Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Noyabr, 2025   |   18 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:04
Peshin
12:12
Asr
15:28
Shom
17:13
Xufton
18:28
Bismillah
09 Noyabr, 2025, 18 Jumadul avval, 1447

“Ahli ilmni hurmat qilishlik Allohning roziligini topishlik bo‘ladi”

13.02.2018   5773   12 min.
“Ahli ilmni hurmat qilishlik Allohning roziligini topishlik bo‘ladi”

“Ahli ilmni hurmat qilishlik Allohning roziligini topishlik bo‘ladi” nomli sarlavha ostida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ­raisi, muftiy Usmonxon Alimov bilan suhbat e’lon qilindi.

Ushbu suhbatning to‘liq matni bilan tanishing: 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 9 fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish jarayonida Shayxontohur tumanidagi «Suzuk ota» majmuasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan ham yaqindan tanishdi. Hududni yanada obodonlashtirish, ziyoratchilar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Shuningdek, Chilonzor tumanida barpo etilayotgan masjidda ham bo‘lib, o‘zining bir qator taklif va tavsiyalarini bildirdi. Muxbirimiz Suzuk ota haqidagi ma’lumotlar va bu maskanning ma’naviy-ma’rifiy ahamiya­­ti, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomida barpo etilayotgan masjid va muzey haqida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bilan suhbatda bo‘ldi. 

— Bismillahir rahmonir rohim. Alhamdulillahi robbil a’lamin. Assalotu vassalamu ala rasulilloh. Allohga shukrlar bo‘lsinki, bizning diyorimizda juda ham katta islohotlar, yangilanishlar yuz bermoqda. Bugungi taraqqiyotimizga butun dunyo havas bilan qarab turibdi. Shu o‘rinda barcha sohalar kabi muqaddas dinimizga ham muhtaram Prezidentimiz tomonidan juda katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlashni istar edim. Din deganda nimani tushunamiz? Bu bamisli bizni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-bobolarimiz yurib kelgan yo‘ldir. Ulug‘ bobolarimizga hurmat, izzat, e’tibor ko‘rsatishlik esa, shak-shubhasiz ulug‘ ish. Deylik, dunyoda e’tirof etiladigan olti muhaddis safida imom Buxoriy va imom Termiziylar borligi bizda cheksiz faxr hissini uyg‘otadi. Ustozlarga bo‘lgan hurmat-ehtirom imom Termiziyning hayotida bosh­qalarga o‘rnak bo‘larlik darajada bo‘lgan. Manbalarda aytilishicha, ustozi vafotidan keyin ko‘p aziyatlar chekib ko‘zlari ko‘rmas bo‘lib qolgan ekan. Yoki shogirdiga nisbatan ustoz­ning mehribonchiligini olaylik. Imom Buxoriy hazratlari Imom Termiziyga aytgan ekanlarki, Siz mendan olgan manfaatdan ko‘ra, men Sizdan ko‘proq manfaat oldim. Buyam katta bir e’tirof bo‘lib, shogirdni ko‘tarishdir. Ana shunday an’analarimiz bor. Bundan tashqari, o‘tgan allomalarimizdan biri Qarshi tumanida tavallud topgan Abul-Mu’iyn Nasafiy hazratlaridir. Bu zot katta xizmatlar qilganlar. Bundan ming yil avval Movarounnahrda boshqa oqimlar tomonidan imomi A’zam mazhabini, Moturidiya aqidasini siqib chiqarib, o‘zga bir aqidani kiritishga harakat bo‘lgan. Ana shunda Abul-Mu’iyn Nasafiy «Tabsirot al-adilla» degan kitobini yozib, ularga keskin raddiya bergan va Moturidiya aqidasi hamda imomi A’zam mazhabini saqlab qolishga katta hissa qo‘shgan. «Tabsirot al-adilla» degani «dalillar tilga kirganda» degan ma’noni beradi. Unda hammasiga dalillar bilan javob berilgan. Abul-Mu’iyn Nasafiy bobomizni xorijiy mamlakatlarda allomalar, aqida olimlari, kalom ilmi mutaxassislari Sohibi Tabsira deb ataydilar, bu juda katta e’tirofdir. Arab mamlakatlari va boshqa diyorlarda Abul-Mu’iyn Nasafiy to‘g‘risida ko‘p ta’riflarni aytishadi. Ular ulug‘ bobomizning kitoblarini dars­lik sifatida o‘qishadi va ular bizdayam o‘qitiladi.

Ana shunday ulug‘larimizdan yana biri Toshkentda yashab, odamlarni mehnat qilishga da’vat etgan, hunarni targ‘ib qilgan, ularga o‘z hunarlarini o‘rgatgan, hazrat Ahmad Yassaviy bobomizning nabiralari Suzuk otadir. Suzuk otaning asli ismi Mustafoqul bo‘lib, 1140 yilda tavallud topib, 1217 yilda vafot etganlar. Bu zot Ahmad Yassaviyning qizi Gavhari Hushtojning kenja o‘g‘li bo‘lgan. Suzuk ota deyilganiga sabab, Ahmad Yassaviy bobomiz u kishini bolaliklarida shu so‘z bilan suyib chaqirarkanlar. Shundan Suzuk ota bo‘lib ketgan. Bu kishi Yassaviya tariqatini keng tarqatgan, hozirgi qabrlari qo‘nim topgan joyda odamlarga Islom dinining asl maqsadi, mazmun-mohiyati, qo‘lda hunari bo‘lgan odam qanday odam bo‘lishligi, hunari bordan hech bir yomonlik chiqmasligini xalqning ongiga singdirgan. Hunarli kishi peshona teri bilan ro‘zg‘orini boqsa, undan buyuk va undan fazilatli odamning o‘zi bo‘lmaydi. Bu Allohga ham, odamlarga ham xush keladi. Oilasi tinch bo‘ladi. Bir joydan, birovdan bir narsani ta’ma qilmaydi. Chunki birovdan narsa so‘rab ta’ma qilishlik bizning muqaddas dinimizda harom va qaytarilgan ishlardandir. Shu bois ham u kishiga ergashganlar juda ham ko‘p bo‘lgan.

Suzuk otani bobomiz Amir Temur hazratlari ham yuksak qadrlaganlar, Suzuk ota qabrining qibla tomonida bitta masjid qurdirganlar. Muhtaram Prezidentimiz shu joyni kelib ko‘rganlarida Toshkent shahrida xalqimizning ham ziyorat, ham ibodat qiladigan bir manzilini qilaylik, deya ezgu tashabbus ko‘rsatdilar. Misol uchun, Toshkent viloyatida Zangiota ziyo­ratgohini olaylik. U joyga ziyoratga borganlar ham ziyorat, ham ibodat qiladi, ham ruhan tetik, ham ma’naviyati boy bo‘ladi.

Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Toshkent shahrining obodonchiligi, qurilishlarini bir ko‘zdan kechirish, tanishish uchun shaharga chiqqanlarida «Suzuk ota»ga ham borib ziyoratchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish, hududni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi. Suzuk ota hazratlarining o‘zlari hunarmand bo‘lganliklari uchun bu joyda hunarmandlar rastasi bo‘ladi. Ikki qavatli imoratlar quriladi. Tepasida hunarmandlar yashaydi, pastida ularning do‘konlari bo‘ladi. Bu rastalarda xalqimiz va xorijlik sayyohlar aylanib yurib ham ziyorat qiladi, ham rohat qiladi, ham ma’naviyat oladi, ham ma’rifatli bo‘ladi, yoshlarimiz ham odob-axloqli bo‘ladi, o‘zlariga kerak narsalarni xarid qiladi. Bu bilan hunarmandlar ham o‘z kunini ko‘radi, faoliyatlari bardavom bo‘laveradi. Bu joydagi Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari qurdirgan masjid yoni ayvonlar bilan kengaytirilayapti. Me’morlarimiz, quruvchilarimiz nihoyatda ixlos, e’tibor bilan o‘zlarining bor tajriba va bilimlarini ishga solishayapti. Masjid atrofida o‘qitish xonalari, ma’naviyat, qiroat va tahoratxonalar bo‘ladi. «Suzuk ota» majmuasi bitgach, turli joylardan mehmonlar kelishi shubhasiz. Ularga barcha sharoitlar muhayyo etilmoqda. 

— Prezidentimiz Chilonzor tumanida barpo etilayotgan yangi masjidda ham bo‘lib, ushbu mas­kanga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomini berishni taklif qildi. Shu jarayonda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim ekanligi, hayotini muqaddas dinimiz arkonlarini o‘rganish va targ‘ib etish, xalqimiz, yoshlarimizni diniy ma’rifat ruhida tarbiyalashga bag‘ishlaganligini alohida ta’kidladi. Shayx hazratlari va u kishining xalqimizga qoldirgan bebaho merosi haqida ham gapirib bersangiz. 

— So‘galli ota degan joyda to‘qsoninchi yillar atrofida bir masjid qurilib, binosi chala qolib ketgandi. Bu savob ishni shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari muftiylik davrida boshlaganlar. U yerga bordik. Muhtaram Prezidentimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari haqida so‘rab, u kishining oilasi, farzandlari haqida surishtirdi.

Davlatimiz rahbari u kishining o‘g‘illari Ismoil Muhammad Yusufni chaqirtirib, suhbatlashdilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari eng og‘ir davrlarda O‘zbekiston xalqi, uning tinchligi, odamlarning diniy sohada to‘g‘ri yo‘ldan borishlari uchun juda katta xizmat qilganligi, Mahad (Imom Buxoriy nomidagi Islom instituti)da o‘qituvchi, keyin rektor, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasida rais, muftiy bo‘lganini aytib, bunday ilm ahli vakillarini hurmat qilishimiz zarurligini alohida uqtirdilar. Ahli ilmni hurmat qilishlik Allohning roziligini topishlik bo‘ladi. Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bitta hadislarida olim-u ulamolar to‘g‘risida «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridirlar», deyiladi. Demak, payg‘ambarlarning merosxo‘ri bo‘lgan ulamoni hurmat qilgan payg‘ambarni hurmat qilgan bo‘ladi. Payg‘ambarni hurmat qilgan Allohning roziligini topadi. Alloh unga ko‘p yo‘llarni ochib beradi. Prezidentimizning qilgan bu ishlari nafaqat O‘zbekiston xalqi, balki butun dunyoga yoyildi. Chunki shayx Muhammad Sodiq hazratlari butun islom olamida mashhur va manzur olim edi. U kishining bu olamda o‘z o‘rni, maqomi, so‘zi bor edi. Katta-katta anjumanlarda so‘zga chiqib, o‘z so‘zini o‘tkazardi. Bizga hozir ham xalqimizdan, butun dunyodan e’tirof­lar yog‘ilayapti. Davlatimiz rahbariga islom olamining namoyandalari, ulamolar, olimlar cheksiz minnatdorlik bildirmoqdalar.

Shunday tabarruk niyat bilan o‘zimizning diyorimizdagi musulmonlar o‘rtasida ham «shayx hazratlari o‘tgandilar, bu kishining nomi tilga olinmasmikin, eslanmasmikin», deya tilga olingan haqli so‘zlarga munosib, juda chiroyli javob bo‘ldi, desak to‘g‘ri gapni aytgan bo‘lamiz, inshoalloh.

Darhaqiqat, bunyod etilayotgan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid yonida katta muzey ham tashkil qilinayapti. Muhtaram Prezidentimiz Ismoilbekka: «Onangiz, opa-singillaringiz, qarindoshlaringiz bilan maslahat qiling, muzeyga nima kerak bo‘lsa, sizlar nimani xohlasangiz, biz shuni qilib beramiz», dedi. Bu cheksiz hurmat va yuksak ehtirom namoyishi bo‘ldi. O‘sha joyda katta konferens-zal quriladi. O‘quv xonalari, sektorlarga bo‘lib o‘tiladigan majlis xonalari bo‘ladi. Qurilish ishlari tugagach, butun dunyodan olimlar, diniy va boshqa sohalardagi ulamolarni taklif qilib, katta anjuman o‘tkaziladigan bo‘ldi. Yurtboshimiz ushbu benazir tashabbus va g‘oyalari bilan butun dunyoga bizning qanday ma’naviyatli xalq ekanimizni chiroyli tarzda namoyon qildilar. Insonning qalbiga bunday pokiza niyatlarni faqatgina Alloh soladi. Bunday ishlar o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ishlar emas… Biz bunga shukur qilishimiz kerak, bizga bunday yurt rahbarini Alloh in’om etdi! Buning qadriga yetishimiz, u kishining yonida birlashib, shu aziz yurtimiz taraqqiyoti uchun har birimiz hissa qo‘shishimiz lozim! 

— Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida muqaddas dinimizning asl insonparvarlik mohiyati haqida so‘z yuritdi, BMTning maxsus «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqib, bu hujjatning asosiy maqsadi barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iboratligini alohida ta’kidladi. Bu takliflar jahon jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etildi… 

— Darhaqiqat, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil bo‘lganidan buyon hali shu davrgacha islom to‘g‘risida, uning tinchlikparvar va insonparvar din ekanligi xususida bironta davlat rahbari yoki boshqa maqomdagi notiq so‘zlamagan, gapirmagan. Bu – haqiqat! Buni hech kim inkor eta olmaydi. Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti sessiyasida birinchi chiqishidayoq shijoat bilan shu so‘zlarni baralla aytdilar. Islom dini kimlardir o‘ylayotgan terrorchilar dini emas, u tinchlikparvar din. Uni o‘sha salbiy, nojoiz munosabatlardan saqlashimiz, asrashimiz kerak, degan gapni kim ayta oladi? Buni Alloh qalbiga solgan odamgina aytadi. Yoinki, imom Buxoriy to‘g‘risidagi so‘zlarini olaylik. Imom Buxoriy markazi bunyod etilayotgani, poytaxtda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilishi haqidagi fikrlardan butun olam ahli ziyrak tortdi. Muhtaram Prezidentimiz minbardan tushayotganida prezidiumda o‘tirganlar ham tushib u kishini qutladilar. Bizning qardoshimiz, O‘zbekiston davlatining do‘sti, Turkiya mamlakatining Prezidenti Erdo‘g‘on janoblari ham muborakbod qildilar. Boshqalarning ham shunday yuksak e’tiroflari mamlakatimizning nufuzi, islom olamida ota-bobolarimizning tutgan o‘rni, ular qoldirgan ulkan merosga nisbatan hurmat va e’tibor ifodasi bo‘ldi. Bu biz uchun katta tarixiy yutuqdir.

Inson o‘z xalqini, o‘z ajdodlarini chin va samimiy mehr bilan sevsa, o‘z vataniga muhabbati, sadoqati benazir bo‘lsagina, shunday ulug‘ martabalarga munosib bo‘la oladi. Buning uchun unda juda katta kuch-g‘ayrat, shijoat bo‘lishi lozim. Muhtaram Prezidentimizning amalga oshirayotgan ko‘p­lab xayrli ishlari misolida bunga amin bo‘layapmiz. 

— Mazmunli suhbat uchun katta rahmat! 

Salim ABDURAHMONOV yozib oldi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mus'haflarni yozish va nashr qilish tarixi

07.11.2025   15322   13 min.
Mus'haflarni yozish va nashr qilish tarixi

Qur’oni karimni jamlanish tarixida kitobat – yozib qoldirish o‘ziga xos o‘rin tutgan. Oyatlarni yozib olish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridanoq boshlangan, kotib sahobalar har bir oyatni nozil bo‘ilishi bilan kechiktirmay yozib olishga katta e’tibor berishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Qur’onga bandalar so‘zi aralashib qolmasligi uchun Qur’ondan boshqa narsani yozib olmaslikni buyurganlar.

Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida esa tarqoq sahifalardagi oyatlar bir butun holga – Mus'haf shaklida yozib qoldirilgan. Bu jamlashda bosh kotiblik vazifasida bo‘lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu faqat og‘zaki tilovat bilan kifoyanmadilar, balki, eshitgan har bir oyatlarni mavjud bitiklarga solishtirib, og‘zaki tilovat yozuvdagi bilan mos kelib, tasdig‘ini topsa, Mus'hafga qo‘shardilar. Bu holat ham Mus'haf tarixida yozishni nechog‘li yuqori ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.

Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida yozib, katta shaharlara tarqatilgan Mus'haflar esa, keyingi avlod xattotlari uchun Mus'haflar ko‘chirib tarqatishlariga asosiy manbaa bo‘lib xizmat qildi. O‘sha zamonlarda Mus'haflar qo‘l mehnati bilan ko‘chirilgan

Hazrati Aliy karramallohu vajhahuning nabiralari Aliy Zaynulobidin aytadilar: “Mus'haflar varag‘i ketma-ket (bir-biriga bog‘langan, ulangan) bo‘lmas edi, kimda Mus'haf bo‘lsa masjid minbarini oldiga kelib, “Kim xohlasa mendan ko‘chirib olsin” der edi. Xohlovchilar kelib undan bir sahifa, bir sahifa qilib Mus'hafni oxirigacha ko‘chirib olishar edi”[1].

Abu Hakima al-Abidiy aytadilar: “Men Kufa shahrida xattotlar bilan birgalikda Mus'hafni ko‘chirar edim. Kunlardan birida Aliy roziyallohu anhu biz ko‘chirgan nusxalardan birini ko‘rdilar va bizning yozgani xatimiz u zotni juda ajablantirdi, shunda “Alloh nurlantirgan narsani (Mus'hafni) mana shunday nurlataveringlar”, boshqa bir rivoyatda “Alloh taolo bunga (Mus'hafga) nur bergani kabi sizlar ham nurlantiringlar” dedilar[2]”.

Islomning dastlabki asrlaridagi holat shunday bo‘lgan. O‘sha zamonlarda nashr qilish imkoniyati bo‘lmagani uchun kimga Mus'haf kerak bo‘lsa, xat savodi borlar o‘zi ko‘chirib olardi, xat savodi bo‘lmaganlar xattotlarga iltimos qilib, ba’zan haq to‘lash evaziga ko‘chirtirib olar edi. Xattotlar imon-e’tiqodining mustahkamligi, Qur’oni karimga bo‘lgan hurmat-ehtiromi va asosiysi, Alloh taoloning oldidagi mas’uliyatini his qilib, omonatdorlik bilan o‘z kasbiga yondashuvi natijasida Mus'haflar bexato ko‘chirilar, kamdan-kam hollarda yo‘l quyilgan kamchiliklar Qur’onni yod olgan hofizlar tarafidan o‘z vaqtida to‘g‘rilanardi ham. Ayrim mohir xattotlar umri davomida yuzlab nusxalar ko‘chirib, extiyojiga yarashasini sotar, qolganlarini ilm davralariga, masjid va tolibi ilmlarga vaqf qilib tarqatar edi.

Nashr qilish dastgohi ixtiro qilingach, kitob nashr qilish jabhasida misli ko‘rilmagan yutukqqa erishildi. Dastlab nashr dastgohlari Germaniyada 1431 melodiy sanada ishlab chiqildi. Yillar davomida bu uskunlarning salohiyati va imkoniyatlari kengaydi, dastlab Italiya, so‘ngra Fransiya davlatlarida ishlatiladigan bo‘ldi. Keyinchalik dunyoning boshqa ilg‘or musulmon mamlakatlariga ham tarqaldi.  Jumladan, Halab shahrida 1698 yilda, Livanda 1733 yilda suryon tilida, keyinchalik arab tiliga ixtisoslashgan, Bayrutda 1753 yilda “Qudays” nomli nashriyot faoliyati joriy qilindi. Misrga Fransiyalik harbiy qo‘mondon Bonapart 1798 yilda o‘zi bilan nashr dastgohini olib kirishi natijasida Qohiradagi “Ahliyya” matbaasiga asos solingan. Keyinchalik bu matbaa “Buloq” nomida faoliyat olib borib, Islom olamiga juda mashhur bo‘lgan.  Turkiyaga Sulton Ahmad III davrida kirib kelgan. Biroq bu dastohlarda diniy adabiyotlarni nashr qilish o‘sha zamon Turk ulamolari tarafidan ruxsat berilmagan. 1141 yildan keyin asta-sekin arab adabiyoti, tarixi va lug‘atiga oid kitoblar nashr qilingan.

Nashr etish dastgohida chop etilishi bilan tarixda qolgan Mus'haf 1694 yilda Germaniyaning Gamburg shahrida Abraxam Xinkelman (Abrahmi Hinckelmanni) ismli sharqshunos olimning sa’y-harakati bilan 560 sahifada nashr qilingan[3]. Har bir sahifa 16 satrdan iborat bo‘lib, oyatlar boshlanishi tartib raqm bilan belgilangan.

Bundan avval Italiyadagi “Bunduqiya” nashriyotida ham 1530 yilda nashr qilingan, biroq, o‘sha zamon hukmron boshqaruv tabaqa vakillari tomonidan nashr o‘rnida yo‘qotib tashlangan[4].

Shunga ko‘ra hozirgacha saqlanib qolgan Mus'haflar orasida eng qadimiysi Germaniyaning Gamburg shahrida chop qilingani hisoblanadi. Mus'hafning mazkur nusxasi bizgacha saqlanib qolganlari orasida ilk nashr qilingani bilan ahamiyatli bo‘lsada, ko‘plab xato va kamchiliklardan xoli emas edi. Unda uchraydigan xatolar asosan arab tili qoidalariga mos kelmasligi hamda nashr dastgohidagi texnik kamchiliklarga borib taqalardi. Masalan, yonma-yon kalimalarni o‘rin almashib qolishi, nuqtalarning oz yoki ko‘payib qolishi, orasi ajratib yozilishi kerak bo‘lgan ikki kalimaning orasi bog‘lanib qolish kabi kamchiliklarni keltirish mumkin.   

Ana shundan keyin Mus'haflar ketma-ket nashr qilina boshlandi.

Dastlabki nashr qilingan Mus'haflar sifatida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 1787 yilda Mavlo Usmon boshchiligida nashr etilgan Mus'hafni, Eronda nashr qilingan ikkita toshbosma nusxa: biri 1828 yili Tehronda, ikkinchisi 1833 yili Tabrizda nashr qilingan nusxani, Qozon shahrida 1877 yilda bosilgan Mus'hafni, huddi shu yili Turkiyada xattot Hofiz Usmon qalamiga mansub nashr qilingan Mus'haflarni keltirish mumkin. Qozon shahrida bosilgan nusxa avvalgi Gamburg shahrida nashr qilingan Mus'hafga deyarli o‘xshab ketsada, unda yo‘l quyilgan kamchiliklar oldi olingan, kalima va harflarda uchragan texnik xatolar tuzatilan edi. Biroq harflar ustiga qo‘yiladigan harakatlarda kamchiliklar bor bo‘lib, Mus'haf so‘ngidagi maxsus jadvalda yo‘l qo‘yilgan xatolar ko‘rsatib o‘tilgan[5]. Keyinchalik, Mus'hafning ko‘plab nashriyotlarda chop qilish ommalashib ketdi. Misrda 1890 yilda Rizvon ibn Muhammad Muxallalotiy boshchiligida, 1923 yilda xattot Muhammad Aliy Husayniy  boshchiligida nashr qilingan.

Sanab o‘tilgan Mus'haflarning barchasida harflar Usmoniy Mus'haf asosida, harakatlar esa Xalil ibn Ahmad va imom Sibavayhlar asos solgan yo‘nalishda bo‘lgan. 

Keyingi paytlarda tijoriy nashriyotlarning ko‘payishi, unda ish olib boradigan xodimlarning mas’uliyatsizligi, bee’tiborlik  bilan nashr qilingan bir qancha Mus'haflarda texnik xatolar ko‘payib ketish oqibatida, ayrim nashriyotlar Mus'hafni ko‘paytirib, tarqatish emas, balki turli nashrlarda uchraydigan xato va kamchiliklardan tozalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Hozirda bunday ezgu maqsad sari faoliyat olib borayotgan nashriyotlar orasida eng ko‘zga kuringani bu – Madinai munavvaradagi “Malik Fahd” nashriyotidir. 1404 hijriy sana 20 rabiussoniy oyida Saudiya Arabistoni podshohligi muassisligida Mus'haf va unga aloqador ilm ahllari, mutaxassislardan iborat o‘n besh kishilik qo‘mita tashkil qilingan. Qo‘mita hay’at a’zolari Qur’oni karimni har bir kalima, harf va hatto harakatlari, to‘xtash belgi va ko‘rsatmalari ustida bosh qotirib, chuqur tadqiq qilishgan, yillar davomida Mus'hafga kirib qolgan qushimchalar olib tashlanib, xatolar tuzatilgan, kamchiligi to‘ldirilgan, bunday mashaqqatli vazifani uddalash maqasadida hay’at azolari Mus'hafni ikki yuz martadan oshiqroq o‘qib chishlariga to‘g‘ri kelgan.[6] Nashr uchun tayyor holiga kelgan Mus'hafning ko‘rinishi, hajmi va xat turi borasida ham muammolar bor edi. Islom olamiga mashhur xattotlarning Mus'haf ustida olib borgan izlanish va mahoratlari ilmiy o‘rganib chiqildi va ber necha qo‘lyozma Mus'haflar orasidan Damashqlik xattot Usmon Tohoning yozuv uslubi tanlab olindi. Usmon Toho chiroyli yozish va yozuv qoidalariga rioya qilish bilan bir qatorda, tanzim ya’ni tartibga, tabvib ya’ni juzlarga ajratishni ham yo‘lga qo‘ygan edi. Qur’oni karimni 30 juzga bo‘lib, har bir juzga 20 sahifa ajratgan, Fotiha va Baqara surasining birinchi sahifasiga chiroyli shakl berish uchun ikki bet, oxirgi juzda “Bismilloh” bilan suralarning ajratilishi ko‘p bo‘lgani uchun yana ikki bet qo‘shilib, jami 604 sahifaga joylagan edi. Bundan tashqari, har bir sahifani oyat bilan boshlab, oyat bilan yakunlashga erisha olgani eng katta afzalligi bo‘lgan[7]. Sanab o‘tilgan jihatlari bilan boshqa qo‘lyozma nusxalardan tubdan ajralib turgan Mus'hafni yangi nashr qilinmoqchi bo‘lgan “Madina Mus'hafi” nusxasiga asos qilib olindi va hozirda dunyoga tarqalgan Mus'haflar orasida eng mukammal shaklga ega bo‘ldi.

Saudiya Arabistoni podshohligi homiyligida 1405-1425-hijriy yillar oralig‘ida “Madina Mus'hafi” 193 million tirajda bosib chiqishga erishildi[8] va bu dunyodagi eng ko‘p tiraj qilingan bosma deb baholanmoqda.

Hozirda yiliga 30 milion tirajda har xil hajm va ko‘rinishda nashr qilib, tarqatib kelinmoqda.

Keyingi yillirda yurtimizda ham har sohada bo‘lgani kabi diniy sohani rivojlantirish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Bunday islohotlar Mus'hafi sharifni nashr qilish va aholimiz mo‘min-musulmonlarining Qur’oni karimga bo‘lgan extiyojini qoplash jihatini ham qamrab oldi. 

Alloh taoloning muborak kalomi — Musxafi sharif O‘zbekistonda nashrdan chiqishi qalblarni sururga to‘ldirgan sharafli voqealardan biri bo‘ldi. Yurtimizning ko‘zga kuringan nashriyotlaridan biri «Hilol nashr» matbaa-nashriyoti tomonidan chop etilgan Mus'hafi sharif kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.

Nashriyotning ko‘p yillik samarali faoliyati davomida Qur’oni Karimni qadimiy an’analarga, o‘ziga xos tartib-qoidalari va odoblariga rioya qilgan holda, ilg‘or texnologiyalar yordamida sifatli va go‘zal shaklda chop etish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi.

«Hilol nashr» matbaa-nashriyoti Mus'hafi sharifni nashr qilish loyihasi bo‘yicha dunyoda Mus'haf nashri bo‘yicha yetakchi matbaalardan hisoblangan — Misr Arab Respublikasidagi «Dorus-salom» nashriyoti bilan hamkorlik shartnomasi tuzdi. Tuzilgan shartnomaga ko‘ra, «Dorus-salom» nashriyoti «Hilol-nashr»ga Mus'hafni chop etish uchun maxsus ijozat berdi va Qur’oni Karim nusxasi andozasini taqdim qildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘magida ushbu tabarruk loyihani bajarishga kirishildi.

Nashriyot imkoniyatidan kelib chiqib birinchi bosqichda mazkur Mus'hafning adadi 50 000 dona deb belgilandi, dastlab shu adaddan 10 000 nusxa savdoga chiqarildi va 31000 so‘mdan sotildi. Bundan buyon har ikki-uch oyda ana shunday adadda Mus'hafi shariflarni xalqimizga taqdim qilib borish ko‘zda tutilmoqda. Zero, Qur’oni Karim kirib borgan, o‘qiladigan har bir xonadonga Alloh taoloning fayz-barakoti yog‘ilib turadi. Binobarin, Alloh taoloning kalomi — Qur’oni Karimning ko‘p ming nusxada bosmadan chiqarilishi va uning samarasi o‘laroq, har bir mo‘min-musulmonning xonadonida mus'haflar ko‘z qorachig‘idek saqlanishi jonajon Vatanimiz uchun mislsiz xayr-barakadir. Qur’oni bor xonadonda tarbiyalangan farzandlar diniga, el-yurtiga, millatiga sodiq, vatanparvar, chinakam avlod sifatida kamol topadi.

Qalbi Qur’onga oshno xalqimiz ham yangi nashr etilgan Mus'hafi sharifni shod-xurramlik, xursandchilik va sevinch ko‘z yoshlari bilan kutib oldi. Bu yorqin hodisa mamlakatning deyarli barcha ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

 

Abdulboqiy Tursunov

 

 

[1] Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 182 sahifa.
[2] Kanzul ummol 10/536 sahifa.
[3] Tarixul Qur’on: Hafaniy Nosif 112 sahifa, Tarixul Qur’on: Muhammad Tohir Kurdiy 16, 186-sahfalar. Hozirda Misrning “Dorul  kutub al-Misriya” kutubxonasida (176 raqam ostida) va “Qohira” unversiteti kutubxonasida bir nusxa saqlanadi.
[4] Mabohis fiy ulumil Qur’on: Subhiy Solih, 99-sahifa.
[5] Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 339 sahifa, Mabohis fiy ulumil Qur’on: Subhiy Solih, 99-sahifa.
[6] Dirosot fiy ulumil Qur’on. 505-sahifa.
[7] Hoshimov Nuriddin “Qur’oni karim yozuvchisi – Xattot Usmon Toho” maqolasidan qisqartirib olindi.
[8] Dirosot fiy ulumil Qur’on. 506-sahifa.