Xalqimiz orasida milliy qadriyatlarimiz ila yo‘g‘rilgan juda ko‘p udumlarimiz bor. Bu odatlar ota-bobolarimiz zamonasidan beri rioya qilinib kelingani bois, odatlar asosini din tashkil qiladi degan tushunchada bo‘lishgan.
Ma’lumki nikoh ikki yoshning oila deb atalmish jamiyatning bir bo‘lagini yaratilishidir. Nikoh marosimi bilan bog‘liq turli odatlar borki, shular borasida fikr yuritmoqchimiz.
Nikohning ilk kechasi yangalar tomonidan turli irimlar qilinadi. Bu odatlardan oyna, kosada shirin suv va Qur’on kitob olib kiriladi. Kelin-kuyov oynaga qarab o‘z niyatlarini bayon qilishlari kerak. Bu kabi odatlarning hech biri shariatda ko‘rsatilmagan. Ammo bu oldingi vaqtlar joriy qilingan odat bo‘lib, kelin-kuyovlar ilk bor bir-birlarini chimildiqda ko‘rishganlari uchun oyna orqali bir-birlari bilan tanishishgan. Hozirgi vaqtda esa bunday udumga hojat yo‘q, chunki nikohdan oldin kelin-kuyov bir-birlarini tanib ulgurishadi. Shirin suvdan ichib yaxshi niyatlar qilinadi. Bularning hammasi chaqqon yangalar orqali amalga oshiriladi.
Hammasidan ham o‘tib tushadigani kuyov tomondan bir ayol, kelin tomondan bir ayol bo‘lib, kelin-kuyovlarning krovatida yotib berishadi. Keyin “tug‘di” marosimi qilinadi. Yangalar yostiqni o‘rab, unga alla aytishni boshlashadi. Alla aytganga esa atrofdagilar pul berishadi. Shundan keyin “patnis chalish” irimi boshlanadi. To kelin tomonidan biror narsa undirishmaguncha patnisning ovozi tinmaydi.
Aslida Allohning kalomidan o‘qib, kelin-kuyov uchun chiroyli duolar qilinishi zarur.
Boshqa hududlarda kuyov kelinni xonadonga olib kirishidan avval alanga atrofida aylantirish odati bor. Bu amal ham bid’at amallardan bo‘lib, odatda jinlardan asrash yoki bir-biriga isitish maqsadida o‘tkaziladi.
Kelin-kuyovni baland qilib to‘shalgan o‘ringa yotqizib, ustiga ko‘rpa solib qo‘yishadi. O‘rin atrofida ayollar esa tong otar turli voqealarni aytib, go‘yoki kelin-kuyovlarga hayotdan saboq berishadi.
Nikoh deb atalmish baxt qasrining ilk kechasida turli odatlari-u, irim-sirimlar emas, balki Yaratgandan go‘zal niyatlar ila shukrona namozlarini o‘qish, duolar qilish darkor. Namoz o‘qib, duolar qilish bir oz qo‘rquvda va hayajonda turgan ikki yoshni tinchlantiradi.
Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:
“Qachon biringiz biror ayolga uylansa, qo‘shilish kechasida ikki rakaat namoz o‘qisin, un(kelin)ga ham ortida ikki rakaat namoz o‘qishini aytsin. Albatta, Alloh uyda yaxshilikni (paydo) qiluvchidir” (Bazzor rivoyat qilgan).
Shuning uchun ham yoshlarga kuyov jo‘ra, kelinga yanga tanlashda diniy ilmga, tibbiy madaniyatga ega insonlar tanlanadi. Bu insonlarning yangi hayot qurayotgan yoshlarga beradigan maslahatlari nafaqat nikohning ilk kechasi, balki hayot davomida duch keladigan muammolarda birgalashib yechim topish, er va ayollik vazifalari, bir-birlarini tushunish, ishonch, qaynbo‘yinlar bilan munosabatlarda o‘z samarasini beradi. Kelin yanga va kuyov jo‘raning vazifalari o‘ta mas’uliyatli bo‘lib, ularni ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘llari kelin-kuyovlarning yangi hayotga ko‘nikishlarida yordam beradi.
O‘zaro ishonch, mehr-muhabbat, bir-birini quvvatlash esa hayrli duolar ila yuzaga keladi. Jamiyatimizdagi qurilayotgan har bir yangi oila mukammal baxtga, tinchlik-xotirjamlik va bolalar kulgusiga to‘la bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolamiz.
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir hadis sharhi
Inson bu dunyoda mehmon, har bir jon egasi bir kun kelib bu dunyodan o‘tadi. Ammo, islom ta’limoti insonni faqat dunyo bilan cheklab qo‘ymaydi, balki uning bu dunyoda qilgan ayrim amallari savobi vafotidan so‘ng ham davom etishi haqida ta’lim beradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam inson vafotidan keyin ham ayrim amallarning savobi to‘xtamasligini ma’lum qilib, ushbu hadisni (yuqoridagi hadisni) aytganlar:
عن أبي هريرة رضي الله عنه أن رسول اللهﷺقال: «إذا ماتَ الإنسانُ انقَطَعَ عنه عَمَلُه إلَّا مِن ثَلاثةٍ: مِن صَدَقةٍ جاريةٍ، أو عِلمٍ يُنتَفَعُ به، أو ولَدٍ صالِحٍ يَدعو له».
“Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etganda, uch narsadan boshqa barcha amallari savobi undan uziladi: joriy sadaqa, (odamlarga) foydasi tegadigan ilm yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzand”, dedilar[1].
Ushbu hadis bizga juda muhim haqiqatni o‘rgatadi: inson uchun bir kun kelib uning hayoti tugaydi, u xayrli ishlar qilishdan to‘xtaydi, ammo u vafot etib ketgan bo‘lsa ham bu dunyoda qilgan ayrim amallari orqali o‘ziga yetadigan savoblar to‘xtamaydi. Bu Alloh taoloning rahmati va fazlidandir. U Zot bandalarining gunohlarini mag‘firat qilib, oxiratda darajalarini ko‘tarish uchun va savoblarini vafotidan keyin ham davom ettirish uchun ko‘plab sabablarni yaratib qo‘ygan.
Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bayon qiladilarki, inson vafot etgach, dunyodagi amallari undan uziladi, ya’ni u endi u solih amallar qilishni qanchalar istasa ham buni amalga oshira olmaydi. Savoblariga savob qo‘sha olmaydi. Agar u yaxshilik qilgan bo‘lsa, shu yaxshiligi o‘ziga, agar yomonlik qilgan bo‘lsa, u ham o‘ziga. Endi amal qilish yoki tavba qilish imkoni yo‘q. Qilgan yaxshi amallariga savob yozilib bo‘lgan, nomai a’moli – amallar daftari yopilgan bo‘ladi. Ammo, o‘zidan so‘ng bu dunyoda uch narsani qoldirgan bo‘lsa, u bundan mustasnodir. Bu amallarning savobi va foydasi inson vafoti sababli to‘xtab qolmaydi, uzilmaydi:
Ulardan birinchisi sadaqai joriya – savobi bardavom bo‘lgan sadaqadir. Sadaqa moddiy va ma’naviy ko‘rinishga ega bo‘lib, yaxshi so‘z ham sadaqadir. Sadaqa – Alloh taoloning roziligini topish, qurbat hosil qilish niyati bilan beriladigan narsadir. Bu ma’no zakot va ixtiyoriy sadaqani o‘zi ichiga oladi, ya’ni ixtiyoriy mol chiqarish sadaqa deyiladi, farz mol chiqarish esa zakot deyiladi. Gohida qilingan har bir yaxshilik ish ham sadaqa deyiladi. Sadaqa ikki turli bo‘lib, ulardan biri sadaqa qilish bilan ko‘zlangan savob niyatiga yarasha beriladi va shu sadaqa to‘xtashi bilan unga beriladigan savob ham yopiladi. Sadaqai joriya esa uzoq muddatli savob manbai bo‘lib, jamiyatga foydasi qancha muddat tegib tursa, savobi ham shuncha vaqt davom etadigan xayrli ishlardir. Ya’ni, jamiyatga foydasi davomiy bo‘lgan ishlar sadaqai joriya sanaladi va savobi ham doimiy bo‘ladi. Masalan:
Bunday narsalar inson vafot etganidan keyin ham odamlarga xizmat qilaveradi. Shu sababli savobi ham doimiy bo‘ladi.
Ikkinchisi jamiyatga foydasi tegadigan ilmdir. Ya’ni inson vafotidan keyin ham odamlar undan foydalanadigan ilm. Ilmning “foyda beradigan” deya ta’kidlanishi sababi foyda bermaydigan ilm o‘z egasiga savob keltirmaydi.
Agar inson biror ilm o‘rgatsa, kitob yozsa, odamlarni yaxshilikka yo‘naltirsa, uning vafotidan keyin ham o‘sha ilmdan foydalangan har bir inson sababli unga savob yozilib turadi.
Ilm – inson qoldirishi mumkin bo‘lgan eng qimmatli meroslardan biridir.
Uchinchisi solih farzand qoldirishidir. Hadis matnida farzand “solih” deb ta’kidlandi, chunki ota-onaga noqobil farzanddan savob yetmaydi.
Ota-ona haqqiga duo qiluvchi solih farzand – ota-ona uchun eng katta baxt va buyuk ne’matdir. Agar farzand yaxshi amallar qilsa, ibodatlarida ota-ona haqqiga duo qilsa, buning savobi ota-onasiga ham yetib turadi. Hatto boshqa hadislarda ota-onaning farzandiga bergan eng katta hadyasi yaxshi tarbiya ekani aytilgan.
Hadisda farzandning ota-onasi haqqiga mag‘firat so‘rab duo qilishi zikr qilingani zamirida farzandni bu ishga rag‘batlantirish ma’nosi ham bor. Aslida esa, solih farzandning amallaridan – u duo qilsa ham, qilmasa ham – ota-onaga savob yetib turaveradi. Bu xuddi bir kishi daraxt ekib qo‘ysa, uning mevasidan yegan insonlar sababli ular duo qilsa ham, qilmasa ham unga savob yozilishiga o‘xshaydi.
Ibn Moja rivoyatida kelgan: “Albatta, insonning jannatdagi darajasi ko‘tariladi va u: «“Bu qayerdan keldi?” deb so‘raydi. Unga: “Farzanding sen uchun istig‘for aytgani sababli”, deb javob beriladi».
Yana Ibn Moja rivoyatida: “Mo‘minga uning vafotidan keyin ham amallari va yaxshiliklaridan yetib turadigan narsalardan biri – u o‘rgatgan va tarqatgan ilm, qoldirgan solih farzand, meros qilib qoldirgan mus'haf, qurgan masjid, yo‘lovchilar uchun qurgan uy (rabot, karvonsaroy), oqizgan ariq yoki hayotligida molidan chiqargan sadaqadir. Bu ishlar unga vafotidan keyin ham yetib turadi”.
Savobi yangilanib turadigan bu kabi amallarning savobi insonga vafotidan keyin ham yetib boradi. Shuningdek, inson yo‘lga qo‘ygan har qanday yaxshilik va uning asari qolsa ham, u shu hadis zamiridagi hukm ostiga kiradi. Chunki Imom Muslim rivoyatida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim Islomda yaxshi bir sunnat (yo‘l)ni joriy qilsa, o‘sha amalning savobi va undan keyin amal qilganlarning savobi – ularning savobidan hech narsa kamaytirilmagan holda – yoziladi”.
Bunga jamiyatda joriy qilingan yaxshi urf-odatlar, tartib-intizom va yo‘l qoidalarini misol qilib keltirish mumkin.
Demak, ushbu hadisga ko‘ra inson faqat bugun uchun emas, vafotidan keyin uchun ham yashashi kerak, mol-dunyo – abadiy savob qoldirish uchun berilgan imkoniyatdir. Sadaqai joriya, foydali ilmni tarqatish va farzandga berilgan go‘zal tarbiya – insonning hayotidan keyingi hayotiga sarmoyasidir.
Ushbu hadisda:
Fikrimiz xulosasida aytar so‘zimiz shuki, har birimiz o‘zimizga “Men vafot etsam, ortimdan nima qoladi? Qanday ezgu ishlar qoladi?” deb savol beraylik! Agar ortimizda bir insonga bo‘lsa ham foydamiz tegadigan narsa qoldirgan bo‘lsak, jamiyatga foydasi tegadigan biror ilm o‘rgatgan bo‘lsak, bir yaxshi farzand tarbiyalagan bo‘lsak, demak, umrimizni behuda o‘tkazmagan, bu hayotda yashashdan haqiqiy manfaatga erishgan bo‘lamiz.
1] Roviy: Abu Hurayra. Muhaddis: Imom Muslim. Manba: Sahihu Muslim. Hadis raqami: 1631. Hukmi: sahih. Taxrij: Imom Muslim rivoyat qilgan, “Sahihul Buxoriy”da rivoyat qilinmagan hadislardandir.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi