Quyida keltiriladigan hadis, fikrlar va hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil:
Qarishingdan oldin yoshligingni;
Kasal bo‘lishingdan oldin sog‘lig‘ingni;
Kambag‘al bo‘lishingdan oldin boyligingni;
Band bo‘lishingdan oldin bo‘shligingni;
Vafotingdan oldin hayotingni».
*****
Iymon eng buyuk ne’mat. Iymonli holda yashash eng buyuk hayot. Iymonli holda o‘lish eng baxtli holda o‘lishdir. Ammo iymonli holda o‘lish uchun iymoni taqozo qilgan tarzda yashagan bo‘lish kerak.
*****
Qalbdan chiqqan narsa qalblarni teshib o‘tadi. Til uchida aytilgan so‘z esa, quloqdan nariga o‘ta olmaydi.
Hasan Basriy rahimahulloh
*****
Kim Allohdan qo‘rqsa, Alloh o‘sha bandasidan hamma narsani qo‘rqadigan qilib qo‘yadi.
Hasan Basriy rahimahulloh
*****
Mo‘mina ayolning pardozi
Bir mo‘mina ayoldan pardozlanish uchun nimalardan foydalanishi haqida so‘radim. Quyidagicha javob berdi:
«Rostgo‘ylikni labim uchun, Qur’onni ovozim uchun, rahm-shafqatni ko‘zim uchun, ehsonni qo‘lim uchun, istiqomatni barcha a’zolarim uchun, Allohga ixlos qilishni qalbim uchun ishlataman».
*****
Ajib odamlar orasida yashayapmiz.
Birovning haqidan qo‘rqmaydigan kimsa omonatdorlik haqida gapirsa!
Xoin kimsa xiyonatning zararlari haqida gapirsa!
Qo‘rqoqlar shijoat haqida asarlar yozib, she’rlar bitsa!
O‘g‘ri, poraxo‘r, sudxo‘rlar halollik haqida va’z o‘qisa!
Behayo, yarim-yalong‘och, betgachopar ayol-qizlar iffat, uyat, ibo, muloyimlik haqida gapirsa!
Zolimlar adolat haqida nasihat qilsa!
Tashqi ko‘rinishida, yurish-turishida, hayot tarzida ma’naviyat, ziyoning asari yo‘q kimsa ma’naviy yuksalish, axloqiy fazilatlar haqida nutq qilsa!
*****
Insonlar qilgan yomon ishing sababli o‘tmishingdagi barcha yaxshiliklaringni unutadilar.
Alloh taolo chin tavbang sababli o‘tmishingdagi barcha yomonliklaringni kechiradi.
«Xovatir roqiya jurnali»
*****
Kim bir soatlik mashaqqatga bardosh bermasa, bir umr jaholat xorligida qoladi.
Asma’iy
*****
Bolajonim, sharaf, ba’zilar o‘ylaganidek, faqat jasadda bo‘lmaydi. Balki sharaf so‘zlarda, va’dada, amalda, muhabbatda ham bo‘ladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Muvaffaqiyatli shaxsga hujum qilish o‘rniga undan-da muvaffaqiyatliroq bo‘lishga harakat qil! Hasad bilan havas o‘rtasidagi farq shudir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Daraxt shoxiga qo‘ngan mitti chumchuq mayus holatda, boshini egib o‘tirardi. Oradan necha kunlar o‘tsada chumchuq sayramas, hatto yon-atrofga ham qaramasdi.
Farishtalar hayratda qolishdi va Allohdan so‘rashdi: “Nega bu chumchuq jim bo‘lib qoldi?”.
Alloh: “Uning qalbida nima yashiringanini faqat Men bilaman”, deb javob berdi.
Oshkoru maxfiy ishlarni bilib turuvchi Zot – Alloh taolo: “Qalbingga nima ozor beryapti?” deb so‘radi.
Farishtalar ham chumchuqning javobini intizorlik ila kutishdi.
Chumchuq titroq ovoz va mahzunlik bilan: “Mening bitta kichkina uyam bor edi. Charchasam u yerga dam olish uchun qaytardim. Sovuq bo‘lganda isinib olardim. Hech kimga ozor bermasdim. Bu keng dunyoga kichik bir uyim sig‘madi. To‘satdan bo‘ron kelib, uni vayron qildi. Men uysiz qoldim”, dediyu boshqa gapira olmadi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Farishtalar ham jim bo‘lib, Alloh taoloning javobini kutardilar.
Shunda Alloh: “Ey chumchuq, sen mening qulim emasmisan?” dedi.
“Ha, men Sening qulingman”, dedi chumchuq.
“Unda nega rahmatimdan norozisan? Taqdirimga taslim bo‘lmaysan?” deb marhamat qildi Alloh taolo.
Shundan so‘ng Alloh chumchuqning ini nega buzilganining hikmatini bildirdi.
“Sen uyangda dam olayotganingda, ilon yemish qidirib, sening iningga qarab kelayotgan edi. Shunda seni xavfdan qutqarish uchun shamolga bo‘ron qo‘zg‘ashni buyurdim. Uyang vayron bo‘ldi, lekin hayoting saqlanib qolindi”.
Chumchuqning ko‘zlaridan yosh oqdi. Allohning rahmatidan hayratda qolgan chumchuq: “Kechir, Allohim, meni kechir, Robbim”, deya oldi faqat.
Banda ko‘pincha Alloh taoloning hikmatini anglab yetmaydi. Inson yo‘qotgan narsa jazo emas, balki mukofot bo‘lishi ham mumkin. Sinovlar – yashirin rahmatdir. Allohning tanlovi biznikidan yaxshi va Uning rahmati cheksiz hamda har bir narsani qamrab olgan.
Allohim, bizni taqdiringga taslim bo‘luvchi, ne’matlaringga shukr qiluvchi, hikmatlaringni tafakkur etadigan bandalaringdan qilgin.
Davron NURMUHAMMAD