Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Aprel, 2026   |   25 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:28
Asr
17:05
Shom
19:06
Xufton
20:22
Bismillah
14 Aprel, 2026, 25 Shavvol, 1447

7 savolga 7 javob: Fol va jinlar xususida

01.02.2018   8865   5 min.
7 savolga 7 javob: Fol va jinlar xususida

1-savol: Munajjimlar tug‘ilgan oy, kun bashoratiga, folbinlar so‘ziga ishongan kishi gunohkor bo‘lmaydimi? 

Javob: Munajjimlar g‘aybni bilishni da’vo qilishadi. G‘ayb ilmi faqat Alloh taologa xosdir: 

“(U) g‘aybni biluvchidir. Bas, O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas” (Jin, 26). 

Hadisi sharifda: “Kimki bashoratchi yoki folbinning oldiga borsa va u aytgan narsani tasdiqlasa, shubhasiz, u Muhammad (alayhissalom)ga tushgan narsaga kufr keltiribdi”, deyilgan (Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Moja rivoyatlari).

2-savol: Fol ko‘ruvchilar jinlar bilan ishlaydimi?

Javob: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Folbinlarning ba’zida haq gapni aytib qolishlarining sababi shuki, jin gaplarni o‘g‘rincha olib, folbinning qulog‘iga quyadi. Fol ko‘ruvchi unga yuzta yolg‘on aralashtirib gapiradi” deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Folbinlarning gaplariga ishonish qufrdir (Alloh asrasin).

3-savol: Duoxonlarga borib “isitish” yo‘li bilan muhabbatga erishish mumkinmi?

Javob: Isitish, sovutish, fol Islom dinida harom qilingan amallardandir.

Kim isitsam falonchi meni yaxshi ko‘rib qoladi, deb o‘ylaydigan bo‘lsa xato qiladi. Mehr-muhabbatga isitish bilan emas, balki Alloh taolodan qo‘rqish bilan erishiladi (“Ravoi’ul bayon”, “Naf’ul muftiy”).

4-savol: Jinlar ta’siridan qanday saqlanish mumkin?

Javob: Jinlarni insonlar ko‘ra olmaydi. Chunki ular juda latif va tezda o‘zgara olish qobiliyatiga egadir. Kishi bilmagan holida qaynoq suv sepib yuborib, bavl qilib va hokazo ishlar bilan ularga ozor yetkazganida jinlar unga zarar berish bilan intiqom oladi.

Jinlardan saqlanishning yo‘li ehtiyotkorlikdir. Ular ko‘pincha shomdan keyin, ya’ni qorong‘i tushayotgan mahalda chiqishadi, najosat, axlatxonalarda oziqlanadi. Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Xuftonda idishlarning ustini yopib, meshlar og‘zini bog‘lab, eshiklarni tambalab va bolalaringizni (uyda mahkam) ushlab o‘tiringiz, chunki (shu vaqtda) jinlar atrofga tarqalishadi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Shayx Abu Bakr Jazoiriy aytadi: “Agar Alloh taolo insonni saqlash uchun vakil qilgan farishtalar bo‘lmaganida edi, jin va shaytonlarning yomonligidan hech bir inson najot topmasdi”.

5-savol: Sehr-jodu qilishning, duoxonlikning shariatga zidligini bilaman. Ammo ba’zida kishining sog‘ligi yomonlashib, lanj bo‘lib, qo‘li ishga bormay qoladi. Agar Qur’ondan o‘qib dam solinsa, kishi yengil tortadi. Shunday qilish Islomda mumkinmi?

Javob: Alloh taolo bunday ogohlantirgan:

“Yana (ular) Sulaymon podshohligidagi shaytonlar (jinlar) o‘qigan narsalarga ergashib ketdilar. Sulaymon kofir emas edi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o‘rgatadigan shaytonlar kofir edi. (Ikki farishta): “biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir bo‘lib qolma”, deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o‘rgatmas edilar. Ikkisidan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganar edilar. Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar. (Xullas) o‘zlariga foydasiz, balki zararli narsalarni ta’lim olar edilar. Uni (Allohning kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo‘qligini ham yaxshi bilar edilar. O‘z (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi!” (Baqara, 102).

Ammo Qur’oni karim shifo, uni o‘qib dam solish mumkin. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nabiralari Hasan va Husaynlar (roziyallohu anhumo)ga Qur’on o‘qib dam solganlari haqida rivoyatlar bor.

6-savol: Shom payti bolamni ko‘tarib, qo‘shni ayollar bilan ko‘chada gaplashib turgan edik, mahallamizdan bir otaxon bizni: “Jinu shaytonlar to‘ziydigan mahal yosh bola bilan ko‘chada nima bor sizlarga?” deb koyib berdilar. Otaxonning gaplari qanchalik to‘g‘riligini bilmoqchi edim.

Javob: Otaxon juda haq gapni aytibdilar. Jonkuyar insonlar tobora kamayib ketayotgan, “menga nima” degan beparvolik kayfiyati ko‘pchilikni chulg‘ab olgan hozirgi kunimizda ana shunday otaxonlarning borligi quvonarli hol. Ularning mahalla ma’naviy hayotidagi o‘rni beqiyos.

Avvalo, dinimiz ayollarni ko‘chada maqsadsiz gap sotib o‘tirish u yoqda tursin, zaruratsiz ko‘chaga chiqishdan ham qaytarganini aytib o‘tish kerak. Undan keyin, shom mahali jin va shaytonlar izg‘ib yurishi ham hadisi shariflarda bayon qilingan. Bolalarning injiq bo‘lib qolishi, uyqusida bosinqirashiga ham ana shu payt ko‘chada yurishi sabab bo‘ladi. Shu bois, bu kabi behuda odatlarga barham berib, o‘lchovli vaqtimizdan unumli foydalanish payida bo‘lishimiz kerak.

7-savol: Biror bir insonga folbinlikni olishni da’vo qilishsayu, u qabul qilishdan bosh tortsa bu qanchalik to‘g‘ri amal hisoblanadi? Jinlar vasvasasiga uchrashi, og‘ir kasal bo‘lish holati yoki yomon tushlar ko‘rishdan saqlanish uchun nima qilishi kerak?

Javob: “Folbinlikni bo‘yningga ol” deb biror kishiga aytilsa, u odam bu ish musulmonning ishi emasligini bilib turib, bo‘yniga olishni rad qilsa, savob oladi. Harom ishni qilishga ko‘nmagan bo‘ladi. U narsalardan saqlanish uchun doim Qur’on o‘qib, o‘ziga dam solib yurishi kerak. Allohdan shu kabi narsalardan panoh so‘rashi lozim.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Barkamol avlod – 2026”: “Imom Termiziy” madrasasida saralash bosqichi yakunlandi

13.04.2026   10832   1 min.
“Barkamol avlod – 2026”: “Imom Termiziy” madrasasida saralash bosqichi yakunlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari talabalarini jismonan sog‘lom, axloqiy barkamol etib tarbiyalash hamda ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida an’anaviy “Barkamol avlod” sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

Shu munosabat bilan bugun, 13 aprel kuni "Imom Termiziy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida mazkur sport o‘yinlarining hududiy saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Talabalar sportning milliy kurash, tosh ko‘tarish, stol tennisi va shaxmat turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashib, eng mahoratli sportchilar aniqlab olindi.


Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, milliy kurash yo‘nalishida Yaqub Abdug‘afforov (201-guruh), tosh ko‘tarishda Islomjon Mirzaliyev (202-guruh), stol tennisi bo‘yicha Sirotulloh Rahmatullayev (402-guruh) hamda shaxmat bahslarida Feruz Choriyev (402-guruh) birinchi o‘rinni egallab, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.

Saralash mezonlariga to‘liq javob bergan ushbu talabalar joriy yilning 23-24 aprel kunlari Samarqand viloyatidagi Hadis ilmi maktabida bo‘lib o‘tadigan “Barkamol avlod – 2026” musobaqasining Respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 

“Imom Termiziy” madrasasi
Matbuot xizmati

“Barkamol avlod – 2026”: “Imom Termiziy” madrasasida saralash bosqichi yakunlandi “Barkamol avlod – 2026”: “Imom Termiziy” madrasasida saralash bosqichi yakunlandi “Barkamol avlod – 2026”: “Imom Termiziy” madrasasida saralash bosqichi yakunlandi “Barkamol avlod – 2026”: “Imom Termiziy” madrasasida saralash bosqichi yakunlandi
O'zbekiston yangiliklari