Dinimizda insonlarga yaxshilik qilish, ularning ko‘nglini ko‘tarish ulkan savobli amallardan sanaladi.
Hadisi shariflardan birida “Farz amallardan keyin Alloh taologa eng mahbub amal musulmon kishining qalbiga shodlik kiritishdir” deyilgan.
Shu o‘rinda quyidagi rivoyatni eslash o‘rinli. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhodan xursand bo‘lib: “Ey Oisha, mendan xohlagan narsangni so‘ra”, – dedilar. Oisha roziyallohu anho juda ham ziyrak ayol edilar, bu fursatni qo‘ldan boy bermaslik uchun eng yaxshi narsani so‘rashni qasd qildilar va: – “Bu borada otam bilan maslahatlashsam”, – dedilar.
Shunday qilib, Abu Bakr roziyallohu anhuning huzurlariga borib voqeani bayon qildilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam me’rojga chiqqanlarida Alloh taolo u zotga sirlarni aytgan. O‘shalardan birini aytib berishlarini so‘ra”, – dedilar. Oisha onamiz roziyallohu anho o‘sha narsani so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– “Robbim menga me’roj kechasida: “Mening nazdimda mo‘minning darajasi shu darajada yuqoriki, qaysi bir mo‘min boshqa bir mo‘minning qalbiga xursandchilik solsa, albatta jannatiy bo‘ladi, dedi”, – dedilar.
Oisha roziyallohu anho xursand bo‘lib Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga bu gapni yetkazgan vaqtlarida U zotning ko‘zlaridan yosh qalqidi. Bunga guvoh bo‘lib turgan Oisha roziyallohu anho: – “Nega yig‘laysiz otajon, axir bu xursandchilik xabar emasmi?”, dedilar. Abu Bakr: – “Bu, mo‘minning qalbi Alloh taoloning nazdida shu darajada qadrliki, kim unga ozor yetkazsa – do‘zaxiydir degani bo‘ladi» – deb javob qildilar.
Mazkur rivoyatdan bir insonni ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga xursandchilik kiritish naqadar savobli, shu bilan birga e’tiborli ish ekani namoyon bo‘lmoqda.
Yurtboshimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Vaqf” xayriya jamoat fondi ham dinimizning yuqoridagi ko‘rsatmalariga sodiq qolib, joylarda insonlar holidan xabar olib, ularning qalbiga xursandchilik olib kirishga harakat qilmoqdalar.
Jumladan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahar 7-sonli klinik shifoxonasiga 2 ta nogironlar aravachasi yetkazib berildi.
Kuz fasli ham o‘tib borib, kunlar soviy boshladi. Ha, qish eshik qoqmoqda. Sovuq ob-havoda kattalarku bir ilojini qilar, ammo bolalar shamollab qolishi, qiynalishi mumkin. Shuning uchun ularni qishki issiq kiyimlar bilan ta’minlash masalasi muhimdir.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan bu muammoni biroz yengillatish borasida bir qator amaliy ishlar qilib kelinmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati G‘azalkent tumanidagi 125-sonli ixtisoslashtirilgan imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatiga qishki issiq sport kostyumlari va anjomlari yetkazib berildi.
Bolalar ko‘zidagi quvonch, o‘ksik dillardagi surur, qalb to‘ridan otilib chiqqan duolar, Alloh nasib etsa, ijobat bo‘lajak va Fondning bu kabi muruvvat, oliyjanoblikka yo‘g‘rilgan ishlari yanada keng quloch yoyajak.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
HAYVONLAR HAM BIZ KABI UMMAT.
“Yerda sudralib yurgan har bir jonivor, osmonda qanot qoqayotgan har bir qush xuddi sizlar kabi (Bizning qo‘l ostimizdagi) jamoalardir” (An’om surasi, 38-oyat).
HAYVONGA OZOR BЕRIB, DO‘ZAXGA TUSHGAN AYOL.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir ayol mushuk to‘g‘risida do‘zaxga kirdi. U mushukni bog‘lab qo‘yib, ovqat bermadi va yer hasharotlarini yeyishiga ham yo‘l qo‘ymadi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
HAYVONLAR BORASIDA ALLOHDAN QO‘RQING!
Rasululloh alayhissalom orqasi qorniga yopishgan tuyaning oldidan o‘tib qoldilar va: “Bu tilsiz hayvonlar to‘g‘risida Allohdan qo‘rqingiz. Ularni yaxshi minib, yaxshi yediringlar”, deganlar.
MЕNI BЕKORDAN BЕKORGA O‘LDIRDI...
Nabiy alayhissalom aytdilar: «Kim chumchuqni ham bekordan o‘ldiradigan bo‘lsa, u qiyomat kuni Allohga: “Yo Robbim, falonchi meni bir manfaat yuzasidan emas, bekordan bekorga o‘ldirdi”, deydi».
ALLOHNING LA’NATIGA QOLISHDAN EHTIYOT BO‘LING!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzi kuydirilgan eshakning oldidan o‘tdilar va: “Bunga belgi qo‘ygan kishiga Allohning la’nati bo‘lsin”, dedilar.
PICHOG‘INGIZNI O‘TKIRLANG.
Hayvonni so‘yayotganda pichoqni o‘tkirlash shart. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, Alloh har bir narsaga yaxshilikni vojib etgandir. Agar o‘ldirsangiz, chiroyli o‘ldiring. So‘ysangiz, chiroyli so‘ying. Pichog‘ingizni o‘tkirlang”.
HOLINGGA VOY...
Umar roziyallohu anhu qo‘yni so‘yish uchun oyog‘idan sudrab ketayotgan kishining oldidan o‘tib unga: “Holingga voy, uni o‘limga chiroyli olib borgin”, dedilar.
XALIFA QAYTARGAN AMAL
Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh jonivorlar ustiga og‘ir yuk yuklashga va temirli qamchi bilan haydashga ruxsat bermasdilar.
AZOBLASHGA HЕCh KIMNING HAQQI YO‘Q!
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarda edik. Bir vaqt kichkina qush ko‘rib qoldik. Uning ikkita jo‘jasi bor edi. Jo‘jalarini olib qo‘ygan edik, tepamizda gir aylanib ucha boshladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim buni bezovta qildi? Bolasini unga qaytaring”, dedilar. So‘ng biz yondirgan chumoli uyasiga ko‘zlari tushib: “Bunga kim o‘t qo‘ydi?” deb so‘radilar.
“Biz”, degan edik, “Parvardigordan boshqaning olov bilan azoblashga haqqi yo‘q”, dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD