Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Mart, 2026   |   4 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:01
Quyosh
06:20
Peshin
12:34
Asr
16:50
Shom
18:43
Xufton
19:56
Bismillah
24 Mart, 2026, 4 Shavvol, 1447

Alloh ta’riflagan zot

21.11.2018   14080   9 min.
Alloh ta’riflagan zot

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning (saodatga yetishingizga) tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi(Tavba surasi, 128-oyat).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni asosiy sifatlaridan bir nechtasini zikr qilib, u zotni yanada yaxshiroq tanishimiz uchun xitob qilyapti.

1) Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan.... ya’ni, o‘z ichingizdan chiqqan, ko‘z oldingizda ulg‘aygan, xuddi sizlar kabi inson farzandidan bo‘lgan, sizlar kabi yeb-ichadigan, uxlab dam oladigan, bozorlarda yuradigan, xursandchilik va mashaqqat ta’mini biladigan, barcha insoniy hislatlarga ega bo‘lgan kishini Payg‘ambar qilib yubordik.

Darhaqiqat, Alloh taolo insonlarni ogohlantirish va haqqa chaqirish uchun yer yuziga qancha Payg‘ambar yuborgan bo‘lsa, ularning barchasini shu insonlarning jinsidan tanlab olgan. Bu ham behikmat emas, albatta. Chunki Payg‘ambarlar insonlarni haqqa da’vat qiladigan kishilardir. Haq esa har bir davrda kishilarga og‘ir va mashaqqatga o‘xshab ko‘rinadi. Agar Payg‘ambar farishtalar yoki inson jinsidan boshqa bo‘lgan maxluqotlardan bo‘lganda, da’vatga ijobat etishdan bosh tortganlar o‘zlariga yana bahonalar topishib: “Albatta, bu Payg‘ambar biz kabi odam emas. Uning toqati yetgan narsaga bizning toqatimiz yetmaydi”, degan gaplarga o‘xshash bahonalar topardilar.

Shuning uchun Alloh taolo bunday bahonalarga uzr qoldirmaslik uchun barcha Payg‘ambarlarni, xususan Muhammad alayhissalomni ham inson farzandidan tanlab oldi.  Biroq, hidoyatdan bosh tortgan kishilar o‘zlariga tasalli berish uchun boshqa bir bahonani topdilar. “Ular: “Bu ne Payg‘ambarki, taom yeb, bozorda yuradir?! Unga bir farishta tushirilsa edi, u bilan ogohlantiruvchi bo‘lar edi(Furqon surasi, 7-oyat) dedilar.

Alloh taolo ularning bu so‘zlarini behudaligini bildirib Muhammad alayhissalomga bunday xitob qildi: “Biz sendan oldin yuborgan Payg‘ambarlarimiz ham, albatta, taom yer va bozorlarda yurar edilar. Ba’zilaringizni ba’zilaringizga sinov qildik. Sabr qilasizlarmikin?! Bizga uchrashdan umidsiz bo‘lganlar, bizga farishtalar tushirilsa yoki, Robbimizni ko‘rsak edi, derlar. Batahqiq, ular o‘zlaridan ketdilar va katta tug‘yon-la tug‘yon qildilar(Furqon surasi, 20-21 – oyatlar).

Aslida, hidoyatga kelishni istaganlar uchun Payg‘ambarning qaysi jins vakilidan bo‘lishi yoki kim bo‘lishi muhim emas edi. Biroq, havoyi nafsiga qattiq bog‘lanib qolgan bu kimsalar bahona izlardilar xolos. Biz bilmagan narsalarni biluvchi Robbimiz barcha Payg‘ambarlar qatorida Muhammad alayhissalomni ham xuddi biz kabi inson farzandidan tanladi. Bu haqda Qur’oni karimning boshqa oyatida bunday deyiladi: "Sen: "Men ham sizlarga o‘xshagan basharman...." deb ayt”, deyiladi (Kahf surasi, 110-oyat)

2) ...sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan,... ya’ni, sizlarning dunyo va oxirat hayotidagi mashshaqqatingiz, qiyinchilikingiz uning ham qalbiga hafalik kiritadigan Rasul keldi.

Bu sifat ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning naqadar g‘amxo‘r zot bo‘lganlarini bildiradi. U zot insonlarni dunyoda ham, qabrda ham, oxiratda ham mashaqqat chekmasligini chin dildan istar edilar. U zotning har bir amallari, gap-so‘zlari, hattoki, ibodatlari ham yengillik asosida edi. Yengillik u zotning sunnatlaridan edi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Uch kishidan iborat guruh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari uylariga u zotning ibodatlari haqida so‘rab keldi. Bas, ularga (bu haqda) xabar berilganida xuddi u(ibodat)ni oz sanaganday bo‘ldilar. Shunda ular: “Biz qayoqda-yu,  Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar, u zotning avvalgi va oxirgi gunohlari mag‘firat qilingan”, dedilar. Ulardan biri: “Men tunlarni namoz o‘qish bilan o‘tkazaman”, dedi. Boshqasi esa: “Men doimo ro‘za tutaman, og‘zim ochiq yurmayman”, dedi. Yana boshqa biri: “Men ayollardan chetlanaman, abadul-abad uylanmayman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldiga kelib: “Shundoq, shundoq, degan sizlarmi?! Allohga qasamki, men Allohdan eng qo‘rquvchi va eng taqvodoringizman. Lekin ro‘za ham tutaman, og‘zim ham ochiq bo‘ladi. Namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham. Ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, dyedilar (Muttafaqun alayh).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ummatimga yoki odamlarga mashaqqat bo‘lmaganida, har bir namozda misvok ishlatishni buyurar edim”, dedilar. (Muttafaqun alayh)

Taroveh namozi haqidagi voqeani eslaylik. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechalarning birida masjidda namoz o‘qidilar. Odamlar ham u zotga qo‘shilib namoz o‘qishdi. Kelgusi kuni ham namoz o‘qigandilar, odamlar ko‘payib ketdi. So‘ngra odamlar uchinchi yoki to‘rtinchi kuni ham to‘plandilar. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning huzuriga chiqmadilar.  Tong otganida u zot: Sizlar bajargan narsani ko‘rdim. (taroveh) namozi farz bo‘lib qolishidan xavotirga tushganim  meni sizlarning oldingizga chiqishdan man qilib qo‘ydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlariga nazar solsak, bunday voqealarning ko‘pini ko‘rishimiz mumkin. U zot ummatlariga mashaqqat bo‘lib qolishidan cho‘chib o‘zlari uchun yaxshi ko‘rgan amallarini tark qilganlar. Insonlarni ibodatda mashaqqatga tushishligiga rozi bo‘lmagan zot hargiz dunyo va oxirat hayotida mashaqqat chekishlariga rozi bo‘lmaydilar.

3) ...sizning (saodatga yetishingizga) tashna, ya’ni, sizlarni  oxiratdagi alamli azoblardan qutulib, abadiy saodat bo‘lgan jannatga, undagi behisob ne’matlarga, Alloh taoloning roziligiga, diydoriga yetishingiz uchun, nihoyatda haris bo‘lgan Nabiy keldi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng katta maqsadlari insonlarni abadiy saodatga yetishlari, dunyo va oxirat xorligidan omonda bo‘lishi edi.

Kunlarning birida u zot bunday dedilar: “Men bilan sizlarning holatingizni bir misol bilan tushuntiray.  Bir kishi kechqurun o‘t yoqdi. Alanga balandlab tevarakni yoritgach, atrofdagi parvonalar va har xil hashorotlar o‘zlarini alangaga ura boshladi. Haligi kishi ularni qutqarish uchun alangadan uzoqlashtirishga urinadi,  lekin ular alangaga kirish uchun tirishishadi va kishidan ustun kelishadi... Men-u  sizlarning misolingiz mana shudir. Men sizlarning kamarlaringizga yopishib alangadan uzoqlashtirish uchun: " Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!... Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!... deyman, sizlar bo‘lsalaring, mendan ustun kelib, qo‘limdan chiqib ketyapsizlar va alangaga sho‘ng‘iyapsizlar" (Saodat asri qissalari, 4-kitob. Ahmad Lutfiy)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yigirma uch yil davomida insonlarni Allohning Kalomi ila ogohlantirib, “Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!”... deya chorlagan bo‘lsalar, u zot  vafotlaridan so‘ng ham to qiyomatga qadar o‘z sunnatlari va  hadislari ila jannat sari, abadiy saodat sari chorlayveradilar.

4) ...mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi. Bu oyatni esa ortiqcha sharxlashga hojat yo‘q. U zotning mehribonliklari butun olamlarga edi. Bu olamda yashab turgan inson farzandidan tortib  kichik bir xashoratlargacha, hayvonlarga-yu nabototlarga mehribon edilar. U zot nafaqat tiriklarga, balki o‘liklarga ham marhamat qilardilar. U zot hattoki kofirni o‘ligini tahqirlashga ham ruxsat bermasdilar. U zot hayvonlarni yuziga urishdan, ularni ermak uchun boqishdan, ularga ozor berishdan qaytarar edilar. Xossatan musulmonlarga nisbatan nihoyatda mehribon va marhamatli edilar. U zot musulmonni ranjitishni, uni yomon ko‘rishni, g‘iybat qilishni, moliga va joniga, obro‘siga ham tajovuz qilishdan qaytarardilar. U zotning mehribonliklari shu qadar ediki, hattoki, vafot etib ketgan odamni ortidan yomon gap gapirishga ruxsat bermagandilar.

U zot haqida gapirish maroqli. U zotni eslash insonga huzur beradi. U zotni ta’riflash uchun esa na qog‘ozimiz va na siyohimiz yetadi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ta’riflarini, tavsiflarini Robbimizning O‘zi keltirgan. Bizni esa u zotni yaxshi ko‘rishga buyurgan.  U zotni yaxshi ko‘rishning alomati esa faqatgina u kishiga ergashishlik, u zot yaxshi ko‘rgan narsalarni yaxshi ko‘rib, u zot yomon ko‘rgan narsalardan chetlanishlik bilan bo‘ladi. Bundan boshqasi esa yolg‘on muhabbat, oddiy da’vo bo‘ladi, xolos. Ulamolar aytganlaridek: “Habibing yoqtirmagan narsani yaxshi ko‘rishing muhabbating rost emasligini bildiradi”.

Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga munosib ummat bo‘lish baxtini nasib qilsin. Garchi u zotni bu dunyoda ko‘rish nasib qilmagan bo‘lsa-da, abadiy hayotda birga bo‘lishdek ne’mat bilan siylasin. Omin.

Yorbek ISLOMOV

Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi.

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uyg‘onish va yangilanish ayyomi

19.03.2026   14133   4 min.
Uyg‘onish va yangilanish ayyomi

Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.

Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, ya’ni “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Dehqonlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, erta bahordan pok niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar.

Ulug‘larimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.

Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilm sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil-fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.

Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.

Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan.

Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.

Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi.

Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.

Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va obod etish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir.

 

Abdulg‘afur domla Razzoqov,

Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar