“Ahli ilmni hurmat qilishlik Allohning roziligini topishlik bo‘ladi” nomli sarlavha ostida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bilan suhbat e’lon qilindi.
Ushbu suhbatning to‘liq matni bilan tanishing:
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 9 fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish jarayonida Shayxontohur tumanidagi «Suzuk ota» majmuasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan ham yaqindan tanishdi. Hududni yanada obodonlashtirish, ziyoratchilar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Shuningdek, Chilonzor tumanida barpo etilayotgan masjidda ham bo‘lib, o‘zining bir qator taklif va tavsiyalarini bildirdi. Muxbirimiz Suzuk ota haqidagi ma’lumotlar va bu maskanning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomida barpo etilayotgan masjid va muzey haqida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bilan suhbatda bo‘ldi.
— Bismillahir rahmonir rohim. Alhamdulillahi robbil a’lamin. Assalotu vassalamu ala rasulilloh. Allohga shukrlar bo‘lsinki, bizning diyorimizda juda ham katta islohotlar, yangilanishlar yuz bermoqda. Bugungi taraqqiyotimizga butun dunyo havas bilan qarab turibdi. Shu o‘rinda barcha sohalar kabi muqaddas dinimizga ham muhtaram Prezidentimiz tomonidan juda katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlashni istar edim. Din deganda nimani tushunamiz? Bu bamisli bizni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-bobolarimiz yurib kelgan yo‘ldir. Ulug‘ bobolarimizga hurmat, izzat, e’tibor ko‘rsatishlik esa, shak-shubhasiz ulug‘ ish. Deylik, dunyoda e’tirof etiladigan olti muhaddis safida imom Buxoriy va imom Termiziylar borligi bizda cheksiz faxr hissini uyg‘otadi. Ustozlarga bo‘lgan hurmat-ehtirom imom Termiziyning hayotida boshqalarga o‘rnak bo‘larlik darajada bo‘lgan. Manbalarda aytilishicha, ustozi vafotidan keyin ko‘p aziyatlar chekib ko‘zlari ko‘rmas bo‘lib qolgan ekan. Yoki shogirdiga nisbatan ustozning mehribonchiligini olaylik. Imom Buxoriy hazratlari Imom Termiziyga aytgan ekanlarki, Siz mendan olgan manfaatdan ko‘ra, men Sizdan ko‘proq manfaat oldim. Buyam katta bir e’tirof bo‘lib, shogirdni ko‘tarishdir. Ana shunday an’analarimiz bor. Bundan tashqari, o‘tgan allomalarimizdan biri Qarshi tumanida tavallud topgan Abul-Mu’iyn Nasafiy hazratlaridir. Bu zot katta xizmatlar qilganlar. Bundan ming yil avval Movarounnahrda boshqa oqimlar tomonidan imomi A’zam mazhabini, Moturidiya aqidasini siqib chiqarib, o‘zga bir aqidani kiritishga harakat bo‘lgan. Ana shunda Abul-Mu’iyn Nasafiy «Tabsirot al-adilla» degan kitobini yozib, ularga keskin raddiya bergan va Moturidiya aqidasi hamda imomi A’zam mazhabini saqlab qolishga katta hissa qo‘shgan. «Tabsirot al-adilla» degani «dalillar tilga kirganda» degan ma’noni beradi. Unda hammasiga dalillar bilan javob berilgan. Abul-Mu’iyn Nasafiy bobomizni xorijiy mamlakatlarda allomalar, aqida olimlari, kalom ilmi mutaxassislari Sohibi Tabsira deb ataydilar, bu juda katta e’tirofdir. Arab mamlakatlari va boshqa diyorlarda Abul-Mu’iyn Nasafiy to‘g‘risida ko‘p ta’riflarni aytishadi. Ular ulug‘ bobomizning kitoblarini darslik sifatida o‘qishadi va ular bizdayam o‘qitiladi.
Ana shunday ulug‘larimizdan yana biri Toshkentda yashab, odamlarni mehnat qilishga da’vat etgan, hunarni targ‘ib qilgan, ularga o‘z hunarlarini o‘rgatgan, hazrat Ahmad Yassaviy bobomizning nabiralari Suzuk otadir. Suzuk otaning asli ismi Mustafoqul bo‘lib, 1140 yilda tavallud topib, 1217 yilda vafot etganlar. Bu zot Ahmad Yassaviyning qizi Gavhari Hushtojning kenja o‘g‘li bo‘lgan. Suzuk ota deyilganiga sabab, Ahmad Yassaviy bobomiz u kishini bolaliklarida shu so‘z bilan suyib chaqirarkanlar. Shundan Suzuk ota bo‘lib ketgan. Bu kishi Yassaviya tariqatini keng tarqatgan, hozirgi qabrlari qo‘nim topgan joyda odamlarga Islom dinining asl maqsadi, mazmun-mohiyati, qo‘lda hunari bo‘lgan odam qanday odam bo‘lishligi, hunari bordan hech bir yomonlik chiqmasligini xalqning ongiga singdirgan. Hunarli kishi peshona teri bilan ro‘zg‘orini boqsa, undan buyuk va undan fazilatli odamning o‘zi bo‘lmaydi. Bu Allohga ham, odamlarga ham xush keladi. Oilasi tinch bo‘ladi. Bir joydan, birovdan bir narsani ta’ma qilmaydi. Chunki birovdan narsa so‘rab ta’ma qilishlik bizning muqaddas dinimizda harom va qaytarilgan ishlardandir. Shu bois ham u kishiga ergashganlar juda ham ko‘p bo‘lgan.
Suzuk otani bobomiz Amir Temur hazratlari ham yuksak qadrlaganlar, Suzuk ota qabrining qibla tomonida bitta masjid qurdirganlar. Muhtaram Prezidentimiz shu joyni kelib ko‘rganlarida Toshkent shahrida xalqimizning ham ziyorat, ham ibodat qiladigan bir manzilini qilaylik, deya ezgu tashabbus ko‘rsatdilar. Misol uchun, Toshkent viloyatida Zangiota ziyoratgohini olaylik. U joyga ziyoratga borganlar ham ziyorat, ham ibodat qiladi, ham ruhan tetik, ham ma’naviyati boy bo‘ladi.
Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Toshkent shahrining obodonchiligi, qurilishlarini bir ko‘zdan kechirish, tanishish uchun shaharga chiqqanlarida «Suzuk ota»ga ham borib ziyoratchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish, hududni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi. Suzuk ota hazratlarining o‘zlari hunarmand bo‘lganliklari uchun bu joyda hunarmandlar rastasi bo‘ladi. Ikki qavatli imoratlar quriladi. Tepasida hunarmandlar yashaydi, pastida ularning do‘konlari bo‘ladi. Bu rastalarda xalqimiz va xorijlik sayyohlar aylanib yurib ham ziyorat qiladi, ham rohat qiladi, ham ma’naviyat oladi, ham ma’rifatli bo‘ladi, yoshlarimiz ham odob-axloqli bo‘ladi, o‘zlariga kerak narsalarni xarid qiladi. Bu bilan hunarmandlar ham o‘z kunini ko‘radi, faoliyatlari bardavom bo‘laveradi. Bu joydagi Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari qurdirgan masjid yoni ayvonlar bilan kengaytirilayapti. Me’morlarimiz, quruvchilarimiz nihoyatda ixlos, e’tibor bilan o‘zlarining bor tajriba va bilimlarini ishga solishayapti. Masjid atrofida o‘qitish xonalari, ma’naviyat, qiroat va tahoratxonalar bo‘ladi. «Suzuk ota» majmuasi bitgach, turli joylardan mehmonlar kelishi shubhasiz. Ularga barcha sharoitlar muhayyo etilmoqda.
— Prezidentimiz Chilonzor tumanida barpo etilayotgan yangi masjidda ham bo‘lib, ushbu maskanga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomini berishni taklif qildi. Shu jarayonda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim ekanligi, hayotini muqaddas dinimiz arkonlarini o‘rganish va targ‘ib etish, xalqimiz, yoshlarimizni diniy ma’rifat ruhida tarbiyalashga bag‘ishlaganligini alohida ta’kidladi. Shayx hazratlari va u kishining xalqimizga qoldirgan bebaho merosi haqida ham gapirib bersangiz.
— So‘galli ota degan joyda to‘qsoninchi yillar atrofida bir masjid qurilib, binosi chala qolib ketgandi. Bu savob ishni shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari muftiylik davrida boshlaganlar. U yerga bordik. Muhtaram Prezidentimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari haqida so‘rab, u kishining oilasi, farzandlari haqida surishtirdi.
Davlatimiz rahbari u kishining o‘g‘illari Ismoil Muhammad Yusufni chaqirtirib, suhbatlashdilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari eng og‘ir davrlarda O‘zbekiston xalqi, uning tinchligi, odamlarning diniy sohada to‘g‘ri yo‘ldan borishlari uchun juda katta xizmat qilganligi, Mahad (Imom Buxoriy nomidagi Islom instituti)da o‘qituvchi, keyin rektor, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasida rais, muftiy bo‘lganini aytib, bunday ilm ahli vakillarini hurmat qilishimiz zarurligini alohida uqtirdilar. Ahli ilmni hurmat qilishlik Allohning roziligini topishlik bo‘ladi. Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bitta hadislarida olim-u ulamolar to‘g‘risida «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridirlar», deyiladi. Demak, payg‘ambarlarning merosxo‘ri bo‘lgan ulamoni hurmat qilgan payg‘ambarni hurmat qilgan bo‘ladi. Payg‘ambarni hurmat qilgan Allohning roziligini topadi. Alloh unga ko‘p yo‘llarni ochib beradi. Prezidentimizning qilgan bu ishlari nafaqat O‘zbekiston xalqi, balki butun dunyoga yoyildi. Chunki shayx Muhammad Sodiq hazratlari butun islom olamida mashhur va manzur olim edi. U kishining bu olamda o‘z o‘rni, maqomi, so‘zi bor edi. Katta-katta anjumanlarda so‘zga chiqib, o‘z so‘zini o‘tkazardi. Bizga hozir ham xalqimizdan, butun dunyodan e’tiroflar yog‘ilayapti. Davlatimiz rahbariga islom olamining namoyandalari, ulamolar, olimlar cheksiz minnatdorlik bildirmoqdalar.
Shunday tabarruk niyat bilan o‘zimizning diyorimizdagi musulmonlar o‘rtasida ham «shayx hazratlari o‘tgandilar, bu kishining nomi tilga olinmasmikin, eslanmasmikin», deya tilga olingan haqli so‘zlarga munosib, juda chiroyli javob bo‘ldi, desak to‘g‘ri gapni aytgan bo‘lamiz, inshoalloh.
Darhaqiqat, bunyod etilayotgan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid yonida katta muzey ham tashkil qilinayapti. Muhtaram Prezidentimiz Ismoilbekka: «Onangiz, opa-singillaringiz, qarindoshlaringiz bilan maslahat qiling, muzeyga nima kerak bo‘lsa, sizlar nimani xohlasangiz, biz shuni qilib beramiz», dedi. Bu cheksiz hurmat va yuksak ehtirom namoyishi bo‘ldi. O‘sha joyda katta konferens-zal quriladi. O‘quv xonalari, sektorlarga bo‘lib o‘tiladigan majlis xonalari bo‘ladi. Qurilish ishlari tugagach, butun dunyodan olimlar, diniy va boshqa sohalardagi ulamolarni taklif qilib, katta anjuman o‘tkaziladigan bo‘ldi. Yurtboshimiz ushbu benazir tashabbus va g‘oyalari bilan butun dunyoga bizning qanday ma’naviyatli xalq ekanimizni chiroyli tarzda namoyon qildilar. Insonning qalbiga bunday pokiza niyatlarni faqatgina Alloh soladi. Bunday ishlar o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ishlar emas… Biz bunga shukur qilishimiz kerak, bizga bunday yurt rahbarini Alloh in’om etdi! Buning qadriga yetishimiz, u kishining yonida birlashib, shu aziz yurtimiz taraqqiyoti uchun har birimiz hissa qo‘shishimiz lozim!
— Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida muqaddas dinimizning asl insonparvarlik mohiyati haqida so‘z yuritdi, BMTning maxsus «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqib, bu hujjatning asosiy maqsadi barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iboratligini alohida ta’kidladi. Bu takliflar jahon jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etildi…
— Darhaqiqat, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil bo‘lganidan buyon hali shu davrgacha islom to‘g‘risida, uning tinchlikparvar va insonparvar din ekanligi xususida bironta davlat rahbari yoki boshqa maqomdagi notiq so‘zlamagan, gapirmagan. Bu – haqiqat! Buni hech kim inkor eta olmaydi. Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti sessiyasida birinchi chiqishidayoq shijoat bilan shu so‘zlarni baralla aytdilar. Islom dini kimlardir o‘ylayotgan terrorchilar dini emas, u tinchlikparvar din. Uni o‘sha salbiy, nojoiz munosabatlardan saqlashimiz, asrashimiz kerak, degan gapni kim ayta oladi? Buni Alloh qalbiga solgan odamgina aytadi. Yoinki, imom Buxoriy to‘g‘risidagi so‘zlarini olaylik. Imom Buxoriy markazi bunyod etilayotgani, poytaxtda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilishi haqidagi fikrlardan butun olam ahli ziyrak tortdi. Muhtaram Prezidentimiz minbardan tushayotganida prezidiumda o‘tirganlar ham tushib u kishini qutladilar. Bizning qardoshimiz, O‘zbekiston davlatining do‘sti, Turkiya mamlakatining Prezidenti Erdo‘g‘on janoblari ham muborakbod qildilar. Boshqalarning ham shunday yuksak e’tiroflari mamlakatimizning nufuzi, islom olamida ota-bobolarimizning tutgan o‘rni, ular qoldirgan ulkan merosga nisbatan hurmat va e’tibor ifodasi bo‘ldi. Bu biz uchun katta tarixiy yutuqdir.
Inson o‘z xalqini, o‘z ajdodlarini chin va samimiy mehr bilan sevsa, o‘z vataniga muhabbati, sadoqati benazir bo‘lsagina, shunday ulug‘ martabalarga munosib bo‘la oladi. Buning uchun unda juda katta kuch-g‘ayrat, shijoat bo‘lishi lozim. Muhtaram Prezidentimizning amalga oshirayotgan ko‘plab xayrli ishlari misolida bunga amin bo‘layapmiz.
— Mazmunli suhbat uchun katta rahmat!
Salim ABDURAHMONOV yozib oldi
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi.
Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.
Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.
San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan.
“50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov.
Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi.
Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi.
Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.
O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.
“Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda. Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.
O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati