Bir kuni Hotami Toy ulug‘ va davlatmand insonlarni mehmonga chaqirdi. Ziyofat boshlangan, mehmonlar suhbatlashib xursand bo‘lib o‘tirishgan mahal boshida eski salla, egnida yupun kiyim, kambag‘alligi shundoq ko‘rinib turgan bir kishi kirib keldi. Uni ko‘rgan mehmonlar hayron bo‘lib qolishdi. Ba’zilar unga nopisandlik nazari bilan qaradi. Ammo Hotam bu faqir odamga o‘zgacha lutf va karam ko‘rsatib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ehtirom ila davraning eng to‘riga o‘tkazdi. Hotamning ko‘rsatgan ehtiromidan hamma hayron bo‘lib:
– Bu inson kim, buncha ehtirom qilursiz? – deb so‘radilar. Ularga nim tabassum bilan boqqan Hotam:
– Sizlarni qadru qimmatingiz, mansabu hurmatingiz va maqomingizga qarab joy berdim. Bu jandapo‘sh, kamtar, tavozeli insonni mening saxovatim va karamim to‘rga o‘tkazdi.
Ey aziz farzand! Oliy mukofot mansab, martaba, boylikka qarab o‘lchanmaydi, balki u mo‘minning tavozesh, kamtarligi va Haqqa bo‘lgan qattiq ishonchi va muhabbati balandligi bilan o‘lchanadi. Barcha avliyolar Alloh taoloning visoliga oshiq bo‘lganlar. Uning visoliga yetish uchun dunyo rohatini mehnat va mashaqqatlarga almashtirganlar. Natija esa, albatta, Yorning vasliga yetishi aniq. O‘sha Yor muhabbati va ixlosi oshiqning qiyomat kunida ulug‘ maqomga sazovor bo‘lishiga bosh omil bo‘ladi. Inson Haqning muhabbati bilan yashab, umrini halol mehnat, ixlosli toat-ibodat qilib, riyo va shuhratparastlikdan kechib, nafsini jilovlab o‘tsa, albatta, mahbubning visoliga yetmog‘i muqarrardir.
Shermurod Tog‘ayning “Qasamini buzgan qiz” kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan xalq bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning diniy-ijtimoiy masalalariga yechim topish borasidagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Xususan, bugun, 21 oktyabr kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaatlarini yaqindan tingladi.
Uchrashuv davomida masjidlarning bugungi holati, imom-xatiblarning faoliyati, shuningdek, haj safari va moddiy ko‘makka oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Qabul jarayonida har bir insonga alohida e’tibor qaratilib, shar’iy savollar yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi. Ijtimoiy va moddiy yordam so‘rab kelganlarga esa amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Ahamiyatlisi shundaki, bu kabi yuzma-yuz va ochiq muloqotlar nafaqat markaziy idorada, balki yurtimizdagi barcha jome masjidlarda ham yaxshi an’anaga aylangan.
Joylarda har haftaning chorshanba kunlari imom-domlalar tomonidan aholi qabullari o‘tkazilib, fuqarolarni o‘ylantirayotgan masalalarga o‘z vaqtida yechim topilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati