Alloh taolo: «Bas, namoz tugagandan so‘ng yer yuzi bo‘ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling va Allohni ko‘p eslang, shoyadki yutuqqa erishsangiz», degan (Juma: 10).
Donishmandlardan biri shunday degan: “Inson hayotining farovonligi uchun yangi bir taom o‘ylab topish, yangi yulduz kashf etishdan ko‘ra ham ahamiyatlidir”. Ma’lumki, har bir kasb-hunarning o‘ziga xos tarixi bor. Insoniyatga xizmat qilib kelayotgan minglab kasb-hunarlar asrlar davomida shakllanib, rivojlangan. Ba’zi kasbi-korlar avloddan-avlodga o‘tib, sulolalar hosil qiladi. Har bir kasbning o‘z egasi-sohibi bo‘ladi. Odamning o‘zida muayyan kasbga qiziqish va tug‘ma salohiyat bo‘lmasa-da, uni o‘qitib va qo‘liga diplom berib, “mutaxassis” yasash mumkin. Lekin ba’zan diplomsiz, ammo tug‘ma hunarmand bajargan ish “oliy ma’lumotli” mutaxassisning qo‘lidan kelmasligi mumkin. “Chumchuq so‘ysa ham – qassob so‘ysin” deb bejizga aytilmagan. Kasb-hunar o‘z haqiqiy egasiga topshirilsa – olam guliston. Aksincha bo‘lsa – qiyomatni kutavering.
Halol kasbning katta-kichigi, yaxshi-yomoni bo‘lmaydi. Faqat, inson o‘z kasbini puxta egallab, uning ustasiga aylansa, shu orqali odamlarga, jamiyatga foyda keltirsa, bas. Biroq, alloma Mahmud Zamahshariyning “Nozik iboralar” asarida aytilgani kabi, “Hunarmandu kosiblar ko‘pdir, biroq mohiru qobiliyatlilari ozdir (ya’ni, usta ko‘pu, ustasi ozdir)”.
Shunday hadis bor: “Kimniki Alloh do‘st tutib qolsa, odamlarning unga hojati tushadigan qilib qo‘yadi”. Inson umri davomida faqatgina halol mehnati bilan ulug‘ savoblarga erishishi mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida “Albatta, Alloh taolo hunarmand mo‘minni sevadi”, deganlar.
Tarixdan ma’lumki, Odam alayhissalom dehqonchilik, Nuh alayhissalom duradgorlik, ham shoh, ham payg‘ambar bo‘lgan Dovud alayhissalom temirchilik, Idris alayhissalom xattotlik, Sarvari Koinot Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa yoshliklarida qo‘y boqqan va savdogarlik bilan shug‘ullanganlar.
Mazhabimiz asoschisi Imomi A’zam hazratlari gazlamafurushlik bilan shug‘ullanganlar. Xoja Ahmad Yassaviy dehqonchilik, Shayx Ibrohim Ajariy g‘isht teruvchi bo‘lganlar. “Sharq Arastusi” deya nom qozongan Forobiy hazratlari dehqonchilik, Abu Ali Ibn Sino tabiblik, Shayxul mashoyix Abu Sayyid Harros etikdo‘zlik, shoir Sakkokiy pichoqchilik, shayx Abul Abbos Omiliy qassoblik qilib kun kechirganlar. Shayx Abul Hasan zargarlik, shayx Xoja Banon hammollik, muhaddis Muslim ibn Hajjoj savdogarlik, xoja Bahouddin Naqshband naqqoshlik, Imom G‘azzoliy ip yigiruvchilik, shoir Zavqiy esa, mahsido‘zlik bilan tirikchilik o‘tkazishgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyoda 30 mingdan ziyod kasb-kor bor. Ular ustiga har yili taxminan 500 ta yangi kasb qo‘shilmoqda. Har qanday taraqqiyotga qaramay, asrlar davomida o‘zgarmay kelayotgan hamda ularga bo‘lgan talab-ehtiyoj sira tugamaydigan kasblar ham, albatta bor. Bu kasblar bizgacha bor edi, hozir mavjud, bundan keyin ham yashaydi. Deylik, tobutsoz va go‘rkovlar, rizq-ro‘z yetishtiruvchi dehqonlar...
Yuqoridagi kasb va hunararning barchasi rizq topish yo‘lidagi sabablar xolos. Aslida bu sabablarni ham va ulardan foydalanish uchun kunduzni tirikchilik manbai qilib yaratgan Alloh taoloning biz bandalarga bergan ne’matidir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimning «Naba» surasi 11-oyatida shunday marhamat qiladi: “Va kunduzni ma’osh (tirikchilik) vaqti qildik”.
Ammo, banda doimo nima bo‘lishidan, qanday vaziyat va holatga tushushidan qat’iy nazar HALOL kasb qilishi, rizqni Alloh halol qilgan mehnat orqali topishga intilishi lozim.
No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, halol ochiq-oydindir. Albatta, harom ochiq-oydindir. Va ikkovlari orasida shubhali narsalar bordir. U (shubhali) narsalarni odamlarning ko‘plari bilmaslar. Bas, kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘si uchun poklangan bo‘ladi. Kim shubhalarga tushsa, haromga tushadi. Bu xuddi qo‘riqxona atrofida (hayvon) boqqan cho‘ponga o‘xshaydi. Undan o‘tlab qo‘yishi oson.
Ogoh bo‘lingkim! Albatta, har bir podshohning o‘z qo‘riqxonasi bordir.
Ogoh bo‘lingkim! Albatta, Allohning qo‘riqxonasi Uning harom qilgan narsalaridir.
Ogoh bo‘lingkim! Albatta, jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘lur. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘lur.
Ogoh bo‘lingkim! O‘sha narsa qalbdir», dedilar».
Ulamolar aytishadi:
To‘rt narsa saodat dalilidir: To‘g‘ri so‘z, tavoze’, halol kasbu hunardagi mehnat, sir saqlash.
Abu Lays Samarqandiy aytadi:
Kim kasbi chiroyli va pok bo‘lishini xohlasa, beshta ishdan saqlansin:
Xusrav Dehlaviy aytadi:
Halol ishlab topsang gar arpa donin,
Yaxshidir yegandan birov oq nonin.
Manbalar asosida
Saidabror Umarov tayyorladi
Joriy yil 11 aprel kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» majmuasida u kishi tavalludining 74 yilligiga bag‘ishlangan «Yoshlarga sof Islom ma’rifatini tanitish va ularni yot g‘oyalar ta’siridan asrashda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlarining o‘rni» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda yurtimizning taniqli ulamolari, fan doktorlari, islomshunos tadqiqodchilar, Shayx hazratning yaqinlari, shogirdlari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar Shayx hazratlarining yurtimizda diniy-ma’rifiy bilimlarni yuksaltirish, ummatni birlik va hamjihatlikka chorlash hamda tafriqaga barham berish yo‘lidagi ulkan xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, Shayx hazrat qoldirgan boy ilmiy maktab va bebaho asarlar bugungi kunda yosh avlodni sog‘lom e’tiqod, vatanparvarlik va mo‘tadillik ruhida tarbiyalashda asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ma’rifiy tadbir doirasida ekstremizmga qarshi ma’rifat bilan kurashish va tinchlikni asrashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan o‘zbek, turk, ingliz, arab va rus tillarida taqdim etilgan maqolalar jamlangan maxsus ilmiy to‘plam nashr etilishi rejalashtirilgan.
Bu kabi anjumanlar Shayx hazratlarining merosini zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitgan holda xalqimizga yetkazish va jamiyatda ma’naviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati