Islom dinimizda ilmga qattiq e’tibor berilgan va unga targ‘ib etilgan. Ilm o‘rganish har bir musulmon erkak va muslima ayolga farz deb e’lon qilingan.
Inson hayotda to‘g‘ri yo‘lni ilm orqali topa oladi.
Buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy rahimahullohning “Ilmdan boshqa najot yo‘q” degan gaplarida ulkan ma’no bor.
Ilm – sarf etilgani sari tugamaydigan, aksincha oshib, mustahkamlanib boradigan noyob ne’matdir. Molu dunyo esa ishlatilgani sari tugab boraveradi.
Qur’oni Karimda Alloh taolo iymonli olimlarning martabalarini baland qilishini, O‘zidan bandalari orasida olimlar ko‘proq qo‘rqishini aytgan.
Hadisi shariflarda ilm o‘rgatuvchilarning haqqiga hamma narsa, hatto dengizdagi baliqlar, inidagi chumolilar ham istig‘for aytishi ta’kidlangan.
Banda ibodatini ham faqat ilm asosida ado etadi. Chunki qanday namoz o‘qish, qanday ro‘za tutish, qanday zakot berish va qanday haj qilish ilm orqali o‘rganiladi.
Olimlar, muallimlarning martabalari bu dunyoda ham, oxiratda ham baland bo‘ladi.
Endi yuqoridagi rasmga izoh bersak: bu avtobus Meksikada bo‘lib, uning yarmi maktab avtobusi ko‘rinishida, yarmi esa qamoqxona avtobusi ko‘rinishida bo‘yalgan. Yoniga “Ta’lim boshlangan joyda zo‘ravonlik, bezorilik tugaydi” deb yozib qo‘yilgan.
Nozimjon Iminjonov
2026 yil 21 iyul kuni Qumqo‘rg‘on tumani “Besh qahramon” mahallasida imom-xatiblar, otinoyilar va mahalla vakillari ishtirokida yilning birinchi yarim yilida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Tadbirda tuman bosh imom-xatibi H.Zayniyev va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tuman bosh mutaxassisi Sh.Mamadiyev hisobot berdi. Qayd etilishicha, 6 oy davomida 11 mingga yaqin fuqarolarni qamrab olgan 1300 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbir va davra suhbatlari o‘tkazilgan.
Shuningdek, soha xodimlarining sport va intellektual sohadagi faolligi ham e’tirof etildi. Tumanda ilk bor imomlarning sport jamoalari va “Zakovat” klubi tashkil etilgani alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida fidoyi va tashabbuskor soha xodimlari hamda mahalla faollariga tuman hokimligining Tashakkurnomalari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati