Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Sevikli Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga muhabbatli bo'lish mukammal mo'minlik belgisidir. Bu haqda Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:”لاَ يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَالِدِهِ وَوَلَدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ“مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.
“Sizlardan birortangiz men unga farzandi, otasi va barcha insonlardan mahbubroq bo'lmagunimcha (komil) mo'minbo'laolmaydi”, dedilar (Muttafaqunalayh)
Ushbu hadisda komil mo'min bo'lish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatli bo'lish lozimligi bayon qilinmoqda.
Chindan ham, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mo'minlar uchun barcha muhabbat qilinadigan kishilaridan ko'ra, sevishlikka haqlidirlar. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿النَّبِيُّ أَوْلَى بِالْمُؤْمِنِينَ مِنْ أَنْفُسِهِمْ﴾
“Nabiymo'minlaruchuno'zlaridanko'rahaqlidir”. (Ahzob surasi, 6-oyat)
Ammo so'nggi yillarda sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sha'nlariga yolg'on to'quvchilar, u zotga atab turli mazax (karikatura)larni ishlab chiquvchilar paydo bo'lib, ko'payib bormoqda. Bunday odobsizlikni qiluvchilar haqida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh bunday degan edilar: “BizRasulullohsollallohualayhivasallamniyaxshitanimadik, tanitaolmadik. Agarularuzotnitanishganida, bundaybeodobliklargajur'atqilaolishmasedi”.
Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni himoya qilish u zotning siyratlarini, sunnatlarini ko'proq o'rganish, ularga avvalo o'zimiz amal etishimiz bilan bo'ladi.
Habibimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini sevishimiz va go'zal xulqimiz ila ahli-oilamiz hamda butun insoniyatni ham sevdira olishimiz bilan bo'ladi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar:
فكان عالمة حبهم إياه إتباع سنة رسوله
“Insonlarning Allohga bo'lgan muhabbatlarining alomati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishdadir”.
Alloh taolo har bir ishda ummatlariga namuna bo'lgan, Robbul a'lamiyn O'zining kalomida: “Rasulullohda go'zal o'rnak bor” deya maqtagan sevikli Payg'ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go'zal xulqlari, muborak sunnatlariga hayotimizning har bir soniyasida ergashimizga va unda bardavom bo'lishimizga tavfiq ato etsin!
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekistonda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan nufuzli xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi. 2026 yil 9–11 aprel kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mazkur anjuman mamlakatimiz ilmiy-ma’rifiy hayotidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ana shu xalqaro anjumanni o‘tkazish chora-tadbirlar rejasi atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevralda qabul qilingan PQ-46-son qaroriga muvofiq, joriy yilda Sohibqiron tavalludining 690 yilligini keng nishonlash doirasida bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Mazkur qaror ijrosi doirasida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyani yuqori darajada tashkil etish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ana shu chora-tadbirlar rejasi atroflicha muhokama qilindi.
Markaz direktori, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Markaz ilmiy kengashi a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev hamda mutaxassislar va ishchi guruh vakillari ishtirok etdi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mazkur xalqaro anjumanning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bu oddiy ilmiy tadbir emas, balki temuriylar davri sivilizatsiyasini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida qayta anglash va jahon hamjamiyatiga keng taqdim etishga xizmat qiluvchi strategik platforma sifatida baholadi.
Mazkur xalqaro anjuman bir qator hamkor tashkilotlar, ilmiy dargohlar ishtirokida o‘tkaziladi. Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi shular jumlasidandir.
O‘zbekiston FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimovning ta’kidlashicha, Fanlar akademiyasi mazkur xalqaro konferensiyani tashkil etishda barcha ilmiy va tashkiliy resurslar bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Konferensiya doirasida keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Jumladan:
• “Amir Temur va temuriylar davri qo‘lyozmalari” ko‘rgazmasi
• “Temuriylar numizmatik merosi” ko‘rgazmasi
• Yevropa muzeylari bilan hamkorlikda tayyorlangan maxsus ekspozitsiyalar
Shuningdek, “Tirik tarix” loyihasi doirasida:
• Amir Temur davriga oid kinoloyihalar
• Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy hayotiga bag‘ishlangan filmlar namoyishi ham rejalashtirilgan.
Anjumanda Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerika davlatlaridan 100 nafardan ortiq xorijiy olimlar va ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Konferensiya doirasida xorijdan olib kelinadigan temuriylar davriga oid nodir artefaktlarni vaqtinchalik namoyish etish, ularni saqlash va muhofaza qilish bo‘yicha ham alohida tashkiliy choralar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro ilmiy konferensiya Amir Temur va temuriylar davri merosini, zamonaviy ilmiy yondashuv asosida qayta tahlil qilish, uni jahon hamjamiyatiga keng taqdim etish yo‘lida muhim ilmiy va madaniy voqea bo‘ladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi