بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِيْن، وَأَفْضَلُ الصَّلاَةِ وَأَتَمُّ التَّسْلِيْمِ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْن، أَمَّا بَعْدُ
NAMOZ – MO‘MINNING MЕ’ROJI
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, namoz mo‘minning me’roji bo‘lib, u bilan kishi o‘z Parvardigoriga munojot qiladi. Namoz dinimiz ustuni hisoblanadi. Namoz ibodatining bir qancha dunyoviy, uxroviy, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va tarbiyaviy fazilatlari, foydalari va hikmatlari mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz:
إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَلَذِكْرُ اللَّهِ أَكْبَرُ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مَا تَصْنَعُونَ
ya’ni: “Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug‘dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur” (Ankabut surasi 45-oyat).
Oyati karimada zikr qilinganidek Alloh taoloning ibodatida bo‘lgan kishi o‘z-o‘zidan yomon illatlardan, nojo‘ya ishlardan tiyiladi. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, namoz – insonga go‘zal tarbiya beruvchi ilohiy amaldir.
أرَأيْتُمْ لَوْ أنَّ نَهْرَاً بِبَابِ أَحَدِكُمْ يَغْتَسِلُ مِنْهُ كُلَّ يَوْمٍ خَمْسَ مَرَّاتٍ، هَلْ يَبْقَى مِنْ دَرنهِ شَيْءٌ؟ قالوا: لا يَبْقَى مِنْ دَرنهِ شَيْءٌ، قَالَ: فَذلِكَ مَثَلُ الصَّلَوَاتِ الخَمْسِ يَمْحُو اللهُ بِهِنَّ الخَطَايَا
(متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Birontangiz eshigi oldidan ariq oqib o‘tsa, u o‘sha ariqda bir kunda besh mahal cho‘milsa, unda kir qoladimi?” – deb so‘radilar. Shunda sahobalar: “Yo‘q, hech qanday kiri qolmaydi” – dedilar. U zot: “Besh vaqt namoz ham shunga o‘xshaydi. Alloh u bilan gunohlarni ketkazadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Yana boshqa bir hadislarida shunday deganlar:
"اَلصَّلَوَاتُ الْخَمْسُ، وَالْجُمْعَةُ إِلَى الْجُمْعَةِ، وَرَمَضَانُ إِلَى رَمَضَانَ مُكَفِّرَاتٌ مَا بَيْنَهُنَّ، إِذَا اجْتُنِبَتِ الْكَبَائِرُ"
(رواه الإمامُ مسلمٌ عن أبي هريرة رضى الله عنه)
ya’ni: “Jumadan jumagacha, Ramazondan Ramazongacha besh vaqt namozni o‘qish shu vaqt orasida bo‘lib o‘tgan kichik gunohlarga kafforatdir. Agar kabira (ulkan) gunohlardan saqlanilgan bo‘lsa” (Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, namozlarni risoladagidek o‘qigan odamning gunohlari kechiriladi, dilidagi g‘uborlar yuviladi, ruhiy holati yaxshilanadi.
"مَنْ حَافَظَ عَلَيْهَا كَانَتْ لَهُ نُورًا وَبُرْهَانًا وَنَجَاةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ، وَمَنْ لَمْ يُحَافِظْ عَلَيْهَا لَمْ يَكُنْ لَهُ نُورٌ وَلاَ بُرْهَانٌ وَلاَ نَجَاةٌ"
(رواه الإمامُ أحمدُ عن عبد اللَّه ابن عمر رضى الله عنهما)
ya’ni: “Kim namozni o‘z vaqtida o‘qisa, qiyomat kuni namoz u kishi uchun nur, hujjat va najot bo‘ladi. Kim namozni o‘qimasa, qiyomat kuni u kishi uchun nur, hujjat va najot bo‘lmaydi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
يا مُحَمَّدُ، إنَّهُنَّ خَمْسُ صَلَواتٍ كُلَّ يَومٍ ولَيْلَةٍ، لِكُلِّ صَلاةٍ عَشْرٌ، فَذلكَ خَمْسُونَ صَلاةً
(رواه الإمامُ أحمدُ والإمام الترميذي عن أنس رضى الله عنه)
ya’ni: “Ey, Muhammad, albatta, har kechayu kunduzda besh mahal namoz bor. Har bir namoz uchun o‘nta namozning savobi beriladi. Shunda go‘yo ellik mahal namoz o‘qilgan bo‘ladi (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, besh vaqt namoz o‘qisak, Alloh taolo bizga ellik vaqt namoz o‘qiganning ajrini berar ekan.
Ayniqsa, har birimiz imkon qadar namozlarimizni masjidlarda jamoat bilan ado etishga odatlansak, juda katta ajr va mukofotlarga erishamiz. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
" صَلَاةُ اَلْجَمَاعَةِ أَفْضَلُ مِنْ صَلَاةِ اَلْفَذِّ بِسَبْعٍ وَعِشْرِينَ دَرَجَةً "
(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)
ya’ni: “Jamoat namozi yolg‘iz (o‘qigan)ning namozidan yigirma yetti daraja afzaldir” (Muttafaqun alayh).
Yana boshqa bir hadislarida shunday deganlar:
"مَنْ تَطَهّرَ فِي بَيْتِهِ ثُمّ مَشَىَ إِلَى بَيْتٍ مِنْ بُيُوتِ الله، لِيَقْضِيَ فَرِيضَةً مِنْ فَرَائِضِ الله، كَانَتْ خَطْوَتَاهُ إِحْدَاهُمَا تَحُطّ خَطِيئَةً، وَالأُخْرَى تَرْفَعُ دَرَجَةً"
(رواه الإمام مسلم عن أبي هريرة رضى الله عنه)
ya’ni: “Kim uyida tahorat qilib, so‘ng Allohning farzlaridan bir farzni ado qilish maqsadida Allohning uylaridan bir uyga (masjidga) qarab yursa, har bir qadam tashlaganda unga savob yozilishi bilan birga xatolari ham o‘chirilib boradi” (Imom Muslim rivoyatlari).
"مَنْ صَلَّى العِشَاءَ فِي جَمَاعَةٍ، فَكَأنَّمَا قَامَ نِصْفَ اللَّيْلِ، وَمَنْ صَلَّى الصُّبْحَ في جَمَاعَةٍ، فَكَأنَّمَا صَلَّى اللَّيْلَ كُلَّهُ"
(رواه الإمامُ الترمذي عن عثمانَ بنِ عفانَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Kimki xufton namozini jamoat bilan ado etsa, go‘yo tunning yarmini qoim qilibdi. Agar bomdod namozini ham jamoat bilan ado qilsa, tun bo‘yi qoim bo‘lgan kabidir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Dinimizda farz namozlaridan tashqari sunnat va nafl ibodatlarga ham alohida urg‘u berilgan. Zero, nafl ibodatlar Haq subhanahu va taoloning huzuridagi martabamizni ko‘tarilishiga hamda farz namozlarimizning kamchiliklarini to‘ldirishda yordamchi bo‘ladi. Xususan, farzlardan avval va keyin o‘qiladigan sunnatlarning fazilatlari juda ko‘pdir. Jumladan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
"مَنْ صَلَّى فِي يَوْمٍ وَلَيْلَةٍ ثِنْتَيْ عَشْرَةَ رَكْعَةً بُنِيَ لَهُ بَيْتٌ فِي الْجَنَّةِ: أَرْبَعًا قَبْلَ الظُّهْرِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَهَا، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْمَغْرِبِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْعِشَاءِ، وَرَكْعَتَيْنِ قَبْلَ صَلَاةِ الْفَجْرِ"
(رواه الامام الترمذي عن أم حبيبة رضي الله عنها)
ya’ni: “Kim bir kecha va kunduzda (farzdan tashqari) o‘n ikki rakat namoz o‘qisa, unga jannatdan uy quriladi. Peshindan oldin to‘rt va keyin ikki rak’at. Shomdan keyin ikki rak’at, Xuftondan keyin ikki rak’at. Bomdoddan oldin ikki rak’at” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Bu hadisni eshitgan Ummu Habiba raziyallohu anhu onamiz: “Shundan keyin ularni doimo o‘qib kelmoqdaman”, – deganlar.
Hanafiy mazhabimizda ushbu rivoyatni, to‘lig‘icha hayotga tatbiq qilingan. Ushbu hadisda farz namozlariga tobe’ sunnatlarni doimiy ravishda o‘qib borishga qattiq targ‘ib va ulkan va’da bor. Bu va’da – jannatda ushbu namozlar uchun mukofot tariqasida Alloh taolo tomonidan qurib beriladigan alohida uy (qasr)dir. Shuning uchun ham Ummu Habiba onamiz, ushbu hadisni eshitganlaridan boshlab, u namozlarni aslo qoldirmay ado qilganlar.
Yana bir muhim jihat hanafiy mazhabimizda farzdan keyingi sunnatlarni farzning izidan darhol o‘qiladi. Faqat hadisi sharifga muvofiq ularning o‘rtasi quyidagi kalimalar bilan bo‘linadi. Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam farz namozni tugatganlarida uch marta “Astag‘firulloh”der edilar va:
اللَّهُمَّ أَنْت السَّلَام، ومنك السَّلَام، تَبَارَكت ذَا الْجلَالِ وَالْإِكْرَام
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: “Ey, Alloh, sen Salom (salomatlik beruvchi)san, salom (ya’ni, salomatlik) sendandir, sen muborak bo‘lding, ey, jalol va ikrom egasi!” (Imom Muslim rivoyatlari).
Yuqoridagi ma’lumotlarga binoan, farzlardan keyingi sunnatlarni masjidda o‘qish sunnatga zid emasligi va mazhabimiz qonun-qoidalariga muvofiq kelishini ta’kidlash lozim.
Hurmatli azizlar! Ma’ruzamizning davomida Ahli sunna val jamoaning eng buyuk imomlaridan biri bo‘lmish Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatulloh alayh haqlarida suhbatlashamiz. Sababi, hozirgi kunda bu ulug‘ zotni yaxshi tanimasdan u zotga nisbatan nojo‘ya so‘zlarni aytayotgan sayoz bilimli kishilar ko‘paymoqda. Bu zotning Islom olamidagi o‘rinlarini bilish uchun u zotni hayotlari va ijodlari bilan yaqindan tanishish kerak bo‘ladi.
Faqih, mutakallim, mufassir, usulul-fiqh olimi, Ahli sunna val jamoaning shayxi Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy rahmatulloh alayh taxminan hijriy 248 yillarda Samarqandda tug‘ilib, 333 h.yilda vafot etganlar. Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn qilinganlar. Islom dinining oltin asrlarida yashaganlar (ya’ni, 3-4 hijriy asrlar, Abbosiylar xalifaligi davri, Movarounnahrda Somoniylar hukmronligi yillari). U kishi Hanafiy mazhabida bo‘lib, arab tilida ijod qilganlar. Kamoliddin Qozi Bayzoviy Imom Moturidiyning nasabi mashhur sahobiy Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuga borib taqalishini aytib o‘tganlar. Imom Moturidiy “Hidoyat imomi”, “Hidoyat bayrog‘i”, “Musulmonlar aqidasini to‘g‘rilovchi” kabi bir qancha nomlar bilan mashhur bo‘lganlar. U zot bir qancha kitoblar ta’lif qilganlar, bizgacha asosan uchta kitoblari yetib kelgan: “Kitabut-tavhid”, “Ta’vilotu ahli sunna” (bu ikkisi chop etilgan, o‘rganilgan), “Kitabul maqolot” (qo‘lyozmasi bor). Aksariyat mashhur Hanafiy ulamolar aqida bobida u kishining yo‘lidan yurishgan.
Imom Abu Mansur Moturidiy – Ahli sunna val jamoa e’tiqodini naqliy va aqliy dalillar bilan sharhlashda Islom olamida nom qozongan zotlardan biri. Turli botil aqidaviy firqalar ko‘payganda u zot sahobalar, tobe’inlar va zamondoshlari bo‘lgan taba tobe’inlarning sog‘lom aqidalarini jamlab, sharhladilar va Ahli sunna aqidasini himoya qildilar. U zot va shogirdlari aqidaviy maktab (yo‘nalish) tashkil qilishdi va u Moturidiya aqidaviy mazhabi deb ataldi. Bu ishda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qoldirgan ilmlari va ijtihodlaridan ko‘p foydalanganlar. Shu sababli bu aqida maktabi izdoshlarining ko‘pchiligi hanafiylardir. Hozirgi kunda dunyo musulmonlar ommasining yarmidan ko‘pi Moturidiya aqidaviy yo‘nalishiga ergashadilar. Qolgan yarmi esa, Imom Abul Hasan al-Ash’ariy aqida mazhabiga ergashadilar va ikki mazhab bir butun bo‘lib, Ahli sunna val jamoani tashkil etadi.
Imom Abu Mansur Moturidiyning eng mashhur ustozlari quyidagi ulamolardir:
Usul va furu’ ilmlarini o‘zida jamlagan va turli ilmlarda mohir bo‘lgan olim edilar.
