Baxtni har kim har xil tushunadi. Kim uchundir baxt to‘kin-sochin yashash bo‘lsa, yana kim uchundir farzandli bo‘lish, ayrimlarga mashina olish, ba’zilar uchun uylanishdir. Odamlar o‘z istaklariga erishishlaridan kelib chiqib baxtni tasavvur qiladilar.
Ishsiz yurib, biror joyda mehnat qilish orzusida yurganlar uchun yaxshi ishga joylashish baxt hisoblanadi.
Uzoq yillardan beri farzand ko‘rmagan er-xotin uchun oilada farzand tug‘ilishi baxtdir.
Shuningdek, xalqlar uchun mushtarak orzular borki, o‘sha orzu ushalganda xalqlarning baxti ro‘yobga chiqqan bo‘ladi. Bu – tinchlik.
Farzandingiz ilk bor maktabga chiqa boshlagani ham baxt.
O‘g‘lingiz oliy o‘quv yurtiga talabalikka qabul qilingani ham baxt.
Ota-onalarimizning borliklari, duo qilib turganlari barchamiz uchun baxt.
Sadoqatli do‘stning borligi baxt.
Vafodor, soliha, itoatli jufti halolning borligi baxt.
Yangi uy sotib olish, o‘sha uyga ko‘chib o‘tish baxt.
Qizi yo‘q uchun qiz farzand ko‘rish, o‘g‘li yo‘q uchun o‘g‘il farzand ko‘rish baxt.
Pulning ko‘pligi, to‘kin-sochin hayot, xorijga sayohat kimlar uchundir baxt.
Xullas, Alloh taolo bergan ne’matlarni his qilish, ularning shukrini ado etish baxt.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mana bu gaplariga quloq tutsak, tasavvurlarimiz yanada oydinlashadi.
Ul zoti bobarakot: “Kimki tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan”, deb ta’kidlaganlar.
Bu hadisda baxt sabablari qisqa va yetuk uslubda bayon qilingan.
Qadimda olimlar shunday deyishgan ekan: “Shayton senga yo‘q narsa haqida orzu qildirib, bor narsani unuttirishga urinadi. Inson o‘zidagi yo‘q narsani izlab, umrini o‘tkazib, bor narsa uchun shukrni unutib qo‘yadi”.
Inson avvalo o‘zidagi bor narsaning qadriga yetsa, uning shukrini ado etsa, ana shunda Allohning fazli bilan orzu qilgan narsalariga erishadi. Agar o‘zida bor narsalarga shukr qilmasa, u holda boridan ham ayriladi.
Inson uyidagi, qo‘lidagi mavjud narsalarni ko‘ra bilishi, ularning ne’mat ekanini his qilishi kerak.
Yuqoridagi hadisi sharifga e’tibor beraylik!
“Kimki tongda uyqudan uyg‘onganda”.
Ertalab uyqudan turdingiz. E’tibor bering, turdingiz, uyquda o‘lib qolmadingiz. Uyingiz tinch, osuda bo‘lgani uchun ko‘zingizga uyqu keldi. Agar notinchlik, janjal bo‘lganida xavotirdan uxlay olmagan bo‘lardingiz. Alloh taolo sizga gunohlaringizga tavba qilish, qoldirgan namozlaringizning qazosini o‘qish, tuta olmagan ro‘zalaringizning qazosini tutish, xafa qilgan insonlaringizdan kechirim so‘rash, olgan qarzlaringizni egalariga qaytarish imkonini berdi.
“Oilasi tinch”.
Uyqudan tursangiz oilangiz tinch ekan. Janjal, to‘polon bo‘lmayotgan ekan. Birov eshigingizga kelib, sizni bezovta qilmayapti, qo‘shnilar ozor bermayapti, sizni mahalla orasida sharmanda qilmayapti, farzandingiz axloqsizlik, buzg‘unchilik qilib yuzingizni yerga qaratmayapti.
“Tani sog‘”.
Kecha tanangiz sog‘ edi. Uyqudan tursangiz ham sog‘ ekan. Uxlayotganingizda biror tana a’zoingiz ishlamay qolmabdi. Hammasi ishlayapti. O‘rningizdan tura oldingiz. Yuzingizni yuvgani bora oldingiz. Nonushta qila oldingiz. Yegan ovqatlaringizni hazm qilib, tanangizga quvvat kirdi. Ishga, o‘qishga borib, kechki payt uyingizga keldingiz.
Do‘stlaringiz orasida bemorlar bor. Ularni ko‘rgani shifoxonaga bordingiz. Ahvollari og‘ir. Ularning qayeridir og‘riyapti. Ushlolmayapti, yurolmayapti, ko‘rolmayapti, gapirolmayapti. Sizda esa bu imkoniyatlarning hammasi bor. Ularning pullari ko‘p. Uylari qasr. Mashinalari so‘nggi rusumda. Ammo salomatliklari joyida bo‘lmagani uchun mazkur to‘kin-sochinlik ularga tatimayapti, ko‘zlariga ko‘rinmayapti. Ularning bitta orzusi bor: sog‘ayish. Tasavvur qilyapsizmi? Ular orzu qilayotgan narsaga siz ega bo‘lib turibsiz. Ular sizga havas qilishyapti.
“Va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa”.
Insof bilan ayting, uyingizda hatto ertangi kun uchun ham yegulik bor, shunday emasmi?! Ba’zilarnikida esa bir xaftalik zaxira bor. Hadisda esa “uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa” deyilyapti. Bugun kechgacha barcha oila a’zolaringizga yetadigan yegulik bormi uyingizda? Birovdan non, choy, tuz, pul so‘rashga ehtiyojingiz yo‘qmi? Agar shunday bo‘lsa, bilib qo‘ying, siz boysiz. Uncha-muncha odamlardan boysiz. Chunki, sizda dunyodagi barcha ne’matlar bor. “Qanaqasiga menda dunyodagi barcha ne’matlar bor bo‘ladi?” deysizmi? Hadisning oxirgi qismini o‘qing:
“Bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan”.
Bu gapni havoi nafsidan gapirmaydigan, balki o‘ziga vahiy qilinganlarni gapiradigan zot aytyaptilar.
Ha, sizda barcha ne’matlar mavjud: xotirjamlik, salomatlik va bir kunlik yegulik.
Shularni his qiling. O‘zingizning boy ekaningizni, dunyodagi barcha ne’matlar sizga berilganini idrok eting. Hech qachon uyingizda yo‘q narsalarni gapirib, shikoyat qilmang. Borini o‘ylang va unga shukr qiling. Buning nomini QANOAT deyiladi. ALLOHNING BЕRGAN RIZQIGA ROZI BO‘LISH, QAZOI QADARIGA TASLIM BO‘LISH deyiladi.
Hikmatlarda shunday kelgan: “Baxtdan “Manziling qayerda?” deb so‘ralganda, u “Alloh taoloning qazoi qadariga rozi bo‘lganlarning qalbida” deb javob bergan ekan”.
Demak, eng ulkan baxt Allohning berganiga, qadariga rozi bo‘lishdir!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Islom ta’limotiga ko‘ra, qabr insonning bu dunyodan u dunyoga o‘tish ostonasidir. Hazrati Usmon raziyallohu anhu qabr tepasida turganlarida yig‘lar edilar va bu haqda so‘rashganda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qabr oxirat manzillarining avvalgisidir. Agar banda undan qutulsa, keyingilari oson bo‘ladi», deb aytganlar”, deya javob berardilar.
Darhaqiqat, Islom dinida qabristonlar nafaqat marhumlarning so‘nggi manzili, balki tiriklar uchun ibrat, ma’naviyat va oxiratni eslatuvchi mo‘tabar makon hisoblanadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom Madinai Munavvaraga hijrat qilganlaridan so‘ng musulmonlar uchun alohida “Baqi’” qabristonini tashkil etdilar. Bu maskan ilk musulmonlar dafn etilgan muborak joy bo‘lib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tez-tez u yerga borib, marhumlar haqiga duo qilardilar. Bu esa qabristonlarni ziyorat qilish sunnat ekaniga asosdir.
Qabristonni ziyorat qilishda ham tirik uchun, ham marhum uchun ulkan manfaatlar bor. Ziyoratchining qalbi yumshaydi, dunyoning o‘tkinchi ekanini anglaydi va oxiratga tayyorgarlik ko‘rish hissi uyg‘onadi. Ziyoratchining o‘qigan Qur’on tilovati, aytgan istig‘fori va qilgan duolari marhumning qabrini nurli qilib, darajasini ko‘taradi. Hadisi sharifda: “Qabrlarni ziyorat qilib turinglar, chunki u oxiratni eslatadi” deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Qabristonlar islom huquqida vaqf yerlari hisoblanadi. Bu yerlarga nisbatan hurmatsizlik qilish, qabr ustini bosish yoki nojoiz amallar bilan shug‘ullanish qat’iyan man etiladi. Qabristonda ishlaydigan kishilar (go‘rkovlar, qarovullar) diyonatli, taqvodor va omonatdor bo‘lishlari lozim. Zero, ular insonning eng so‘nggi va maxfiy holatlariga guvoh bo‘ladilar. Ulamolar aytadilarki, go‘rkov marhumning ayblarini yashiradigan, sodiq kishi bo‘lishi kerak.
O‘tganlarni yod etish, ayniqsa, ota-onaning qabrini ziyorat qilish farzandlik burchidir. Buyuk ulamolar har doim ustozlari va yaqinlarining qabrlarini ziyorat qilib, ularning haqiga xayrli duolar qilishni odat qilganlar. Bu insonning o‘z ajdodlariga bo‘lgan hurmatini ifodalaydi. Agar biz o‘tgan ajdodlarimizning ruhini shod etsak, qabrlarini obod saqlasak, Yaratganning yurtimizga barakasi va tinchligi yog‘iladi. Ajdodlar haqiga duo qilish, ular yotgan joyni pok tutish — tiriklarning ma’naviy darajasini ko‘rsatadi. Qadimgilar bejizga: “Yerning osti tinch bo‘lsa, usti tinch bo‘ladi”, demaganlar.
Afsuski, ba’zi joylarda qabristonlar qarovsiz qolgani, atrofi o‘t-o‘lan bilan qoplangani yoki chiqindilar to‘planib qolgani achchiq haqiqatdir. Bugungi kunda imom-xatiblar xalq orasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirib, qabristonlarni tozalash va obodonlashtirish savobli ish ekanini tushuntirib bormoqdalar. Ya’ni, Qabristonni oddiy go‘riston emas, balki tarbiya maskani sifatida qabul qilish, qabrlar ustiga hashamdor haykallar qo‘yish emas, balki atrofni ozoda tutish muhimligi, qabristonlarni muntazam ziyorat qilib turish savobli amal ekanligini uqtirib kelmoqdalar. Agar biz marhumlarimizning qabrini obod qilsak, kelajak avlod ham bizni shunday e’zozlaydi. Yurtimizdagi tinchlik va omonlik ajdodlar duosi va ularga bo‘lgan hurmatimiz mevasidir.
Hanafiy mazhabining mo‘tabar fiqhiy manbalarida («Al-Mabsut», «Badoi’us sanoi’», «Raddul muhtor», «Fatovoi Olamgiriya») qabrlar va ularning haq-huquqlari borasida aniq va mufassal qoidalar belgilangan. Jumladan: Hanafiy mazhabiga ko‘ra, qabr yerdan bir qarich yoki sal ko‘proq (tuyaning o‘rkachidek) baland qilinishi mustahab hisoblanadi. Mazhabimizda qabr ustini to‘rt burchak emas, balki o‘rkachsimon shaklda qilish afzal ko‘rilgan. Qabr ustini gips (alebastr) yoki ohak bilan oqlash va bezash makruh sanaladi, chunki qabr ziynat emas, balki oxiratni eslatuvchi makondir. Ammo qabr tuprog‘i to‘zib ketmasligi uchun uni suv sepib zichlash va tosh bilan belgi qo‘yish joiz.
«Al-Bahrur roiq» va boshqa manbalarda kelishicha, qabr ustida o‘sib turgan ho‘l giyoh, o‘t-o‘lanlarni yulish makruhdir. Chunki, ho‘l o‘simliklar Allohga tasbeh aytadi va buning sharofati bilan marhumga yengillik bo‘ladi. Shuning uchun qabrlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish va marhumning bosh tomoniga rayhon yoki shu kabi ko‘chatlar ekish sunnatga muvofiq amal hisoblanadi.
Hanafiy fuqaholari qabr ustiga o‘tirish, uxlash va uning ustidan yurishni makruh deb hisoblaydilar. Imom Muhammad rahimahulloh aytadilar: «Qabr ustini bosib yurishni karih ko‘ramiz». Faqat qabrni ziyorat qilish yoki mayyitni dafn qilish uchun boshqa yo‘l bo‘lmasa, zarurat yuzasidan ruxsat beriladi. Yana fiqhiy manbalar shuni uqtiradiki, qabrning «obodligi» uning ustiga qimmatbaho marmarlar qo‘yish yoki baland devorlar urishda emas, balki u yerda Qur’on tilovat qilish va haqiga duo qilish bilan bo‘ladi. Atrofini axlat va chiqindilardan pok tutish, tikan va qurigan shox-shabbalardan tozalash ayni muddaodir.
Homidjon qori Ishmatbekov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari