Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446

IJTIMOIY TARMOQLARDA TARQALGAN SOXTA PAYG‘AMBARLIK DA’VOSI YUZASIDAN MUNOSABAT

18.07.2020   3522   5 min.
IJTIMOIY TARMOQLARDA TARQALGAN SOXTA PAYG‘AMBARLIK DA’VOSI YUZASIDAN MUNOSABAT

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda bir odamning (u ruhiy nosog‘lom bo‘lsa kerak) “men Allohning elchisiman, koronavirus vabosining yo‘qolishi menga bog‘liq, Xitoydagi o‘lim maskaniga borib kelishim kerak”, degan aljirashi tasvirlangan video tarqaldi.

Avvalo ta’kidlaymizki, ilmu ma’rifat rivojlangan bugungi davrda kishilarning vaqtlarini olib, shunday lavhalarni tarqatish hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Bunday xabarlarning keng auditoriyaga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoq yurituvchilari ham tarqatayotgani juda ham tashvishli holatdir.

O‘z navbatida bu lavhani har qanday maqsadda tarqatmaslikni qat’iy ta’kidlaymiz. Bizning vazifamiz o‘laroq, bu soxta da’voga raddiya yozdik.

Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam rasul (elchi) va nabiylarning so‘nggisidirlar. Alloh taolo: “Muhammad sizlardan biron erkakning otasi bo‘lgan emas. Lekin Allohning Rasuli va Nabiylarning so‘nggisidir. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir”, deya xitob qilgan (“Ahzob” surasi, 40-oyat).

Ushbu oyatga ko‘ra, kimda-kim Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyin yana payg‘ambar yo rasul chiqadi deb aytsa, e’tiqod qilsa, kofir bo‘ladi. Chunki u mazkur oyatni inkor qilgan va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eng so‘nggi payg‘ambar va rasul ekanini tan olmagan bo‘ladi.

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vassallam: “...Kelajakda ummatimda o‘ttizta kazzob bo‘lur. Ularning har biri o‘zining nabiyligini da’vo qilur. Holbuki, men nabiylarning xotimi-tugatuvchisiman. Mendan keyin nabiy kelmas”, dedilar” (Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyatlari). “Kazzob” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “ko‘p yolg‘on gapiruvchi”, “o‘ta ketgan yolg‘onchi” ma’nolarini ifoda etadi.
Demak, Nabiy alayhissalomdan keyin hech qanday payg‘ambar yoki rasul chiqishi mumkin emas. Bordi-yu, kimdir payg‘ambarlik yo rasullikni da’vo qilsa, u yolg‘onchi deya inkor etiladi va unga qarshi chiqiladi. Sahobai kiromlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan Musaylama, Asvad Anasiy va Sajoh kabi soxta payg‘ambarlarga qarshi qattiq jang qilganlar.
Boshqa bir hadisi sharifda shunday deyiladi:

“Mening va anbiyolarning misoli, xuddi binosi go‘zal bir qasrga o‘xshaydi. Unda bir g‘isht o‘rni tark qilingandir. Bas, nazar soluvchilar uni aylanib ko‘rib, binosining go‘zalligidan ajablanadilar. Faqat haligi g‘isht o‘rnidan boshqa ayb topa olmaydilar. Bas, men o‘sha g‘ishtning o‘rnini to‘lg‘azdim. Men bilan bino xotimasiga yetdi. Payg‘ambarlar oxiriga yetdilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Yana bir hadisi sharifda bunday deyilgan:

“Boshqa anbiyolardan olti narsa ila afzal qilindim: 1. Menga jamlovchi kalom berildi. 2. Menga dushmanimga qo‘rqinch solish ila nusrat berildi. 3. Menga o‘ljalar halol qilindi. 4. Menga yer poklovchi va masjid qilindi. 5. Men hamma xaloyiqqa yuborildim. 6. Men bilan nabiylar tugatildi” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyatlari).

Yana bir muhim jihat, ushbu ruhiy nosog‘lom kimsa g‘aybni da’vo qilyapti. Tarqalgan virus odamlarning qilgan gunohiga keldi, deb ishonch bilan aytmoqda. G‘aybni faqat Alloh biladi, uni bilaman deyishning o‘zi ham kufrdir. Qur’oni karimda Alloh taolo O‘zini vasf qilib, shunday degan: “(U) g‘aybni biluvchidir. Bas, O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas” (“Jin” surasi, 26-oyat).
Boshqa bir oyati karimada:

“Ayting: “Alloh xohlaganidan tashqari o‘zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman. Agar g‘ayb (ilmi)ni bilsam edi, xayrli ishlarni ko‘p qilgan bo‘lur edim va menga yomonlik (ham) yetmagan bo‘lur edi. Men faqat imon keltiradigan qavm uchun ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman” (“A’rof” surasi, 188-oyat).

Hatto Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham g‘aybni bilishni da’vo qilmaganlar. Sahobalar davrida ham bunday vabolar kelgan. Qanchadan qancha buyuk sahobalar vabodan vafot etishgan. Ular Alloh taolodan bunday yomon gumonda bo‘lishmagan. Balki, sabr qilishgan, Allohdan ajr umid qilishgan.

Ushbu kimsaning qo‘lidagi xassasi o‘zidan ancha uzun, aslida hassa nari borsa odam bo‘yi baravar bo‘ladi, qo‘lidagi tasbeh ham odatiy emas, balki folbin, sehr-jodu qiluvchilarning anjomiga o‘xshaydi.

Shu o‘rinda yana bir muhim masala bor. Yuqoridagi kabi tasvirlarni keng tarqalishiga hissa qo‘shayotganlar bir narsani yaxshi anglab olsinlar. Har bir voqeani ommaga ko‘rsatish hamisha ham to‘g‘ri bo‘lavermasligiga insonning o‘z farosati yetishi kerak.

Qur’oni karim va hadisi shariflarda oxirgi payg‘ambar Muhammad alayhissalom ekani va u kishidan keyin kim payg‘ambarlik, rasullikni da’vo qilsa yolg‘onchi ekani aniq aytib qo‘yilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bunday xatti-harakatlarni qat’iy qoralaydi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs haqiqatan Samarqand viloyatida yashaydi. Ayni vaqtlarda Samarqand viloyati imom-xatiblari tomonidan mazkur fuqaro bilan Islom dini aqidasi va e’tiqodiy ta’limotlar yuzasidan suhbatlar olib borish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilamiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Mahalla yettiligi"ning vazifalari nimalardan iborat?

26.12.2024   6466   1 min.

O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.

"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.