Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Ustozga yo'llangan eng so'nggi maktub

21.09.2020   4913   15 min.
Ustozga yo'llangan eng so'nggi maktub

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Qo'limizni ko'ksimizga qo'ysak, ichimizdan go'yo eshik qoqqandek to'xtovsiz «duk-duk», «duk-duk», deya sado berayotgan ovoz o'ylab ko'rsak, bekorga dukkillamas ekan…

Bu uning «Hoy, meni ishim, vazifam tugayapdi, men uchun belgilangan muddat nihoya topmoqda, ogoh bo'l!», degani ekan…

Hazrati Umar roziyallohu anhu o'zlariga nasihat qilib:

«Har kuni «Falonchi vafot etdi, Fustonchi vafot topdi…», deyiladi. Hali shunday kun ham keladiki, ul kunda «Umar o'libdi…» deyiladi…», der ekanlar.

Ma'lumingizki, viloyatimiz bosh imom-xatibi marhum Hayrulloh domla Turmatov og'ir dard sabab Alloh taoloning hikmati irodasi ila 16 sentyabr', milodiy 2020 yil, 28 muharram, hijriy 1442 yil, haftaning chorshanba kuni, asr namoziga sanoqli daqiqalar qolganida 44 yoshlarida oxirat safariga rihlat qildilar.

Bu musibat oldida «Innaa lillaahi va innaa ilayhi rooji'uun», demoqdan o'zga chora topolmadik…

Bilganim shul ediki, Ul kishimiz ahli ilmlarni xush ko'radigan, Allohning bayti – masjidlar va qalblari Allohning baytiga bog'langan qadrli qavmlarini sevadigan, vazifasi uchun jonkuyar inson edilar…

Alloh taolo Hayrulloh domlamizni O'z rahmatiga olib, ularning yo'llariga intizor bo'lib, biroq diydorlasha olmagan mehribon hoja onajonlari va ahli oilalari hamda millionlab muxlislari uchun go'zal sabr ato etsin…

Amin…

Bir inson yashasa shunchalik yashar ekan…

Bir inson ota yoki ona bo'lsa shu misol farzandga ota yoxud ona bo'lar ekan.

Muborak juma, 18 sentyabr' kuni butun o'zbegim musulmonlari o'z xonadonlarida, yo'llarida, xususan juma namozlari so'nggida jamoa bo'lib mingga yaqin to'liq xatmi Qur'onlar ortidan marhum ustoz Hayrulloh domlamiz haqlariga xayr va rahmatlarni so'rab duo qildilar.

Qisqa umr kechirdilar – 44 yil. Lekin, shu asnoda asrlarga tatigulik ish qildilar.

Yonlarida birga ishlagan davrimda menga vazifalariga ko'ra rahbar emas, balki akadek munosabatda bo'ldilar.

G'am-u tashvishlari din edi. Din rivoji – ulamolar faoliyati, diniy xodimlar salohiyati, talabalar muvaffaqiyati, qalblari Allohning baytiga bog'langan insonlarni obod, shinam va ko'rkam masjidlarda ibodat qilishini ko'rish ularning eng yuksak rag'bati, istak va umidlari edi. Shodlik va quvonchlari masjid qurilishiga ruxsat berilishi va uning poydevoriga ilk g'isht qo'yilishi edi.

Birgalikda juda ham ko'p martaba tushlik qilganman. Arzon va parhez taomlarni xush ko'rar edilar. Taom uchun ishtahalari yaxshilovchi narsa bu faqatgina diniy muzaffariyatlar, ayniqsa biror bir eski masjidni qayta qurilishiga ruxsat berilishi, imtihonlar yakun topgach kim bo'lmasin viloyatning biror farzandini madrasa talabasi bo'lgani haqidagi xabarlar bo'lar edi.

Har doim imom-xatib va imom noiblarga aytar so'zlarida «Kim omonat faoliyati davomida bitta masjidni yangidan qayta qurmasa, shuningdek, hechsa bir nafyar o'smirni madrasa talabasi bo'lishiga sababchi yoki turtki bo'lmasa u “Men imom-xatib yoki imom noibi bo'lib ishladim…», demasin», degan nasihatlari jaranglar edi.

Jome masjidlar qurilishi va madrasa talabalari o'quv kontrakt to'lovlarini to'lashda saxovatpeshalarga murojaat qilishdan uyalmas va orinmas edilar.

Ishlarida maslahat qilishni juda ham muhim, deb bilar edilar. Bir kuni meni xonalariga chorladilar va aytdilar:

«Nurali… Viloyatimizda missionerlik faoliyati avj olayotgan hududlarni belgilab olsak va o'sha hududlarda ushbu xatarli muammoning echimi o'laroq – yangi jome masjid ochish choralarini ko'rsak…», dedilar.

Maslahat davomida viloyatda to'rtta ana shunday hududlarni belgilab oldik. Ishonsangiz, ular shu kunning ertasiga mazkur to'rtta hududning har biriga shaxsan o'zlari borib, qaysi joydan jome masjid ta'sis etish maqsadga muvofiq va munosibligini o'rganib, telefon orqali menga mazkur masalada rahbarlarga xat tayyorlashimni aytdilar.

Bu yo'lda qayerga borish lozim bo'lsa qatnamoqdan erinmadilar, kimga murojaat qilish lozim bo'lsa murojaatdan tortinmadilar. Natija o'laroq Olmaliq shahrida yangi jome masjid ta'sis etilishiga erishdilar. Bu quvonch va bundan boshqalari ham o'zidan o'zi, shunchaki istak va umid bilan amalga oshmaganiga men guvohman.

Bu xushxabardan so'ng ushbu yangi jome masjidni munosib nom bilan nomlash masalasida mashvarat qilar ekanlar ishxonamizdagi xodimlar davrasida qator nomlarni o'ylab ko'rdik. Lekin birortasidan ularning ko'ngillari yorishmadi. Huddi, boshqa nom qolmagandek ma'lum vaqt jim bo'lib qoldik. Birozdan so'ng shunday dedim:

«Domla! Bir fikr bor. Shu onga qadar 130 ming aholisi mavjud bo'lgan Olmaliq shahrida atigi birgina jome masjid mavjud bo'lib, uning nomi oylar sultoni nomi ila «Ramazoni sharif», deya nomlangan. Musulmonlar Ramazon oyining yangi hilolini ko'rish uchun uzoq vaqt intizor kutadilar. Uni ko'rganlarida esa qalblari shodlik bilan to'ladi.

Bu jome masjid ham Olmaliq shahar aholisi uchun Ramazon oyi hilolidek intizor kutilgan va ko'rinish berishi bilan shahar aholisining qalbini quvonchga to'ldirgan dargoh bo'ldi.

Keling, uning nomini «Ramazoni sharif» jome masjidiga bog'lagan holda «Hilol», deb atasak. Boz ustiga siz marhum ustoz fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini juda ham xush ko'rar edingiz, ular ham sizni munosib yaxshi ko'rar edilar. Ularning ilmlari taralayotgan nashr dargohining nomi ham «Hilol», deb nomlangan…».

Ishonsangiz ushbu ojizona taklifdan domlamizning ko'zlari porlab, o'tirgan o'rinlaridan qalqib turdilar. Shu ondayoq fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining farzandlari Ismoilxon domla bilan bog'lanib, ulardan odob nuqtai nazardan «Hilol» nomidan foydalanishga ijozat so'radilar. Ismoilxon domla ham bu ishdan mamnun ekanliklarini bildirib, so'zlari yakunida «Domla, qurilish bilan bog'liq biror xizmatlar bo'lsa bizga ham ayting», deganlarida, domlamiz ularga javoban «O'z vaqtida albatta, aytaman…», dedilar.

Muloqotdan so'ng domlamiz menga kulibgina qarab «Alloh nasib etib shu masjid bitsin, yoniga aholi foydalanishi uchun marhum ustoz fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ilmiy meroslari manbai sifatida alohida namunali kutubxona tashkil etaman, ana o'shanda Ismoilxon domlamizga xizmatni aytib, ularni ishga solaman…», deb quvonib ketgan edilar.

 

 

Mana shu ularning faoliyati davomida amalga oshirilgan eng so'nggi mehnat, xizmat va jasoratlari bo'ldi…

Ishonamanki, buni hech kim, ayniqsa Olmaliq shahri aholisi aslo va aslo unutmaydi…

Ularga faoliyatlari davomida biror bir ish oson bo'lmagan. Deyarli xonalarida o'tirmas edilar. Har bir yutuqlari ortida juda ko'p mehnatlar, irodalar, o'z navbatida hasratlar, matonatlar va jasoratlar mujassam edi. Bular haqida men bilan soatlab gaplashar edilar. Men bunga guvohman.

Shu bois ularning har bir mashaqqatli ishlari davomida va yakunida ularga qaysidir ma'noda juda ham kichik yoki arzimas bo'lsada tasalli bo'lib, ko'ngillari uchun munosib so'z aytib turar edim.

Quyidagi murojaatim meni ularga mazkur eng so'nggi jasoratli va samarali mehnatlari asnosida bildirgan eng so'nggi murojaatim bo'lgan ekan…

Vaqt topib, uni albatta o'qing…

Assalomu alaykum, qozi domla!!!

Toshkent viloyatida muhtaram muftiy hazratlari boshchiliklarida ellikdan ortiq jome masjidlarni to'liq qayta qurilishida jonbozlik ko'rsatib kelayotganingiz juda ham quvonarli holat…

Bugun esa uzoq yillik umidlaringiz, o'z navbatida tinimsiz so'rovlaringiz va tashabbusingiz natijasi o'laroq Yurtboshimizning ijozatlari bilan Olmaliq shahrida yangidan jome masjid ta'sis etishga ruxsat berilishi, uni «Hilol», deya nomlanishi, unga binosi viloyatning eng namunali jome masjidi sifatida qad rostlashi uchun olti ming kishiga mo'ljallangan ilk tamal toshini qo'yilishi iymonga tashna qalb egalariga sokin tomchilayotgan yomg'ir misol rohatli surur baxsh etdi…

Bundan barcha mo'minlarning qalbi shodlikka to'lib, davlatimiz Rahbari, o'z navbatida muftiy hazratlari, Din ishlari bo'yicha qo'mita, viloyatimiz hokimligi, bu ishda jonbozlik ko'rsatgan biz bilgan va bilmagan har bir mutasaddi mas'ullar haqqiga Alloh taolodan baxt va har ikki dunyo saodatlarini so'rab, mustajob duolar qilayotgan bo'lsalar, ne ajab…

Ochig'i, bunday kutilmagan, shuningdek, xayrli va ajrli ish bilan Sizni va Olmaliq shahri mo'min-musulmonlarini samimiy qalbdan qutlaymiz!!!

Alloh taolo bu va bu misol ajri yuksak mehnatlaringizni xayrlarga vasila qilib, Sizni bundanda ulug'vor ishlar boshida ko'rib yurishni nasib etsin…

Mehribon va yaxshilikni ortig'i bilan mukofotlovchi Alloh taolo bu misol xayrli ishlaringiz evaziga Sizga (Siz qatori biz ojiz bandalarga ham) ikki dunyo saodatini ato etib, jumladan, mushfiq Onajoningiz baxtlariga Sizni, Sizning baxtingizga Ularni va barcha Ahlingizni uzoq yillar har dam va har lahza omon aylasin…

Endigina 3 yoshni qarshi olib, bola tilida bolajoncha «Ota, Ota…», deyishni boshlaganingizda bunday betakror va bebaho nidolaringiz bilan behad quvontirganingiz, ammo ilohiy taqdir ila shu ondayoq yo'qotganingiz, biroq, Sizdek farzandga ota bo'lib hech narsani yo'qotmagan, aksincha, oxirati uchun munosib zaxira qoldirgan mehribon otangiz – Abdumalik otani Alloh taolo o'z rahmatiga olsin…

Menga bir so'zni juda ham ko'p marotaba aytar edingiz… Ochig'i, har gal eshitganimda juda ham ta'sirlanganman…

O'sha so'zlaringizda:

«Men Yurtboshimning ko'zlarida uch marotaba yonma-yon turib ko'z yoshlarini ko'rganman: biri «Zangiota» majmuasida, ikkinchisi Parkent tumanida, uchinchisi Bekobod shahrida.

Bilaman, bu ularning ojizlik yoki chorasizliklari natijasida ko'zlari qa'ridan sizib chiqqan ko'z yoshi emas. Negaki, ular irodali va jasoratli inson. Aksincha, bu ko'z yoshlarini Ularni yurti va unda hayot kechirayotgan xalqining g'ami va dardini his etganlaridan, deb bilaman.

Nurali, agar men shu ko'z yoshlarni ko'ra-bila turib, o'z faoliyatimdagi ish tartibimni o'zgartirmasam o'rnimni boridan yo'g'i (ya'ni, topshirganim) yaxshiroq», degan iztiroblaringiz bor edi.

Rahmat Sizga…

Baxtimizga Siz kabilar bor, ko'p va omon bo'lsin…

Amin…

Bu so'zlarni faqatgina e'tirof va mamnuniyat ma'nosida qabul qilgaysiz…

Hurmat ila,

Toshkent viloyati vakilligidagi barcha xodimlaringiz nomidan,

Nurali Mavlanov…

29 avgust, 2020 yil.

***

Alloh taolo ustoz Hayrulloh domlamizni o'z rahmatiga olsin, ul kishi haqidagi guvohligimizni qabul etsin… Barchamizni oliy jannatida jamlasin… Amin…

 

O'rinbosarlari

Nurali Mavlanov.

18 sentyabr', 2020 yil.

 

Manba: https://islom.uz

 

 
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   1045   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari