Abu Dardo roziyallohu anhuning uyiga bir sovuq kechada mehmon keldi. Ularga oddiygina taom hozirlandi.
Taomdan so‘ng mehmonlar uxlamoqchi bo‘ldi, biroq yopinchiq yo‘q edi. Ulardan biri mezbondan yopinchiq so‘rash maqsadida xona oldiga bordi. Qarasa, Abu Dardo roziyallohu anhu yonboshlab yotibdi. Ayoli esa unga yaqin joyda o‘tiribdi. Ayolining ham, o‘zining ham ustida yupungina. Na taglariga to‘shaladigan ko‘rpa, na ustilariga yopadigan biror narsa bor edi. Mehmon ularga: “Nega sovqotib yotibsiz, ko‘rpa-to‘shagingiz qani?” dedi.
Abu Dardo roziyallohu anhu: “Bizning yana bir hovlimiz bor. Topganlarimizni o‘sha yoqqa jo‘natamiz. Agar bu hovlida nimadir olib qolganimizda, sizga albatta berardik... Borar yo‘limizda ko‘tarilish qiyin bir dovon bor. Undan o‘tishga faqat yuki yengil insonlar muvofiq bo‘lurlar. Bizning ham umidimiz o‘sha dovondan oson o‘tish” dedi.
Uning so‘zlari mehmonning ko‘zlarini yoshladi: “Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin!” deya duo qildi.
Abdulahad SOBIROV,
Chilonzor tumani “Novza” jome masjidi imomi noibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahar Shayxontohur tumani «Oqilon» jome masjidi imom-xatibi Ne’matulla domla Ismoilovning volidai muhtaramasi vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini, solih amallarini o‘zlariga hamroh qilsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ortidan qolgan farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Buyuk Parvardigor onaxonni O‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!
«Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz».
Janoza namozi bugun, 23 oktyabr kuni juma namozidan so‘ng Toshkent shahridagi “Chimir ota” jome masjidida o‘qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi