Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Aprel, 2025   |   9 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:35
Quyosh
05:56
Peshin
12:30
Asr
17:01
Shom
18:58
Xufton
20:14
Bismillah
07 Aprel, 2025, 9 Shavvol, 1446

E’tikof

05.06.2018   55629   50 min.
E’tikof

Bismillahir rohmanir rohiym

Barcha Olamlar Robbisi bo‘lgan Allox ta’ologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz, Uning oilasi barcha sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin.

E’tikofning fazli

Ibn Abbs roziyallohu anhudan rivoyat:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam e’tikof o‘tiruvchi haqida:

«U gunohlarni ushlaydi va e’tikof o‘tiruvchi uchun yaxshiliklarni, barcha yaxshiliklarni qiluvchiga o‘xshatib, joriy qiladir», dedilar».

Ibn Moja rivoyat qilgan.

Demak, e’tikof uni qiluvchi shaxsni gunohlardan to‘sadi va e’tikof o‘tiruvchi uchun hamma yaxshiliklarni qilayotganlarga yozilayotgan savobga o‘xshash savob yoziladi.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:

«Ushbu qabr sohibini:

«Kim o‘z birodari hojati uchun yurib, uni chiqarsa, unga o‘n yil e’tikof o‘tirgandan yaxshi bo‘lur. Kim Allohning roziligini tilab bir kun e’tikof o‘tirsa, u bilan do‘zax orasida osmon gardishidan kengroq uch xandaq qiladi», deganlarini eshitdim».

Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyat qilgan. al-Hokim sahih, degan.

Ushbu hadisda e’tikof o‘tirish kishi uchun oxiratda qanchalar katta baxt-saodatga sabab bo‘lishini bayon qilishi bilan birga o‘zgalarning hojatini chiqarish undan bir necha chandon yaxshiliklarga erishtirishi ta’kidlanmoqda.

Husayn ibn Ali roziyallohu anhudan rivoyat:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Kim Ramazonda o‘n kun e’tikof o‘tirsa, xuddi ikki hajdek yoki ikki umradek bo‘ladi», dedilar».

Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Bu rivoyatda ham e’tikofning fazli ulug‘ ekani ta’kidlanmoqda. Shuning uchun bu fazlga erishish maqsadida ilojini qilib, e’tikof o‘tirish kerak.

E’tikofning xikmatlari

Rasululloh sav “Ogoh bo‘lingiz tanada bir parcha go‘sht bor, agar u isloh bo‘lsa, tananing barchasi isloh bo‘ladi, agar u fasod bo‘lsa, tananing barchasi fasod bo‘ladi, u qalbdir.” Qalbning fasod bo‘lishiga ko‘pincha Allohga yuzlanishdan chalg‘itadigan insonning hayot tashvishlari, muammolari va boshqa mashg‘ulotlari sabab bo‘ladi. Bu mashg‘ulliklar sirasiga insonning nafsiga yoqadigan turli taomlarni ko‘p iste’mol qilish, o‘yin-kulgi, ortiqcha keraksiz gaplar bilan uzun-uzun suhbatlar, ko‘p uxlash va boshqalarlar kiradi. Alloh taolo o‘z shariatiga shunday ibodatlarni kiritdiki, ularda insonning barcha qalbiy va jismiy hastaliklariga shifo topish mumkin bo‘ladi. E’tikof deb nomlangan ibodatimiz inshaalloh bizga o‘zining bitmas tuganmas foydalari bilan yordam ko‘rsatadi. E’tikof  ham ro‘za kabi qalbning qalqonidir.

Dunyo shu darajada tezlashib ketgan-ki ko‘z ochib yumguncha bir kunimiz, haftamiz, oy va yillarimiz bizni tashlab ketmoqda. Ba’zan o‘zi bugun nima ishlarimga ulgurdim deb o‘ylab qolamiz. Keksalarimiz aytganidek dunyo ishlarimiz hech ado bo‘lmaydi. Hattoki uyidagi ishlar bilangina band bo‘lgan uy bekalarimiz ham uyining ishlarini hech tugata olmayotganidan shikoyatda bo‘ladilar. Yuqoridagi gaplarni keltirishimizdan maqsad shu-ki, biz shu qadar band bo‘lib qolganmizki Alloh taolo bilan yolg‘iz qolib, xotirjam oxiratimiz xususida tafakkur qilishga ham vaqtimiz yo‘q.

Bizning dinimiz rohiblikni aslo targ‘ib etmaydi, aksincha musulmonlar doimo bir-birlari bilan aloqada, jam bo‘lib yashashlari va ibodatlarini ham birgalikda qilishlariga chaqiradi.

Lekin ba’zida inson o‘zining qilgan ishlarini sarhisob qilish uchun ham uzlatga chekinishi foydadan holi emas, chunki bu anbiyolar sunnatidir. Alloh taolo o‘z payg‘ambarlariga ham turli ko‘rinishlardagi e’tiqoflarni nasib etgan. Muso as Tur tog‘ida, Muhammad as Hiro g‘orida, Yunus as esa baliqning qornida o‘z Robbilariga yolg‘iz holda ibodat qildilar, tafakkurga cho‘mdilar.

E’tikofda inson ham ro‘zador bo‘ladi, Alloh zikri bilan band bo‘ladi hamda nafs talab qilgan narsalardan uzoqda bo‘ladi. E’tikofda o‘tirish bilan inson nimalarni qo‘lga kiritadi? Quyida bir qanchasini keltirib o‘tamiz, bular esa faqatgina biz ko‘ra olganimiz xolos, buyuk hikmat egasi bo‘lgan Robbimiz e’tikofning ichiga yana qanday sirlarni joylashtirgan uning o‘ziga ma’lum.

E’tiofda o‘tirgan inson ro‘zasini go‘zal shaklda tutadi.

Ro‘zaning savobini ketkazadigan behuda va nojoiz so‘zlar va amallardan tiyiladi.

E’tikofni kechalari bedor holda o‘tkazgani uchun inshaalloh oxirgi o‘n kunlikka yashiringan qadr kechasini topish imkoniga ega bo‘ladi.

E’tikof aslida savobli amal, uning ramazon oyida bajarilishi esa shu savoblarning yanada ko‘p bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

O‘zini va nafsini yaxshi ishlarga ko‘niktiradi.

Alloh uchun ibodatga ajrab chiqib, payg‘ambarlar sunnatini ado etgan bo‘ladi.

O‘zini o‘zi sarhisob qilib oladi, agar har oyda bir marta e’tikof o‘tirsa, bir oylik ishlarini, yilda bir marta o‘tirsa yillik amallarini hisob kitob qilib olishga erishadi. Ya’ni shuncha vaqt mobaynida qanday yaxshi amallar qildim, qanday gunohlarga yo‘l qo‘ydim. Yaxshi ishlarimni xolis Alloh uchun qildimmi yoki...

Gunohlar qildim, ularning ketidan yuvilib ketishi uchun savobli ish qildimmi yoki chin tavbamni qildimmi yoki aksincha insonligimga borib unutib yubordimmi?!

Qaysi amallarni bajarishda oqsayapti, shu jihatlarni o‘rganib muolaja qilib chiqadi.

Qur’on va hadislarni tafakkur bilan o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Endi e’tikofning ta’rifi bilan tanishib olsak

«E’tikof» lug‘atda «ushlab qolish», «turib qolish» va «lozim tutish» ma’nolarini ifoda qiladi.

Shariatda esa

«Ro‘zadorning jamoat masjidida e’tikof niyati ila qolishidir».

E’tikofning shariatda mavjud ekaniga Kur’on, sunnat va ijmo’ dalolat kiladi.

Alloh taolo:

Va Ibrohim va Ismoilga: «Uyimni tavof qiluvchilar, e’tikof o‘tiruvchilar va ruku’ va sajda qiluvchilar uchun poklab qo‘yinglar deb amr qildik

«Baqara» surasidagi ushbu oyatda Alloh taolo Ibrohim va Ismoil alayhissalomlarga bergan amri haqida xabar bermoqda. Baytullohni necha toifa ibodat qiluvchilar uchun poklashlari lozimligi aytilmoqda. Ana o‘sha ibodat qiluvchi toifalar ichida e’tikof o‘tiruvchilar ham zikr qilinmoqda.

Demak, e’tikof Qur’onda zikr qilingan ibodatdir.

Demak, e’tikof Ibrohim alayhissalomning davrlaridan, qadim zamonlardan buyon bor

Yana Alloh taolo:

«Va u(ayol)larga masjidlarda e’tikof o‘tirganingizda yaqinlik qilmang», degan (Baqara: 187).

Bu e’tikof Qur’onda zikr qilingan ibodat ekaniga yana bir dalil. E’tikof o‘tirgan shaxs o‘z jufti haloli ila jinsiy yaqinlik qilmasligi va e’tikof ibodati masjidda ado etilishi lozim.

