday luqmada Alloh taolodan qo'rqib, parhez va taqvo qilishga chaqiradi. Islom halollik dinidir, shuning uchun taomning halolini, ayniqsa go'shtning islomiy talablarga binoan so'yilganini izlash, haromini tark etish rabboniy bir yo'ldir. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom bundan o'n to'rt asr oldin ummatni bejizga ogohlantirmaganlar: "Allohga qasam, agar biror kishi halqumidan bir harom luqma o'tkazsa, uning amallari qirq kungacha qabul bo'lmaydi. Qay bandaning jasadi harom ozuqadan va ribodan oziqlanibdi, unga do'zax loyiqroqdir".
إِنَّمَا حَرَّمَ عَلَيۡكُمُ ٱلۡمَيۡتَةَ وَٱلدَّمَ وَلَحۡمَ ٱلۡخِنزِيرِ وَمَآ أُهِلَّ بِهِۦ لِغَيۡرِ ٱللَّهِۖ فَمَنِ ٱضۡطُرَّ غَيۡرَ بَاغٖ وَلَا عَادٖ فَلَآ إِثۡمَ عَلَيۡهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٞ رَّحِيمٌ١٧٣
173. Usizlargao'laksani, qonni, to'ng'izgo'shtinivaAllohdano'zganingnomibilanso'yilganlarnihaqiqatanharomqildi. Endikimnochorqolganidazolimlikqilmay, haddidanoshmayesa, gunohkorbo'lmaydi. Allohalbattakechiruvchivarahmlidir.
Alloh taolo farzlarni buyurdi, ularni zoye qilish mumkin emas. Chegaralarni belgiladi, ulardan o'tish joiz emas. Ba'zi narsalarni harom qildi, ularni engil sanash mumkin emas. Musulmon kishi ayniqsa, halqumidan o'tadigan taomlarning halol bo'lishiga alohida e'tibor berishi lozim. Alloh azza va jalla musulmonlarga o'zi o'lgan hayvon go'shtini, qonni, to'ng'iz (cho'chqa) go'shtini, O'zining nomidan boshqaga atab so'yilgan hayvonlarni harom qilgan. Payg'ambar alayhissalom bunday deganlar: "Alloh mast qiluvchi ichimlik, o'laksa, to'ng'iz va butlarning savdosini harom qildi" (Abu Dovud rivoyati). Doraqutniy rivoyatida bularning puli ham harom qilingani keltirilgan. Ammo Islom osonlik, engillik dini bo'lgani uchun nochor qolinganida, masalan ochlikdan o'lish xavfi bo'lganida biroz miqdorda harom chegarasidan o'tishga ruxsat berilyapti.
Oyati karimadagi "maytata" so'zi o'zi o'lgan hayvonnigina emas, shariat talablariga muvofiq so'yilmagan boshqa hayvonlarni ham anglatadi. Jonivorlarni so'yish vaqtida ular yo jin, yo payg'ambar, yo pir nomiga atalsa yoki bulardan birining roziligi va xursandligi ko'zlansa, agar "Bismillah" aytib so'yilsa ham, bu jonivor harom bo'ladi. Chunki jonni Jon beruvchidan boshqaga nazr qilib bo'lmaydi. Alloh taolo bizlarga ato etgan va iste'molini halol qilgan hayvonlarning go'shti faqat shar'iy yo'l bilan so'yilganidagina halol bo'ladi. Hayvonlarni shar'iy so'yish usuli bunday: ular so'yiladigan joyga olib kelingach, oyoqlari bog'lanib, kallasi qiblaga qaratib yotqiziladi (bu amal mustahabdir). Bungacha pichoqlarni o'tkirlab, oldindan tayyorlab qo'yish kerak, chunki hayvon yotqizilganidan so'ng pichoqlarni o'tkirlash makruhdir, bunda mol ozorlanadi. Bevosita pichoq tortishdan oldin qassob "Bismillahi, Allohu akbar" deb hayvonning hiqildog'i yonidan, bo'yin tarafidan (ya'ni, ko'krak tomonidan) pichoq tortadi. Pichoq tortishda to'rt narsa – qizilo'ngach, ikki qon tomiri va kekirdak kesilishi kerak. Hayvonning joni batamom chiqib bo'lgunicha umurtqa