Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2026   |   10 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:33
Quyosh
05:05
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:22
Bismillah
24 Iyul, 2026, 10 Safar, 1448

Loqaydlik - taraqqiyotga to‘siq

18.10.2019   7578   8 min.
Loqaydlik - taraqqiyotga to‘siq

Loqaydlik bu – burch va mas’uliyatni his qilmaslik, atrofdagilarning, o‘zining taqdiri va kelajagiga daxldor voqeliklarga e’tiborsizlikdir. Barcha davrlarda ziyolilar bunday illatga qarshi kurashganlar, xalqni ogohlantirib kelganlar.

Hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatning maqsadi kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tish konsepsiyasidir. Bunda fuqarolardan davlat va jamiyatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida faol ishtirok etishlari talab etiladi. Buning uchun xalqni bir maqsad yo‘lida, ezguliklar sari safarbar etish, insonlardagi loqaydlik va beparvolikka barham berish lozim bo‘ladi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, bunday illatga qarshi kurash alohida ahamiyat kasb eta boshladi. Prezidentimiz ham doimo fuqarolarimizni ogohlikka va e’tiborli bo‘lishga chaqiradi. Bu shuning uchun kerakki, loqaydlikning ma’no mazmuni na muqaddas dinimiz mohiyatiga, na boshqa taraqqiyot qonunlariga to‘g‘ri keladi. Uni yana dangasalik, tanballik, boqimandalik, boqibeg‘amlik va beparvolik kabi salbiy illatlar bilan bog‘lash mumkin. Bular jamiyatni tubanlashtiradigan omillardandir. Hozirgi davrning talabi – aniqlik va yangiliklardan tezkorlik bilan xabardor bo‘lish. Loqaydlik esa bunga tamomila ziddir.    Bu illatning jamiyat uchun qanchalik zararli ekanini inobatga olib mashhur shaxslarning quyidagi fikrlarini keltiramiz:

Shayx Sa’diy aytadi: “Magar sen o‘zgalarning qayg‘usig‘a loqaydlik ila qarasang, sen inson degan nomg‘a noloyiqsen”.

Sohibqiron Amir Temur esa o‘zining tuzuklarida: “Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qat’iy tadbirkor va hushyor bir kishi minglab tadbirsiz loqayd kishilardan yaxshidir”, - deb ta’kidlaydi.

Nemis yozuvchisi Georg Lixtenberg aytadi: “Qayerdaki loqaydlik – u yerda xato, qayerdaki sovuqqonlik – u yerda jinoyat”.

Yusuf Xos Hojibning quyidagi misralari ham kishini xushyor bo‘lishga chorlaydi: “Har bir ishda ham g‘ofillik qilma, hushyor bo‘l, g‘ofillarning ishlari hech qachon ko‘ngildagidek bo‘lmaydi”.

Bahouddin Naqshband esa adashayotgan kishilarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishga chorlaydi:

Ko‘r ketar ekan bilmay istiqbolda choh,

Uni ogoh etmasang sendadir ulug‘ gunoh.

Hozirgi kunda xalqimiz orasida ham loqaydlik va beparvolik illatlari uchraydi. Ammo hech kim o‘z shaxsiy manfaatlari uchun loqayd emas.

Xulosa shuki, yangi davrda yangi jamiyat qurayotgan ekanmiz, noto‘g‘ri aqida va g‘oyalardan, zararli illatlardan voz kechishimiz biz uchun suv va havodek zarur. Abdulla Avloniy aytganidek, “Ma’rifat sohibi bo‘lmak uchun ahvoli olamdan xabardor bo‘lmak kerak”.

 Mavzuga doir mutafakkirlarning so‘zlari:

 G‘ofil odam ko‘z yumib g‘aflat uyqusiga botadi, ey irodali mard, g‘ofil bo‘lma, hushyor bo‘l.

YUSUF XOS HOJIB

 

Kimdir boshqalarga tilar omonlik,

Kimdir sog‘inadi faqat yomonlik.

Bir qarasang o‘xshash rangu ro‘ylari,

Biroq tamom boshqa fikru o‘ylari.

Sirtdagisin ko‘rib turibsan har on,

Ichdagi olamdan ogoh bo‘l, inson!

ABDULLA ORIPOV

 

Eligning[1] hushyorligi elga foyda keltirdi, shular tufayli elda tinchlik   va totuvlik qaror topdi.

YUSUF XOS HOJIB

 

G‘ofillik davlatni qo‘ldan ketkazar.

NIZOMULMULK

 

Har kishi nokas bilan hamkosadir,

Ming sharofatni kasofat bosadir.

MASHRAB

 

Amirning g‘ofilligi, vazirning xiyonati podshohlikni yo‘q qilar.

NIZOMULMULK

 

Agar biror qayg‘u-alam yuz bergani yoki taziyali joyni eshitsang, darhol u yerga bor, agar ziyofatu mehmondorchilikka chaqirilsang, unda o‘zing o‘ylab ish tut (o‘zing bilasan).

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Erursen shoh – agar ogohsen sen,

Agar ogohsen – shohsen sen.

ALISHЕR NAVOIY

 

Inson ibrat nazari ila boqub, dunyo kitobidan o‘z qadr-hissasini bilib olmagi lozimdur. Shuning uchun aql sohiblari, fatonat egalari o‘zlariga foydasi bo‘lsa-bo‘lmasa, sinchiklab qarag‘on narsalaridan bir hissa olmay qo‘ymaslar.

ABDULLA AVLONIY

 

G‘aflat aro xush ko‘ribon xush dema,

Vaqif[2] o‘lib, so‘ngra pushaymon yema.

ALISHЕR NAVOIY

 

Belni bog‘la, davringni sur,

Do‘stu, dushmanni sinab yur,

Yomon so‘zdan quloqni bur,

Sen g‘aflatda qolma, bolam.

Molim yo‘q deb, qiynama jon,

Davlat topilur har qachon,

Dushmaningga berma omon,

Har choq hushyor bo‘lgin, bolam.

BЕRDAQ

 

Ogoh kishini ehtiyotkorlikning oqibati bilan tanishtirgin. Hidoyatga boshlovchilarni eslatish orqali uni mulohaza yuritishga ko‘ndirib, olijanob ishlarni qilishga chaqir.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

G‘olib dushmandin hardam g‘ofil qolma,

O‘chirolmas isyon o‘tin o‘z haramingga solma.

ALISHЕR NAVOIY

 

Hushyor va zakovatli odam uldurki, uning fikr doirasi keng, uzoqni yaqindek ko‘ra oladigan g‘aflat uyqusidan yiroq, balki hamisha fikru zikri bilan uyg‘oq, maxfiy ishoratdan ham o‘ziga xulosa chiqara ola biladigan, so‘qir ko‘zdan ham yosh oqiza oladigan bo‘lur.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Hushyorliksiz biror nafas ham olmagan,

Nazari qadamidan o‘zga yerda bo‘lmagan.

ABDULXOLIQ G‘IJDUVONIY

 

Xudo ko‘rsatmasin, agar seni qayg‘u-hasratlarning kuchli yellari o‘rab olsa, unda dod-faryodu fig‘onlaring foyda bermas.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Do‘stlar fikridin va dushmanlar makridin beparvolig‘ joiz ermas va shu ish nadomatdin o‘zga natija bermas.

ALISHЕR NAVOIY

 

Ogoh bo‘lingizki, karim va hurmatli, vafodor odamni yo‘qotish er kishiga vafotdan ko‘ra ham og‘irroqdir.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Odamni g‘aflat uyqusiga botiruvchi g‘ofillikdir, g‘aflat uyqusiga g‘arq bo‘lgan odam jami ishlarini tashlab qo‘yadi.

YUSUF XOS HOJIB

 

G‘ofil bo‘lmaginki, g‘ofillik zulmatning moyasidir,

Do‘st yori bilan bo‘l, qalbingni nurli qiladi.

ABDULXOLIQ G‘IJDUVONIY

 

G‘ofil odamning hayoti – uyqu birla xomxayol,

Xayfdir johil bilan suhbatda o‘tgan damlaring.

 ZЕBUNNISO

 

Qashshoqliq, tengsizlik, odamning qadr-qimmatini yerga uradigan boshqa hamma narsa ham o‘tadi: uysiz uylik bo‘ladi, och to‘yadi, gap bunda emas, hamma gap shundaki, mana shu odamlarda odamlik g‘ururi karaxt bo‘lgan, bu odamlarda shunday hayotga qarshi isyon ruhi yo‘q, aksincha, bular shu hayotni qarilikday tabiiy, o‘limdek haq deb bilishar ekan.

ABDULLA QAHHOR

 

 Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsu islom bilim yurti 3-kurs talabasi Haydarov Ibrohim tayyorladi.

 

[1] Xalq

[2] Voqif

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy majmuasidagi jome masjidda juma namozi ado etildi

24.07.2026   1257   1 min.
Imom Buxoriy majmuasidagi jome masjidda juma namozi ado etildi

#xabar #juma #tashrif

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasidagi jome masjidda navbatdagi juma namozi ado etildi.


Ibodat oldidan Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov "Yetimlarga yordam berish – jannat kaliti!" mavzusida ma’ruza qildilar.

Suhbatda Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar asosida yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularning haq-huquqlarini muhofaza etish hamda bugungi kundagi «tirik yetimlar» muammosiga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.


Shuningdek, jamiyatda saxovat va bag‘rikenglikni mustahkamlash mo‘min-musulmonlarning muhim vazifasi ekani aytib o‘tildi. Namoz yakunida yurt tinchligi, el farovonligi va xayrli islohotlar bardavomligini so‘rab duolar qilindi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Imom Buxoriy majmuasidagi jome masjidda juma namozi ado etildi Imom Buxoriy majmuasidagi jome masjidda juma namozi ado etildi Imom Buxoriy majmuasidagi jome masjidda juma namozi ado etildi Imom Buxoriy majmuasidagi jome masjidda juma namozi ado etildi
O'zbekiston yangiliklari