E’tikof Qur’onda zikr qilingan ibodat ekaniga ushbu oyatlar dalildir. 

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, to Alloh u kishini vafot ettirgunicha Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar edilar. So‘ngra, u zotdan keyin zavjalari o‘tirishdi».

Beshovlari rivoyat qilishgan.

E’tikof quyidagi turlarga bo‘linadi:

1. Vojib.

Bunga nazr qilingan e’tikof kiradi.

2. Sunnati muakkada.

Bunga Ramazonning oxirgi o‘n kunidagi e’tikof kiradi.

3. Mustahab.

Bunga yuqorida zikr qilinganlardan boshqa e’tikoflar kiradi.

E’tikof o‘ziga xos alohida ibodat bo‘lib u ila banda qalb musaffoligiga, dunyoning tashvishlaridan uzilishga, Alloh taologa qurbat hosil qilishga va shu kabi ko‘pgina fazllarga erishadi.

Uning ozi bir kundir. Ammo imom Muhammad rahmatullohi alayhi: «E’tikofning ozi bir oz muddat bo‘lsa ham bo‘ladi», deganlar va shunga fatvo berilgan. Kim e’tikofni buzsa, qazosini bajaradi. Xuddi nafl ro‘zani buzgan odam qazosini tutishi vojib bo‘lganga o‘xshab.

E’tikof o‘tirgan odam masjiddan inson hojatlaridan boshqa narsa uchun chiqmaydi.

Inson hojatlari deganda katta va kichik toharat ushatish, najosatni ketkazish va junublikdan g‘usl qilish kabi ishlar ko‘zda tutiladi. Mazkur ishlarni qilib bo‘lishi bilan darhol e’tikof o‘tirgan joyiga qaytadi. 

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon e’tikof o‘tirsalar inson hojatidan boshqa narsa uchun uyga kirmas edilar».

Molik rivoyat qilgan.

Ulamolarimiz: «Juma o‘qiladigan masjidda e’tikof o‘tirish afzal», deydilar.

Agar uzrsiz ma’lum vaqtga chiqsa, e’tikofi buziladi.

Shuningdek, g‘arq bo‘layotgan yoki yonayotgan narsani qutqarish kabi favqulodda holatlarda, shuningdek, bemor ko‘rish, janozada qatnashish, guvohlik berish kabi ishlar uchun chiqsa ham e’tikofi buziladi va qazo lozim bo‘ladi.

U, e’tikof o‘tirgan masjidida yeb-ichishi, uxlashi, savdo molini masjidga keltirmasdan oldi-sotdi qilishi mumkin. Boshqa kishiga bu ishlarni masjidda qilish mumkin emas.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam e’tikof o‘tirganlarida shunday qilganlar va bu hojatlarni masjiddan chiqmasdan bajarish mumkin.

U jim o‘tirmaydi. Faqatgina xayrli narsalarni gapiradi.

E’tikof o‘tirgan odam og‘ziga mum solingandek jim o‘tirishi mumkin emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarganlar. E’tikofdagi kishi, namoz o‘qish, tilovat, zikr, hadis o‘qish, ilm o‘rganish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning va boshqa Payg‘ambarlarning siyratlarini, ahli solihlar haqidagi xabarlarni o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Agar kechasi yoki unutib bo‘lsa ham jinsiy aloqa qilish e’tikofni buzadi. Shuningdek, farjdan boshqa yerga jinsiy aloqa qilish, o‘pish, ushlash tufayli maniy nozil qilsa ham, e’tikof buziladi. Chunki, e’tikof ham xuddi namozdek narsa. Mazkur narsalarning barchasi namozni buzadi. Ammo nozil qilmasa, mazkur ishlar o‘zi harom bo‘lsa ham, e’tikof buzilmaydi. Ayol kishi uyida e’tikof o‘tiradi.

Ya’ni, uyidagi namoz o‘qiydigan yerida. Chunki, ayol kishi uchun eng qulay joy o‘shadir.

Agar bir necha kun e’tikof o‘tirishni nazr qilgan bo‘lsa, o‘sha kunlarning kechalarini ham o‘tirish lozim bo‘ladi.

Shuningdek, bir necha kecha e’tikof o‘tirishni nazr qilgan bo‘lsa, o‘sha kechalarning kunduzlarini ham o‘tirish lozim bo‘ladi.

Bunda shart qilmagan bo‘lsa ham, ketma-ket o‘tiriladi. Ikki kunni nazr qilgan bo‘lsa, ikki kunduz va ikki kecha o‘tiradi. Nahorning o‘zini niyat qilish joiz.

E’tikofning shartlari

1. Musulmon, aqlli va balog‘atga yetgan bo‘lishi.

2. Niyat.

3. Masjidda bo‘lishi.

4. Janobat, hayz va nifos qonlaridan toza bo‘lish.

E’tikof kilgan odamga mustaxab bo‘lgan narsalar

1. Namoz va Kur’on tilovati kabi toat-ibodatlarni mo‘l qilish.

2. Foydasiz bo‘lgan so‘zlardan, janjal, tortishuv va so‘kinishdan saqlanish.

3. Masjid ichidagi bir yerdan ajralmasligi. Imom Muslim r.a Nofe’ raziyallohu anhudan quyidagi so‘zlarni naql qildi. Nofe’ dedi: «Ibn Umar menga masjiddagi rasululloh sollallohu alayhi va sallam e’tikof kilgan yerni ko‘rsatdi».

E’tikofdagi odamga muboh (ruxsatli) bo‘lgan narsalar

1. Zaruriy extiyoj uchungina tashqariga chiqish.

Oisha raziyallohu anho dedilar: «Kasalni ziyorat qilmaslik, janozada ishtirok etmaslik, xotinlarga qo‘l tekkizmaslik va ular bilan kovushmaslik, zaruriy ehtiyoji uchungina tashqariga chiqish, e’tikofdagi odam uchun sunnatdir» (Imom Abu Dovud rivoyati.

2. Masjidda uning tozaligiga rioya qilish bilan birga  yeyish, ichish va uxlash.

3. Extiyojsis so‘zlash va boshqalar bilan gaplashish.

4. Sochni tarash, tirnoqlarni olish, badanini tozalash, chiroyli kiyimlarni kiyish va xushbo‘ylanish.

Oisha raziyalloxu anxo dedilar: «Rasulullox sollalloxu alayxi va sallam e’tikof qilgan paytlarida, xujraga boshlarini kiritar va men boshlarini yuvar edim (boshka bir rivoyatda: boshlarini tarar edim)» (Muttafaqun alayh).

5. E’tikof qilgan yeridan oilasini kuzatish uchun chiqish.

Sofiyya raziyalloxu anho rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday qilganlarini rivoyat kilganlar.

E’tikofdagi odamga makruh bo‘lgan narsalar

1. Oldi-sotti qilish.

2. Ichida va tashida gunoh bo‘lgan so‘zlarni so‘zlash.

3. Ibodat deb e’tiqod qilgan holda mutlaqo so‘zlashdan tiyilish.

E’tikofni buzadigan narsalar

1. Masjiddan oz bo‘lsa-da, tashqariga zaruratsiz chiqish.

2. Jinsiy aloqa qilish.

3. Telbalik yoki mastlik sababli aqlsiz xolatga kelish.

4. Murtadlik (Allox bundan o‘zi saklasin!).

5. Poklikni ketkazgani uchun hayz va nifos qonlarining kelishi.

E’tikofga kirish va e’tikofdan chiqish vaqti

E’tikof, masjidga kirish va u yerda turish bilan Allohga qurbat hosil qilishni niyat qilish bilan boshlanadi. Agar odam ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikofga kirishga niyat qilsa, masjidga ramazonning yigirmanchi kuni Kuyosh botishidan avval kiradi hamda ramazon oyining oxirgi kuni quyosh botganidan so‘ng e’tikofidan chiqadi. 

Eslatmalar:

1. E’tikof qilishni nafl o‘larok boshlagan, keyin esa e’tikofini to‘xtatgan odam, e’tikofining qazosini qilishi lozim. Chunki rasululloh sollallohu alayhi va sallam shavvol oyida e’tikofining qazosini qilgan edilar.

2. Xotin kishi masjidda fitnadan salomat bo‘lib, eridan izn olish sharti bilangina, e’tikof qilishi mumkin. Agar eridan ruxsat olmay e’tikofga kirsa, eri uni masjiddan chiqarishi mumkin. E’tikofning xotin-qizlarga nisbatan xukmi, erkaklarning xukmi kabidir. Birok, xotin-qizlar xayz qoni ko‘rsalar, e’tikoflari buziladi. Agar qonlari to‘xtab, pok bo‘lsalar, e’tikofini kelgan yeridan oxiriga qadar davom ettiradilar. E’tikofdagi xotin-qizlar masjidning erkaklar namoz o‘qimaydigan tarafida parda to‘sib olishlari sunnatdir.

Oisha ra dan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunida e’tikof o‘tirar edilar va:

«Laylatul Qadrni Ramazonning oxirgi o‘nligidan izlanglar» der edilar».

Ikki Shayx va Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: Payg‘ambar alayhissalomning mazkur o‘n kunlikda e’tikof o‘tirishlari ularda Laylatul Qadr borligi uchundir. Chunki o‘n kechayu kunduz uzluksiz masjidda e’tikof o‘tirgan odam Laylatul Qadrni topishi muqarrar.

Shuning uchun ham hozirda ahli solih kishilar doimo Ramazoni sharifning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirishga harakat qiladilar. Imkoni bor har bir kishi bu ishni qilsa, juda ham yaxshi bo‘ladi. 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam har Ramazonda o‘n kun e’tikof o‘tirar edilar. Vafot etgan yillari yigirma kun e’tikof o‘tirdilar».

Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilgan.

Sharh: Chunki U zot sollallohu alayhi vasallam umri shariflari oxirlab qolganini sezib, solih amallarni ko‘proq qilishga o‘tgan edilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari shunga o‘xshash ishlarni ko‘p qilganlari ma’lum va mashhur. 

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon e’tikof o‘tirishni iroda qilsalar, Bomdodni o‘qib e’tikof joyiga kirar edilar. U zot kapa qurishga amr qildilar. Bas, qurildi. Ramazonning oxirgi o‘nligida e’tikofni iroda qilgan edilar. Bas, Zaynab ham o‘ziga kapa qurishga amr qildi. U qurildi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning undan boshqa zavjalari ham o‘ziga kapa qurishga amr qildilar va qurildi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Bomdodni o‘qib bo‘lgandan so‘ng nazar soldilar. Birdan kapalarni ko‘rdilar va: «Yaxshilikni iroda qilyaptilarmi?» dedilar.

So‘ng amr qilib, o‘z kapalarini yig‘ishtirdilar va Ramazonda e’tikof o‘tirishni tark etdilar. Keyin Shavvolning birinchi o‘n kunligida e’tikof o‘tirdilar».

Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.

Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam e’tikof o‘tirmoqchi bo‘lganlarida masjidlari ichiga kichik kapa qurdirar edilar.

Bir yili, boshqa rivoyatlarda aytilishicha, Oisha onamiz ham U kishi e’tikof o‘tirganda, e’tikof o‘tirmoqchi bo‘libdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan izn so‘ragan ekanlar, izn beribdilar. So‘ng Hafsa onamiz ham Oisha onamiz orqali izn so‘ragan ekanlar, u kishiga ham izn beribdilar. Hafsa onamiz ham o‘zlariga kapa qurdiribdilar. Zaynab binti Jahsh onamiz ham o‘zlariga e’tikof o‘tirish uchun kapa qurdirib olibdilar.

E’tikof o‘tirish boshlanadigan kuni Bomdod namozini o‘qib bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam e’tikof o‘tirishni boshlash maqsadida kapalari tomon yuzlansalar, uning yaqinida bir necha kapalar turibdi. Shunda:

«Bu(ayol)lar yaxshilikni iroda qilyaptilarmi?» deptilar-da o‘z kapalarini yig‘ishtirib qo‘yishni buyuribdilar. E’tikof o‘tirmaptilar. Chunki, masjid ichida kapa ko‘payib ketsa, namozxonlarga xalal berishi turgan gap. Buning ustiga e’tikof o‘tirishdan asosiy maqsadlardan biri ahli ayoldan butunlay ajrab, Allohga ibodat qilish.

Mazkur holatda esa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uchun bu maqsad hosil bo‘lmaydigan ko‘ringan.

Uchinchidan, masjidga turli odamlar kirib chiqadi, agar onalarimiz kapa qurib o‘tirsalar, unga kirib chiqib tursalar o‘ng‘aysiz holga tushishlari mumkin.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. E’tikof masjidda bo‘lishi.

2. E’tikof o‘tiruvchi o‘ziga kapa qurib olsa yaxshi bo‘lishi.

3. E’tikof Bomdoddan keyin boshlanishi.

4. Ba’zi foyda uchun yoki noqulaylikning oldini olish uchun boshlamoqchi bo‘lgan ishni qoldirish mumkinligi.

5. Uzr tufayli Ramazon oxirida e’tikof o‘tira olmagan odam Shavvolning oxirida o‘tirsa ham bo‘lishi.

6. Ayol kishi o‘z eridan so‘rab e’tikof o‘tirish kerak. 

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon e’tikof o‘tirsalar, u kishiga tavba ustuni ortiga to‘shak solib yoki so‘ri qo‘yib berilar edi».

Ibn Moja ishonchli sanad ila rivoyat qilgan. 

Sofiya roziyallohu anho aytdilarki:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjidda e’tikof o‘tirgan edilar. Men kechasi u kishining ziyoratlariga keldim, biroz gaplashdim, so‘ng uyim tomon turdim. U kishi meni kuzatgani men bilan turdilar. (U kishining uyi Usoma ibn Zaydning maskanida edi). Bas, ansoriylardan ikki kishi o‘tib qoldi. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rishlari bilan tezlab qoldilar. Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam:

«Ikkovingiz shoshilmang, bu (ayol) Sofiya binti Huyayydir», dedilar.

«Subhanalloh! Ey, Allohning Rasuli!» deyishdi.

«Albatta, shayton insonning qon yurar joyida yuradi. Men u sizning qalbingizga biror narsani yoki yomonlikni otishidan qo‘rqdim», dedilar».

Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. E’tikof masjidda bo‘lishi.

2. Ayol kishi kechasi biror joyga borsa joizligi.

3. E’tikof o‘tirgan kishini xotini ziyorat qilsa joiz.

4. E’tikof o‘tirgan shaxs o‘z ziyoratchisi bilan gaplashib o‘tirsa mumkinligi.

5. E’tikof o‘tirgan kishi o‘z ziyoratchisini kuzatib chiqsa bo‘lishi.

6. Kishilar ko‘ngliga yomon gumon keltirishi mumkin ishlarda ehtiyot bo‘lishi kerakligi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haligi ikki kishi qorong‘ida ayol kishi bilan turganliklarini ko‘rib, har xil xayolga bormasin deb ayol o‘z xotinlari ekanligini aytib qo‘ydilar.

7. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga mehribonliklari. Ularga gunoh bo‘lishi mumkin narsaning oldini olishlari.

8. Ajablanganda «Subhanalloh» deyish joizligi.

9. Shayton insonda qonning yo‘lida yurishi, uning ig‘vosidan juda ham ehtiyot bo‘lish lozimligi.

E’TIKOF UCHUN RO‘ZA SHARTMI?

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi:

«Ey, Allohning Rasuli, men johiliyat davrida Masjidul Haromda bir kecha e’tikof o‘tirishni nazr qilgan edim» , dedi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga:

«Nazringga vafo qil. Bir kecha e’tikof o‘tir», dedilar».

Beshovlari rivoyat qilgan.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Johiliyat davridagi nazrga ham vafo qilish kerak.

2. Ro‘zasiz e’tikofga o‘tirsa bo‘ladi. Chunki kechasi ro‘za yo‘q.

3. Masjidul Haromda e’tikofga o‘tirsa bo‘ladi. Ammo jumhur ulamolari, jumladan, Imom Abu Hanifa ham ro‘zasiz e’tikof bo‘lmaydi, deydilar. Ularning dalillari kelgusi hadisi sharif.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat:

«E’tikof o‘tiruvchi uchun bemor ko‘rgani bormaslik, ayol kishiga qo‘l tegizmaslik yoki quchoqlamaslik, zarur bo‘lmagan hojat uchun chiqmaslik sunnatdir. Ro‘zasiz e’tikof yo‘q. Jome’ masjiddan boshqa joyda e’tikof yo‘q».

Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan.

Sharh: E’tikofning sunnatiga xilof ish qilgan odamning e’tikofi buziladi.

E’tikof o‘tirgan odamga ro‘za shart, deganlarga ushbu hadis, shart emas, deganlarga oldingi hadis dalildir.

E’tikofga jome’ masjid shart, deganlar ushbu hadisni dalil qilib olganlar. Ba’zilar uydagi namozgohda, xususan, ayollar e’tikof o‘tirsa joiz, deydilar.

Najoh al Halabiyning “Fiqhul ibadat” kitobida aytilishicha nafl e’tikof uchun ro‘za shart emas deyiladi, undan boshqalari uchun shartdir

 

Surayyo Ibragimova

Xadichai Kubro ayol-qizlar

o‘rta maxsus islom bilim yurti katta o‘qituvchisi 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

E’tiqod ostonasidagi “troya oti”

07.04.2025   776   33 min.
E’tiqod ostonasidagi “troya oti”

Yoshlar uchun muqarrar ofat, yurt uchun ulkan xatar

 

Diniy radikalizm. Bu ijtimoiy fenomenga bepisandlik qilish yoki uni ijtimoiy tajriba sifatida sinab ko‘rish, o‘ta xatarli. Hozirga qadar bunday urinishlarning deyarli barchasi halokatli zilziladan ko‘ra, kattaroq fojialarga sabab bo‘lgan. Ammo bir necha yillardan beri, biror-bir yurtni istilo etish, itoatda tutish, hududiy yaxlitligiga raxna solish, mustaqilligidan qisman yo to‘la judo etish uchun diniy radikalizm omilidan foydalanishga urinishlar kuzatiladi. Shu sabab, fransuz sharqshunosi, siyosatshunos va dinshunos ekspert – Olive Rua istehzo bilan: “Islom radikallashayaptimi yoki radikallashuv islomlashayaptimi?..” degan edi.

 

Bugunga kelib, diniy radikalizm – istilochilikning yangi bir turi sifatida kashf etildi. U jamiyat a’zolarining ruhiy holati va xulqidagi salbiy o‘zgarishlarga, tizginsiz ehtirosga, aql-idrok va mantiqqa zid, hatto paranoyyaga moyil holatga, qo‘rquv, tahdid yoki axborot manipulyatsiyasi bilan yuzaga keladigan ommaviy psixozga ham sabab bo‘lmoqda.

 

Diniy radikalizm, ilm-ma’rifatdan ortda qolgan, hunarga rag‘bat qilmay, jaholatga botgan xalqlar uchun “Troya oti” singari kulfat manbaidir. Chunki, u tub o‘zgarishni maqsad qilgan g‘oyalar va harakatlarga evrilgach, ekstremizmni, prozelitizmni hatto missionerlikni oziqlantiruvchi o‘g‘itga aylanib, terrorizmni qo‘llab-quvvatlaydi.

 

Iqtisodiy tanglik yoki korrupsiya mamlakat taraqqiyoti va mustaqilligi uchun qanchalik jiddiy xatar bo‘lsa, diniy radikalizm unlardan-da keskinroq xavf tug‘dirib, davlat taqdirini savol ostida qoldirishi mumkin. Buni ayrim davlatlar misolida ko‘rib turibmiz.

 

Radikalizm faqat dinga oid...mi?

 

Yo‘q. Uning ko‘plab shakllari bor. Asosiy shakllari sifatida quyidagilar tilga olinadi: Diniy-siyosiy qarashlar asosida mavjud tizimni o‘zgartishni istovchi, ekstremistik tashkilotlar yoki harakatlarga aylanib, terrorizmga sabab bo‘ladigan diniy radikalizm.

 

Siyosiy yoki ijtimoiy tizimga qarshi bo‘lib, sotsializm, kommunizm, fashizm va anarxizm singari siyosiy harakatlarni tug‘diradigan siyosiy radikalizm.

 

Radikal feminizm va LGBT g‘oyalariga o‘xshash qarashlar bilan jamiyat ijtimoiy tarkibini yemiruvchi, irq, jins, sinf yoki boshqa ijtimoiy muammolarga nisbatan murosasiz bo‘lgan ijtimoiy radikalizm.

 

Etnik guruh huquqlarini ta’minlovchi yoki boshqalar bilan munosabatlardagi ustuvor talablarni aks ettiruvchi, milliy-irqiy o‘zlikni himoya qilish zaruratidan kelib chiqadigan etnik radikalizm.

 

Jamiyatning ekologik qonun-qoidalariga qarshi, tabiatni himoya qilish yo tabiiy resurslarni asrash maqsadida jahon yoki mahalliy miqyosdagi tizimlarni o‘zgartirishni talab etadigan ekologik radikalizm.

 

Yangi texnologiyalarni tatbiq qilishni, turmush tarzini yoki ishlab chiqarish usullarini o‘zgartirishni talab etadigan texnologik radikalizm.

 

Dinga, diniy e’tiqodga nisbatan murosasiz yondashuvda bo‘lgan, diniy g‘oyalarni rad etib, ularga qarshi faol kurashadigan ateistik radikalizm.

 

Bu shakllarni bog‘laydigan umumiy jihat yagona biroq diniy radikalizmning ijtimoiy hodisaga aylanish ehtimolligi hamisha yuqori.

 

Qolaversa...

 

Har bir ijtimoiy hodisani ilmiy tadqiq etib, o‘z manfaati yo‘lida qo‘llovchilar bor. So‘z biror ne’matni tortib olib yoki o‘g‘rilab ega chiqishni afzal ko‘radigan va bu yo‘lda har qanday razillikdan qaytmaydigan kimsalar haqida bormoqda. “Ularning radikallashuv jarayoniga nima aloqasi bor”, deganga javob shunday: ular moddiy-ma’naviy ne’matlar va inson resurslariga bo‘lgan ehtiyojini to‘ldirishi uchun shu yo‘lni tanlaydi, afsus.

 

Diniy radikalizmni dastaklash uchun boshqa obyektiv va subyektiv sabablar ham bor. Ilm-hunar rivojlanib, jamiyat taraqqiyotiga diniy qarashlar to‘siq bo‘lmagan, iqtisod va sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar gullab-yashnay boshlagan davlatlar, iste’molchilik qismatidan qutilib, ishlab chiqaruvchiga aylanadi. Bu esa, dunyo bozorini egallab olgan, savdo urushida shafqatsiz, yer osti, yer usti va inson resurslari iste’molida ulkan ehtiyojga ega g‘irromlarga yoqmaydi. Negaki, yolchitib biror-bir mahsulot ishlab chiqarmagan, hatto oddiy mixga muhtoj “uchinchi dunyo mamlakatlari” qatoridagi bir davlat, o‘z rivoji yo‘liga qo‘yilgan barcha tuzoqlardan eson-omon o‘tib, taraqqiy eta boshladi.

 

Nima deb o‘ylaysiz?

 

Tayyor boylikdan judo bo‘layotgan g‘irrom bunga jim qarab turadimi?

 

Albatta yo‘q. Bunday davlatni taraqqiyotdan to‘xtatish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi. Gumanitar inqirozni keltirib chiqarish, savdo urishi, oziq-ovqat embargosi, texnika yo xizmatlarga nisbatan sanksiyalar, harbiy cheklovlar qo‘llanilib, hatto jahon hamjamiyatini ishontiradigan biror-bir bahona bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bosqin uyushtirishgacha bo‘lgan nayranglar o‘ylanadi. Diniy radikal guruhlarni qo‘llab-quvvatlash shunday nayranglarning biri bo‘lib, natijada bosqinga keng yo‘l ochiladi.

 

Diniy radikalizm istilo uchun bahona...mi?

 

Ha, shunday. Negaki, globallashuv va ommaviy axborot vositalari, kino, musiqa va brendlar vositasida milliy g‘oya bilan milliy madaniyatni yo‘qqa chiqaradigan, mafkuraviy mustaqillikka tahdid soladigan, axloqni buzib, siyosiy beqarorlikni yuzaga keltiradigan, iste’molchilik ko‘nikmasini shakllantirib, iqtisodiy tanazzulga yetaklaydigan “ommaviy madaniyat” omilining “mevasi”ni uzoq kutish kerak.

 

Qolaversa, biror siyosiy harakat maqsadini belgilab, liderlar va tashkiliy guruh ishtirokida axborot kampaniyasini tashkil etib, kuchli va ta’sirli shiorlar, tamg‘alar va ramzlarni ishlab chiqish, puxta strategik reja bilan ish yuritib xalq xayrixohligini qozonish ulkan xarajatsiz bo‘lmaydi.

 

Biror-bir yurtni talon-taroj etish maqsadida milliy-madaniy birlikni tanazzulga yetaklaydigan, davlat manfaatlarini zaiflashtiradigan, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kuchaytirib, vatanparvarlikni susaytiradigan kosmopolitizm singari g‘oyalar targ‘ibi uchun sarmoya tikib maqsadga yetish ham oson emas. Diniy radikalizm omili esa, bu maqsadga ancha oson erishtiradi. Ongsiz mavjudotlar o‘rgatilib, ongli mavjudotlar ishontirib boshqarilishi inobatga olinsa, istilochilar uchun radikallashuv omilining juda ko‘p afzalliklari bor. Turli nayranglar bilan yoqilgan bu gulxan alangalanib olsa bas, keyin o‘tin tanlamaydi. Millati, boy yo faqirligi, keksa yoki yoshligi, barkamol yoxud nogironligidan qat’iy nazar, erkaklar, ayollar hatto keksalar va bolalarni ham o‘z domiga tortaveradi.

 

Diniy radikalizmni qo‘llab-quvatlagan loyihalar bor...mi?

 

Albatda bor. Hozirgacha bir qancha davlatlar diniy radikalizmni qo‘llab-quvatlash borasida qon to‘kilishi va xo‘rliklarga sabab bo‘lgan ko‘plab loyihalarni sinab ko‘rgan. Ularning aksari yo tasodifan yoki atay ommaga ochiqlab ham qo‘yilgan. Misol tariqasida ayrimlarini aytib o‘tamiz.

 

Sobiq Sovet Ittifoqi Afg‘onistonga bostirib kirganidan so‘ng, 1979–1989 yillar mobaynida AQSH va Britaniya maxsus xizmatlari amalga oshirgan “Siklon operatsiyasi” shunday loyihalarning biri bo‘lgan.

 

Afg‘on mujohidlarini qurol va mablag‘ bilan ta’minlab, diniy radikal guruhlarning shakllanishga ko‘mak ko‘rsatgan bu loyiha, oxir-oqibat “Al-Qoida” va “Tolibon” kabi ekstremistik, terroristik va diniy radikal guruhlarning paydo bo‘lishiga olib kelgan. Iqtisodiyot va tinchlik instituti ma’lumotlariga ko‘ra, ISHID va uning bo‘linmalari 2024 yili 22 mamlakatda 1800 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

 

1990–2000 yillar mobaynida Chechenistondagi separatistlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida G‘arb razvedka agentliklari, xususan, MRB va MI-6, Chechen radikal jangarilarini Rossiyaga qarshi vosita sifatida qo‘llab-quvvatlab, mablag‘ va qurol bilan ta’minlagan.

 

2011–2020 yillar mobaynida Suriya hukumatini qulatish maqsadida AQSH hamda Britaniya tomonidan Iroq va Suriyadagi diniy radikal guruhlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliy yordam ko‘rsatilgan. Natijada radikal islomiy tashkilot bo‘lgan ISHID yanada kuchaygan. Ayni vaqtga kelib, 30 mamlakatda faoliyat yuritayotgan ISHID va Pokiston toliblari terroristik guruhining kengayishi qayd etilmoqda. 2024 yili 4200 dan ortiq kishi bu guruhlarning qurboniga aylangan.

 

2011 yili Liviyada hukmron rejimiga qarshi bo‘lgan diniy radikal guruhlar qurol va mablag‘ bilan ta’minlangan. Loyiha ustidan nazoratning yo‘qotilishi esa, bu guruhlarning Liviyada haligacha davom etayotgan beqarorlikni keltirib chiqishiga sabab bo‘lgan.

 

2012–2017 yillarda Suriyadagi diniy radikal jangarilarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mossad, MRB va G‘arbning boshqa razvedka agentliklari “Operation Timber Sycamore” loyihasini amalga oshirgan.

 

Bunday loyihalarni yaratuvchilardan biri

 

AQSH prezidenti Jimmi Karterning 1977–1981 yillarda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi, “Buyuk shaxmat taxtasi” va “Strategik nigoh” singari mashhur asarlar muallifi Zbegnev Bjezinskiy.

 

U o‘zining geosiyosiy strategiyasidan kelib chiqqan holda, diniy radikal guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni yoqlagan. AQSHning global geosiyosiy maqsadlari himoyasida radikal g‘oyalardan ham foydalanish tashabbusini o‘z asarlarida ham ilgari surgan. Keyinchalik, sobiq ittifoqning Afg‘onistonga bostirib kirishiga qarshi diniy radikal guruhlarni rivojlantirish loyihasi oqibatni ko‘rgach, radikallashtirish loyihalari bo‘yicha sinovlarning nazoratdan chiqib ketishi mumkinligini ham tan olgan.

 

Chunki, bu tajribalar mobaynida qo‘llab-quvvatlangan diniy-radikal guruhlar o‘z homiylariga qarshi chiqishi natijasida global terrorizm paydo bo‘ldi. “Al-Qoida” tashkiloti esa, global miqyos kasb etib, 2001 yilning 11 sentyabrida AQSHda mislsiz fojianing sodir bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

 

Diniy radikal guruhlarning kuchayishi Afg‘onistonda, Iroqda, Suriyada, Liviyada, Yamanda, Afrika va Osiyo qit’asi hamda Okeaniya mintaqasidagi ayrim davlatlarda beqarorlikka turtki berib, urushlarni keltirib chiqardi. Turli terror aktlarining sodir etilishiga, geosiyosiy keskinlik va harbiy mojarolarning boshlanib ketishiga olib keldi. Natijada, qochqinlar muammosi va gumanitar inqirozlar yuz berdi. Suriya, Iroq, Afg‘oniston va Afrikadan millionlab qochqinlar Yevropa va boshqa mintaqalardan boshpana izlashga majbur bo‘ldi. Yana millionlab kishilar ocharchilik, turli kasalliklar va zo‘ravonliklardan aziyat chekayotir.

 

Diniy radikallashtirish bo‘yicha qo‘llanilayotgan usullar

 

Tahlillar dunyoda bir necha o‘n yillardan beri oilalar, millatlar va xalqlar, ayniqsa yoshlar, axborot yordamida radikallashtirilayotganiga dalolat qiladi. Negaki, axborot chindan ham bu borada samarali omil. U feyk – yolg‘on xabarlar, dezinformatsiya – qasddan tarqatiladigan noto‘g‘ri ma’lumotlar, ma’lum bir mafkura, masalan soxta salafiylik g‘oyalari targ‘ibini ko‘zlaydigan axborot manipulyatsiyasi usullariga ega.

 

Qolaversa, ma’lum auditoriyaga moslashtirilgan radikal-ekstremistik materiallarning yaratilishi va tarqatilishini ta’minlaydigan diniy radikal kontentlarni ommalashtirish usuli ham bor.

 

Internet orqali radikallashtirish usuli esa, turli bot hamda radikal qarashlarni ommalashtiruvchi “troll fabrikalari”, kiber-jang va xakerlik harakatlaridan, radikal g‘oyalarni muhokama qilish va tarqatish uchun hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan maxsus guruhlar va forumlarning platformalaridan samarali foydalanishni o‘rgatadi.

 

Bundan tashqari, hissiy va psixologik ta’sir usuli ham bor. Unda jamiyatda xavotir hissini kuchaytirish uchun tahdid omilidan foydalanish, “Biz va ular” konsepsiyasi vositasida yoshlarni radikallashtirish va radikal harakatlarni keng yoyish ko‘zda tutiladi.

 

Yana madaniyat va ta’lim, ijtimoiy fanlar, filmlar, musiqa hamda adabiyot vositasida mutaassib qarashlarni shakllantirish usuli ham mavjud. Hozirga qadar tadqiqotchilar tomonidan aniqlangan bu usullar, radikalistik, ekstremistik va terroristik targ‘ibot loyihalarini amalga oshirishda, o‘z buyurtmachilariga sezilarli qulaylik bergan. ISHIDning onlayn targ‘ibot loyihasi esa, bunga yaqqol misoldir.

 

O‘z vaqtida ISHID ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarni jalb qilish uchun maxsus media markaz tashkil qilib, forumlar va bir qancha mobil ilovalar orqali ish yuritgan. Bu harakat hanuz davom etmoqda.

 

“Al-Qoida” terroristik tashkilotining “As-Sahab” media markazi global radikallashuvni qo‘llab-quvvatlash uchun minglab targ‘ibot materiallarini ishlab chiqqan. “Al-Qoida”ning Somalidagi “Ash-Shabbob” yoki Yamandagi “Arab yarim oroli” qanotiga qarashli media markaz hanuz faol.

 

“Nashida” usuli

 

Ichki ishlar vazirligi ekspertlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, nashidaga o‘xshash qo‘shiqlar bilan radikallashtirish usuli ishlab chiqilgan va u bir necha bosqichdan iborat. Bunda dastlab marom va ohangi uyg‘un, kishi ruhini ko‘taruvchi musiqa yaratiladi. Mumtoz nashidalardan farq qilmasligi uchun ularga hamohang ham qilinadi. Shu bois, arab tilini tushunmaydiganlar uni oddiy nashida deb o‘ylab, yodlab olgisi keladi.

 

Bu jarayon tinglovchi bilan psixologik aloqa o‘rnatish, deb ataladi.

 

Keyingi bosqichda, nashida kirill yo lotin yozuvida tarjimasiz transkripsiya holida tarqatiladi. Natijada, nashida matnini o‘qigan aksar kishi uni yodlab oladi. Nashida g‘oyasi ongi ostidan shu tariqa joy egallaydi.

 

Uchinchi bosqichda esa, aqidadan yiroq, radikal diniy qarashlar bilan to‘yingan “nashida”ning arab tilidagi matni tarjimasi bilan tarqatiladi. Bu bosqichga yetib kelgan kishi, manipulyatsiya natijasida radikalistik, terroristik va ekstremistik qarashlarga moyil bo‘lib qoladi.

 

O‘zbekiston Respublikasining bunga qarshi kurashishni ko‘zda tutgan qonuniga ko‘ra, bunday “nashida”larni eshitgan va tarqatganlar bilan dastlab profilaktik suhbat o‘tkaziladi. Bu hol yana takrorlansa, ma’muriy javobgarlik, undan keyin esa jinoiy javobgarlik qo‘llaniladi.

 

Ayrimlar buni o‘ta qattiq choraday talqin etadi. Ammo undaymas. Aslida, hozirga qadar o‘ta qattiq choralar, faqat radikal g‘oyalar hukmron bo‘lgan hududlarda kuzatilgan. Bunday joylarda terroristik g‘oyalariga zid materiallarni tarqatgan, saqlagan, tinglagan va ko‘rganlar so‘zsiz qatl etilgan. Bunga inkor qilib bo‘lmas dalillar bor.

 

Bugunning “Qadimchilar”i

 

Jaholat ildiz otgan ijtimoiy muhit diniy radikalizm uchun juda qulay. Diniy qarashlar bilan o‘ta uyg‘unlashgan milliy qadriyatlarga, an’analar va urf-odatlarga “patologik xasta” darajasida sadoqatli, biror-bir radikal oqimga qattiq bog‘langan, na diniy, na dunyoviy ilmi bo‘lmagan, dunyoqarashi “rahnamo”lar ta’sirida shakllangan, arabcha aytganda “Sami’na va ato’na” ya’ni “eshitdik va iqror bo‘ldik”, degan tamoyilga amal qiluvchi kishilar radikal muhit gulxaniga moy sepuvchilardir.

 

Bunday kishilar, mutaassib dindorlar tufayli XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Markaziy Osiyo, Qozog‘iston, Tatariston va Qofqozda faoliyat ko‘rsatgan “Qadimchilar”ni esga soladi. Bu harakat a’zolari jadidcha islohotlarni diniy an’analarga zid deb bilgani uchun Turkistonda og‘ir oqibatlarga olib kelgan fitnalar sodir bo‘lgan edi.

 

Bugun o‘zini jamiyatdan ajratib, o‘lkada keng tarqagan mazhabga ergashmayotgan, kiyinish va xulq-atvorda “g‘alat”lik kasb etgan, davlat xizmatini nojoyiz sanab, ayollarning ta’lim olishini va hunar egallashini istamayotgan, miyasi “Avgiy otxonasi”dan farq qilmay qolgan kishilarning o‘sha “Qadimchilar”dan nima farqi bor?

 

Radikalizmni dastaklaydigan soxta da’vatchilar

 

Radikal da’vatchilarga ergashishdan naf, undan istilochilikning bir usuli sifatida foydalanib turganlarga, yana dinni tijoratga aylantirgan soxta da’vatchilarga bor, xolos. Garchand ularning aksari xorijda bo‘lsa-da, internet bergan imkoniyat tufayli yurt ichida ham diniy radikal g‘oyalarni targ‘ib etayotgani javonibidan, ham ichki, ham tashqi tahdiddir.

 

Imom Shofiy rohimahullohning “Qirq olimni bir dalil bilan yengdimbir johilni qirq dalil bilan yengolmadim” degan gapi, virtual olamda onlayn voizlik qilayotgan radikal da’vatchilarga nisbatan aytilganday, go‘yo. Ularga ishonib, juvonmarg bo‘lganlar esa, son-sanoqsiz.

 

Bu esa, ekspert Noy Takerning “Diniy radikalizm haqidagi miflar hukumatlarning sekulyarizm siyosatini oqlash uchun ishlatiladi”, degan so‘zlarini shubhada qoldiradi. Bu so‘z kishiga bir tomonlama yondashuvday, diniy radikal harakatlarni oqlovchi bayonotday eshitiladi, go‘yo.

 

Alohida ta’kidlash lozim bo‘lgan yana bir omil

 

Diniy kitoblar nashri bilan bog‘liq masala. Bugun mamlakat miqyosida diniy adabiyotlarni nashrga tayyorlash huquqidan olti yuzga yaqin nashriyot foydalanmoqda. O‘ttizdan ortiq nashriyotlar diniy adabiyotlarni tayyorlash va tarjima qilish bilan faol shug‘ullanadi[10].

 

Bu nashriyotlarda kimlar xizmat qilayotgani, diniy bilimga ega muharrirlar, musahhihlar, dizaynerlar, sahifalovchilar bor yo yo‘qligi, chop etilayotgan diniy adabiyotlarda aqida, mazhab, tariqat masalalariga nechog‘lik e’tibor berilishi, so‘z o‘yinlari yo ochiq-oydin xatoliklar bilan singdirilishi mumkin bo‘lgan diniy-mafkuraviy g‘oyalarga nisbatan muharrirlarning hammasida ham immunitet bor yo‘qligiga, ijobiy javob yo‘q. Shuning uchun diniy mavzudagi kitoblarni nashrga tayyorlash va tarqatish bilan shug‘ullanadiganlarning faoliyati muayyan talablar bilan alohida litsenziyalanadigan faoliyat turiga aylantirilishi el uchun xayrli bo‘lardi.

 

Bosqin falsafasi

 

Ha shunday ibora bor. Biror xalqni bosib olish va davlatni istilo etishni oqlovchi falsafiy qarash u. Unga ko‘ra, istilochi – xaloskor, bosqinchi – adolat kurashchisi. Bunga falsafaga misolni o‘tgan asrdan, o‘z xalqimiz boshidan o‘tkazgan qora kunlardan izlash kifoya.

 

O‘z-o‘zidan biror-bir hududni “meniki”, deb egallab olish amrimahol. Bosib olish uchun barchani birdek ishontira oladigan bahona kerak. Bashariyat asrlar mobaynida bunday bahonalarning ko‘piga guvoh bo‘lgan.

 

Inson huquqlarining toptalishi, demokratik qadriyatlarning ta’qib etilishi, bolalar huquqining buzilishi, ayollarga shafqatsizlikning haddan oshgani, ommaviy qirg‘in qurollariga egalik, diniy, irqiy, etnik ozchilikning ta’qib etilayotgani, radikal muhitning xalqaro terrorchilar uchun qo‘l kelayotgani, umuminsoniy axloq normalariga rioya etilmayotgani kabi bahonalar ayrim davlatlarga bosqinchilarning kirib kelishiga, ba’zilarning yakkalab qo‘yilishiga sabab bo‘lgan.

 

Diniy erkinlik bahonasida radikal qarashlarni dastaklaydigan yovuz kuchlar uchun yer osti, yer usti va inson resurslariga boy bo‘lgan yoki geostrategik jihatdan qulay nuqtada joylashgan hududlarda diniy radikalizm urchishi, ayni muddao. Ular ko‘z ostiga olgan biror-bir davlatda, bu ijtimoiy hodisani keltirib chiqarish va qo‘llab-quvvatlash uchun iqtisodiy, siyosiy, diniy, ilmiy, huquqiy hatto harbiy ko‘mak ko‘rsatishga ham tayyor. Muhimi, diniy radikalizm ildiz otsa bas. Keyin esa, radikalizm domida qolgan davlat haqida xunuk xabarlar tarqatilib, chuqur inqiroz yuzaga kelganiga barcha ishontiriladi.

 

Afsuski, diniy radikal muhit rivojlangan joyda, oxir-oqibat bunday inqiroz chindan ham sodir bo‘ladi. Natijada, bosqinga bahona tug‘iladi.

 

“Demak, bu balodan qutqaruvchi vallomat bor ekan-da”, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, chuchvarani xom sanabsiz. Yaqin tarix guvoh: bunday bahonalar bilan kirib kelgan bosqinchilar adolatni tiklash yo zulmni bartaraf etish bilanmas, yer osti va yer usti resurslarini talon-taroj qilish, inson resurslaridan esa o‘z manfaati yo‘lida foydalanishdan nariga o‘tmagan.

 

Bu gaplarni inkor qiluvchilar ham bor. Undaylarning fikricha, bosqin taraqqiyotga ham xizmat qiladi. Agar chindan shunday bo‘lsa, milliy o‘zlikka, milliy g‘oyaga, milliy mentalitetga, ona tiliga, axloq va milliy qadriyatlarga, urf-odatlar, an’analar va milliy tarixga qattiq zarba berish evaziga taqdim etilgan bunday taraqqiyotning tovoni, aniq qimmatga tushadi.

 

Radikallashuvga qarshi kurashda e’tibortalab jihatlar

 

Biror bir axborot manbaini to‘sib qo‘yish muammoni hal qilmaydi. Radikal g‘oya targ‘ibotchilari bilan virtual poligonda yuzma-yuz turish lozim. Bu ularga basma-bas tayyorlanadigan media mahsulotlar bilan amalga oshiriladi. Shu bois, virtual olamda faol axborot manbalarining bu kurashdagi o‘rni beqiyos. Afsuski, o‘zbek tilli kontentlardagi ahvol kishini mamnun etmaydi. Ushbu yo‘nalishda xizmat qilayotgan ayrim markazlarda internet yo‘nalishini nazarda tutgan shtat birliklari yetishmasligi sababli, “hashar” bilan ish tutiladi. Qolaversa, tahlil, surishtiruv, teleocherk, radio ocherk, televizion esselar, hujjatli filmlar, qahramonning psixologik kechinmalari va xulosalarini ochiqlaydigan film-portret janrlarida media mahsulotlar yaratish borasidagi ijodiy tashabbuslar byurokratik to‘siqlar tufayli amalga oshmay qolayotgan holatlar ham yo‘q emas.

 

Diniy radikalizm hodisasi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, geosiyosiy, diniy-ma’rifiy tahlillarda aks etgan davra suhbatlari, tok shoular va podkastlarga internet nashrlari, teleradiokanallar, gazeta va jurnallardan o‘rin ajratilishi yoshlarning mohiyatni anglashida juda muhim.

 

Nega-ki, radikal g‘oyalar “25-kadr” nazariyasi, ong osti targ‘iboti, neyrolingvistik dasturlash, “Metafora va tarixiy analogiyalar”, “taqiqlangan meva effekti” singari yuzlab usullar bilan singdirilmoqda. Shu bois, axborot-tahlil va media markazlar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari tasarrufidagi ommaviy axborot vositalarining rolini inobatga olgan holda harakat qilish vaqti yetdi.

 

Muvaffaqqiyatli qadam

 

So‘ngi yillarda “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostida, reabilitatsion xarakterdagi suhbatlar tez-tez tashkil etilmoqda. Bu holat diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirishda muvaffaqiyatli qadam sifatida e’tirof etilishi shart.

 

Nega?

 

Tasavvur qiling: ulkan to‘yxonadasiz. Hofizlar quloqni qomatga keltiradi. Birga o‘tirganlar bilan suhbatlashish nari tursin, hol so‘rash ham amrimahol. Axborot tarqatish va qabul qilishda bugungi jamiyatning ahvoli ham shunday.

 

Soni bir necha minglarni tashkil etayotgan axborot manbalari: veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar, teleradiokanallar, gazetalar, jurnallar va kitoblar sabab, zarur chaqiriqni, ogohlantirishini yo maqtovini o‘z vaqtida ilg‘ab olish imkoni kam.

 

Xo‘sh, shu holda kimgadir zarur gap qanday yetkaziladi?

 

Oldiga borib, qulog‘iga shivirlanadi, albatta. Targ‘ibot tadbirlari va reabilitatsion xarakterdagi suhbatlar ham shunga o‘xshaydi. Har qancha shovqinga qaramay, kerakli kishiga atalgan gap, aniq yetkaziladi.

 

Voizning iqtisodiy, siyosiy, geosiyosiy, gumanitar, etnik, irqiy, diniy va g‘oyaviy-mafkuraviy jihatlarni puxta bilishi esa unga ustunlik beradi. Voiz vazifasi maxsus guruhlardan tashqari, gohida yozuvchilarning, jurnalistlarning, maktablardagi sinf rahbarlarining, professor-o‘qituvchilarning, oliy ta’lim muassasalaridagi tyuterlarning, kino sohasi vakillarining hamda mahalla idoralarida xizmat qilayotganlarning ham zimmasiga tushadi, gohida. Demak, ularning, yana jamiyatning ma’lum bir qatlami bilan muloqotda bo‘lish imkoniga ega bo‘lgan boshqalarning, bloger va vlogerlarning diniy radikalizm borasidagi tushuncha va tasavvurlarini kengaytiradigan qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlariga e’tiborni yanada kuchaytirish, bunda eng ulkan urg‘uni huquqiy bilim berishga qaratish lozim. Chunki, sodir etilayotgan diniy ekstremistik mazmundagi jinoyatlarning aksari, (ayniqsa, layk bosish va tarqatish) huquqiy bilimning yetishmasligi natijasida sodir etilmoqda.

 

Nega endi “kinochi”lar?

 

Birinchidan, tomoshalarning eng katta qismi seriallarga to‘g‘ri keladi. Ikkinchidan, tomoshabinning aksari uy bekalari – ayollar. Uchinchidan, bola tarbiyasi, bilimi, axloqi, e’tiqodga otadan ko‘ra ko‘proq ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan onalarni unutmaslik lozim. Chunki, yoshlar ongini egallashga harakat qilayotgan radikal g‘oyalarga qarshi kurashda, xolis axborot bilan qurollangan onalardan ko‘ra yaxshiroq kurashchi yo‘q.

 

Tadqiqotchilar seriallar, multfilmlar va badiiy filmlarning diniy e’tiqodga, psixologiya va dunyoqarashga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirini allaqachon isbotlashgan. Yillab davom etadigan seriallar sog‘lom yoki radikal yoxud axloqqa zid g‘oyalarni singdirishi mumkin. Ulkan hajmda tayyorlanib virtual olamga singdirilayotgan salbiy media mahsulotlarning oqibatni bartaraf etish uchun kino sohasi vakillarining malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratish shart.

 

Diniy mavzudagi video va audio roliklarning kuzatuvchisi ko‘p. Bu e’tiqodni tijoratga aylantirgan kimsalarga qo‘l kelib, dunyoviy ilm-hunar va bank xizmatini boykot qilishga chaqiradigan, dunyoviy davlat tuzumini inkor etib, jinoyatga undaydigan roliklarning urchishiga sabab bo‘lmoqda. Shunday ekan, ularga nisbatan “g‘oyaga qarshi g‘oya” usulida javob qilish, milliy seriallarning e’tiqodga, axloqqa, ta’lim-tarbiya va dunyoqarashga ko‘rsatadigan ijobiy imkoniyatidan foydalanish lozim. Toki, yaratilayotgan seriallar va yozilayotgan ssenariylar bu omilning jamiyat uchun qanchalik xatarli ekanligini onalarga anglata olsin.

 

Misol

 

– Qo‘shnimning bittagina o‘g‘li bor, – deydi bir do‘stimiz, – hovlisida baqir-chaqir bo‘lganini yoki kim bilandir “sen-men”ga borganini ko‘rmaganmiz. Shu kishiga ko‘z tegib, internetdagi mutaassib bir voiz ta’siriga tushgan kelini “hunar” chiqardi. Eriga “ota-onangizga xizmat qilishga shar’an majbur emasman”, debdi. Uyidan janjal arimay qoldi.

 

U bo‘ldi, bu bo‘ldi, xullas ish ajrimgacha bordi. O‘rtada ikki go‘dak bor. Oxiri, ota-ona “go‘daklar bo‘zlaguncha, biz o‘z kunimizni ko‘raylik” dedi shekilli, o‘g‘ilni qoldirib ko‘chib ketishdi. Keyinroq, kelin reablitatsiya guruhi vakillaridan biriga yo‘liqibdi. Natijani qarang, qaynota-qaynonasidan kechirim so‘rab, qaytarib olib kelishdi.

 

Bu gap biroz bo‘rttirilgan, mubolag‘aga qorishganga o‘xshar, ehtimol. Ammo aksariyat oilalar bu kabi muammolar bilan yuzma-yuz kelayotgani bor gap. Ijodkorlar va ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvda ana shunday jihatlarni nazarda tutgan Yangi O‘zbekiston Prezidenti “O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart...”, degan edi.

 

Munozaralarning oqilona yechimi

 

“Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi – millat, xalq va davlat rivojiga keng yo‘l ochayotgan Yangi O‘zbekiston Rahbarining, jamiyatdagi turli hodisalarga nisbatan ma’rifiy yondashuvidan darakdir.

 

Bu yondashuv, “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonunning imzolanishiga sabab bo‘ldi.

 

Ushbu qonun fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati, vazifalari, prinsiplari hamda ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi. Fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini kafolatlash, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmatni ta’minlash, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dunyoviylikni qaror toptirish bu qonunning asosiy maqsadlaridan biridir.

 

Konsepsiya qabul qilingungacha bo‘lgan jarayonda, diniy radikal g‘oyalardan manfaatdor kimsalar, ekstremistik harakatlar va radikal oqim vakillari hamda teran tafakkurdan mahrum kimsalar fitna va ikkilanishlarga xizmat qiluvchi gap-so‘zlarni o‘rtaga tashladi. Hatto ba’zi ommaviy axborot vositalari bu holni e’tiqod erkinligini bo‘g‘ish yoki cheklash sifatida talqin etdi.

 

Bunday qarashlar bir yoqlama, millat va davlat manfaatlariga xizmat qilmaydigan, fitnaga moyil fikrlardan iborat edi. Aslida, hech bir mustaqil davlatga alohida mavzular va yo‘nalishlar bo‘yicha Konsepsiyalar yo Doktrinalar qabul qilishni o‘z Konstitutsiyasi ham, xalqaro huquq me’yorlari ham man etmaydi. Zotan, shu me’yordan kelib chiqib, davlatning din borasidagi siyosati yuzasidan turli bahs-munozaralarga nuqta qo‘yadigan, turli ziddiyatlarga barham beradigan, e’tiqod erkinligini qat’iy kafolatlab, diniy-ma’rifiy muhitni mustahkamlaydigan qonuni qabul qilindi.

Unutmaylik, O‘zbekiston ilm-hunar taraqqiysiga ulkan e’tibor qaratayotgan, g‘oyaviy va mafkuraviy tahdidlarga ma’rifiy yondashuv bilan javob beradigan, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Bu yurtda tushunchalar bilan emas, Qonunlarga asosan ish yuritiladi. “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun esa, shu tamoyil asosidagi davlat va din munosabatlarini belgilaydi.

Konsepsiya borasida so‘zni bunchalik olisdan boshlamay, kichikroq bir munosabat bilan ham kifoyalanish mumkin edi. Ammo Yangi O‘zbekiston Prezidentining “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan so‘zlari bunday qilishga izn bermadi. Shuning uchun diniy radikalizm muhiti olib kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar haqida, amalga oshirilayotgan ishlar va yechimini kutayotgan masalalar to‘g‘risida batafsil so‘z yuritgimiz, bu Konsepsiyaning xalqimizni, ildizi ming yillarga taqalgan millatdoshlarimizni ana shunday oqibatlardan himoya qiluvchi manbaga aylanishi mumkin ekanligiga dalolat qilgimiz keldi.

 

Negaki, radikallashuvning hech bir ko‘rinishi bashariyatga baxt olib kelmaydi. O‘z taraqqiyoti va farovonligini diniy radikalizmda, deb o‘ylaganlar mutaassibona boshqaruvning qurboniga aylanayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. E’tiqod erkinligi bilan diniy radikallashuv bir-biridan tubdan farq qilishini ulardan yaxshiroq anglagan kishi bormikan?!.

 

Anglaganning iqrori

 

Uch-to‘rt yil muqaddam, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida diniy radikalizm sabab o‘z yurtidan majburiy bosh olib ketgan bir olimdan intervyu oldik. O‘z iltimosiga ko‘ra, shaxsini ochiqlamaymiz.

 

– Mamlakatingiz ko‘p yillardan beri urish girdobida. Gohida bu yurtda hech tinchlik bo‘lganmi, deb o‘ylaymiz. Jamiyatingizning shu ahvolga kelib qolishga nima sabab bo‘lgan, – deb savol berdik u kishiga.

 

Savoldan suhbatdoshimizning ko‘zlari yoshlandi.

 

– Bir vaqtlar mening yurtim ham sizning yurtingiz kabi osoyishta edi, – dedi so‘ng ichki bir alam bilan. – Ayol-qizlar maktablarda, kollejlar yoki universitetlarda o‘qirdilar, erkak-ayollar barobar mehnat qilardilar. Bolalarning ham, ayollarning ham huquqlarini qonun himoya etardi. Kimning ko‘zi tegdi, bilmayman. Bir zamonga kelib, qonunlar bilanmas, diniy tushunchalar bilan ish ko‘rish urf bo‘ldi.

 

Ikki-uch yilda vaziyat shu darajaga yetdi-ki, shariat sudlarning faoliyatiga rasman ruxsat berildi. Mardum (odam) davlat sudiga boradi, isboti yo‘q. Yutqazadi. Shariat sudiga uch kishini ergashtirib “mana shular guvoh” deb borsa bas, foydasiga hukm chiqadi. Bora-bora shunchalikka yetdi-ki, shariat sudi oldida “guvohlar bozori” paydo bo‘ldi. Savdolashib, “guvoh” bilan sudga kiraverasiz. Natijada, davlat sudiga ehtiyoj qolmadi.

 

Dunyoning ilmini nazar-pisand qilmay, diniy ta’limga zo‘r berdilar. Shunchalik-ki, bir qishloqda kamida o‘nta hujrachi. Ziyolilar ham, ahli ilm ham, ota-onaning aksari ham bu holatdan cho‘chish o‘rniga mamnun bo‘ldilar. Ana ahvol. Keyin yurtga yov kirganda u bilan savashishga na qurol topdik, na ilmga tayangan aqliy salohiyat.

 

Hozir esa, kimnidir do‘pposlatib o‘ldirib yuborish uchun, olamonga bir og‘iz yolg‘on kifoya. Qariyb ellik yildan buyon hali unisi, hali bunisi kirib vatanni payhon qiladi. Na ta’limni, na sanoatni, na iqtisodni tiklashga imkon beradilar. Asli bandalarga hidoyat bo‘lgan din, mutaassiblar tufayli yurtimizni halokatli oqibatlarga eltdi...

 

Qochqinlik qismatiga aylangan olimni tinglab: jaholat ta’limga, tarbiyaga, g‘oyalar va mafkuralarga singa boshlagan joyda, inson uchun faqat fojiani kafolatlash mumkin ekan, degan xulosaga kelgandik o‘shanda.

 

Xulosa

 

Imom Moturidiy zamonlaridagi buzg‘unchi oqimlar ham asl mohiyatiga ko‘ra, bugungi radikal oqimlardan katta farq qilmagan. Ularning barchasi, dindan jamiyat ichida fitna qo‘zg‘ash, xalqni parokanda qilish va davlatni zaiflashtirishda shunchaki bir omil sifatida foydalangan.

 

O‘z davrda Mo‘tazila, Jahmiyya, Qadariya, Xavorijlar va kelib chiqishi Shia mazhabiga bog‘lanuvchi G‘ulot firqalari ulkan fitnalarga sabab bo‘lgan. Bugun o‘sha fitnachilar o‘rnini Soxta salafiylik, “Hizb at-tahrir al-islomiy”, “Al-Qoida”, ISHID, “Musulmon birodarlar”, “Boko Harom”, “Ash-Shabbob” singari harakat va oqimlar egallagan.

 

Shuning uchun diniy radikallashuv omiliga qarshi kurashga eng avvalo ota-onalar hushyor bo‘lishi, bolasi foydalanayotgan manbalarni kuzatib borishi, ularning qanday saytlarga, qaysi ijtimoiy tarmoqlarga, kimning shaxsiyatiga qiziqayotganini e’tiborsiz qoldirmasligi lozim.

 

Endi esa, mulohazalarga yakun yasaymiz. Yangi O‘zbekistonning so‘z erkinligi borasidagi xalqchil siyosati bergan imkon tufayli, ijtimoiy hodisa bo‘lgan diniy radikalizm haqida uzunroq so‘z aytdik. Bundan ko‘zlangan maqsad Vatanimizga, millatdoshlarimizga, xalqimizga ezgulik sog‘inishdir. Negaki, Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, “Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulug‘ bir maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir”.

 

Abdulhamid Muxtorov,

“Ziyo” media markazi direktori

Manba: “Jadid gazetasi 2025 yil 4 aprel, 14(66)-son

 

Paranoyya – aqliy yo ruhiy jihatdan buzilib, atrofidagi voqealardan xavf-xatar ko‘ra boshlash.

Troya oti – qadimgi yunonistonliklarning Troya shahrini zabt etish uchun ishlatgan mashhur makri. Bu voqea Gomerning “Iliada” va Vergiliyning “Eneida” asarlarida tasvirlangan.

Prozelitizm – kishini o‘z dinidan voz kechib, boshqa dinni qabul qilishga majburlash.

Missionerlik – bir dinga e’tiqod qiluvchilar orasida boshqa dinni targ‘ib qilish.

Bot – avtomatik ravishda ma’lum bir vazifani bajaradigan dastur yoki sun’iy intellekt tizimi.

“Troll fabrikalari” – bu tashkil etilgan guruh yoki muassasa bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda, forumlarda va ommaviy axborot vositalarida chin yo yolg‘on ma’lumot tarqatib, jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatadi.

“Biz va ular” konsepsiyasi – Sotsial-psixologik hodisa. U kishilar o‘zlarini ijtimoiy, madaniy, siyosiy yoki diniy jihatdan “biz” (o‘z guruhi) va “ular” (boshqa guruhlar) deb tabaqalashni ilgari suradi. Bu konsepsiya birlik hissini shakllantirishi yoki notenglik hissini qo‘zg‘ab, ziddiyatlarni tug‘dirishi mumkin.

O‘xshatish hidoyatga boshlovchi dinga, sog‘lom aqidadagi kishilarga taalluqli emas.

“Avgiy otxonasi” – bu ibora yuvilmagan, tartibsiz va juda nopok bo‘lib ketgan joyni tasvirlash uchun ishlatiladi. Yunon mifologiyasidagi Avgiy otxonalari bilan bog‘liq rivoyatdan kelib chiqqan.

Ushbu ma’lumotlar AOKA mutasaddilari bergan dalillar asosida taqdim etilmoqda.

MAQOLA