Ibodatlar orasida zikrning ahamiyati ulkan. Zikr lug'atda: “eslash”, “biror narsani yodga olish”, deganidir. Istilohda esa: “Banda Alloh taoloni yodga olishi” tushuniladi.
Shunga ko'ra, shariatimizda buyurilgan namoz, zakot, ro'za, haj kabi ibodatlar umumiy ma'noda zikr hisoblanadi. Allohni zikr qilishdek qalbga taskin beruvchi ish yo'qdir.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Allohni ko'p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz!” (Ahzob surasi, 41-oyati).
Zikr – Allohning erdagi jannati. Unga kirishni istamagan odam oxirat jannatiga ham kira olmaydi. Zikr kishini ruhoniy kasallik, mashaqqat va iztiroblardan xolos qiladi. Zikr najotga etish uchun eng oson yo'l. Shifo topish uchun vahiy devonlarini (Qur'oni karim va Hadisi sharifni) mutoalaa qil, zikr “malhami” sinab ko'r.
Robbimizning zikri bilan xavf, beoromlik va g'am-qayg'u bulutlari tarqaladi, tashvish, xafalik tog'i parchalanadi. Yaratgan Zotga doimo zikr aytuvchi kishi qalb sokinligiga erishadi.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo'lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)” (Ra'd surasi 28-oyati).
Ey bedorlikdan shikoyat qilayotgan, alamdan yig'layotgan, hodisalardan fojia yasayotgan inson, Allohning muqaddas ismlari bilan zorlangin, U Zotni qancha ko'p zikr qilsang, qalbing shuncha taskin topadi, nafsing baxtiyor bo'ladi, diling yayraydi. Haq taoloni zikr qilishda Unga tavakkul qilish, ishonish, suyanish, qaytish, undan kenglikni kutish bordir.
Pochchayev Saidxo'ja,
Yangiobod tumani “Hazrati Abu Zar”
jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuda namoz arkonlarini o‘rniga qo‘yib, chiroyli o‘qigan qullarini ozod etish odati bor edi. Xojalarining bunday fe’lini bilgan qullari xo‘jako‘rsinga chiroyli namoz o‘qirdilar. Hazrati Abdulloh roziyallohu anhu esalar ularni ozod etardilar. Bu haqda kimdir u zot roziyallohu anhuga buni eslatganida: “Modomiki, kimdir Allohning diniga aloqador narsada meni aldamoqchi ekan, marhamat, men aldanishga tayyorman!” – deb javob beribdilar.
2. Axnaf ibn Qays[1] quddisa sirruhudan:
– Xushxulqlikni kimdan o‘rgandingiz? – deya so‘rashganda u zot quddisa sirruhu:
– Qays ibn Osim an-Naqriy quddisa sirruhudan, – deb javob berdilar.
Shunda undan:
– Qaysning qay bir xulqidan ibratlandingiz, – deya so‘rashganida hazrati Axnaf aytdilar:
– Bir gal Qaysning joriyasi unga kabob qovuradigan cho‘g‘li idishda kabob keltirayotib qo‘lidan tushirib yubordi. Ittifoqo, bu uning chaqalog‘ining ustiga tushib, go‘dak nobud bo‘ldi. Bundan boyagi cho‘ri ayol dahshatga tushib, aqldan ozayozdi. Bu holni ko‘rgan Qays unga shunday dedilar:
– Qo‘rqma, senga hech qanday ziyon yetmaydi, men seni Alloh yo‘lida, Alloh uchun ozod etdim!
3. Bolalar Uvays Qaraniy quddisa sirruhuni ko‘rishganida tosh otishardi. Shunda u zot quddisa sirruhu aytardilar:
– Agar menga tosh otmasdan turolmasangiz, mayli, oting, faqat maydarog‘idan, toki oyoqlarimni qattiq jarohatlamasin. Yo‘qsa, turib ibodat qilishga yaramay qolaman.
4. Bir gal qandaydir kishi Axnaf ibn Qays quddisa sirruhuga dashnom bergani holda ketidan ergashib kelardi. U zot o‘z mahallalariga yaqin yetib kelganlarida to‘xtab shunday dedilar:
– Ey yigit, menga tag‘in aytadigan gaping bo‘lsa, hammasini shu yerda aytaqol, yo‘qsa, bu mahallaning ba’zi telbasifat kishilari so‘kinishingni eshitib senga zarar yetkazib qo‘yishlari mumkinligidan xavotirdaman.
5. Naql qilishadiki, bir kuni amirul mo‘miniyn Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu xizmatkorni chaqirgan edilar, javob bermadi. Qayta-qayta chaqirgan edilar, yana javob bermadi... Nochor, o‘zlari turib borib so‘radilar:
– Chaqirganimni eshitmadingmi?..
Xizmatkor eshitganiga iqror bo‘ldi. Shunda Mo‘minlar amiri karramallohu vajhahu:
– Chaqirganimni eshitgan bo‘lsang, nimaga axir javob bermaysan, – deb so‘radilar. Shunda xizmatkor:
– Jazolamasligingizni bilib, shunchaki eringanimdan bormagandim...– deya javob berdi.
Shunda hazrati Ali karramallohu vajhahu unga:
– Seni Alloh uchun ozod etdim! – dedilar.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
[1] Axnaf ibn Qays (Alloh u zotdan rozi bo‘lsin) benihoya kamtar va ko‘plab yaxshi xulq sohibi bo‘lganlar. Arablar u kishini maqtalgan xulq va odoblari tufayli misol qilib keltiradilar - Muharrir.