tomiriga pichoq tekkizilmaydi, terisi shilinmaydi, kalla batamom uzilmaydi. Hayvonni so'yishga yotqizishdan oldin boshiga bolg'a yo o'tkir nayza urib yoki elektr toki yordamida yiqitib so'yish shar'an mumkin emas. Bu usullar bilan so'yilgan hayvon go'shtini eb bo'lmaydi. So'yilgan hayvonning sakkiz a'zosini – bezlari, erkaklik a'zosi, urg'ochilik a'zosi, orqa yo'lining oxiri, moyaklari, so'yilganida tomirdan otilib chiqqan qoni, o't pufagi, siydik pufagini eyish mumkin emas.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni Karimning to‘rtinchi surasi Niso bo‘lib, u Madinada nozil bo‘lgan, bir yuz yetmish olti oyatdan iborat. «Niso» so‘zining ma’nosi «Xotinlar», «Ayollar»dir. Surada ayollar to‘g‘risida shariat hukmlari batafsil bayon qilingani sababli unga shu nom berilgan. Bu sura hajm jihatidan Qur’oni Karimda Baqara surasidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Niso surasi oyatlari olti yil mobaynida nozil bo‘lgan.
Surada ko‘pgina shar’iy hukmlar kelib, jumladan, yetimlar haqqiga rioya qilish, kichik yoshdagi bolalar va zaif kishilarga rahm-shavqatli bo‘lish, ayollarga chiroyli va samimiy munosabatda bo‘lish, ularni hurmat qilish va haq-huquqlarini himoya qilish, oila va qarindosh-urug‘chilikni mustahkamlash, er-xotin o‘rtasidagi aloqalar, ularning bir-birlari oldidagi huquq va burchlari, er oilada boshliq va barcha mas’uliyat uning zimmasida bo‘lishi, oila to‘g‘risidagi boshqa haq-huquqlar keng bayon qilinadi. Ayollar hurmatini yuksaklarga ko‘tarib, agar er kishi o‘z ayolini yaxshi ko‘rmasa ham u bilan hushmuomalada hayot kechirishi kerakligi buyuriladi, u yoqtirmagan narsada ko‘pgina hikmat va yaxshiliklar mavjudligi xabari beriladi.
Jamiyatdagi ichki va tashqi aloqalar to‘g‘risida ham zikr qilinib, jamiyat mustahkam bo‘lishi uchun kishilar o‘rtasida birdamlik, mehr-shafqat, o‘zaro bag‘rikeng bo‘lishlik, har bir ishda adolat va tenglik bo‘lishi lozimligi ta’kidlanadi. Jamiyatni fahsh, zulm va fitnadan saqlash haqida ham bayon qilinadi.
Shuningdek, johiliyat paytida mavjud bo‘lgan birovlarning molini botil yo‘llar bilan yeyish, poraxo‘rlik, omonatga xiyonat, kishilarning obro‘ va haq-huquqlarini poymol etish, nohaq odam o‘ldirish kabi razil ishlar muolaja qilinadi. Ularning o‘rnini islomiy fazilatlar egallashi lozimligi uqdiriladi.
Jihod paytida urushda namozni qanday ado etishning hukmi ham shu surada kelgan. Doimo og‘ir paytda pand beradigan munofiqlar haqidagi masalalar ham urush haqidagi oyatlar ichida muolaja etiladi.
Muso alayhissalom va uning qavmi haqida ham oyatlar kelib, yahudiylarning o‘tmishdagi jirkanch ishlari va odatlariga qisqacha izoh berilib, ularning xavfli kirdikorlaridan musulmonlar ogohlantiriladi. Yahudiylarning musulmonlar jamoasiga qarshi olib borgan ishlari haqida ham bahs yuritiladi. Ular munofiq va mushriklar bilan birikib olib, Islomga, musulmonlarga qarshi turli fitnalar uyushtirib, musulmonlarda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklariga shubha uyg‘otish uchun qilgan urinishlari fosh etiladi.
Islom aqidasi, Alloh taoloning yagona ilohligi haqida ham so‘z yuritilib Nasorolarning o‘zgartirib olgan “Alloh uch asldan - ota, o‘g‘il va muqaddas ruhdan iborat” degan noto‘g‘ri e’tiqodini to‘g‘rilash uchun Iso alayhissalom Allohning bandasi va payg‘ambar ekani, Bibi Maryam ham iloh emas balki Allohning bandasi ekanligi haqidagi oyatlar ham bayon qilinadi va Nasorolarning botil e’tiqodi ochib beriladi.
Shuningdek, surada meros hukmlari ham batafsil bayon qilingan. Meros ilmini chuqur o‘rganishga targ‘ib qilinadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: «Faroiz (meros ilmi)ni o‘rganinglar va uni o‘rgatinglar. Albatta, u ilmning yarmidir. Aniqki, u yoddan ko‘tarilib ketadi va u ummatimdan birinchi bo‘lib sug‘urib olinuvchi narsadir» (Imom Ibn Moja rivoyati).
Oisha roziyallohu anho: «Niso surasi men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida ekanligimda, ya’ni birga yashagan vaqtimda nozil bo‘lgan», deganlar.
Ushbu surani fazilatlari haqida Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu shunday deganlar: «Niso surasidagi besh oyat o‘rniga menga dunyo va undagi bor narsa berilsa ham xursand bo‘lmayman». Ushbu oyatlar quyidagilar:
«Agar sizlar man etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangiz, kichik gunohlaringizni sizlardan o‘chirurmiz va sizlarni rohatbaxsh manzil (jannat)ga kiriturmiz», (31-oyat). Ulamolarimiz yetmishga yaqin katta gunohlar mavjudligini aytishib, ularga Allohga shirk keltirish, nohaq odam o‘ldirish, zino, bachabozlik, aroq ichish, o‘g‘rilik, bosqinchilik, birovni zinoda ayblash, yolg‘on guvohlik berish, yolg‘on qasam ichish, riboxo‘rlik, pora olish, qarindoshlik aloqalarini uzish, ota-onaga oq bo‘lish, yetim molini yeyish, o‘lchov va tarozuda xiyonat qilish, zakotni ma’n qilish, namozni vaqtidan oldin o‘qish, uzrsiz namozni vaqtidan keyin o‘qish, erkak va ayollar o‘rtasida qo‘shmachilik qilish, amri ma’ruf va nahyi munkarga qodir bo‘lib turib qilmaslik, Qur’on ta’limotini unutib yuborish, Allohning rahmatidan noumid bo‘lish, Allohning makridan beparvo bo‘lish, ahli ilm va hofizi Qur’onlarga yomonlik qilish va boshqalar kiradi.
«Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham birovga) zulm qilmagay. Agar (o‘sha miqdorda) yaxshilik bo‘lsa, uni (bir necha barobar) ko‘paytirur va O‘z huzuridan ulug‘ mukofot (jannat) ato etur», (40-oyat).
«Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O‘zi xohlagan (banda)laridan kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, demak, u ulkan gunohni to‘qib chiqaribdi», (48-oyat).
«Qaysi bir payg‘ambarni yuborgan bo‘lsak, Allohning izni bilan unga itoat qilinishi uchun (yuborganmiz). Agar ular o‘zlariga zulm qilgach, darhol Sizga kelishib, Allohdan kechirim so‘raganlarida va Payg‘ambar ham ular uchun kechirim so‘raganda, Alloh kechiruvchi va rahm-shafqatli ekanini bilgan bo‘lur edilar», (64-oyat).
«Kimda-kim biror yomon ish qilsa yoki o‘z joniga jabr qilsa, so‘ngra Allohdan kechirim so‘rasa, Allohning (qanchalik) kechiruvchan va rahmli ekanini idrok etadi», (110-oyat). Bu oyati karima haqida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu quyidagilarni aytganlar: «Alloh o‘z bandalariga karami, afvi, hilmi, rahmatining kengligi va mag‘firatining beqiyosligi haqida xabar bermoqda. Kim kichikmi-kattami gunoh qilsa-yu, so‘ngra Allohga istig‘for aytsa, Allohni mag‘firatli va rahmli Zotligini topadi. Garchi gunohlari osmonlaru yerdan, tog‘lardan katta bo‘lsa ham».
Ibn Abbos roziyallohu anhu esa: «Niso surasida nozil qilingan sakkiz oyat bu ummat uchun ustidan quyosh chiqqanidan va botganidan (dunyodagi bor yaxshiliklarga ega bo‘lganidan) yaxshiroqdir», deganlar. Ular 26,27,28, 31,40,48, 64, 110-oyatlardir.
«Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) bayon qilish, sizlarni ilgari o‘tgan (haq yo‘ldagi) zotlarning yo‘llariga hidoyat etish va tavbalaringizni qabul qilishni xohlaydi, Alloh dono va hakim zotdir. Alloh tavbalaringizni qabul etishni xohlaydi, shahvoniy hissiyotga tobe’ bo‘lganlar esa, (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘ib ketishlaringizni xohlaydilar. Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) yengillatishni xohlaydi. Axir, inson zaif yaratilgandir», (26-27-28 oyatlar).
Surada ko‘pgina shariat hukmlari bayon qilingani sababli ulamolar uni chuqur o‘rganishga targ‘ib qilishadi. Shunday oyatlardan biri «Senga yetgan yaxshilik Allohdandir va senga yetgan yomonlik nafsingdandir. Biz seni odamlarga Payg‘ambar qilib yubordik, shohidlikka Allohning o‘zi kifoya qilur», (79-oyat).
Ulamolarimiz ushbu oyatning tafsirini shunday izohlaydi: Insonning bu dunyoda qiladigan amallari natijasi bu dunyosiga ham, u dunyosiga ham tegishli bo‘ladi. Agar inson Alloh taolo ko‘rsatgan yo‘ldan yurib, shariatda buyurilgan amallarni bajarsa, yaxshilik qilib yomonlikdan qaytsa, Alloh taolo o‘zining rahmati ila ikki dunyo saodatiga erishtiradi. Ammo, inson Allohning buyurgan yo‘lidan yurmasa, Uning shariatiga amal qilmasa, qaytargan yomonliklardan qaytmasa, bu dunyoda ham, oxiratda ham xor bo‘ladi, u o‘ziga zulm qiladi, oqibatda esa unga yomonlik yetishiga o‘zi sababchi bo‘ladi.
«Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani sherik keltirmanglar! Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga va miskinlarga, yaqin qo‘shnilarga, yon qo‘shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko‘chada qolganlarga, qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh o‘zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko‘rmas», (36-oyat).
Agar barcha insonlar Qur’oni Karimda buyurilgan oyatlarga amal qilsalar jamiyat tinch, odamlar omon, xalq hayoti obod va farovon hayot kechirishiga zamin bo‘ladi.
«Kim Allohga va Rasulga itoat etsa, bas, ana o‘shalar Alloh ne’mat bergan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ularning rafiqlari qanday ham yaxshi! Bu Allohdan bo‘lgan fazldir va bilguvchilikda Allohning O‘zi kifoya qilur», (69-79-oyatlar).
Ushbu oyatda har bir musulmonning orzusi, istagi ifodalanib, ularni ushbu yo‘lda yanada g‘ayrat va shijoat bilan harakat qilmoqlikka, hayotning har bir jabhasida islom ahkomlariga amal qilishlikka, inshaalloh, jannatda esa eng yuksak maqomlarga ega bo‘lishlik uchun rag‘batlantiradi.
“Tafsiri Hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”, “Qur’oni azim
muxtasar tafsiri” va boshqa manabalar asosida Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.