E’tiborli joyi shundaki, Imom Abu Mansur Moturidiy ikki ustoz vositasida Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad silsilasiga bog‘lanadilar. Yuqorida sanalgan to‘rtta ustozlaridan Muhammad ibn Muqotil, Imom Muhammadning shogirdi Abu Mutiy’ Hakam ibn Abdulloh Balxiydan dars olganlar. Qolgan uchta ustozlari ham Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning shogirdi bo‘lgan Abu Sulaymon ibn Muso ibn Sulaymon Juzjoniydan dars olganlar.
Bu ustoz-shogirdlar silsilasi bizga Imom Moturidiyning barcha ustozlari Ahli sunna va jamoa ulamolari bo‘lgani va Islom ummati e’tirof qilgan, bir ovozdan qabul qilgan mujtahid olimlarga juda yaqin bo‘lganini ko‘rsatadi.
Imom Abu Mansur Moturidiy va Imom Abul Hasan Ash’ariy Ahli sunnatning aqoid bobida imomi ekanlari haqida ko‘p ulamolar ta’kidlashgan. Jumladan, Imom Ibn Hajar Haytamiy shunday deydilar:
المراد بالسنة ما عليه إماما أهل السنة والجماعة الشيخ أبو الحسن الأشعري وأبو منصور الماتريدي
ya’ni: “(Ahli sunna so‘zidagi) Sunnatdan maqsad – ahli sunna val jamoa imomlari Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy tutgan yo‘ldir” (“Az zavojir an iqtirofil kaboir” kitobi).
Mashhur muhaddis olim Murtazo Zubaydiy rahmatullohi alayh aytadilar:
"إذا أطلق أهل السنة والجماعة فالمراد بهم الأشاعرة والماتريدية"
ya’ni: “Agar hech qanday qaydlarsiz “Ahli sunna val jamoa” deyilsa Ash’ariylar va Moturidiylar tushiniladi” (“Ithafu saadatil muttaqin sharhu ihyoi ulumid din” kitobi).
Alloma Toshkubrozoda aytadilar:
ثم اعلم أن رئيس أهل السنة والجماعة في علم الكلام - يعني العقائد - رجلان، أحدهما حنفي والآخر شافعي، أما الحنفي فهو أبو منصور محمد بن محمود الماتريدي، إمام الهدى... وأما الآخر الشافعي فهو شيخ السنة ورئيس الجماعة إمام المتكلمين وناصر سنة سيد المرسلين والذاب عن الدين والساعي في حفظ عقائد المسلمين، أبو الحسن الأشعري البصري
ya’ni: “Ma’lum bo‘lsinki, Ahli sunna val jamoaning kalom ilmi (ya’ni, aqoid)dagi raislari ikki kishidir: Birlari hanafiy, boshqalari shofe’iy mazhabida. Hanafiylari Abu Mansur Muhammad ibn Mahmud Moturidiy bo‘lib, u zot “Imomul Huda” – "Hidoyat imomi" degan nom qozongan. Shofe’iylari “Sunnat shayxi”, “Jamoat raisi”, “Mutakallimlar imomi”, “Payg‘ambarlar sayyidi sunnatlariga yordam beruvchi”, “Din himoyachisi”, “Musulmonlar aqidasini saqlashga harakat qiluvchi” Abul Hasan Ash’ariy Basriydir” (“Miftahus saoda” kitobi).
Imom Muhammad Zohid Kavsariy aytadilar:
"فالأشعري والماتريدي هما إماما أهل السنة والجماعة في مشارق الأرض ومغاربها، لهم كتب لا تحصى،
وغالب ما وقع بين هذين الإمامين من الخلاف من قبيل الخلاف اللفظي
ya’ni: “Imom Ash’ariy va Imom Moturidiy – mashriqu va mag‘ribda Ahli sunna val jamoa imomlaridir. Ularning ko‘p sonli kitoblari bor. Ular o‘rtasidagi aksariyat ixtiloflar lafziydir”.
Xulosa, Imom Moturidiyning ilmiy salohiyati juda yuqori bo‘lib, barcha ulamolar bir ovozdan Ahli sunna val jamoaning imomi deb e’tirof etishgan. U zot dinimizning sof manbalari sahobalar, tobe’inlar va taba tobe’inlarga juda yaqin davrda yashashgan va ularning ilmlaridan barakali foydalanganlar.
Joriy yil 3-5 mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu xalqaro konferensiyadan maqsad Buyuk ajdodimiz, Islom olamining faxri Imom Moturidiy rahmatulloh alayhning ilmiy meroslarini yanada chuqur o‘rganish, moturidiylik yo‘nalishining buzg‘unchi oqimlarga qarshi mohiyatini ochib berish hamda O‘zbekistonning “Buyuk allomalar yurti” sifatidagi tarixiy maqomini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Konferensiyada Misrning Al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Tayyib hafizahulloh, shuningdek, dunyoning turli mamlakatlaridan ko‘zga ko‘ringan ulamolar ishtirok etishi kutilmoqda.
Alloh taolo Imom Abu Mansur Moturidiy hazratlarini O‘z rahmatiga olsin! U zotning ilmiy meroslarini o‘rganishni avvalo o‘zimizga va avlodlarimizga nasib etsin! Zirriyotlarimizdan bu zotga o‘xshagan “Imamul huda” – Hidoyat imomlarini chiqishini nasib aylasin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “JANNAT – ONALAR OYOG‘I OSTIDA” mavzusida bo‘ladi.
(vahiyning ta’rifi va turlari)
Hadis Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) bo‘lib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.
Biroq keyingi asrlarda bu masala bo‘yicha shubha-gumonlar uyg‘otuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo bo‘ldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini da’vo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, go‘yo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.
Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yo‘q emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil da’volarning tagi puch ekani ko‘rsatib berish bugun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bag‘ishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Kur’oni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi (https://muslim.uz/oz/e/post/47287-hadislar-ham-alloh-muhofazasidadir). Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat bo‘lmasdi.
Ushbu maqolada vahiyning ta’rifi va turlariga to‘xtalishga qaror qildik. Bu safar payg‘ambarlik Kitob nozil bo‘lishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qur’on) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab o‘tamiz.
“Vahiy” so‘zi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” ma’nolarini anglatadi. Payg‘ambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” so‘zining aksari shu ikki ma’noga tayanadi.
Rog‘ib Isfahoniy o‘zining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (ma’nosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora ko‘rinishidagi so‘z, biror tovush, tana a’zolari harakati va yoki yozuv orqali sodir bo‘lishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yo‘llagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Sho‘ro surasining 51-oyatiga ko‘ra, ushbu jarayon bir necha turga bo‘linadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir”.
Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi ko‘rinishlarda nozil bo‘ladi.
Ko‘rinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlarini eshittirishi misol bo‘ladi.
Bevosita so‘zlashish. Muso alayhissalom kabi so‘zlovchini ko‘rmay turgan holda, aytganlarini tinglash.
Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.
Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.
Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – mo‘minning tushi”, deb marhamat qilganlar
Rog‘ib Isfahoniyning so‘zlariga ko‘ra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi so‘zlovchi ko‘rmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yo‘llagan kalomi vahiydir” degan gapdan ma’lum bo‘ladiki, “vahiy” so‘zi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning o‘ziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday ta’riflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita bo‘lsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qat’iy sobit bo‘lgan ma’rifatdir”.
Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq ko‘rinishini sanab o‘tishgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qur’oni karimda belgilagan quyidagi to‘rt asosiy shaklga borib taqaladi:
1. Jabroil alayhissalomning o‘z asliy qiyofasida ko‘rinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda ko‘rganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.
2. Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham ko‘rgan. Ko‘pincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, ba’zan notanish a’robiy ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.
3. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.
4. Jabroil alayhissalomning odamlarga ko‘rinmay tushishi. Bu vahiyning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, bunda atrofdagilar farishtani ko‘rmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi og‘ir o‘zgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, bunday holat oldidan qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning g‘ung‘ullashiga o‘xshatgan.
Qur’oni karimning to‘laligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil bo‘lgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil bo‘ladi: “Albatta, (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.
Vahiy Alloh taoloning payg‘ambarlariga yo‘llagan ilohiy xabari bo‘lib, turli ko‘rinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qo‘shni haqida shunchalar ko‘p nasihat qildiki, “uni merosxo‘rlardan qilib qo‘ymasa edi” deb o‘ylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning O‘z elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, o‘z-o‘zidan biror ishga qo‘l urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qur’oni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.
Mazkur dalillar shuni ko‘rsatadiki, islomni faqat Qur’on bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na shar’iy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qur’on, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qur’on va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 14 maydagi 4224 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi