Qur’oni karimning Moida surasida bunday deyilgan: “Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan boshqaning nomi ila so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzib o‘ldirilgan, yirtqich yegan hayvonlar harom qilindi. Faqat (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol). Va butlarga atab so‘yilgan hayvonlar ham, cho‘plar ila fol ochishingiz ham harom qilindi. Bunday qilishingiz fosiqlikdir… Kim gunohga moyil bo‘lmagan holida ochlikda muztar bo‘lsa, albatta,
Alloh mag‘firatli va rahmlidir” (3-oyat). Alloh taolo bandalariga ko‘plab ne’matlarni tanovul qilishni halol qilib qo‘ygan, barchasining asli halol. Modomiki, harom narsa aralashmasa, iste’mol qilinaveradi. Inson shaxsi yoki amalining unga ta’siri yo‘q. Misol uchun, nonni olaylik. Uning bug‘doyini kim ekkan, kim o‘rgan, qanday yanchilgan yoki qanday qilib nonga aylantirilgan – bularning ahamiyati yo‘q, hammasi iste’mol qilinaveradi. Ammo, go‘sht mahsulotlari haqida bunday deb bo‘lmaydi. Chunki go‘sht tirik hayvondan olinadi. Tirik jonivorni go‘shtga aylantirish jarayoni va undagi niyat hamda e’tiqod uning halol yoki haromga aylanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham, bu jarayonga, ya’ni, tirik hayvonni go‘shtga aylantirish jarayoniga shariatda alohida e’tibor beriladi. Bir qancha shartlar qo‘yiladi. O‘sha shartlar vujudga kelgandagina o‘sha hayvon go‘shti halol hisoblanib, iste’moliga ruxsat beriladi. Bu shartlarning boshida hayvonning jonini chiqarish paytida unga jon bergan Alloh nomini
zikr qilish turadi. Bu ish qilinmasa, katta ma’naviy jinoyat sodir bo‘lgan bo‘ladi, shu sababli uning go‘shti haromga aylanadi. Ushbu oyatda go‘shti haromga aylanib qoladigan hayvonlardan bir necha toifasi zikr etilgan. O‘limtik (o‘zi o‘lib qolgan hayvon), hayvon so‘yilganda undan oqadigan qon va cho‘chqa go‘shti shular jumlasidandir. Bularning harom qilingani hikmatlari, tibbiy sirlari haqida «Baqara» surasi tafsirida batafsil so‘z yuritilgan. «Allohdan boshqaning nomi ila so‘yilgan» hayvon go‘shtining ham harom bo‘lishi, oldin aytganimizdek, uning iymon taqozosiga to‘g‘ri kelmaganidandir, uni yaratgan va unga jon bergan Zot nomini qo‘yib,
boshqaning nomi ila so‘yilganidandir. «Bo‘g‘ilib o‘lgan» hayvon bo‘g‘ilish oqibatida o‘lgan bo‘lsa, go‘shti haromdir. Unga ham Allohning nomi aytilmagan, ham qoni ichiga tarqab, go‘sht zararli holga kelgan bo‘ladi. «Urib o‘ldirilgan» hayvonda ham avvalgi holdagi hikmat tufayli haromlik hukmi bor. Biror hayvonni tosh, yog‘och yoki shunga o‘xshash narsalar bilan urib o‘ldirilgan bo‘lsa, uning go‘shti haromga aylanadi. «Yiqilib o‘lgan»ga kelsak, tog‘danmi, baland joydanmi yiqilib o‘lgan hayvonlarning go‘shti ham
harom sanaladi. «Suzib o‘ldirilgan» – ikki hayvon bir-biri bilan suzishsayu, biri o‘lib qolsa, uning go‘shti ham haromdir. «Yirtqich yegan hayvon harom qilindi». Ya’ni, bir yirtqich hayvon mazkur go‘shti halol hayvonga hujum qilib yesa, o‘ldirsa, undan ortib qolgan go‘sht harom hisoblanadi. «Magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol)» Mazkur holatlarga duchor bo‘lgan hayvonlar o‘lmay turib so‘yib yuborilsa, go‘shti halol bo‘ladi. «Butlarga atab so‘yilgan hayvonlar ham».
Johiliy arablarning turli butlari bo‘lib, ularga atab jonliq so‘yishar va qonini o‘sha butlarga surtishar edi. Bunday hayvonlarning go‘shti, garchi Allohning nomini aytib so‘yilgan bo‘lsa ham, butlarga atalgani uchun haromdir. Oyat davomida katta ma’naviy harom ish ham zikr etilgan: «cho‘plar ila fol ochishingiz ham harom qilindi».
Johiliyat davrida butxonalarda xizmat qiluvchi kohinlar huzurida bir maxsus idishda uchta yoki yettita cho‘p turar edi. Ularga turli iboralar,
jumladan, «Robbim buyurdi» yoki «Robbim qaytardi» degan iboralar yozilgan bo‘lardi. Biror ishni qilish yoki qilmaslikda ikkilangan odam kohinga u-bu narsa berib, fol ochishni so‘rardi. Shunda kohin idishdagi cho‘plarni aralashtirib, fol ochiruvchiga tutar, u idishdagi cho‘plardan birini tortganda «Robbim buyurdi» deb yozilgan cho‘p chiqsa, ishni qilishga, «Robbim qaytardi» deb yozilgani chiqsa, ishni qilmaslikka amr etar edi. Boshqa cho‘p chiqsa, yana pul olib, qaytadan fol ochardi. Xuddi shu uslub qimorning bir turida ham qo‘llanar edi. Bularning hammasi harom qilindi. «Bunday qilishingiz fosiqlikdir». Alloh harom qilgan ishlarni qilishingiz fosiqlik, ya’ni, din amridan chiqishdir. Yuqoridagi hukmlarda ayrim holatlardagi go‘shtlarning harom ekani ta’kidlangan edi. Oxirgi jumlada esa, istisno tariqasida muztarlik (zaruratlik) holatida hukm nima bo‘lishi o‘rgatilmoqda. Ya’ni, aytaylik, inson ochlikdan muztar bo‘ldi – qiyin holga tushib qoldi, yegani ovqati yo‘q, faqat harom qilingan go‘shtlar bor, xolos. Bular harom, deb ulardan iste’mol qilmasa, halok bo‘ladi.
Nima qilishi kerak? Mana shunday holda, gunohga moyil bo‘lmagan holda, ya’ni, o‘zini halokatdan saqlab qoladigan miqdorda o‘sha harom narsadan iste’mol qilsa, bo‘ladi. Nochorlikdan qilingan bu ish uchun Alloh uni malomat qilmaydi, jazoga tortmaydi. Zotan, Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir.
manba: xadicha.uz
Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.
Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, ya’ni “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Dehqonlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, erta bahordan pok niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar.
Ulug‘larimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.
Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilm sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil-fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.
Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.
Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan.
Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi.
Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.
Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va obod etish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir.
Abdulg‘afur domla Razzoqov,
Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi