Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Sentabr, 2025   |   7 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:59
Quyosh
06:18
Peshin
12:18
Asr
16:22
Shom
18:12
Xufton
19:24
Bismillah
29 Sentabr, 2025, 7 Rabi`us soni, 1447

Qiyomatli uch do‘st

16.11.2018   12037   2 min.
Qiyomatli uch do‘st

Kunlardan bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansoriy sahobiylardan birining bog‘iga kirdilar. Bog‘ning salqinroq bir joyida suvi qurib qolgan bir kichikroq quduq bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib shu quduqqa muborak oyoqlarini solib o‘tirdilar. Ortlaridan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu u zotni qidirib kelib, u kishi ham oyoqlarini solib o‘tirdilar, ketlaridan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kelib, xuddi shunday o‘tirdilar. So‘ng Usmon ibn Affon roziyallohu anhu kelib qoldilar. Holbuki, u kishiga bu quduqda joy qolmaganligi uchun boshqa joyga o‘tirdilar. Alloh taoloning taqdiri bilan bu ajralmas uch do‘stning bir quduqqa oyoqlarini solib o‘tirishlari hikmati ularning qabrlari bir joydaligiga bog‘liq bo‘ldi…

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kasalliklari kuchayib ketganidan keyin barcha ayollaridan Oisha roziyallohu anhoning uyida qolishga izn so‘radlar. Chunki, Oisha roziyallohu anho ayollarining ichida eng yoshi edilar. Ayollari ruxsat bergach, o‘sha uyda turdilar va shu uyda, oltmish uch yoshlarida vafot etdilar. Dafn etilgan joylari ham shu uy bo‘ldi.

Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin o‘rinlariga Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa bo‘lganlar. Abu Bakr roziyallohu anhu “Vafot etganimda meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oyoq tomonlariga dafn etinglar”, deb iltimos qildilar. Barcha bunga rozi bo‘ldi. U zot ham oltmish uch yoshlarida vafot etdilar va vasiyat qilgan joylariga, Oisha onamizning uyi, Nabiy alayhissalomning oyoq taraflariga dafn etildilar.

Vafotlaridan keyin o‘rnilariga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifa bo‘ldilar. U zot ham vafot etsalar, Oisha roziyallohu anhodan shu uyga qo‘yilishga ruxsat so‘radilar. Shunda Oisha roziyallohu anho: “Men bu joyni o‘zimga saqlayotgan edim, mayli, o‘rnimni Umarga berdim” dedilar. Hikmatni qarangki, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham oltmish uch yoshlarida vafot etib, shu uyga dafn etildilar. Bu uyda bo‘sh joy qolmaganligi bois Oisha roziyallohu anho boshqa yerga qo‘yildilar.

“Qiyomatli do‘st – ajralmas”, deb, bekorga aytilmaydi. Mana bir ming to‘rt yuz yildan o‘tibdiki, bu uch do‘st hali ham bir uyda, bir joyda, hali ham birgalar..!

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Mahzun bo‘lma! Olmosning asli ko‘mir...

26.09.2025   3887   1 min.
Mahzun bo‘lma! Olmosning asli ko‘mir...

Bir g‘amgin kishi donishmandning huzuriga kelib: “Ayting-chi, meni qiynayotgan bu g‘am–tashvishlardan qutilishning biror chorasi bormi?" deya dardini doston qildi. Shunda donishmand: “Avval mening ikki savolimga javob ber”, dedi. Birinchidan: “Sen dunyoga kelgan vaqtingda seni qiynayotgan shu muammolar bor edimi?”. Haligi kishi: “Yo‘q”, deb javob berdi.

“Dunyodan ketar vaqtingda shu g‘am tashvishlarni o‘zing bilan olib ketasanmi?” deb ikkinchi savolni so‘radi donishmand. U yana: “Yo‘q”, dedi.
 

“Sen bilan kelmagan va sen bilan ketmaydigan, narsa uchun nimaga g‘am chekasan?! Dunyo ishlarida sabrli bo‘l! Nazaringni yerga emas, samoga qarat! Shunda muroding hosil bo‘ladi. Tabassum qil! Rizqing o‘lchab qo‘yilgan. Taqdiring belgilangan. Dunyo ishlari g‘am chekishga arzimaydi. Chunki u mudom Tirik va Abadiy Zotning iznidadir”, deya nasihat qildi donishmand.


Ulamolarimiz: “Mo‘min ikki holatning orasida yashaydi. Biri yengillik, ikkinchisi qiyinchilik. Agar bilsa, ularning har ikkisi ham “ne’mat”dir. Chunki yengillikda shukr qilish ajru mukofotlarga sabab bo‘ladi: «Alloh shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlagay» (Oli Imron surasi, 144-oyat).

Qiyinchilikda esa sabr qilish imkoni bor. Alloh taolo sabr qiluvchilarga dunyoyu oxirat mukofotlarini beradi: «Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur» (Zumar surasi, 10-oyat).

Agar baxtli hayot kechirishni istasang, hamma narsani taftish qilaverma. Chunki qimmatbaho toshlar bilan shug‘ullanuvchilar olmosni hadeb tahlil qilavergach, uning asli ko‘mir ekanini aniqladilar.