Bugun, 14 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Tataristondagi xizmat safarlari davomida Qozon universiteti bilan yaqindan tanishdilar va universitet rektori Ilshat Gafurov janoblari, professor o‘qituvchilar bilan samimiy muloqotlar o‘tkazdilar.
Rektor Ilshat Gafurov Qozon universiteti tarixi, faoliyati, ta’lim-tarbiya jarayonlarini olib borish yo‘nalishlari, o‘quv xonalari, kutubxona fondi va auditoriyalarda dars o‘tish uslublari to‘g‘risida o‘zbekistonlik mehmonlarga so‘zlab berdi.
Ma’lumot o‘rnida, Qozon universiteti – Rossiyaning eng keksa universitetlaridan biri. 1804 yilda Aleksandr I Qozon imperatorlik universiteti tasdiq yorlig‘i va uning Ustavini imzolagan. Oliy o‘quv yurti 200 yildan ortiq tarixi davomida saksondan ortiq mamlakat Fanlar Akademiyasining haqiqiy va muxbir a’zolarini yetishtirib bergan.
Tomonlar uchrashuvlar davomida bir-birlariga esdalik sovg‘alari taqdim etdilar va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hujjatlar imzoladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahulloh aytadilar: “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Allohga hamdlar bo‘lsin. Sayyidimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga va u zotning oila a’zolariga hamda sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin. Ulardan ham, bizdan ham rozi bo‘l, yo olamlar Robbi.
Shak-shubhasiz, koinot, jamodot, nabotot va hayvonot bir-biridan farq qiladi. Ularning ayrimlari jonsiz, qolganlari jonli. Ba’zilari vaznga ega, hajmi bor va h.k.
Ammo insoniyat boshqa jonzotlar farqli o‘laroq fikr yuritadi, tafakkur qiladi. Agar inson ilm izlamasa, Robbi uni qo‘ygan darajadan pastga tushadi, bu esa uning mavqeiga mos kelmaydi. Natijada, u o‘lik sanaladi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Aslida, ularning hayvonlardan farqi yo‘q. Balki yana ham yo‘ldan ozganroqdirlar” (Furqon surasi, 44-oyat).
“Ular xuddi suyab qo‘yilgan xodaga o‘xsharlar” (Munofiqun surasi, 4-oyat).
“Ustlariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar misoli ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar” (Juma surasi, 5-oyat).
Inson mavjudligining sirini, hayotdan maqsadni va haqiqatni izlashi, o‘lim nima, o‘limdan keyin nima bo‘lishi haqida fikr yuritishi lozim.
Har bir aqlli odam ham dono emas. O‘tkinchi dunyo hayotining mayda-chuydalariga berilib ketmagan, o‘zini Allohning bandasi ekanini unutmagan, kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan Jannat uchun harakat qilgan inson – dono sanaladi. Bunga faqat ilm izlash orqali erishish mumkin.
Demak, agar kim dunyoni istasa, ilm izlasin. Oxiratni istasa, ilm izlasin. Agar har ikkisini ham xohlasa, ilm izlasin. Alloh buyukdir”.
Davron NURMUHAMMAD