Abu Mansur Moturidiyning to‘liq nomi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiyning ko‘proq manbalarga qaraganda 870 yilda Samarqandning Moturid qishlog‘ida (hozirgi Jomboy tumani) tug‘ilgan.
Abu Mansur Moturidiy sunniy e’tiqodidagi ikki yirik ta’limotlardan biri bo‘lmish moturidiya ta’limotining asoschilaridan hisoblanadi. Fiqh olimi, kalom ilmining moturidiylik oqimi asoschisi. «Imom al-hudo» («Hidoyat yo‘li imomi»), «Imom al-mutakallimin», («Mutakallimlar imomi») nomlari bilan ulug‘langan.
Moturidiylik aqidaviy yo‘nalishini keng quloch yozishi, xususan
usmoniylar davlati davriga to‘g‘ri keladi.
Moturidiyning ko‘plab asarlari mavjud bo‘lib, bu asarlarni
mavzularga ko‘ra nomlaridan kelib chiqib uch qismga bo‘lish mumkin:
1. Tafsir:
Moturidiyning “Ta’vilot al-ahli sunna” yoki “Ta’vilot al-Qur’on” nomi bilan tanilgan tafsiri bo‘lib, bu kitob Moturidiya aqidasida ma’lum-u mashhur bo‘lib, Moturidiya aqidaviy yo‘nalishidagi kishilar uchun bu tafsir avvalda ham, keyin ham bemisl deb sanalgan.
2. Kalom ilmi:
1. “Kitob at-tavhid” Moturidiyning bu kitobi kalom ilmiga oid asarlarining eng ahamiyatga molikligi hisoblanadi. Bu asarda u zotning kalom ilmiga tegishli qarashlari qaror topgan va yana eng muhim e’tiqodiy masalalarni bayon qilgan.
2. Aqida bo‘yicha risolalar.
3. Risola fil imon bu risolani Abu Mu’in Nasafiy Tamhid kitobida zikr etadi.
4. Maqolot: Moturidiyning “Maqolot” kitobi dastlabki “Maqolot” janridagi kitoblardan hisoblanadi. Biroq kitob bizgacha biron-bir nusxasi bizgacha yetib kelmagan.
5. Bayon vahmiy al-mu’tazila;
6. Radd tahzibiy al-jadal;
7. Radd vaidiy al-fusaq;
8. Radd availiy al-adilla;
9. Radd al-usul al-homsat ila Abi Muhammad Bohiliy.
3. Usul al-fiqh.
Moturidiya va ash’ariya ta’limotlariga bir-biriga juda ham yaqin. Ushbu o‘zaro yaqinlik, oralaridagi ittifoq va kelishuvni vujudga keltiradi. Natijada har ikkalasi «Ahli sunna-val-jamoa» yo‘nalishi bo‘lib tanilgan ikki toifaga aylandi.
Moturidiy o‘z ta’limotini an’analarini va ilmiy asarlari bilan
Movarounnahr ilohiyot maktabi rivojlanishiga katta ulush qo‘shdi.
Ilohiyot ilmlari to‘la shakllanib kamol topishiga xizmat qildi. Ularni
qayta ishlab chiqib, ma’lum tizimga solishdek bir ishni amalga oshirdi va
hanafiy talimotini O‘rta Osiyo xalqlarining urf-odatlari bilan
bog‘liqligini o‘z qarashlari orqali ko‘rsatib berdi. Uning ta’limoti
islom dinining buyuk aqidaviy oqimidan biri sifatida tanildi.
Mashhur turk olimi Toshkubrozodaning ta’kidlashicha: «Ahli-sunnaval jamoa»da kalom ilmi raislari ikki kishi bo‘lib, ulardan biri Hanafiy ikkinchisi Shofi’iydir. Hanafiy Abu Mansur al-Moturidiy Shofi’iy esa Abul Hasan Ash’ariydir”.
Ko‘rinib turibdiki, bizning diyorlarimizda aqida masalalarida moturidiya ta’limotlariga amal qilinadi.
Muhammadiyxon Hojiyev
Asaka tumani «Mirzaxoliq ota» jome masjidi imom xatibi
Sodiq Toshboyev,
“Haj-2026” mavsumi Ishchi guruhi rahbari
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ezgu o‘zgarishlar markazida, avvalo, inson qadri, uning manfaatlari va orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish masalasi turibdi. Ayniqsa, fuqarolarimiz uchun muqaddas haj va umra ziyoratlarini markazlashtirilgan holda tashkil etish, ularning ibodatlarini emin-erkin va qulay sharoitlarda ado etishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik ziyoratchilar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Natijada haj va umra safarlarini tashkil etish tizimi sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, hajning eng muhim bosqichlari hisoblangan Mino, Arafot va Muzdalifada hojilarimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar ham tubdan yaxshilanib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yangi bosqichga chiqdi. Ushbu maskanlarda hojilarni joylashtirish, transport qatnovi, oziq-ovqat ta’minoti, sanitariya-gigiyena, tibbiy xizmat hamda ibodatlarni tartibli ado etish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar ziyoratchilarimizning xotirjamligini ta’minlamoqda.
“Haj-2026” mavsumini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida barcha tashkiliy ishlar oldindan puxta rejalashtirildi va bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Hojilarimizning safar davomidagi har bir jarayoni — hujjatlarni rasmiylashtirish, aviaparvozlar, mehmonxonalarga joylashtirish, ovqatlanish, transport, tibbiy xizmat hamda ibodatlarni tartibli ado etish masalalari tizimli yo‘lga qo‘yildi.
Ayniqsa, keksa hoji ota va hoji onalar holidan muntazam xabar olish, ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali ularga safar davomida alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ibodatlarni mukammal ado etishlari ta’minlanmoqda.
Shuningdek, hojilarimiz uchun ma’rifiy suhbatlar, diniy masalalar bo‘yicha tushuntirish ishlari muntazam olib borilmoqda. Bu, albatta, ularning haj amallarini mukammal va bekamu ko‘st ado etishlariga xizmat qiladi.
Bizning asosiy maqsadimiz – har bir hojining muborak safarini mazmunli, xavfsiz, xotirjam va mukammal tarzda ado ettirib, yurtimizga eson-omon qaytishlarini ta’minlashdir.
Shunga ko’ra, barcha ishchi guruhi vakillari, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari bir tan-u, bir jon bo’lib xizmat qilmoqdalar.
Eng muhimi, hojilarimizning kayfiyati ko‘tarinki. Ular muqaddas manzillarda ziyoratchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar, yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirmoqdalar. Har bir jarayonda davlatimizning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligini his qilmoqdalar, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda davlatimiz ravnaqi uchun samimiy duolar qilmoqdalar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati