Usmonxon ALIMOV – 1950 yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Ko‘p yillar Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy” jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishladi. 1989–1990 yillari Marokashdagi Qaraviyyin dorilfununida o‘qidi. 2000–2006 yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili bo‘lib xizmat qildi. 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandi. Usmonxon Alimovning “Orlotda aks etgan tarix”, “Dolzarb savollarga haqzarb javoblar”, “Hayotbaxsh ma’naviy meros”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX–XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hazrati Imom (Hastimom)”, “Rasululloh (alayhissalom)ning muborak vasiyatlari” (9 ta kitob), “So‘ragan edingiz” turkumidagi risolalari, “Oilada farzand tarbiyasi” (3 ta kitob), “Ilmning fazilati”, “Istiqlol sharofati”, “Xayr-ehson fazilatlari”, “Go‘zal odob – farzand kamoli” kabi asarlari nashrdan chiqqan. Najmuddin Nasafiyning “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli mashhur asarini arab tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Muftiy hazrat Qur’oni karim ma’nolarini tarjima va tafsir qilib, “Tafsiri irfon” nomida chop ettirmoqda.
Toshkent Islom universitetining faxriy fan doktori Usmonxon Alimov 2012 yili nufuzli xalqaro tashkilot – Islom olami uyushmasi (Robita) Ta’sis majlisining a’zosi bo‘ldi.











O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan bevosita muloqoti fuqarolarning diniy-ijtimoiy masalalarini hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, 14 oktyabr kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi qabul doirasida imom-xatiblar faoliyati, masjidlar holati, haj masalasi va moddiy yordam so‘rovlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Murojaatchilarning har biriga shar’iy masalalar yuzasidan zarur tavsiyalar berilib, ijtimoiy masalalar bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Ta’kidlash joizki, bunday ochiq muloqotlar yurtimizdagi barcha jome masjidlarda ham yo‘lga qo‘yilgan. Ularda har haftaning chorshanba kuni imom-domlalar fuqarolarni qabul qilib, murojaatlarga amaliy yechim berilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati