u hayratlanarli voqeani Usmon Nuriy To‘pboshi maqolalaridan birida o‘qigan edim. Internet manzilga kirib, o‘sha voqea aks ettirilgan videotasvirni ko‘rdim. Bu chindan ham hayron qolarli edi.
Bilamiz, ohular har doim arslonlarning o‘ljasi bo‘lgan. Lekin urg‘ochi sherning ohu bolasini yalab-yulqab, farzandidek shafqat ko‘rsatishini, doim birga yurib, birga turishini hech tasavvur qila olasizmi? Juda qiyin, to‘g‘rimi? Biroq Keniyadagi Samburu milliy qo‘riqxonasida shunday voqea yuz berdi. Yosh urg‘ochi sher qandaydir sabab bilan yetim qolgan ohu bolasiga onasidek mehribonlik qiladi. Bu iliq munosabatni sezgan ohucha ham sherdan ayrilmaydi. Ona sher yonidagi ohu bolasi ekanini yaxshi biladi, chunki uni go‘sht bilan boqmaydi. Ohu esa sut yo‘qligi sabab yaproqlarni yeyishga urinadi. Ona arslon hatto ovga ham chiqmay qo‘yadi. Ochlikdan ikkovi ham zaif ko‘rinsa-da, salomatliklari yaxshi ekani kuzatiladi.
Jarayon ikki hafta davom etadi. Bu vaqt mobaynida urg‘ochi sher “asrab olgan farzandi”ni himoya qiladi, bir lahza yonidan ayirmaydi. Ohuchani suyib, erkalaydi, quloqlari, tumshuqlarini yalab-yulqaydi. Ammo ikki haftadan so‘ng butalar ortida poylab turgan nar sher urg‘ochi arslonni dog‘da qoldirib, ohuchani tishlab olib qochadi. Ikki haftalik ochlik ta’sirida zaiflashib qolgan ona sher uni yeta olmaydi. Chorasiz ona hozirgina ohu bolasi o‘lgan joyni iskay boshlaydi, bir ozdan keyin boshini egib u yerdan uzoqlashadi...
Kuzatuvchilar ertasigayoq urg‘ochi sherning ovga chiqqanini ko‘rishadi...
Ha, onalar shunday, Yaratilishidan mehr-shafqatli. Onalik – eng go‘zal xislatlar mujassami. Keltirilgan voqea ham shu haqiqatning bir namoyishidir.
Zumrad FOZILJON qizi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahar Shayxontohur tumani «Oqilon» jome masjidi imom-xatibi Ne’matulla domla Ismoilovning volidai muhtaramasi vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini, solih amallarini o‘zlariga hamroh qilsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ortidan qolgan farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Buyuk Parvardigor onaxonni O‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!
«Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz».
Janoza namozi bugun, 23 oktyabr kuni juma namozidan so‘ng Toshkent shahridagi “Chimir ota” jome masjidida o‘qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi