Joriy yilning 1 noyabr kuni “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida amerikalik mutaxassislar ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman va “Talabalar ilmiy jamiyati” bo‘lib o‘tdi. Anjumanning 1-qismida ta’lim muassasasi direktori, falsafa doktori Nozima Ibragimova tomonidan Institute of Global Engagement qoshidagi “Center of Women, Faith and Leadership”ning 2019 yilgi dasturi doirasida amalga oshirilgan loyiha bo‘yicha nutq so‘zlandi. Unda Nozima Ibragimova “The pride of Uzbek women” mavzusida taqdimot qildi. So‘ng qisqa tanaffus uyushtirilib, mehmonlarga ta’lim muassasasi talaba qizlari ishtirokida mavlid oyi munosabati bilan go‘zal nashidalar kuylandi. Tanaffusda amerikalik mehmonlar ta’lim muassasasi bo‘ylab sayohat qildilar. Talabalar bilan jonli suhbatda bo‘ldilar.
Anjumanning 2-qismida “Talabalar ilmiy jamiyati” bo‘lib o‘tdi. Unda 11 tatalaba qizlar ishtirokida din va ma’naviyat uyg‘unligi haqida, xususan, “Wisdom in Islam”, “The Religious Tolerance in Uzbekistan” kabi mavzularda taqdimot asosida nutq so‘zladilar. Shundan so‘ng, mehmonlar o‘zbek taomlari va an’analaridan bahramand bo‘ldilar. Bu uchrashuv va anjuman juda mazmunli va esda qolarli bo‘ldi. Mehmonlar va talaba qizlarda katta taassurot qoldirdi.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha
direktor o‘rinbosari Zaynab Komiljonova
Toshkent islom instituti qoshida faoliyat yuritayotgan Jizzax shahridagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi bitiruvchilari va soha mutasaddilari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonxon domla Jabborov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov, institut prorektori Jahongir qori Ro‘ziyev hamda diniy soha vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik ne’matining qadri hamda bu ezgu ne’matlarga shukronalik keltirishning ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. Insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ilm-ma’rifatga targ‘ib qilish bugungi kunning muhim vazifalaridan ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida o‘quv kursi faoliyati va rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan mas’ullar hamda hamkor tashkilot vakillari institut nomidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shundan so‘ng o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Marosim so‘ngida yurt tinchligi, xalq farovonligi va ilm ahlining rivojini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati