Laylatul Qadr qanday kecha? Laylatul Qadr – “belgilash kechasi”, ya’ni yil davomida qilinadigan turli amallar, topiladigan rizq, bir so‘z bilan aytganda taqdirlar belgilanadigan kechadir.
Bu kecha «... ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr surasi, 3-oyat).
1000 oy – 84 yilga teng.
84 yil – 30000 kunga teng.
Laylatul Qadr kechasi qachon bo‘ladi? Abul Oliya roziyallohu anhu aytadilar: “Bir a’robiy Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qadr kechasi qachon bo‘ladi?” deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning ilk va eng so‘nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligidan qidiringlar”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kechaning qanday alomatlari bor? Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo‘lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg‘ish, zaif bo‘lib chiqadi”, dedilar (Ibn Xuzayma rivoyati).
Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar yerga tushib, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 4–5-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday o‘tkazar edilar? Oysha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamasdilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).
Bu kecha qanday amallarni ado etish lozim?
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni o‘qishni aytdilar:
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
"Allohumma innaka a’fuvvun kariymun tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy"
"Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin" (Imom Termiziy rivoyati).
Muhimi, bu kechani ibodat, zikr, tilovat, xayru ehson va boshqa yaxshi amallar bilan o‘tkazish lozim.
Bu kecha gunohlar mag‘firat etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati)
Alloh taolo bu oyda xolis niyatlar bilan tutayotgan ro‘zalarimizni, kechalari qoim bo‘lib ado etayotgan taroveh namozlarimizni va xatmu Qur’onlarimizni O‘zining lutfu karami ila qabul qilsin. O‘zi duolarni ijobat qiluvchi va gunohlarni mag‘firat qiluvchi Zotdir.
Davron NURMUHAMMAD
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadi: «Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsa-da, tetik, ko‘zlari ravshan, hatto tishlari ham soppa-sog‘ edi. U kishidan buning sababini so‘raganimda:“Yoshlikda a’zolarimni gunohlardan asragandim, qariganimda ham Alloh taolo ularning xizmatidan mahrum etmadi”, deb javob berdi».
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham qayiqdan sakrab tushardi. U kishini ko‘rganlar: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganida, ustoz: “Biz a’zolarimizni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh 90 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, dalada ishlardi. Buni ko‘rganlar: “Hali ham yosh yigitdek mehnat qilasiz. Bunga qanday erishgansiz?” deb so‘rashdi.
Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedi.
“Yoshligini saqladi” degan iboradan zinodan uzoq bo‘lish tushuniladi. Chunki zino umrni qisqartiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD