Inson uchun kindik qoni to‘kilgan yer qadrli bo‘ladi, qayerda bo‘lmasin unga talpinaveradi. Vatanni sevish, uni ardoqlash inson tabiatidagi nozik, teran tuyg‘u. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Madinaga hijrat qilayotib, tug‘ilib o‘sgan Vatani – Makka shahriga yuzlanib: “Qanday yaxshi yurtsan! Men uchun naqadar sevimlisan! Agar qavmim meni sendan chiqarmaginda, sendan boshqa yurtda yashamas edim”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Hayotimizga ma’no va mazmun olib kiruvchi tinchlik-hotirjamlik kabi ilohiy ne’matlarning qadriga yetish, ularga shukr qilish, uni asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizdir. Buni, ayniqsa, yurt himoyachisi degan sharafli va mas’uliyatli kasbni tanlagan harbiylarimiz yanada teranroq anglaydi.
1992 yil 14 yanvar kuni mustaqil davlatimiz tarixida muhim voqea yuz berdi. Respublikamiz Qurolli Kuchlari tashkil topdi. 1993 yildan e’tiboran 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni”, deb e’lon qilindi. Joriy yil ana shu shonli sananing 28 yilligini nishonlayapmiz.
Insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoiyligi ona Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo‘lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo‘shishi bilan o‘lchanadi.
Ushbu qutlug‘ sana bilan yuragida Vatan va xalq sevgisi mahkam joy olgan shijoatli o‘g‘lonlar, yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlayotgan aka-ukalarimiz qatori yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida turli sohalarda xizmat qilayotgan barcha vatandoshlarimizni muborakbod etamiz.
Bahriddin XUSHBOQOV
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kunlaringizning eng afzali juma kunidir. Shu kunda menga salavotni ko‘paytiringlar. Chunki menga salavotlaringiz ko‘rsatiladi", dedilar.
Shunda sahobalar: "Yo Rasululloh, sizning suyaklaringiz chirib ketsa, qanday qilib bizning salavotlarimiz sizga ko‘rsatiladi?" deyishdi.
U zot alayhissalom: "Alloh taolo payg‘ambarlarning jasadlarini yeyishni yerga harom qildi", dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).