Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Mart, 2026   |   8 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:54
Quyosh
06:13
Peshin
12:33
Asr
16:53
Shom
18:47
Xufton
20:01
Bismillah
28 Mart, 2026, 8 Shavvol, 1447

Fitnadan kim foyda ko‘radi?

14.11.2019   2507   5 min.
Fitnadan kim foyda ko‘radi?

Oxirgi paytlarda mujtahid imomlarga ergashib, birdamlikda ibodatini qilib yurgan musulmonlar jamoasini bo‘linib, turli xil qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarish avj olmoqda. Afsuslanarli jihati shundaki, avvaldan bir-biriga do‘st-birodar bo‘lib yashab kelayotgan jamiyat orasida arzimagan narsalar evaziga katta fitna qo‘zg‘atish, bu bilan musulmon jamiyatini tarqoq ahvolga olib kelib ko‘zlanayotgandek go‘yo. Ammo bundan kim manfaat ko‘radi? Fitna, bo‘linish, tarafkashlik kabi illatning oxiri nimaga olib boradi? Tarixdan ham bunga  ko‘plab misollarni keltirish mumkin.

Ana shunday fitna uyushtirganlardan biri bu Umar roziyallohu anhuning davrlarida, Qur’oning mutashabih oyatlarini odamlar orasida tafsir qilib fitna qo‘zg‘atib yurgan Sabig‘ ibn Asal ismli kishi edi. Uni Umar roziyallohu anhu hammaga ibrat bo‘ladigan tarzda jazolagan edilar. 

Bu voqeani Imom Dorimiy rahmutullohi alayh o‘zlarining «Sunan» asarlarida quyidagicha rivoyat qilgan:

«Sabig‘ (ibn Asal) Iroqiy (ismli kishi) musulmon jangchilar ichida Qur’ondagi turli narsalardan so‘ray boshladi. U Misrga kelganida Amr ibn Oss uni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga yubordi. Chopar maktubni olib kirgan edi, uni o‘qib bo‘lib:

«Bu odam qani?» dedi.

«Yuklar bilan», dedi u.

«Tez top! Agar ketib qolgan bo‘lsa, senga alamli uqubat yetadi!» dedi.

Uni olib keldi. Umar unga: «Nimalar haqida so‘raysan», dedi. U aytib berdi. Umar xurmo shoxi so‘rab, odam yubordi. O‘sha bilan uning orqasini urib, yara qildi. Keyin uni qo‘yib qo‘ydi va tuzalganidan keyin yana urdi. So‘ngra uni qo‘yib qo‘ydi va tuzalganidan keyin yana urdi. Keyin uni yana urish uchun oldirib keldi. Shunda u: «Ey mo‘minlarning amiri, agar meni o‘ldirmoqchi bo‘lsangiz, chiroyli qilib o‘ldiring. Agar davolamoqchi bo‘lsangiz, Allohga qasamki, tuzaldim», dedi. U kishi unga o‘z yurtiga ketishga izn berdi va Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhuga: «Musulmonlardan hech kim u bilan o‘tirmasin», deb maktub yozdi. Bu haligi odamga nihoyatda og‘ir bo‘ldi. Abu Muso Umarga: «Uning holi yaxshi bo‘ldi», deb yozdi. Shunda Umar roziyallohu anhu: «Odamlarga u bilan o‘tirishlariga izn beraver», deb yozdi».

Bu odam Bani Tamimlik Sabig‘ ibn Asal bo‘lib, Qur’ondagi ba’zi oyatlardan ixtilofli muammo chiqarishga urinar edi. 

Hazrati Umar ko‘rgan choradan keyin u yuz kishining oldiga kelsa ham, hammasi tarqalib ketar edi. Mana shunday qilib Umar roziyallohu anhu bu fitnachini davoladilar.

Ming afsuslar bo‘lsinki, Qur’on, Sunnat va salaflarga ergashish da’vosi bilan chiqib, Sabig‘ ibn Asalga o‘xshab ummat o‘rtasida turli tafriqa va bo‘linishni keltirib chiqaradigan soxta salafiylar diyorimizda paydo bo‘lib qoldi.

Aslida bu oqimning tarixiga nazar tashlasak, ular hijriy to‘rtinchi, melodiy o‘ninchi asrda paydo bo‘lgan. Bu haqida muhaqqiq olim Abu Zahro rahmutullohi alayh asarida shunday yozadi: «Salafiyya deganda to‘rtinchi hijriy asrda paydo bo‘lgan toifa tushuniladi. Ular hanbaliy mazhabida bo‘lib, «Bizning qarash va fikrlarimiz Ahmad ibn Hanbalning fikriga borib taqaladi», deya da’vo qilishardi. So‘ng oradan vaqt o‘tib, aniqrog‘i yettinchi hijriy asrda bu da’voni Ibn Taymiya yana qayta jonlantirdi va ko‘p masalalarda yangliklar kiritdi. So‘ng o‘n ikkinchi hijriy asrda Arab yarim orolida bu qarashlar yana qayta jonlantirildi. Bu ishni Muhammad ibn Abdulvahhob amalga oshirdi».

Demak, salafiylar uch bosqichli marhaladan so‘ng arab yarim orolida o‘z fikr va qarashlarini rivojdantirgan. Bu fikr va g‘oyalarni 1970-1980 yillarda asli kasbi soatsoz bo‘lgan, tayinli ustozda tahsil olmagan Nosiriddin Alboniy ismli kishi yanada ommalashtirgan va vahobiy degan nomni salafiy degan nomga o‘zgartirgan.

Agar salafiylarning asoschilari yashab o‘tgan davrni ko‘rsak, o‘sha davrning buyuk olimlari salafiylik g‘oyasini tarqatayotgan oqim asoschilariga ilmiy raddiyalar berib, ularning yo‘llari xatoligini isbot qilishgan. Jumladan, Ibni Taymiyani o‘z davridagi ko‘plab olim, qozi va faqihlar tanqid ostiga olgan. U o‘zining noto‘g‘ri e’tiqodi sababli bir necha bor qamalgan. Hatto Ibn Taymiyaning shogirdi bo‘lgan imom Zahabiy rahmutullohi alayh ustozining noto‘g‘ri e’tiqoddan qaytishini so‘rab unga maktub yozgan. 

Agar salafiylik da’vosini yaxshilab o‘rganadigan bo‘lsak, bu da’vo puch ekanini bilish mumkin. Chunki, salafiylik da’vosini qilayotgan kimsa, «Bizning yo‘limiz salaflar, ya’ni sahoba va tobeinlar yo‘li», deydi. Mantiqan olib qaralsa, bu asossiz da’vodir. Chunki, Allohning kalomi, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning sunnatlari, sahobalarning so‘zini Ibn Taymiya yoki Muhammad ibn Abdulvahhob yoki Alboniydan ko‘ra, imom Abu Hanifa, imom Molik, imom Shofeiy va imom Ahmad rahmutullohi alayhimlar yaxshi tushunishgan. Kim mana shu to‘rt mazhabning biriga ergashsa, haqiqiy salaflarning yo‘lini tutgan bo‘ladi. Salafiylarning yo‘liga ergashish esa, aslida sahoba va tobeinlarning emas, aksincha Alboniy va unga o‘xshagan kimsalarning fikr va qarashlariga ergashishdir.

Internet ma’lumotlari asosida
Quva tumani “Qo‘shkechik masjidi imom-xatibi
Bozorali X
OMIDOV tayyorladi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shvetsiya, Norvegiya va Daniyadagi vatandoshlar bilan ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi

27.03.2026   6426   3 min.
Shvetsiya, Norvegiya va Daniyadagi vatandoshlar bilan ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi

#xabar #uchrashuv #vatandosh
O‘zbekiston delegatsiyasining Shvetsiya safari doirasida 25 mart kuni Shvetsiya, Norvegiya va Daniyada o‘qish va ish bilan bo‘lib turgan 200 nafardan ziyod vatandoshlarimiz bilan bir piyola choy ustida uchrashuv tashkil qilindi.


Tadbir avvalida Shvetsiyadagi vatandoshlar jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xususan, milliylikni saqlash, hamjihatlikni mustahkamlash, sport musobaqalari va ta’lim-tarbiya ishlari to‘g‘risida taqdimot qilindi. 
  
Uchrashuvda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar holidan xabar olish, ularning huquq va manfaatlari, e’tiqodlarini himoyalash borasida Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan juda katta ishlar qilinayotgani e’tirof etildi. Jumladan, Ramazon oyida ulamolar, imom-xatiblar va qorilarni dunyo davlatlariga yuborish an’anaga aylangani, bu yil ham bir guruh ulamolar Rossiya, Janubiy Koreya, AQSH va Yevropa mamlakatlarida bo‘lib qaytgani, u yerlarda vatandoshlarimiz uchun iftorlik dasturxonlari yozilib, ma’rifiy suhbatlar tashkil etilgani yuqori baholandi.


Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari vatandoshlar jamoasi va ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘zbek jamiyati muhiti yaxshi shakllangani, Vatan nafasi yaqqol sezilib turgani va vatanparvarlik fazilati sayqallanayotganini ta’kidladilar. 

Yangi O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, Ramazon oyidagi tadbirlar, xatmi Qur’onlar, Qadr kechasidagi duolar, Ramazon hayiti arafasida Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi ochilishi katta bayram tuhfasi bo‘lgani alohida qayd etildi.


Muftiy hazratlari Vatan va unga bo‘lgan muhabbat tushunchasi borasida Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflar va mo‘tabar manbalar asosida so‘zlab berdilar. 


Mamlakatimizda insonni qadrlashga bo‘lgan e’tibor yil sayin ortayotgani, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, xayriya ishlariga juda katta mablag‘ ajratilgani raqamlar va misollar asosida keltirib o‘tildi.

Shuningdek, bugungi murakkab va qaltis davrda har qachongidan ham ogoh va hushyor bo‘lib yashash zarur bo‘layotgani, har qanday diniy masalada savol yoki murojaatlar bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markaziga bog‘lanish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.


Vatandoshlarimiz, xususan, fan doktori Muhiddin Shirinov Sobiq ittifoq davri bilan bugungi kunni qiyoslansa, juda katta o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, Shvetsiya parlamentida chiqish qilish ham O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi nufuzi ortib borayotganiga bir misol bo‘lishini ta’kidladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan vatandoshlarning ilm-fan, madaniyat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, sport sohasidagi yutuqlari yuqori baholandi.


O‘zbekiston delegatsiyasi vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan korxonalar faoliyati bilan ham tanishdi. 


Uchrashuvda vatandoshlarimiz olis masofalardan kelib ona Vatan nafasini his ettirishga harakat qilgani uchun delegatsiya a’zolariga o‘z minnatdorliklarini izhor etishdi. Yakunda Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, duolar qilindi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Shvetsiya, Norvegiya va Daniyadagi vatandoshlar bilan ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi Shvetsiya, Norvegiya va Daniyadagi vatandoshlar bilan ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi Shvetsiya, Norvegiya va Daniyadagi vatandoshlar bilan ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi Shvetsiya, Norvegiya va Daniyadagi vatandoshlar bilan ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi
Dunyo yangiliklari